Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:49

"Bolamizni urushga borsin deb tug‘maganmiz!" O‘g‘li Rossiyada qamalgan onalar xavotirlari


Rossiya qamoqxonasi.
Rossiya qamoqxonasi.

Rossiyada qamoq muddatini o‘tayotgan markaziy osiyoliklar ularni sudlanganlikni olib tashlash evaziga Ukrainaga qarshi urushga borishga majburlashayotganidan yana shikoyat qilishmoqda. “Migrant.Media” loyihasi jurnalistlari mahkumlar va ularning yaqinlari bilan gaplashdi.

Suhbatdoshlarga ko‘ra, Rossiya qamoqxonalaridagi ko‘plab migrantlar narkotik moddalar bilan bog‘liq moddalar bo‘yicha sudlanib, uzoq muddatlarga qamalgan: ular ertaroq ozodlikka chiqish uchun Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashmoqda.

Dilfuza – O‘zbekiston fuqarosi, o‘g‘li ham. O‘g‘li 25 yoshda, 2022-yilning mayida hibsga olinib, giyohvand moddalar savdosida ayblangan va hozir Rossiyada jazo muddatini o‘tamoqda.

“Nega bunday qilding, meni o‘ylamadingmi, deb so‘radim o‘g‘limdan. Mening aybim yo‘q, deb aytdi. Ularni urushga olib ketishayotganmish, bosh tortayotganlarga ruhiy bosim qilishyapti, deydi. Mahkumlar “o‘z ixtiyori bilan” urushga ketishga majbur emish. Lekin biz bolalarimizni Rossiyaning urushi uchun tug‘maganmiz!” – deydi Dilfuza “Migrant.Media” bilan suhbatda.

Ona olisdagi o‘g‘lining ahvolidan uzoq vaqt bexabar yurishga toqati yetmaganini va 2023-yil dekabrdao‘zi Rossiyaga kelganini aytadi. Moskvada u ikki ishda ishlaydi: kunduzi yo‘laklarni supuradi, kechalari esa qorovullik qiladi. Qamoqdagi o‘g‘liga oziq-ovqat va pul jo‘natib turish imkoni bo‘lishi uchun butun qiyinchilikni bo‘yniga olgan.

Ammo so‘nggi oylarda Dilfuza o‘g‘lidan ko‘p xavotir olmoqda: u farzandi Ukrainaga urushga ketishini istamaydi. Ayolning aytishicha, qamoqxona rahbariyati mahkumlarni arzimagan qoidabuzarliklar uchun ham jazolayverib shu qadar bezor qilganki, ular askarlikka yollanishni afzal ko‘rishmoqda.

“O‘g‘lim deydiki, ularni urushga olib ketishayotgan emish, qattiq zug‘um qilisharkan. Hatto bir daqiqa kechiksak ham jazolashadi, deydi. Beixtiyor shippakda tashqariga chiqqan mahkumni 15 sutka yerto‘laga qamab qo‘yisharkan, – hikoyasida davom etadi Dilfuza. – O‘g‘lim 10 kundan beri yerto‘lada o‘tiribdi. Bunaqa sharoit jonlariga tekkan, ko‘pchilik urushga jo‘nab ketyapti”.

Dilfuza eri 20 yil oldin vafot etgach ikki bola bilan yolg‘iz qolib, ko‘p azoblarni boshidan kechirgani haqida so‘zlab berdi. O‘zbekistonda u dehqonchilik qilgan, sut-qatiq sotgan. O‘g‘li katta bo‘lib universitetga kirganida uning o‘qishi uchun pul to‘lashga qurbi yetmapti. Shundan so‘ng yigitcha o‘qishdan umidini uzib, Rossiyaga ishlagani ketibdi va shu balolarga yo‘liqibdi...

Otabek ismli boshqa bir mahkumning aytishicha, markaziy osiyolik migrantlarning aksari Rossiyada narkotiklarga daxldor moddalar bilan sudlanib, qamoq muddatini o‘tashmoqda. Kimdir oson pul topish uchun shu ishga kirgan, biroq ko‘pchilik yolg‘on qurboni bo‘layotir.

“Mahkumlar bilan gaplashganda qanday qilib qamoqqa tushib qolishgani haqida so‘rardim, – deydi Otabek. – Ko‘pchilikda bir xil ssenariy: kuryer bo‘lib ishlagan, kimdir kimgadir u orqali jo‘natma yubormoqchi bo‘lgan, paket ichiga esa narkotik solgan. Jo‘natmani ochib ko‘rib bo‘lmaydi, aytilgan manzilga olib borib berish kerak, xolos. Yo‘lda esa kuryerni darrov ushlashadi. Qarabsizki, bitta “xavfli jinoyatchi” tayyor-da”.

Rossiyada narkotijoratda ishtirok etganlik uchun 20 yilgacha qamoq beriladi. Shunaqa modda bilan qamalganlar muddatni qisqartirish uchun qo‘llaridan kelgan barcha ishni qiladilar, ularni urushga askar qilib yollash qulay.

Otabek mahkumlarning yaqinlari ularni qamoq jazosini o‘tashi uchun o‘z vatanlariga ko‘chirib kelishga harakat qiladilar, lekin deyarli hech kim bunga muvaffaq bo‘la olmagan.

“Ota-onalar shu yo‘l bilan bolalarini vatanga qaytarishga urinadilar. Juda ko‘p murojaatlar bo‘lgan, lekin hech kimga aniq javob berilmagan. “Shunaqa rejalar bor”, deb aytishadiyu biron muhlat ko‘rsatishmaydi”, deydi Otabek.

Украина. Ўзбек мигрантлари Украинадаги урушга ёлланмоқдами?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:12:08 0:00

Dilfuza ham o‘g‘lini jazoni o‘tashi uchun O‘zbekistonga ko‘chirishni so‘rab barcha instansiyalarga murojaatlar yo‘llagan, hatto mamlakat prezidentiga ham xat yozgan. Biroq O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida mahkumlarni almashishga doir bitim yo‘q. 2017-yilgi ma’lumotga ko‘ra, Rossiyada 6 ming nafardan ziyod o‘zbekistonlik ozodlikdan mahrum qilingan. O‘tgan 7 yil mobaynida ushbu raqam ancha kattalashgan bo‘lishi mumkin.

XS
SM
MD
LG