Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:47

Bir surat tarixi yoxud 5 yilga qamalgan o‘zbekistonlik Ukrainada jang qilganmi?


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Toshkent viloyatida Ukrainaning bo‘lginchi “Donetsk xalq respublikasi” armiyasi saflarida jang qilganlikda ayblangan 38 yashar O‘zbekiston fuqarosi 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

O‘zbekiston sudi Yuqorichirchiq tumanida tug‘ilgan Ildar Xayrulinni mamlakat jinoyat kodeksining 154-moddasida ko‘zda tutilgan (“Yollanish”) jinoyatni sodir etishda aybdor deb topgan.

Ozodlik ko‘rgan tergov hujjatlariga ko‘ra, yuqorichirchiqlik shaxs 2014-2015- yillarda Ukrainada “davlat qurolli kuchlariga qarshi jangovar harakatlarda qatnashgan”.

Ammo, yaqinlari Xayrulinning Ukrainadagi urushda qatnashmagani, u yerga bormagani va ayblovda aytilgan paytda Rossiyada bo‘lganini da’vo qilmoqda.

Bu O‘zbekiston fuqarosining Ukraina hududida jang harakatlarida qatnashgani uchun qamalganiga doir Ozodlikka ma’lum ilk holatdir.

O‘zbekiston Ukrainadagi bo‘lginchi "Donetsk xalq respublikasi" va "Lugansk xalq respublikasi"ni tan olmasligini aytgan.

Sud hukmi

Ildar Xayrulin ustidan sud 23-oktabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tdi.

Yaqinlari sudda Xayrulinning ayblovni tan olmagani va Ukrainaga bormagani haqidagi hujjatlar inobatga olinmaganini da’vo qilmoqda.

“Sud raisi ukamni 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukmni eshittirdi. Advokat ukamning Ukraina hududida bo‘lmagani haqida faktlarni bayon qildi va ukamga "nimaga asoslanib bunday adolatsiz jazo beryapsiz", deb so‘radi. Uning bu savoliga javoban sudya, unga hisob berish niyatida emasligini aytdi va "hukm ustidan shikoyat qilishga vaqt bor”, dedi”, - deydi opasi Albina Xayrulina.

Ayblov xulosasi

Oilasi Ozodlikka taqdim qilgan ayblov va sudlov hujjatlarida, 2023-yilda olib borilgan tergov jarayonida, Ildar Xayrulin 2014-2015- yillarda Donetsk hududida janglarda qatnashgani aniqlangan.

Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumani IIB Tergov bo‘limi tergovchisi, jinoyat sodir etilganiga dalil sifatida “Mirotvorets” saytida Ildar Xayrulin nomiga ochilgan profilni keltirgan.

Tergovga ko‘ra, shu saytda harbiy kiyimda, qo‘lida qurol bilan tushgan suratdagi shaxsning Xayrulin ekani “Portretshunoslik ekspertizasi xulosasi” bilan ko‘rsatilgan va profayl egasi o‘z postlarida Ukrainadagi “jangovar harakatlar haqida ma’lumot bergani”, “jangovar harakatlarda qatnashish maqsadida harakatlangani aniqlangan”.

Xayrulinga tegishli qo‘l telefonidan esa, bu ayblovni tasdiqlovchi “3 dona skrinshot saqlanib kelinayotgani aniqlangan va daliliy ashyo sifatida olingan. Natijada, Ildar Xayrulinga nisbatan O‘zbekiston JK 154-moddasi 1-qismi bilan ayblov e’lon qilingan.

“Mirotvorets” sayti esa Ukraina armiyasiga qarshi Rossiya armiyasi safida jang qilayotgan yollanma jangchilar shaxsini fosh qiluvchi Internet sayti sifatida tanilgan.

Bir guruh faollar ochgan bu saytda turli davlatlarning fuqarolari, shu jumladan o‘zbekistonliklarning ham ismlari keltirilgan. Ammo, bir guruh faollar ochgan bu saytdagi ma’lumotlar rasman tasdiqlanmagan ma’lumotlardir.

Мирзиёев ташқи сиёсатни 19 йил бошқарган А. Комиловни нега ишдан олди?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:23 0:00

Yaqinlarining da’vosi

Yaqinlari “Mirotvorets” saytidagi surat Ildar Xayrulinga tegishli ekani, u haqiqatan harbiy kiyim va qurol bilan suratga tushganini tasdiqlamoqda.

Ammo, ular surat ortidagi voqea, tergovning ayblovidan butunlay boshqacha ekanini da’vo qilmoqda.

Ularning iddaosicha, Xayrulin bu saytga qo‘yilgan suratlarga Rossiya hududida tushgan, Ukrainaga umuman bormagan va suratdagi qurol o‘qotar emas.

