Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:32

“Betayin armiya, betayin urush”. Rus harbiylari Ukrainadagi urushga borishdan bosh ortmoqda


Rossiya armiyasiga harbiy chaqiruv. Illyustrativ surat
Rossiya armiyasiga harbiy chaqiruv. Illyustrativ surat

Ukrainada nafaqat shartnoma asosida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar va muddatli xizmatdagi askarlar, balki “ko‘ngillilar” ham jang qilishmoqda: chunonchi, o‘tgan haftada Rossiyaning eng qashshoq mintaqasi bo‘lmish Tuva Respublikasidan shunaqa askarlar “otryadi” urushga jo‘natildi.

Shu bilan birga, Rossiyada Ukrainadagi urushda qatnashishni istamayotgan harbiylar soni ham ortmoqda. “Agora” huquqbonlik guruhi rahbari Pavel Chikov Rossiyaning 17 shahridan harbiy xizmatchilar va rosgvardiyachilar yordam so‘rab murojaat qilishganini aytdi. Buyruqni bajarishdan va Ukrainaga jo‘nashdan bosh tortishgani uchun ularni ishdan bo‘shatishmoqda, siquvga olishmoqda va ustilaridan jinoyat ishlari ochilmoqda.

So‘nggi eng shov-shuvli voqea Pskov viloyatida yuz berdi. Mahalliy “Pskovskaya guberniya” nashrining xabar qilishicha, Ukrainaga urushga jo‘nashdan bosh tortganlar 6-aprelda taxminan 60 kishini tashkil qilgan bo‘lsa, 7-aprelda ular soni 100 nafarga yetgan. Bu harbiylardan ayrimlari Ukraina hududida bo‘lishga ulgurgan, qolganlar esa xizmatdoshlarining “sarguzasht”larini eshitgach, urushga bormaslikka qaror qilganlar.

Россияликлар Буча қирғини ҳақида нима билишади?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:42 0:00

“Urushning dastlabki kunlarida desantchilarning katta guruhi Ukrainada edi. Bilishimiz qadar, ular Ukrainaga Belarus Respublikasi hududi orqali kirganlar va qator sabablarga ko‘ra, jumladan, oziq-ovqatlari tugab qolgani uchun u yerdan yana Belarusga olib ketilgan. Pirovardida ular Pskovga qaytib kelishdi. Tushunishimcha, ikkinchi marta Ukrainaga xizmat safariga jo‘nashga hech birining ra’yi yo‘q, chunki boshida ularni harbiy mashqlar bahonasida aldab olib ketishgan edi, boz ustiga oziq-ovqat va yoqilg‘i ta’minotida ham muammolar bo‘lgan”, deydi “Pskovskaya guberniya” bosh muharriri Denis Kamalyagin.

Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy xabarlarida Pskov desant-shturm diviziyasining talafotlari haqida lom-mim deyilmadi. Biroq hududiy OAVlar va “Ищи своих” telegram-kanalida halok bo‘lgan 76-desant-shturm diviziyasi askarlariga doir ma’lumotlar bor. Xususan, oltinchi aprel kuni 20 yoshli desantchining o‘limi xabari keldi – uni o‘zi tug‘ilib-o‘sgan Batayskda dafn etishdi. “Ikki yuzinchi yuk” bilan qaytgan boshqa harbiylar haqida ham ma’lum qilinmoqda.

Ukrainada urushishdan bosh tortayotgan harbiylardan ba’zilari xizmatdan bo‘shashni istamaydilar, ammo ularning raportlariga imzo qo‘yishmayapti, deydi Denis Kamalyagin. Urushga borishdan bosh tortgach, xizmatdan bo‘shashga qat’iy qaror qilgan desantchilar odatda harbiy prokuraturaga murojaat qilishmoqda. Pskov diviziyasi harbiylari ustidan jinoyat ishlari ochilgani xususida ma’lumot hozircha yo‘q, ammo ayrimlariga harbiy qismlar komandirlari sud va qamoq bilan tahdid qilishayotgan ekan.

“Yakka-yarim tahdidlar bor muayyan harbiy qismlarning rahbariyati tarafidan bo‘lyapti. Ba’zi harbiy xizmatchilarni odatiy tartibda bo‘shatishdi, lekin ayrim komandirlar “yuqori”ning buyrug‘ini kutishyapti: mutlaqo boshqacha vaziyat yuzaga kelgani sababli boshlari qotgan, xizmatdan bo‘shash haqidagi raportlarga qo‘l qo‘ymay turishibdi”, deya izoh beradi Denis Kamalyagin.

