“Chegarasiz daryolar” xalqaro jamoatchilik fondi yetakchi eksperti Yevgeniy Simonov Sirdaryoning ekologik muammolari va ularning muhtamal yechimlari haqida so‘zlab berdi.
Markaziy Osiyoning eng yirik suv arteriyasi bo‘lmish Sirdaryo to‘rt mamlakat – Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va Qozog‘iston bo‘ylab oqib o‘tib, yo‘li adog‘ida Orol dengiziga quyiladi. Ozodlik jurnalisti va fotografi Pyotr Trotsenko Sirdaryo va uning irmoqlari yoqalab safarga chiqib, oddiy insonlar – baliqchilar, bozorchilar, dehqonlar hayoti orqali daryoning bugungi ahvolini o‘rgandi. Shuningdek, Sirdaryo havzasi muammolarini o‘rganayotgan va ularning yechimlarini izlayotgan ekspertlar bilan suhbatlashdi.
Yevgeniy Simonov – chuchuk suvli ekotizimlarni asrash, globallashuvning atrof muhitga ta’siri hamda chegaralar osha tabiatni asrash uchun fuqarolik jamiyati huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga ixtisoslashgan ekolog. U bilan intervyu “Sirdaryo: boshidan etagiga qadar” maxsus loyihasining ilk materialidir.
"GESlar – bu shunchaki korrupsion loyihalarga o‘xshayapti"
Pyotr Trotsenko: Sizningcha Sirdaryoning eng katta muammolari nima?
Yevgeniy Simonov: Eng yaqqol muammo shuki, Sirdaryo resurslari bebiliska sarflanmoqda. Daryodan bir necha mamlakat foydalanadi, ular o‘rtasida daryoni boshqarishga doir qandaydir kelishuvlar bor, ammo bu kelishuvlar juda ham uzuq-yuluq va chala. Ayni chog‘da hech kim daryo ekotizimi yaxshi saqlanishini e’tiborga olmayapti. Natijada Sirdaryo resurslari eng ko‘p sarflanayotgan daryo ekani bilan birga, tarmog‘i maksimal darajada fragmentlashtirilgan daryo ham bo‘lib qolayotir. Soddaroq aytganda, unda juda ko‘p gidrotexnika inshootlari qurilgan – men butun Sirdaryo havzasini nazarda tutyapman, barcha irmoqlari bilan birga. Daryo havzasida 100 dan ziyod yirik to‘g‘onlar bor.
Normal ekotizim jarayonlarini va daryoda yashovchi turli jonzotlarni, ayniqsa, ko‘chib yuradigan baliqlarni asrab qolish nuqtayi nazaridan katta muammo bu. Oqibatda bir paytlar Sirdaryo va uning irmoqlarida yashagan tirik organizmlarning ayrimlari yo qirilib ketdi, yo qirilib ketish arafasida. Masalan, Sirdaryo bakrabalig‘ini ko‘rmaganimizga juda ko‘p yil bo‘ldi, holbuki ushbu noyob baliq mana shu daryoda yashardi. Tabiiyki, to‘g‘onlar qurilishi va cho‘kindilar oqimi o‘zgarishi unga halokatli zarba bo‘ldi.
Pyotr Trotsenko: Sirdaryoning hozirgi ahvoli, xususan, uni boshqarish bilan bog‘liq ayni vaziyat Markaziy Osiyo mamlakatlariga Sovet Ittifoqidan qolgan merosmi yoki mazkur muammo mustaqillik yillarida to‘liq yuzaga chiqdimi?
Yevgeniy Simonov: Turli mamlakatlarda bir oz farqlar bilan, lekin, umumiyat-la ushbu muammo sovetlar davrida yaratilgan. Afsuski, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘tmishdan saboq olishmadi. Hozirning o‘zida ular yaqin kelajakda qurmoqchi bo‘layotgan 70 dan ortiq yangi to‘g‘onlar loyihasi bizga ma’lum. Ya’ni, mintaqa davlatlari muammoni badtar chuqurlashtirmoqchi. Loyihalarning aksari GES to‘g‘onlari qurishga oid bo‘lib, ular shunchaki korrupsion loyihalarga o‘xshaydi.
