Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:36

Arzon ko‘mir va ogohlantirish: Rasmiylar svet-gaz talab qilib chiqqan aholini tinchlantirishga urinmoqda


Andijon, Namangan, Farg‘ona, Qashqadaryo viloyatlaridagi yig‘inlardan yo‘llangan videolardan olingan suratlar - 18-24 - noyabr
Andijon, Namangan, Farg‘ona, Qashqadaryo viloyatlaridagi yig‘inlardan yo‘llangan videolardan olingan suratlar - 18-24 - noyabr

Havo harorati keskin pasayib ketgan shu kunlarda svetsiz-gazsiz qolgan aholining hokimiyat idoralari oldida yig‘ilayotgani kuzatilmoqda.

Andijon, Namangan, Farg‘ona, Qashqadaryo viloyatlaridagi chiqishlarda ishtirok etgan aholi vakillarining aytishicha, rasmiylar ularni tinchlantirishga uringan va boshqa yig‘ilmaslik haqida ogohlantirgan.

Muammo ayrim hududlarda hal bo‘lgan, ammo aksar hududlarda aholi hanuz sovuqda qolayotir. Ayrim hududlarda rasmiylar norozi aholi yig‘ini aks etgan videolarni tarmoqqa joylaganlarni qidirayotgani aytiladi.

Namangan va Qashqadaryo viloyatidagi hokimiyat idoralari vakillaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, bu yil qishda tabiiy gaz ta’minoti iziga tushishiga umid yo‘q va norozi aholi bilan uchrashayotgan rasmiylar ko‘mir hamda o‘tin g‘amlashni tavsiya qilmoqda.

Rasmiylar elektr toki ta’minoti To‘raqo‘rg‘on IESdagi nosozlik hal qilinishi bilan aksar markaziy hududlarda iziga tusha boshlaganini aytmoqda. Ammo Ozodlikka kelayotgan shikoyatlarga ko‘ra, shahar va tuman markazlaridan chetroqda joylashgan aholi punktlariyu qishloqlarda ta’minot hanuz og‘ir ahvolda.

Qashqadaryo: vazirlikka murojaatdan so‘ng chiroq yondi


Qariyb 300 ming aholi yashaydigan G‘uzor tumanida 50 – 60 chog‘li odam tuman elektr tarmoqlari korxonasi oldida yig‘ilgani aks etgan video Ozodlikka 20 - noyabr kuni kelgandi.


Videoda na svet, na gazi bo‘lgan odamlar korxona rahbariyati bilan uchrashuv talab qilgani aks etgan.

Bu yig‘inda bo‘lgan g‘uzorliklardan birining Ozodlikka aytishicha, videoda voqeaning bir qismi aks etgan, xolos. Aslida g‘uzorliklar bir necha kun davomida tuman hokimligiga ham borishgan:

“Undan bir kun oldin, keyingi kunlari ham odamlar yig‘ildi. Domlarda (ko‘pqavatli uylar – tahr.) yashaydgan ayollar tuman hokimligiga ham borishdi, bir necha marta. Chunki, ularda svet-gaz bo‘lmasa, umuman isitib bo‘lmaydi, ko‘pida pechka yo‘q. Hokimiyatdagilar tezda tarqalinglar, svetniyam gazniyam beramiz, deb tarqatib yuboraverishdi. Oxiri Energetika vazirligiga birga murojaat qilishganidan keyin, 23 - noyabr kuni oqshom elektr berishdi. Viloyatdan telefon qilib, xabar olishibdi ham. Hozir mana o‘chmay turibdi”.

Bu g‘uzorlikning aytishicha, o‘tgan oy tuman hududida joylashgan GTL-O‘zbekiston zavodi ishchilari orasida isyon bo‘lganidan buyon tumanda nazorat biroz kuchaytirilgani seziladi.

“Hamma qanaqadir biroz cho‘chib qolganda. Ko‘pchiligining zavodda yaqinlari va tanishlari bor. Ishdan bo‘shatishyapti, so‘roqqa chaqirishyapti. Sovuq odamlarning jonidan o‘tib ketganlar, asosan ayollar harakat qildida. Bizdagi Sho‘rtangaz korxonasida mamlakatda chiqadigan gazning asosiy qismi chiqadi, lekin biz 8 yildan beri gazsiz yashaymiz – o‘ylab ko‘ring! GTL zavodidan 80 kilometr narida tuman markazi – na svet bor, na gaz bor, na asfalt bor, binolar eskirib ketgan. Zavodga kelib ketayotgan kattalar, shu rayonga bir kirib o‘tay demaydi”, - deydi ismi sir saqlanishini so‘ragan g‘uzorlik.

Uning aytishicha, 8 yil muqaddam tuman tabiiy gazdan tamomila uzilgan, suyultirilgan gaz esa, 1 yarim-2 oyda bir aholiga tarqatilmoqda.

Ozodlik bu voqea ortidan G‘uzor tumani va Qashqadaryo viloyati hokimiyat idoralariga bog‘landi, ammo rasmiy izoh ololmadi.

