Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:45

Blekaut: Non va yo‘lkira narxlari oshdi, tadbirkorlar iqtisodiy zararni hisoblamoqda


Metan gaz quyish shoxobchalarining vaqtincha yopilishi yo‘lkira haqlarining oshib ketishiga sabab bo‘lgan. Illyustrativ surat
Metan gaz quyish shoxobchalarining vaqtincha yopilishi yo‘lkira haqlarining oshib ketishiga sabab bo‘lgan. Illyustrativ surat

Joriy yilning 25 - yanvar kuni O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonning ko‘plab hududlari elektr energiyasi ta’minotidan uzildi. Mintaqaning yagona energetika xalqasiga ulangan Qozog‘iston va Qirg‘iziston bir necha soat ichida ta’minotni qayta tikladi, O‘zbekiston hanuz energotizimdagi yirik avariya oqibatlarini bartaraf etish ishlari davom etmoqda. 27 - yanvar kuni Energetika vazirligi elektr energiyasi to‘liq tiklangani, gaz ta’minoti 28 - yanvar kuni tiklanishini ma’lum qildi.

26 - yanvar kungi hukumat majlisida texnogen avariya chog‘ida "qo‘llaridan hech narsa kelmagani"ni tan olgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev blekautdan saboq chiqarishga chaqirdi.

Mamlakat energotizimi chuqur inqirozda ekanini aytgan qirg‘izistonlik hamkasbi Sadir Japarovdan faqrli O‘zbekiston rahbari aybni tizim yoki biron shaxs zimmasiga yuklamadi. Bundan avval Mirziyoyev mamlakat energetika infratuzilmasi eskirgani haqida bir necha bor gapirgan.

Rasmiylar blekautning iqtisodiy zararlari haqida biror raqamni e’lon qilgani yo‘q, ayni paytda mahalliy aholi va tadbirkorlar energotizimdagi avariyaning iqtisodiy oqibatlari bilan yuzma-yuz qolganliklarini aytishmoqda.

Andijonlik tadbirkor Hayotullaning Ozodlikka aytishicha, novvoylar gaz yo‘qligidan ko‘mirga o‘tgani non narxi ko‘tarilishiga sabab bo‘lgan.

“Narx-navo qimmatlagan. Choyxona, novvoyxona, magazinlardan gazni uzib ketyapti. Hozir shunga hamma ko‘mirga o‘tyapti, o‘tinga o‘tyapti. Yirik novvoyxonalar to‘xtab turibdi. Shunga narx ko‘tarilib ketyapti. Andijondagi Jahon bozorida 2 ming so‘mlik nonlar bugun (27 yanvarь kuni-tahr.) 3 yarim ming so‘m. Katta patir arzoni 15 ming so‘m. Agar non ko‘mirda yopiladigan bo‘lsa, nonning narxi yana oshishi turgan gap”, - deydi Hayotulla.

Gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlar O‘zbekistonning qishloq hududlari uchun yangilik emas.
Gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlar O‘zbekistonning qishloq hududlari uchun yangilik emas.

“Yo‘lkira uch baravar oshdi”

O‘zbekistonning aksar viloyatlarida metan zapravkalarning vaqtincha ishlamay qolgani kirakashlik qilib kun kechiradigan odamlarni qiyin ahvolda qoldirgan.

Gaz shoxobchalaridagi vaqtincha cheklov shahar taksisi, viloyatlararo yo‘lovchi tashish, yetkazib berish xizmatlari narxlarini 20 foizga, bazi joylarda esa 50 foizga qimmatlashtirgani aytilmoqda.

“Bizning Andijonda taksilarning to‘qson foizi gazda yuradi. Chunki benzin qimmat. Bugun litrini 14 ming so‘mdan quydim. Benzin ham qimmatladi. Zapravkalarda 10 litrdan oshiqcha sotmayapti. Metan gaz yo‘qligidan hozir taksichilar mashinasini egasiga qaytarib beryapti. Chunki, ko‘pchiligi arendaga olgan. Yurayotganlari narxni qimmat aytyapti, bazilari ikki-uch baravar narx aytyapti”, - deydi Hayotulla.