Sirdaryo havzasini o‘zlashtirish bo‘yicha loyihalar Qirg‘izistonda ham bor. Ular 40 ta yirik va 80 ga yaqin kichik to‘g‘onlar qurmoqchi. O‘zbekiston esa havzada kamida bir necha o‘nta yirik to‘g‘onlar qurishni rejalamoqda. Meni eng hayratga solgani Norin daryosida, Qirg‘izistondagi GESning eski kaskadidan quyiroqda oltita to‘g‘on qurish loyihasi bo‘ldi. Holbuki, 10 yil muqaddam noyob baliq turlari yashashi sababli ayni shu uchastkani muhim bioxilma-xillik hududi deb e’tirof etishgandi.
Qozog‘istonga kelsak, Sirdaryo bu yerda asosan tekisliklardan oqib o‘tishi sababli mamlakatning unda GESlar qurish imkoniyati cheklangan. Lekin boshqa tarafdan, ular Aris daryosi (Qozog‘iston janubidagi daryo, Sirdaryoning o‘ng irmog‘i) havzasida kamida 20 ta kichik GESlar qurishmoqchi. Yana-tag‘in, qo‘riqlanadigan tabiiy hududlarda yoki ularga juda yaqin joylarda. Ugom transchegaraviy daryosi bilan bog‘liq vaziyat yanada xavotirli: u yerda GESni Sayram-Ugom milliy bog‘ining qoq o‘rtasida qurishni mo‘ljallashyapti. Afsuski, Qozog‘istonda “yashil energiya” xaridiga davlat kafolatlari berilishi kam samarali kichik GESlar qurish avj olishiga olib kelmoqda.
Pyotr Trotsenko: Tojikistonda Sirdaryo bilan bog‘liq ahvol qanday? Bilishimcha, tojiklarda yangi GESlar qurish rejasi yo‘q.
Yevgeniy Simonov: Tojikistonda vaziyat rostdan ham boshqacha. Ularda ikkita to‘g‘on mavjud – Qayroqqum va Farhod, – biron yangi to‘g‘on qurish niyatlari yo‘q. Daryoga rahmlari kelganidan emas, shunchaki ularning daryoni gidroenergetik o‘zlashtirish resurslari sarflab bo‘lingan, mamlakatda GES qurishga yaroqli yirik irmoqlar yo‘q.
Daryo “ko‘pdan beri og‘ir xasta”. Uning dardini yengillatish imkoni bormi?
Pyotr Trotsenko: GESlar qurilishi tufayli Sirdaryoda qanaqa muammolar vujudga kelishi mumkin?
Yevgeniy Simonov: Birinchidan, suv omborlarida loyqa ko‘payadi va quyi oqimda eroziya jarayonlari tubdan o‘zgaradi. Qolaversa, gidroqurilishlar natijasida suv resurslaridan foydalanish ortadi, bu tushunarli. Demakki, muayyan mavsumlarda daryoda suv tobora kamayadi. Holbuki, butun suv kanallarga oqayotgani sababli deyarli qurigan uchastkalar bor. Masalan, Chirchiq daryosiga qarang. Uning o‘zini tiklash imkoniyatlari juda past deb o‘ylayman. Barcha oqava suvlar daryoga quyiladi, tozalash inshootlari talabga javob bermaydi, ko‘p joylarda shu ham yo‘q. Binobarin, uning suvi sanitariya jihatidan juda yomon, boz ustiga quyi oqimda daryoga kimyoviy moddalar aralashgan drenaj suvlari ham tashlanyapti.
Men gidrokimyo bo‘yicha mutaxassis emasman, shu bois muayyan uchastkalardagi vaziyatni aks ettiruvchi ma’lumotlar menda yo‘q. Biroq shunisi aniqki, bular bari jiddiy muammo, Sirdaryo anchadan beri og‘ir xasta. Yaqin 20 yilga mo‘ljallangan anavi loyihalar amalga oshiriladigan bo‘lsa, butun bir havzada aqalli 100 kilometrlik tabiiy daryo uchastkasi, shu jumladan qo‘riqlanadigan va qurilish qilish taqiqlangan joylar qolmaydi.
Pyotr Trotsenko: Sirdaryo havzasida gidroenergetika obyektlari bu qadar ko‘pligiga sabab nima?
Yevgeniy Simonov: Mintaqa mamlakatlaridagi ijtimoiy-siyosiy shart-sharoit, boshqaruv va qaror qabul qilish sifatining pastligi, siyqasi chiqqan korrupsiya. Gap shundaki, bugungi kunda gidroenergetika obyektlarini yaratish iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlamaydi. Ular shundoq ham ko‘p, yangilarini qurish esa juda qimmatga tushadi. Masalan, bitta GES qurishga ketadigan pulga 3-4 ta quyosh elektr stansiyasini qurish mumkin. Sirdaryo havzasi esa juda quyoshli hudud. Shunday ekan, gidroenergetika inshootlarining rentabelligi pastligini tushunish uchun mutaxassis bo‘lish shart emas. GESlarda ishlab chiqariladigan energiya tannarxi oshayotgan bo‘lsa, quyosh stansiyasining energiyasi jadallik bilan arzonlashmoqda.
U holda gidroelektr stansiyasi nimaga kerak bo‘lishi mumkin? Rostdan ham uning ba’zi afzalliklari bor: farazan, GES boshqa manbalardan energiya kelmay qolgan soatlarda uni sizga yetkazib berishi mumkin. Deylik, shamol va quyosh yo‘q, suv ombori esa bor va siz uning suvidan elektr ishlab chiqara olasiz. Biroq hukumatlar ratsional yo‘l tutganlarida edi, mavjud GESlar salohiyatini quyosh va shamol stansiyalaridagi ishlab chiqarish nomuntazamligini muvozanatga keltirishga yo‘naltirgan bo‘lur edilar.
Yonimizda Xitoy hamma yoqni quyosh panellariga to‘ldirib tashlaganiga qarang, bundan foydalanib qolish kerak: yangilanadigan energiya manbalarini yaratish uchun eng qulay payt hozir. Mulozimlarga yoqmaydigan bitta “qusur” bor: quyosh elektr stansiyasidan ko‘p o‘g‘irlab bo‘lmaydi. Chunki u juda oddiy, iqtisodiy yaxshi hisoblanadigan modul tizimidir. Agar uning har kilovatt quvvati 1 ming dollar bo‘lsa, qurilish uchun rejalangan va amalda sarflangan summalar orasida tafovut 10 foizdan oshmaydi. GES esa qancha pul bo‘lsa yutib yuboradigan o‘pqon. GES loyihasi byudjeti urilish boshlanganidan to tugaguniga qadar o‘rtacha 80 foizga “semiradi”. Bu dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich. Sobiq SSSR hududida yanada katta raqamlarni kuzatish mumkin. Chunonchi, Tojikistonda Rog‘un GES qurilishi qiymati 2009-yildan beri 3 mlrd dollardan 11 mlrd dollarga yetdi, hali yana oshadi, ishonavering.
Bundan tashqari, ma’lum bo‘ldiki, GESlarning energiya ishlab chiqarishi iqlimga va daryolardagi suv oqimiga bog‘liq ekan. Elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ayrim mavsum va yillarda katta bo‘lsa, ba’zi yillarda qurg‘oqchilik tufayli keskin kamayib ketadi. Shartli olganda, agar mamlakat energiya ishlab chiqarishning 80 foizini GESlar hisobiga qoplayotgan bo‘lsa, bilingki, u o‘z iqtisodiyotini o‘ldirmoqda va iste’molchilarni azobga qo‘ymoqda. Buni biz har yili suv va energiya yetishmayotgani haqida bong uradigan Qirg‘iziston va Tojikiston misolida ko‘ryapmiz. Bu mamlakatlar, ayniqsa, Qirg‘iziston energotizimdagi manbalarni diversifikatsiya qilish o‘rniga xalqaro hamjamiyat va tadbirkordan yangi GESlar qurilishiga mablag‘ undirishga urinmoqda.
Energetika inqirozi bunaqa yondashuvni davolay olmaydi. Ustiga-ustak, Qirg‘izistonda GESlarga, ayniqsa kichik GESlarga negadir mayning fermalarini bog‘lab qo‘yishadi. Ya’ni, GESlar rasman elektr taqchilligini bartaraf etish maqsadida qurilayotgani aytiladiyu amalda ular mayningchilarga xizmat qiladi.
Shuncha urinishlarga qaramay, suv sarfi kamaygani sezilmayapti
Pyotr Trotsenko: Yana bir katta muammo bu qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanilmayotganidir.
Yevgeniy Simonov: Bu suv resurslari tanqisligi nuqtayi nazaridan eng yirik muammo, chunki Sirdaryo havzasida qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish usullari sovet davridagidan aytarli farq qilmaydi. Holbuki, sovetlarning irrigatsiya siyosati Orol dengizi fojiasiga olib kelgan edi.
Albatta, Markaziy Osiyo mamlakatlari ahvolni yaxshilash uchun katta kuch sarflamoqda, lekin bu sa’y-harakatlar kutilgan samarani beryapti, deb aytish qiyin. Mana, O‘zbekiston mahsulot birligiga nisbatan suv sarfini kamaytirish uchun jon-jahdi bilan tirishmoqda, qishloq xo‘jaligining qator tarmoqlarida bunga muvaffaq bo‘lyapti ham. Lekin umuman olganda suv sarfi kamaygani sezilmayapti, aksincha, oshishda davom etmoqda. Samarali texnologiyalarga o‘tish va ko‘p suv talab qiluvchi ekinlardan voz kechish – mintaqaning hayot-mamoti masalasidir. Qishloq xo‘jaligi aholining katta qismini band qilgan konservativ soha ekanini nazardan qochirmaslik lozim.
Pyotr Trotsenko: Suhbatimiz yakunida tashkilotingiz haqida so‘zlab bersangiz. “Chegarasiz daryolar” Markaziy Osiyoda hozir qanday ishlar bilan shug‘ullanmoqda va uni mintaqada qanday istiqbol kutyapti?
Yevgeniy Simonov: “Chegarasiz daryolar” Markaziy Osiyoga yaqinda kelgan. Hozirda biz mahalliy tashkilotlar bilan birgalikda, daryo ekotizimlari buzilishi darajasini va aqalli ba’zi joylarda ularni saqlab qolish imkoniyatlarini baholashga urinyapmiz. Shuningdek, daryo havzalarida xo‘jalik yuritish talafotlarini bir qadar kamaytirishga yordam beradigan chora-tadbirlar ustida ish olib boryapmiz. Bu birinchi galda sv xo‘jaligi infratuzilmasini puxtaroq o‘ylab rejalashni va tabiat uchun muhtamal oqibatlarni yaxshiroq baholashni nazarda tutadi.
Hozirgacha Markaziy Osiyo daryolarining qator subhavzalarida bir qancha tahlillar qildik, shuningdek mavjud va rejalanayotgan to‘g‘onlar tabiat muhofazasi qadriyatlariga qanchalik uyg‘unligini vizuallashtirish maqsadida barcha uchun ochiq ma’lumotlar bazasini yaratdik. Atrof muhitga ta’sirni baholashning zamonaviy usullarini joriy ishga harakat qilyapmiz, eng qiymatli tabiat uchastkalari – Butunjahon YUNЕSKO merosi obyektlari va qo‘riqxonalarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bundan tashqari, Markaziy Osiyodagi daryo ekotizimlarini o‘zlashtirish va qo‘riqlashga, eng avvalo to‘g‘on va suv omborlarini qurish va ekspluatatsiya qilishga doir barcha ochiq ma’lumotlarni o‘z veb-saytimizda yig‘ib boryapmiz.