Qashqadaryo viloyati elektr tarmoqlari idorasining o‘zini tanishtirishni istamagan rasmiysiga ko‘ra, tumanda elektr uzilishiga sabab To‘raqo‘rg‘on IESdagi nosozlik bo‘lgan. Bu nosozlik hal qilinishi ortidan ta’minot iziga tushgan. Bu rasmiy gaz ta’minoti va suyultirilgan gaz ta’minoti bilan bog‘liq savollarga javob berolmasligini aytdi.

Andijon: elektr berilmadi, lekin videoni chiqarganlarni qidirishmoqda


Viloyatning Andijon tumanidagi Zavraq mahallasidagi o‘nga yaqin ayol qorli oqshom ko‘chada turib, viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovga yo‘llagan murojaat ham Ozodlikka kelib tushgandi.


Bu mahalladagi ahvoldan xabardor mushtariyning ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka aytishicha, ayollar 18 - noyabrdan to shu kunga qadar svet va gaz berilishini talab qilib, mahalliy rahbarlarga murojaat qilishmoqda, ammo hech o‘zgarish yo‘q.

“Videomurojaat Ozodlikka chiqqanidan keyin viloyat, tuman hokimliklari, prokuraturasi, elektr tarmoqlari idorasidan bir gruppa odam keldi mahallaga. “Svetniyam beramiz, gazniyam beramiz, sizlar u yoqqa bu yoqqa yugurmanglar”, deb ketishdi. Lekin na gaz, na svet berishdi. Pulini oldidan to‘lab qo‘ysangizlar, kilosiga 300 so‘mdan ko‘mir olib kelib beramiz, deyishgan. Ko‘mir bozorda 1300 so‘mdan, bular beradigan 300 so‘mlik ko‘mir rostdan ham ko‘mirmi, tuproqmi, deb odamlar ko‘nmayapti odamlar”, - deydi andijonlik suhbatdosh.

Uning aytishicha, murojaatchi ayollar yashaydigan mahalla yangi, kottejlarning aksari o‘tgan yili qurib bitirilgan. Muhimi, bu uylarda hatto suv ham elektr energiyasi vositasida ta’minlanadi.

“Svet bo‘lmasa, bu yangi uylarda suv chiqmaydi, chunki nasos ishlashi kerak. Hozir endi elektr o‘chdi degani, bu uylarda suvam yo‘q, issiqlik ham yo‘q – tirikchilik umuman to‘xtadi, degani-da. Ko‘pida davlat idoralarida ishlaydigan yosh oilalar bor, bolalari yosh. Ahvoli juda og‘ir, juda. Hozir endi bularga yordam berish o‘rniga mahallayu hokimiyatdagilar kelib, o‘sha videoni kim Internetga chiqarganini qidirib yuripti ekan. Ko‘chaga chiqmanglar, u yoqqa bu yoqqa yozmanglar, baribir foydasi yo‘q, deb qaytaryapti”, dedi andijonlik suhbatdosh.

Andijon tumani hokimligi va elektr tarmoqlari idoralari Ozodlik murojaatiga javob bermadi.

Namangan: norozilar bilan uchrashgan hokim aholiga arzon ko‘mir tarqatdi


Namangan shahrida 23 - noyabr kuni gaz yo‘qligidan norozi bo‘lgan aholi bilan shahar hokimining o‘rinbosari Jobirxon Abdullayev uchrashdi.

Telegram tarmog‘idagi Namangaliklar kanalida tarqatilgan videoda hokim aholiga ko‘mir va o‘tin g‘amlashni tavsiya qiladi, tabiiy gaz berilmayotgani sabablariga oid savollarni esa ochiq qoldiradi.


23 - noyabr oqshomida hokim o‘rinbosari va’dasi bilan norozi aholi yashaydigan mahallalardan biriga bir necha yuk mashinasida ko‘mir keltirib berildi. Buni ham ayni Telegram kanali xabar qildi.

Namangan shahrida istiqomat qiladigan bir necha suhbatdoshdan olingan ma’lumotga ko‘ra, 24 - noyabrga kelib shaharda tabiiy gaz ta’minoti o‘nglanmagan – tabiiy gaz berilmoqda, ammo "bir choynak choyni ham qaynatish mushkul".

Farg‘ona: sveti o‘chganning suvi ham o‘chadi


Toshloq tumanida ham bir guruh norozi aholi mahalliy rahbarlardan svet va gaz talab qilayotgani aks etgan videoni 24 - noyabr kuni bloger va jurnalist Zafar Solijonov o‘z Telegram kanalida e’lon qildi.

Videoda sovuq jonidan o‘tganidan norozi ayollar elektr toki berilishini talab qilishgan. Ularning murojaatlarini qog‘ozga tushirayotgan rasmiylar esa norozilarning savollarini ochiq qoldirishgan.


