Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:40

Ayshat va “Jannat bog‘i”. Checheniston rahbarining qizi qanaqa biznes bilan shug‘ullanadi?


Condé Nast nashriyoti Checheniston rahbarining qizi va respublika madaniyat vaziri bo‘lmish Ayshat Qodirova ta’sis etgan “Firdavs” modalar uyiga nisbatan da’vo qo‘zg‘aganidan so‘ng 23 yashar mulozimaning biznesi yana bir bor diqqat markaziga chiqdi. Shirkat so‘nggi ikki yilda ko‘pmillionli foyda olganidan bahs etadi, ayni chog‘da brendning talabgirligi va moliyaviy shaffofligi bilan bog‘liq savollar hanuz ochiq, deb yozadi Kavkaz.Realii.

Avgust oyi o‘rtalarida Moskva hakamlik sudiga “Firdavs” firmasidan qarzdorlikni undirish to‘g‘risida da’vo arizasi tushdi: Ukraina urushi boshlanganidan so‘ng Rossiyani tark etgan Condé Nast matbaa uyi Ayshat Qodirovaga tegishli firmadan 814 ming rubl qarzini hamda 893 ming rubl neustoyka (jarima) to‘lashni talab qildi. Sud materiallariga ko‘ra, qarzni to‘lash 2019-yilning iyulidan beri paysalga solingan.

Condé Nast mediaguruhi Rossiya bozoriga 1998-yilda kirib kelgan. Faoliyatini tugatgunga qadar u Vogue, GQ, GQ Style, Tatler, AD, Glamour hamda Glamour Style Book rangli-bezakli jurnallarini chop etgan.

Ammo ish sud majlisiga yetib bormadi – Condé Nast da’vosini qaytarib oldi va talablaridan voz kechdi. Sabablar ochiqlanmagan. Birinchi taxmin shuki, OAVlarda shov-shuv ko‘tarilgach “Firdavs” shirkati nashriyot bilan tezda hisob-kitob qilib, qarzdorlikni yopgan.

“Muzlatilgan” sovg‘a

“Firdavs” arabcha so‘z bo‘lib, Qur’onda “jannat bog‘i” degan ma’noda qo‘llangan. 2011-yil aprelda Ayshat Qodirovaning modalar uyiga shunday nom berildi. Uning rasmiy faoliyati kiyim-kechak, parfyumeriya va kosmetika mollari ishlab chiqarish, zargarlik buyumlari va soatlar savdosi, pardoz va sartarosh xizmatlari ko‘rsatishdan iborat.

“Firdavs” brendining o‘zi avvalroq – 2009-yilda yaratilgan. O‘shanda Ayshat Qodirova atigi 10 yoshda edi. 2015-2018-yillarda “Firdavs” MChJ ta’sischisi Checheniston rahbarining rafiqasi Medni Qodirova edi. Ayshat 17 yoshida onasi o‘rnini egallagan – bu unga tug‘ilgan kuniga sovg‘a qilingan bo‘lsa ehtimol. Biroq Ayshat xonimning ilk musulmoncha liboslar to‘plami 2016-yiliyoq taqdim etilgandi, namoyish naq Kreml devori yonida “Zaryadye” xiyobonida o‘tkazilgan.

Shirkatning buxgalteriya hisobotlarini ko‘zdan kechirgan kishi “Firdavs” go‘yo Ayshat balog‘atga yetishini kutgandek bir necha yil “muzlab” yotgan ekan-da”, degan xayolga borishi mumkin. Moda biznesi Checheniston rahbarining xotinini deyarli qiziqtirmagan shekilli, u rahbarlik qilgan davrda shirkatning moliyaviy faoliyati juda sust bo‘lgan. Masalan, 2017-yilda firmaga savdodan bir chaqa ham pul tushmagan, ammo kelasi yili, Ayshat Qodirova kelishi bilan qariyb 1,5 mln rubl kirim qilingan. 2019-yilda tushum 46 mln.ga, keyingi yili 64 mln.ga yetgan va o‘tgan yili 75 mln rublni tashkil qilgan. 2021- yilgi sof foyda esa 26 mln rubl bo‘lgan.