“Pskovskaya guberniya” ma’lumotiga ko‘ra, 6-aprel kuni Rossiya Mudofaa vazirligi vakillari Pskovga kelib, armiya ta’minoti va oziq-ovqat zaxiralarini taftish qilganlar, shuningdek harbiy qismlardagi “beboshlar” sonini surishtirganlar.

Kamalyagin Ukrainaga borishdan bo‘yin tovlaydigan harbiylar soni kun sayin ortadi, deb hisoblaydi.

“Kecha 60 kishi edi, bugun 100 taga chiqdi, ertaga 150 ga yetadi. Bu ommaviy hodisa, “milliy xoinlar” deb xalq ko‘ziga olabo‘ji qilib ko‘rsatishlari mumkin, lekin ular ham barchamizga o‘xshagan inson: shunchaki, betayin armiya safida betayin urushga, betayin shart-sharoitga borishni istamaydilar xolos. E’tiborli tomoni, ayrim hollarda harbiy xizmatchini urushga borish fikridan oila a’zolari qaytarishgan”, deydi Kamalyagin.

Pskovdagiga o‘xshash vaziyat Xakasiya Respublikasida ham yuzaga kelgan: mahalliy jurnalist Mixail Afanasyev Ukrainada xizmat safarida bo‘lib turgan 11 nafar xakasiyalik “omonchi” jang qilishdan bosh tortganini aniqladi. Jurnalistga ko‘ra, OMON xodimlari Kiyev viloyatida ularning karvonini Ukraina Qurolli kuchlari yakson qilganidan so‘ng shunday qarorga kelishgan.

“Ularni trevoga bilan oyoqqa turg‘azib, olg‘a yurishni, ya’ni Ukraina hududini bosib olishni va ishg‘ol qilingan yerlarda tartib saqlanishini ta’minlashni buyurganlar. Askarlar yo‘lga tushgan. Bir qismi katta karvon bilan Kiyev ustiga yurgan, ammo Kiyev ostonasida ularning karvoni qattiq hujumga yo‘liqqan va alal-oqibat yakson bo‘lgan. Xakasiya OMONidan 7 kishi yaralangan, bir kishi bedarak ketgan, o‘lganlar sonini o‘zlari ham bilishmaydi, chunki sanagani hech qachon fursat bo‘lmagan. Karvon ko‘prikda yo‘q qilingan, hamma o‘z jonini qutqarish qayg‘usida bo‘lgan, o‘lganlar hech kimning parvoyiga kelmagan”, deya hikoya qiladi jurnalist.

Буча қирғини гувоҳлари: 5 март куни снайпер келиб кўчада ким кўринса ота бошлади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:46 0:00

“Omonchilar” Mixail Afanasyevga ta’minotdagi muammolar haqida so‘zlab berganlar: ularni hali Belarus Respublikasi hududida harbiy mashqlarda bo‘lgan paytlaridayoq oziq-ovqatdan qisishgan. O‘zlari aytishlaricha, “maxsus amaliyot” haqida so‘nggi daqiqagacha, ya’ni Ukraina chegarasi kesib o‘tilgunga qadar hech kim hech nima bilmagan. Karvonga hujumdan omon qolgan 11 jangchi allaqachon Xakasiyada, Afanasyevga ko‘ra, ularning bari xizmatdan bo‘shatilgan.

“Hammalari qaytishgan, hammasini modda bilan, ya’ni “politsiyachi obro‘yi va qadr-qimmatiga dog‘ tushirgani uchun” xizmatdan haydaganlar. Bo‘shatgandan keyin ham tinch qo‘yishgani yo‘q, birovga churq etmaysanlar, deya bosim o‘tkazishyapti. “Bu yoqda urush ketyapti, senlar bo‘lsang har xil mish-mish tarqatib yuribsanlar”, deb ruhan ezishyapti. Vaziyat juda tarang”, deydi Mixail.

Ukraina bilan urush boshlanganidan beri Rossiya Mudofaa vazirligi askariy talafotlari haqida so‘nggi bor 25-mart kuni xabar berdi: o‘shanda halok bo‘lganlar soni, rasmiy qaydlarga ko‘ra, 1351 kishini tashkil etgan. Biroq Kremlning matbuot kotibi Dmitriy Peskov 7-aprel kuni chet el muxbiriga bergan intervyusida Rossiya qo‘shinlarining talafotlari “ancha” ekanini aytdi.

XS
SM
MD
LG