Toshkent shahar hokimligi 9 - may kuni “O‘lmas polk” aksiyasini o‘tkazishga ruxsat berilgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarni rad qildi.
Hokimlik bunday aksiyani o‘tkazishga ruxsat berilmaganini joriy karantin choralari bilan izohladi.
Ayni paytda rasmiy matbuot butun mamlakat bo‘ylab Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik qizg‘in ketayotganini xabar qilmoqda.
9 - mayda nishonlanadigan sananing rasmiy nomi yoniga keyingi yillarda “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning … yilligi” iborasi ham qo‘shildi.
Bundan 30 yil muqaddam parchalanib ketgan davlat “G‘alaba bayrami”ning o‘zbekistonliklarga qanday aloqasi bor?
Bu savolni Ozodlik uch avlod vakiliga berdi.
Toshkent shahar hokimligi 9 - may kuni “O‘lmas polk” aksiyasini o‘tkazishga ruxsat berilgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabar tarqalib ketganini aksiyani o‘tkazish to‘g‘risidagi arizaga o‘zbek tilida qo‘yilgan imzoning rus tiliga noto‘g‘ri tarjima qilinishi oqibati ekanligini xabar qildi.
"Lost in Translation"
“Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari M.Muhitdinov poytaxtimizda “Bessmertniy polk” aksiyasini o‘tkazish bo‘yicha qilingan murojaatni o‘rnatilgan tartibda Toshkent shahar IIBB va YHXBga yo‘naltirgan. Biroq Internetdagi xabarda yozilganidek, mazkur murojaatga «Prinyat k ispolneniyu v ustanovlennom poryadke» tarzida emas, balki “O‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilsin”, ya’ni “Rassmotret v ustanovlennom poryadke” deya imzo chekilgan”, deyilgan hokimlik bayonotida.
Aytilishicha, bunday aksiyani o‘tkazishga “hech bir mutasaddi tashkilot tomonidan… ruxsat berilmagan” va hokimlik buni O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasining tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat tobora murakkablashayotgani bilan izohlagan.
Toshkent shahar hokimligining bu bayonoti O‘zbekistonda 9 - may bayram sifatida nishonlanmaydi, degani emas.
Prezident qarori
O‘zbekiston prezidenti 2021 - yil, 20 - aprelda “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Bu qarorga binoan, joylarda Ikkinchi jahon urushida qurbon bo‘lganlar xotirasiga o‘rnatilgan yodgorliklar atrofi supurib-sidirilmoqda, obodonlashtrilmoqda.
Rasmiy matbuot xabarlariga qaraganda, joylarda o‘tgan oy oxiridanoq “ayni sanaga atab “Sharaf lentalari”ni tarqatish boshlab yuborilgan”.
Bir necha yil muqaddam...
1999 - yili O‘zbekistonda G‘alaba kuni iborasi o‘rniga Xotira va qadrlash kuni iborasi joriy etildi.
Ikkinchi jahon urushi qahramonlariga qo‘yilgan qator haykal va xotira yodgorliklari yo‘q qilindi.
O‘zbekistonlik general Sobir Rahimov nomiga qo‘yilgan ko‘chalar, tuman, metro boshqa nomga o‘zgartirildi. Hatto markaziy gazetalarda suratlari chop etilgan urush veteranlari ko‘ksidagi sobiq ittifoqdan qolgan orden va medallar ham ko‘rinmas qilib retush qilindi.
Shu kunlarda...
tarqatilayotgan “Sharaf lentalari” keyingi yillarda Rossiyaning propaganda mashinasi urfga kiritgan "Georgiy lentalari"lariga javobdir.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov 2019 - yilning 24 - aprelida o‘tkazgan selektor yig‘ilishida Xotira va qadrlash kunini munosib kutib olish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan topshiriqlar berarkan, Georgiy lentasi ommalashib borayotganini tanqid qilib, xuddi shunga o‘xshash aktsiyani O‘zbekistonda keng ommalashtirish kerakligini aytgan edi.
Biroq o‘sha yiliyoq, 9 - may kuni Toshkent shahar hokimiyati ruxsat bermaganiga qaramay, yuzlab odam ko‘ksiga Georgiy lentalarini taqib, "O‘lmas polk" tadbirida qatnashgan edi.
Ortida Rossiya elchixonasi va Rossotrudnichesto agentligi turgan aksiya uyushtiruvchilari Toshkentdagi "Birodarlik qabristoni"dan Mustaqillik maydonidagi Mangu olov monumentigacha yurishni amalga oshirishni rejalashtirishgan edi. Rossotrudnichestvo vakili o‘shanda Ozodlikka “jamoatchilik tartibini buzmaslik va shaharda noqulayliklar vujudga keltirmaslik” uchun bunday yurishdan voz kechilganini aytgan.
Bu yil esa, Rossotrudnichestvo Toshkent markazidagi Xalqlar do‘stligi maydonida uyushtirgan tadbirda SSSR bayrog‘i ko‘tarildi.