O‘zbekistonlik bloger Dima Qayum ham Farg‘onada yo‘lkira sezilarli darajada oshganini aytdi.

-Mashinalar oz. Benzinda yuradigan taksistlar sabab narx oshib ketyapti. Masalan, 1000 so‘mga boradigan yo‘lga 3 mingga bormoqda. Farg‘ona- Rishton orasida qatnaydigan mashinalar 25 ming so‘rayapti. Oldin 10-15 ming so‘m edi. Bu tabiiy hol. Qishloq taksistlari tushuntiryapti. Odamlar o‘zlari bilib, tushunib, indamay haqqini beryapti. Ertadan vodiyga metan gazi beriladi degan gap bor, ko‘ramiz”, - deydi bloger.

O‘zbekistonlik bloger Otabek Ortiqov o‘zining Telegram-kanalida metan zapravkalari yopiqligi uchun litsenziyasiz haydovchilar benzinda bo‘lsa ham kirakashlik qilishga o‘tgani haqida yozdi:

“Metanlar yopiqligi uchun litsenziyasiz haydovchilar benzinda bo‘lsa ham kira qilishyapti. Bu holatga hukumat ko‘z yumib turibdi YHX(GAI) ham litsenziya ham hozircha haydovchilarni bezovta qilmayapti. Chunki metan zapravka ishlamagani ortidan taksilar kamayib, jamoat transport(avtobus)lari deyarli to‘xtab qoldi.

Boshqa hududlarni bilmadim, ammo Qashqadaryoda hozircha vaziyat shunday va buni shaxsan men normal qabul qildim. Metanlar ishlab jamoat transportlari faoliyati to‘liq tiklanguncha litsenziyasiz haydovchilarga tegmay turishda davom etishadi deb umid qilaman”.

Farg‘ona viloyati Toshloq tumanilik fermer Muhammadjon Qobilov Ozodlik bilan suhbatda issiqxonalari gazdan uzilgach, endi hosilga kira boshlagan limonlari nobud bo‘lish xavfi ostida qolganini aytadi.

“Gaz yo‘q. Shundoq ham parniklarga gazni ikki baravar qimmat qilishgandi. Yetmish tup limon ekib, kreditga parnik qilganman. Endi hosilga kirayotgandi, Agar gaz berilmasa, nobud bo‘ladi. Hozir havo uncha sovuq emas, sovuq tushsa, barbod bo‘ladi hammasi. Parnik ko‘mirga moslanmagan-da”, - deydi fermer.

O‘zbekiston Energetika vazirligi 27 - yanvar soat 16.00 holatiga mamlakat bo‘ylab elektr ta’minoti to‘liq tiklanganini ma’lum qildi.

Ammo O‘zbekistonning aksar hududlari, ayniqsa Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi gazsiz qolmoqda.

O‘zbekistonda 25 - yanvar kuni ro‘y bergan elektr energiyasi uzilishlari tufayli “O‘ztransgaz” AJ kompressor stansiyalari to‘xtab qolgan.

Buning ortidan Energetika vazirligi 26 - yanvardan avtomobillarga gaz to‘ldirish stansiyalari faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar kiritilishi, shuningdek, yuridik iste’molchilarga ham tabiiy gaz yetkazib berish to‘xtatilishini ma’lum qildi.

Blekautning qiymati

O‘zbekistonlik iqtisodchi Otabek Bakirov 26 - yanvar kuni o‘zining Telegram-kanalida gaz va elektr inqirozi aholi turmushi va tadbirkorlar biznesiga salbiy ta’siri ko‘rsatib ulgurgani haqida yozdi.