Bu yerda ham norozilar elektr toki uzilishi bilan aholi suvdan ham uzilib qolishini aytmoqda. Tabiiy gaz bu huddudda ham yillardan buyon berilmaydi, suyultirilgan gaz ta’minoti ham yomonlashgan.

Toshloq tumani hokimligidan bu borada hozircha izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Manba: rasmiylar norozilik kuchaygan hududlarni tinchlantirish harakatida


Ammo Farg‘ona viloyatidagi hokimlik idoralaridan birida ishlaydigan Ozodlik manbasining mikrofonsiz suhbatda aytishicha, bu yil viloyatning svet va gaz uzilmaydigan aksar hududlarida ham elektr uzilib qolgan, tabiiy gaz bosimi esa juda pastlab ketgan:

“Elektrni tushundik endi, birdan sovuq tushib, hamma elektr pechkaga ulanib olyapti, deyishdi. Keyin, anavi To‘raqo‘rg‘on IES buzilib qoldi, transformatorlar eski – xullas har yilgi gap. Lekin, gaz bosimi nega birdan pastlab ketdi. Shaharlarda gaz yonib turgandi yaxshigina. Uyam pastlab ketdi”.

Bu manba mahalliy rasmiylar ayni paytda aholi kayfiyatini nazorat qilib turish, norozilik kuchaygan hududlarda aholi bilan yuzma-yuz uchrashib, muammolarini hal qilib berishga urinishayotganini aytdi:

“Janjal chiqib ketmasin, degan xavotir bor-da rahbarlarda. O‘tgan yillari, esizda bo‘lsa, uncha-muncha to‘polonlar bo‘lgandi, kak raz shu noyabrda. Birinchi sovuq tushganda. Bu yil ham shunaqa, birdan sovuq tushdi. Raygaz, elektrosetlar ham og‘ir ahvol-da hozir. Shunga qayerda sal norozilik kuchaysa, o‘sha yerga borib, aholi bilan gaplashib, ilojini topib, svetini berib, tinchlantirishga urinyapti-da rahbarlar. O‘zi yana ikki-uch kunda kunlar yana isib qolsa, tinchiydi vaziyat”.

O‘tgan yilgi noroziliklar


O‘tgan yili noyabr oyida Andijon, Qoraqalpog‘iston, Sirdaryo viloyatlarida svet va gaz yo‘qligidan norozi bo‘lgan odamlar ko‘chalarni to‘sib qo‘ygani, hokimiyat idoralari oldiga yig‘ilgani kuzatilgan edi.

Qoraqalpog‘istonning Nukus tumanida odamlar ko‘chaga chiqib, yo‘llarda avtomashinaning eski balonini yoqib yuborgan va bu holatni hatto, davlat xabar agentligi - O‘zA ham yozgan edi.

Gulistonda esa, haydovchi va haoli vakillari M-34 yo‘lining Toshkent-Guliston yo‘nalishini to‘sib qo‘ygandi.

Andijonda shaharning Dalvarzin va Oltinko‘l tumani Qo‘shtepa mahallalari orasidan o‘tuvchi yo‘lni aholi gaz va elektr taqchilligidan norozi bo‘lgan aholi to‘sib qo‘ygan edi.

O‘shanda Bosh vazir Abdulla Aripov aholi va ijtimoiy soha obyektlarini energoresurslar — gaz va elektr energiya bilan ta’minlashdagi muammolarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazgan va mamlakatda yuzaga kelgan favqulodda vaziyatni “sharmandali holat” deb baholagan edi.

«Bu sharmandali holat. Ommaviy axborot vositalari, internet-nashrlar va ijtimoiy tarmoqlarda bu haqda aholining haqli e’tirozlari keng yoritilmoqda. Gaz va elektr energiya yetkazib beruvchilar o‘z ishlariga ma’suliyat bilan qarashmayapti. Mutasaddi rahbarlar shuncha salbiy holatlarga biron marta ommaviy axborot vositalari orqali tushuntirish yoki asosli javob bergani yo‘q”, degan edi bosh vazir.

Bu yil esa, prezident Mirziyoyev 18 - sentabrda maxsus selektor yig‘ilishi o‘tkazib, bu yilgi qishning qattiq kelishi kutilayotganini aytgan va shahardagi tayyorgarlik uchun shaxsan bosh vazir A. Aripovni mas’ul qilib tayinladi. Viloyatlarga bosh vazirning birinchi o‘rinborsari Ochilboy Ramatovni mas’ul qilib tayinlandi.

Ammo 18 - noyabrdan havo harorati keskin pasayib ketishi bilan nafaqat viloyatlar, hatto poytaxtning ham qator tumanlarida isitish tizimidagi qozonxona, issiq suv va gaz uzatadigan tarmoqlarda nosozliklar kelib chiqa boshladi.

Mamlakat bo‘ylab kuzatilayotgan energetika inqirozining asl sabablari va yechimi borasida, o‘tgan yillarda bo‘lgani kabi, bu yil ham hukumatning mas’ul rahbarlari ma’nili bayonot berganicha yo‘q.

XS
SM
MD
LG