Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:42

Qirg‘iziston sudi ommaviy tartibsizliklarda ayblangan sobiq prezident Atambayev va boshqalarni oqladi


Almazbek Atambayev 2019-yildan beri qamoqda saqlanmoqda.
Almazbek Atambayev 2019-yildan beri qamoqda saqlanmoqda.

Bishkekning Birinchi may tuman sudi 2020-yilning 9-oktabrida hokimiyatni bosib olishga uringanlikda ayblanayotgan sobiq prezident Almazbek Atambayev dohil qator siyosatchilarni oqladi.

Oktabr voqeasi yuzasidan yetti nafar siyosatchi sudlanayotgan edi. Ular: sobiq prezident Almazbek Atambayev, uning maslahatchisi Farid Niyazov, tansoqchisi Qanat Sag‘imbayev, sotsial-demokratlar partiyasi yetakchisi Temirlan Sultanbekov, ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Kursan Asanov, “Turan” partiyasi yetakchisi Jenish Mo‘ldo‘qmatov va sobiq Bosh vazir o‘rinbosari O‘murbek Babanov. Babanov ishi alohida ajratib olinib tergov qilingan.

2020-yilning oktabridagi voqealar bo‘yicha tergov materiallarida, Atambayevning 2020- yil 5-oktabr tunida qamoqdan noqonuniy bo‘shatilgani, keyin Babanov, Sultanbekov, Sag‘imbayev, Mo‘ldo‘qmatov va Niyazov boshchiligidagi tarafdorlari bilan avvaldan kelishib olib, hokimiyatchi egallab olishga harakat qilgani qayd etilgan. Ular 9-oktabrda o‘z tarafdorlarini Bishkekdagi “Media Forum” binosi oldida yiqqani, keyin esa hokimiyatni bosib olish uchun "Ala-Too" maydoniga kelgani, u yerdan kutilmaganda tartibsizliklar boshlanib ketgani belgilangan.

O‘sha yilning 10-oktabrida Atambayev va uning bir qancha tarafdorlari qo‘lga olinib, Jinoyat kodeksining 264-moddasi (“Ommaviy tartibsizlik “) bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan edi.

Sobiq prezident Atambayev barcha ayblovlarni inkor etib kelmoqda. U sud jarayonlarida savollarga javob berishdan bosh tortib kelgan. Atambayev 28-iyunda o‘tgan so‘nggi sud majlisida ishtirok etishdan va so‘nggi so‘z aytishdan bosh tortgan. Bu majlisda Babanov ham ishtirok etmadi.

"Bu siyosiy ish bo‘lgan. Sud holis qaror chiqardi. Biroq, umumiy sud tizimida islohotlar bo‘lmadi. Men qamoqda o‘tirganda qamalgan minglab odamning yarmidan ko‘piga adolatsiz hukmlar chiqarilganiga guvoh bo‘ldim. O‘sha oddiy fuqarolar taqdiri hal bo‘lib, o‘shalar oqlangandagina islohotlar olib borildi deyish mumkin”, - dedi sudda oqlanganlarning biri, "Turan" siyosiy partiyasi yetakchisi Jenish Mo‘ldo‘qmatov.

Oqlanganlardan yana biri - sotsial-demokratlar partiyasi rahbari Temirlan Sultanbekov esa:“Sud bizni aybsiz deb topdi, ammo boshqa aybdorlar bor. Voqeada o‘lganlar, yaralanganlar bor. Aybdorlarni topib, jazvobgarlikka tortish kerak",- deb aytdi.

Sud hukmi bir necha kundan so‘ng o‘z kuchiga kiradi. Bunga qadar prokuratura mazkur hukm ustidan yuqori instansiya sudiga shikoyat arizasi kiritishi mumkin.

Qirg‘iziston parlamenti sobiq deputati Riskeldi Mo‘mbekov sud hukmiga munosabat bildirar ekan, oktabr voqealari bo‘yicha o‘sha paytdagi hukumat rahbarlarining javobgarchiligi ko‘rib chiqilishi zarur, deb hisoblashini bildirdi:

“Bugungi qaror adolatli bo‘ldi. Biroq mazkur voqea yuzasidan jinoyat ishini ochishga asos yo‘q edi. Jinoyat ishi yuzasidan men ham guvoh sifatida ishtirok etganman. Ichki ishlar vazirligi bunga aloqasi bo‘lmagan odamlarga nisbatan jinoyat ishi ochgan. Oktabr voqeasida jabrlanganlar bor. Sud ularni jabrlanuvchi sifatida tan oldi. Shu sababli endi o‘sha davrdagi prezident, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi va IIV rahbarlariga nisbatan ish qo‘zg‘atilishi kerak”.

Uch yildan beri qamoqda yotgan sobiq prezident Almazbek Atambayevga bundan tashqari boshqa ayblovlar ham bildirilgan edi. Jumladan, sobiq prezidentga nisbatan Bishkekdagi Qalis-O‘rda mavzesidagi maktab qurilishida korrupsiyaga yo‘l qo‘yganlik va “Sebat” maorif tizimining turkiyalik 10 nafar xodimiga qirg‘iz fuqaroligini noqonuniy berganlik ayblovlari bo‘yicha ikkita jinoyat ishi ochilgandi. 16-iyun kuni Bishkekning Birinchi may tuman sudi Atambayevni bu ikki jinoyat ishi bo‘yicha oqlagan edi.

Atambayev 2013-yili qonundagi o‘g‘ri Aziz Batukayevni qamoqdan noqonuiy ravishda muddatidan oldin bo‘shatib yuborganlikda ayblangan edi. 2020-yilning iyunida mazkur ish bo‘yicha u 11 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Shu yilning 15-martida Oliy sud bu hukmni tasdiqlagan.

Bundan tashqari Atambayev 2019-yilda Bishkek issiqlik elektr markazini modernizatsiyalash jarayonida korrupsiyaga yo‘l berganlikda ham ayblanmoqda. Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha tergov davom etmoqda.

Almazbek Atambayev 2019-yilnig avgustidan buyon qamoqxonada saqlanmoqda. Sobiq prezident barcha ayblovlarni inkor qiladi va buni siyosiy ta’qib deb baholab keladi.

Almazbek Atambayev Asqar Aqayev, Qurmonbek Bakiyev va Roza O‘tunbayevadan keyingi Qirg‘izistonning to‘rtinchi prezidentidir. U 2011-yildan 2017-yilgacha mamlakatni boshqargan.

2017-yildagi prezidentlik saylovida u So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov nomzodini qo‘llab-quvvatlagan. Biroq Jeenbekov prezidentlikka saylanganidan so‘ng Atambayev muxolifatga o‘tgan va prezidentlikka o‘zi olga surgan shaxsni tanqid qila boshlagan.

Shundan so‘ng Atambayev qonundagi o‘g‘ri Batukayevni qamoqdan noqonuniy bo‘shatganlikda ayblana boshlangan. U Ichki ishlar vazirligi o‘tkazayotgan tergovga qatnashishdan bosh tortgani ortidan 2019-yil avgustida Qo‘ytosh qishlog‘ida yashayotgan Atambayevni qo‘lga olish amaliyoti o‘tkazilgan. Maxsus amaliyot chog‘ida milliy xavfsizlik qo‘mitasi zobiti vafot etgan va 175 kishi turli jarohatlar olgan.

XS
SM
MD
LG