“Albatta, hali mutaxassislar blekautning qiymati, iqtisodiyotimizga bevosita va bilvosita yetkazgan zararini (ular orasida milliy energetikamiz infratuzilma va texnologiyalariga yetkazilgan shikastni bartaraf etish, debeti tushib ketgan gaz va neft konlarini yana qayta tiklash, magistrallardagi texnik bosimni joyiga qaytarish kabilar ham bor) hisoblab chiqishlari uchun biroz vaqt kerak.

Lekin bugunning o‘zida uning tovar va xizmatlardagi qiymat oqibatlarini ko‘rishni boshladik. Poytaxtda va viloyatlarda gazga moslashgan qator yemakxonalar, ayniqsa osh va umumiy ovqatlanish markazlari faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi. Agar vaqtincha cheklov cho‘ziladigan bo‘lsa, umumiy ovqatlanish korxonalari yangi vaziyatga tezroq ko‘nikishlari va muqobil yoqilg‘idan foydalanishni boshlashlari kerak bo‘ladi.

Gaz shoxobchalaridagi vaqtincha cheklov shahar taksisi, viloyatlararo yo‘lovchi tashish, yetkazib berish xizmatlari narxlarini 15-20 foizga qimmatlashtirdi. Bu faqat bugunning o‘zida.

Novvoyxonalar yetkazib berayotgan non va patirlar narxida ham o‘zgarishlar bor.

Milliy sanoatda gaz va elektrni eng ko‘p iste’molchisi bo‘lgan sement zavodlari, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar, tekstil ishlab chiqarish sikliga jiddiy ta’sir oqibatlarini boshdan kechiradi.

Parrandachilik fermalari, issiqxonalar, limonariylar, oziq-ovqat mahsulotlari sexlarining isitish, yaratish va yetishtirish bilan bog‘liq xarajatlari oshadi va bu tovuq go‘shtidan tortib pomidorgacha albatta tannarxda o‘tiradi.

Xullas, yanvar oyining inflyatsiyasi kutilmagan blekaut voqeligi omilini ham o‘z ichiga oladi”.

Мирзиёев блэкаут ҳақида: Осмондан тушмаган тинчлик
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:19 0:00

Gaz birinchi navbatda ijtimoiy soha obyektlariga beriladi

O‘zbekiston Energetika vazirligi matbuot kotibi Elmira Bekmurodovaning so‘zlariga ko‘ra, gaz zapravkalarning faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turishdan asosiy maqsad ijtimoiy soha obyektlari, ishlab chiqarish korxonalari va aholiga gazni yetkazib berishdan iborat.

“Yuzaga kelgan nosozliklar sababli mamlakatdagi mavjud gaz qazib olish konlari va uni qayta ishlash zavodlarida texnologik jarayonlarning buzilish holatlari kuzatilmoqda. Bu esa o‘z navbatida gaz ishlab chiqarish hajmining kamayishiga olib kelyapti. Shu sababli IESlarda gaz bosimining kamayishi mavjud va bu elektr energiyani ishlab chiqarishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shu sababli 26 - yanvardan avtomobillarga gaz to‘ldirish stansiyalari faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar kiritiladi, shuningdek, yuridik iste’molchilarga ham tabiiy gaz yetkazib berish to‘xtatiladi”, - deya bildirdi Bekmurodova.

Avvalroq Energetika vazirligi xonadonlardagi ortiqcha elektr jihozlarini tarmoqqa ulamaslikni so‘ragan.

O‘zbekiston Energetika vazirligi 27 - yanvar kuni e’lon qilgan bayonotga ko‘ra, gaz bosimi eng past bo‘lgan hududlar Farg‘ona vodiysi, Toshkent viloyati, Surxondaryo, Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridir.

Vazirlik 28 - yanvar kuni mamlakatda gaz ta’minoti to‘liq tiklanishini aytmoqda.

O‘zbekistonda elektr energiyasining asosiy qismi gaz bilan ishlaydigan issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqariladi.

Mutaxassislar energotizimdagi avariya oqibatlarini bartaraf etishning qo‘shni davlatlardagidan uzoqroq davom etganini xuddi shu holat bilan ham izohlashmoqda.

XS
SM
MD
LG