"Bu o‘qotar qurolmas, pnevmatik qurol, sharchalar bilan otadi. U Tataristonda, umuman Rossiya bo‘ylab bemalol sotiladi, ruxsat kerakmas. Bu surat “mirotvorets” saytida qanday paydo bo‘lib qolganini men bilmayman. Tergovda mana shu surat, yana qanaqadir sms yozishma va yana ikki guvohning ko‘rsatmasi bor. Ildar "bu guvohlar bilan gaplashmaganman", dedi. Guvohlardan biri "mast holda gaplashgandim", dedi. Yana biri esa sudda ko‘rsatmasidan voz kechdi”, - deb da’vo qilmoqda Xayrulinning akasi Lenur Davletshin.

Lenur Davletshinga ko‘ra, aslida ukasi Ildar 2023-yilning may oyida butunlay boshqa sabab - onasining mulkiga tegishli oilaviy mojaro ortidan hibsga olingan edi.

Uning da’vosicha, hibsga olingach Xayrulin qariyb 3 oy jinoyat ishi ochilmagan holda - na tergov, na so‘rovsiz Toshturmada saqlangan.

Onasi Madina Xayrulinaning iddao qilishicha, 2014-yilda Ildar Tatariston respublikasida bo‘lgan. O‘sha kezda uning o‘zi va katta o‘g‘li Lenur ham Rossiya hududida bo‘lishgan:

“U urushda qatnashmagan. O‘g‘limning qo‘lida it tishlab olganidan qolgan chandiq bor. Ular bu chandiq o‘qdan qolganmi yoki it tishlaganidan, deb qiziqishdi. Men aytdim, Ildarni ko‘zimni o‘ngida it tishlagan, it katta edi. Ambulator sharoitda davolangan, Yelabugada tibbiy kartasi ham bor. Bu haqda ma’lumotnoma ham bor".

Ya’ni yaqinlari, Ildar Xayrulinning bir muddat Rossiya, bir muddat O‘zbekistonda yashab, ishlab yurgani va Ukrainada umuman bo‘lmaganini iddao qilishmoqda. Ular buni tasdiqlovchi hujjatlarni sudga taqdim qilganini ham aytishmoqda.

Yaqinlari da’vosicha, ayni ish tergovi va sudi mutlaqo asossiz o‘tgan. Ular 23- oktabr kungi sud hukmi ustidan apellyatsiya sudiga ariza kiritish niyatini bildirmoqda.

Ozodlikka ma’lum birinchi sud

Yaqinlari va qonuniy himoyachisi, mutlaqo asossiz deb topgan sudlov - O‘zbekiston fuqarosining Ukrainadagi urushda qatnashishda ayblanishi va go‘yoki, bu aybning isbotlanishiga doir - Ozodlikka ma’lum ilk holatdir.

Hozir Ukranada 2022-yilning 24-fevralida Rossiya boshlagan qurolli agressiya davom etmoqda - Ukrainaning sharqiy qismida qariyb 1 yarim yildirki urush bormoqda.

Bu urushda ham Rossiya, ham Ukraina safida turib qatnashayotgan o‘zbekistonliklar haqida ma’lumotlar ko‘p. Ozodlik Ukraina safidagi o‘zbeklardan ko‘pchiligi bilan suhbatlar qurgan.

Shu jumladan, Rossiya armiyasi safida borib, Ukrainada vafot etgan o‘zbekistonliklar haqida ham turkum lavhalar hozirlagan.

Ozodlik bu borada O‘zbekiston IIVga bot-bot murojaat qilgan, ammo hanuz aniq javob olgani yo‘q.

Hozirga qadar O‘zbekiston tomoni bu urushda qatnashgan fuqarolar jinoiy javobgarlikka tortilishi va 5 yilgacha qamalishi mumkinligidan ogohlantirib kelmoqda.

O‘zbekiston rasmiy idoralari Ukrainadagi urushda qatnashayotgan fuqarolar soni yoki buning uchun qamalgan fuqarolar haqida biror rasmiy ma’lumot bergani yo‘q.

Ammo, Rossiyadagi o‘zbekistonliklar vaziyatini kuzatayotgan inson huquqlari faollari Ukrainadagi urushga o‘z ixtiyori bilan yollanayotgan yoki aldab jo‘natilayotgan o‘zbekistonliklar borligini aytib kelmoqda.

O‘zbekiston Ukrainadagi bo‘lginchi "Donetsk xalq respublikasi" va "Lugansk xalq respublikasi"ni tan olmagan.

O‘zbekistonning sobiq Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov rasmiy Toshkentning ayni pozitsiyasini Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan ko‘p o‘tmay - 2022-yil 17-martida Senatdagi bayonotida ta’kidlagan edi.

XS
SM
MD
LG