Timati, Buzova, intim ashyolar

Nomi chiqmagan musulmoncha liboslar uyi Ayshat Qodirova kelishi bilan Moskvada butik ochdi. Yanatag‘in shaharning qoq markazida – Katta Yakimankada joylashgan hashamatli “Gimeney” galereyasida. Mercury va Brioni butiklari orasida o‘rin olgan do‘konning ochilish marosimida atay Los-Anjelesdan uchib kelgan reper Timati, bosh prodyuser Tina Kandelaki, teleboshlovchi va xonanda Olga Buzova, dizayner Igor Gulyayev, xonanda Sogdiana va boshqa “yulduz”lar ishtirok etishdi. Davlat Dumasi deputati va Ramzan Qodirovning muhosiblaridan biri bo‘lmish Adam Delimxanov “Firdavs” savdo do‘koni ochilishini butun Checheniston uchun muhim voqea deb atadi.

“Kommersant” gazetasi o‘shanda butik ochilishiga bag‘ishlangan maqolasida shunday yozgan edi: “Moda industriyasining ko‘plab vakillari va ekspertlari uzr so‘rab, Qodirova xonim butigining ochilishi xususida izoh berishdan bosh tortishdi. Ayrimlari esa “Firdavs” modalar uyining liboslar to‘plamini stil va oliymaqom moda nuqtai nazaridan baholash mushkul, deb aytishdi”.

Kelasi yili Chechenistonda bichib-tikilgan liboslarni naq Parijda taqdimot qildilar. Fransiya boshkentida ushbu namoyishga ro‘yxushlik bermadi, mustaqil jurnalistlarni esa marosimga kiritmadilar. Mahalliy matbuot Ayshat Qodirovaning modalar ko‘rgazmasini Yevropa Chechenistonda inson haqlari buzilayotganiga ko‘z yumgani alomati o‘laroq talqin qildi. Ammo o‘sha taqdimot alal-oqibat Ayshat xonimning G‘arbda nom chiqarish uchun birinchi va oxirgi urinishi bo‘ldi.

2017-yili Bi-bi-si surishtiruvida qiziq ma’lumot o‘rtaga chiqdi: aniqlanishicha, Ayshat Qodirova Grozniy markazida Lady A nomli ayollar uchun intim ashyolar va erotik ichkiyimlar do‘konini ochgan emish. Do‘kon “Firdavs” savdo markazida – Checheniston rahbarining qiziga tegishli boshqa shoxobchalar qatorida joylashgani aytiladi.

Bi-bi-si bir necha blogerning ushbu do‘kon haqidagi xabarlariga havola bergan (postlar hozirda o‘chirilgan, lekin jurnalistlar skrinshotlarni saqlab qo‘yganlar). Butikning “Instagram”dagi yopiq akkauntiga qariyb 20 ming kishi obuna bo‘lgan – mijozlarga nafaqat erotik ichkiyimlar, balki intim kosmetika va hatto BDSM ashyolari ham taklif qilinar ekan. “Firdavs” modalar uyi vakillari o‘shanda mazkur ma’lumot bo‘yicha izoh berishdan bosh tortganlar.

“Qip-qizil bo‘hton bu! Pastkashlik! Bunaqa tuban uydirmalar bilan rahnamomiz Ramzan Qodirov hamda uning oilasini yomonotliq qilmoqchi bo‘layotganlarni ogohlantirib qo‘yay: har bir so‘zingiz uchun javob berasiz!” – Chechenistonning milliy siyosat, tashqi aloqalar, matbuot va axborot vaziri Jambo‘lat Umarov Bi-bi-si surishtiruviga shunday munosabat bildirgan edi.

Darvoqe, surishtiruv Bi-bi-si saytidan o‘chirilmagan, bu haqda yozgan OAVlar raddiya bermagan.

Intim mollar do‘koni Ayshat Qodirovaniki ekaniga hujjatli dalil yo‘q. “Otkritiye media” jurnalisti do‘kondan internet orqali bir necha ashyo sotib olib, xaridga chek ilova qilishni so‘raganida “chek berganimiz bilan foydasi yo‘q, chunki unda mulkdorning rekvizitlari ko‘rsatilmaydi”, degan javobni olgan.