Xotira kunimi yo G‘alaba bayramimi?
G‘alaba g‘oyasi SSSR (Rossiya) bilan bog‘liq. O‘zbekiston esa, 30 yildan buyon mustaqil. Bas, shunday ekan, G‘alaba g‘oyasi bilan Mustaqillik g‘oyasini qanday omuxta qilish mumkin?
Ozodlik bu savolni o‘zbekistonliklarning uch avlodi vakillariga berdi.
Sirdaryolik 19 yashar talaba Javohir Omonullo:
“9 - may shaxsan men uchun Xotira kuni, vassalom. Urush to‘g‘risida o‘qigan-o‘rganganlarimizdan kelib chiqib ayta olamanki, II jahon urushi hech bir davlat uchun g‘alaba bilan tugamagan. G‘alabani tantana qilgan Sovet davlatidan eng ko‘p qurbon berildi, ocharchilik va front ortidagi og‘ir mehnatdan nobud bo‘lganlarni, yakson bo‘lgan iqtisod, tabiatga yetgan zararlarni hisoblasa, buning nomini g‘alaba qo‘yish umuman imkonsiz”.
Sirdaryolik talaba yigit O‘zbekistonda 9 - may tadbirlari tobora "katta og‘aga talpinish" bo‘lib ko‘rinayotganini aytadi.
“Marhum prezident davrining so‘nggi yillarini yaxshi eslayman. 9 - may azadorlik kayfiyati bilan oo‘tardi. Hamma qabristonlarga borar, marhum prezidentning o‘zi ham Georgiy tasmasini taqmagani hatto o‘sha vaqtda muxolifat tomonidan olqishlangan ham. Biroq oliy hokimiyat o‘zgarganidan buyon yildan-yilga g‘alaba so‘zi Xotira so‘zining, sovetcha paradlar va g‘alaba raqslari motam sukunatining o‘rnini egallayotgani sir bo‘lmay qoldi. Ayniqsa shu yil Xalqlar do‘stligi maydonida ko‘tarilgan sovet bayrog‘i va sovetcha chiqishlar menda ham o‘zgacha havotirlarni uyg‘otdi. Amaldagi hukumat yana "katta og‘asiga" talpinayotganga o‘xshamoqda”.
Andijonlik 48 yashar vrach Otabek Ahliddinov:
"Karimov davrida 9 - may kuni faqat xotira tadbirlari bo‘lar edi. Keyingi yillarda shu kun munosabati bilan o‘tkaziladigan tadbirlarda urush veteranlari davra to‘riga chiqarilyapti. “G‘alaba” so‘zi ham tez-tez tilga olinadigan bo‘lib qoldi".
Vrachning fikricha, Fashizm ustidan qozonilgan g‘alabada o‘zbeklarning ham hissasi borligidan millat faxrlanishi kerak:
"G‘alabaning ahamiyati baribir katta. SSSR, qizil bayroq, rus bosqinchilari degan gaplarning keragi yo‘q. Chunki aynan o‘sha qizil bayroq ostida ota-bobolarimiz g‘alaba qozongan. Vatandoshlarimizning qoni to‘kilgan. Demak, o‘sha g‘alaba bizning ham g‘alabamiz bo‘lgan".
77 yashar tilshunos olim Baxtiyor Isabekov:
"Keyingi yillarda qiziq bir jarayon - ruslashish jarayonini kuzatyapman. Avvalo, siyosatdagi ruslashishni aytyapman. Ruslashish fuqarolar orasida ham bor. Bu mustamlaka davrida kuzatilmagan yoki ko‘zga tashlanmagan hodisa edi. Bu nafaqat Mirziyoyev, balki Karimov davri bilan ham bog‘liq. Sababi, biz Kimdan, Qaysi mamlakatdan mustaqil bo‘lganimizni shu kungacha ham aniqlab olmaganmiz. Shu narsa e’tirof etilmas ekan, bu holat davom etaveradi".
Tilshunos olimning fikricha, 9 - mayni nima deb atashni hal qilish uchun oldin o‘zbek urushga kim sifatida kirgani masalasini hal qilib olish kerak:
"SSSRdan mustaqil bo‘ldik, deyishadi. Axir, u aslida ittifoq emasdi. U Rossiya edi. Rossiya imperiyasining boshqacha ko‘rinishi edi, xolos. Biz urushda Rossiya bilan birga bo‘lganimiz yo‘q. Bizni majburlab birga qilishdi. Biz Moskva uchun krepostnoy edik va pomeshchik krepostnoyini qanday majburlasa, biz ham shunday majburlanganmiz. Biz O‘zbekistonni himoya qilmaganmiz yoki kengroq ma’noda Turonni himoya qilmaganmiz. Biz xo‘jayinni himoya qilganmiz. Demak, 9 - may – G‘alaba kuni, deb, ruslarday bayram qilsak, unda mustaqillik degan tushunchamizniyam, Vatan tushunchasiniyam qayta ko‘rib chiqishimizga to‘g‘ri keladi".