Bu orada butikni Checheniston xalq artistlari Xeda Gaziyeva hamda Tamara Dadashevalar reklama qilishdi. Keyinroq piarga “federal miqyosdagi” blogerlar ham jalb etildi. 2018-yil yanvarda Lady A do‘konini teleboshlovchi va “Dom-2” ishtirokchisi Alyona Vodonayeva “Instagram”da targ‘ib qildi.

Qodirovning iste’fosi uchun imzo to‘plagan “Mayak” ijtimoiy harakati yetakchisi Darya Xeykinen “Kavkaz.Realii” bilan suhbatda Checheniston rahbari va uning atrofidagi odamlarning so‘zi bilan amali boshqa-boshqa ekanini, Ayshatning biznesi bilan bog‘liq vaziyat ham bundan istisno emasligini aytadi.

“Mahalliy mulozimlar har qadamda axloq-odobdan va’z o‘qir ekan, Qodirovning qizi yashirincha intim ashyolar sotmoqda – Putin-Qodirov Chechenistonida boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Otasining qizi bo‘lmish Ayshat xonim ishning misi chiqmasligi uchun qonunlarni buzishdan ham tap tortmaydi. “Amal qilmaydigan cheklar”dan muddao shu”, deydi jamoat faoli.

Tadbirkor mulozima

2020-yil sentabrda Ayshat Qodirova Checheniston madaniyat vazirining birinchi muovini, keyinroq esa vazir etib tayinlangan edi. 2021-yilda uning daromadi birdaniga 50 baravarga yoki 845 ming rubldan 44 million rublga oshgan.

“Transparenshi Interneshnl”ning Rossiyadagi vakolatxonasi bosh direktori Ilya Shumanovga ko‘ra, Rossiya qonunchiligi, agar manfaatlar to‘qnashuvi bo‘lmasa, hududiy vazirlarga tijorat shirkatini ta’sis etish huquqini beradi.

“Ammo Ayshat Qodirova shirkatning yagona ta’sischisi sifatida boshqaruvga oid qarorlar qabul qilishga va foydani taqsimlashga, ya’ni tijorat faoliyati bilan shug‘ullanishga majbur, bu esa qonun bilan taqiqlangan. Mahalliy mulozimlar odatda ushbu cheklovni shirkatdagi o‘z ulushini biznes sherigining ishonchli boshqaruviga topshirish yo‘li bilan chetlab o‘tadilar”, deydi ekspert.

Uning fikricha, mazkur holatda davlat xizmati to‘g‘risidagi qonun bilan belgilangan cheklov va taqiqlar buzilishi masalasi muhokama qilinishi kerak. Shumanov yuqori ma’muriy lavozim egalarining biznes bilan ochiqcha shug‘ullanishi Rossiyada ko‘p uchramasligini aytadi.

“Biznes egasi davlat lavozimiga tayinlansa, o‘z ulushini ishonchli boshqaruvga berishi kerak. Aks holda prokuratura hukumat raisi yoki gubernatorga darrov taqdimnoma kiritadi. Biroq Chechenistonning o‘z qonun-qoidalari bor”, deya izoh beradi Shumanov.

Ayshat Qodirova 2021-yil dekabrda Rossiya hukumatining “Inson huquqlari himoyasi uchun” medali bilan taqdirlangan.

AQSh Davlat departamenti esa aynan inson huquqlari jiddiy buzilishi bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra 2020-yilning yozida Ramzan Qodirovga qarshi joriy etilgan sanksiyalarni Ayshat Qodirovaga ham tatbiq etgan.

Ramzan Qodirov qizining uyida suratga olgan videoda hovlida qantarilgan Lamborghini Urus avtomobili aks etgan – ushbu dabdabali sport mashinasi Ayshatning rasmiy deklaratsiyasida qayd etilmagan. 2021-yilda esa Qodirovaning mol-mulklari sirasida 50 million rubldan ortiq qiymatli saroy paydo bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG