Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:48

AQShda miyasi o‘lgan shaxs tanasiga cho‘chqa buyragi transplantatsiya qilindi


O‘tgan haftada AQShning Alabama shtatida jarrohlar cho‘chqa buyragini miyasi o‘lgan odamga transplantatsiya qildi. Bu haqda The Associated Press agentligi xabar bermoqda. Olimlar kelajakda bu amaliyotni tirik bemorlarda sinab ko‘rishga umid qilishmoqda.

Tadqiqotga yetakchilik qilgan Birmingemdagi Alabama universiteti xodimi doktor Jeymi Lok:

“Organ taqchilligi bartaraf qilish mushkul bo‘lgan inqiroz va bizda unga hecham yechim bo‘lmagan”, dedi.

So‘nggi oylarda hayvon organlarini odam tanasiga o‘tkazish haqida bir necha shov-shuvli xabar tarqaldi.

O‘tgan yilning kuzida Nyu-York universiteti jarrohlari o‘lgan bemorning tanasi tashqarisidagi qon tomirlariga cho‘chqa buyragini ikki marta ulab ko‘rishdi. Joriy oy boshida esa Merilend universiteti tibbiyot markazi jarrohlari hayoti xavf ostida bo‘lgan bemorga genetik o‘zgartirilgan cho‘chqa yuragini transplantatsiya qilishdi. Bemor hozirgi kunda hayot.

Ammo olimlar bunday transplantatsiya amaliyotlarini bemorning hayotini xavf ostiga qo‘ymasdan o‘tkazish to‘g‘risida hali ko‘proq izlanish olib borishlari kerak.

Oila a’zosi jasadini ilm-fan uchun sovg‘a qilgan oila yordamida Lok inson a’zolarini transplantatsiya qilishni tajriba qilib ko‘rgan. Xususan, u cho‘chqaning “donor” buyragini olib, marhumning qorin bo‘shlig‘ida tikib qo‘ygan. Lok jamoasi uch kundan oshiq vaqt davomida marhumning sun’iy apparatlarga ulangan jasadi cho‘chqa buyragini rad etmaganini kuzatgan.

Tajriba haqida o‘tgan haftaning payshanba kuni American Journal of Transplantation jurnalida maqola chop etildi.

Lokning so‘zlariga ko‘ra, tajriba davomida bosha muhim savollarga ham javob olingan. Masalan, cho‘chqa buyraklaridagi nozik qon tomirlari inson qon bosimiga bardosh bera olishi kuzatilgan. Buyraklarning biri cho‘chqadan olinayotganida shikastlangan va yaxshi ishlamagan, ammo ikkinchisi tezda siydik ajrata boshlagan. Bundan tashqari, inson tanasiga cho‘chqa viruslari o‘tmagan, qonida cho‘chqa hujayralari topilmagan.

Lokning ta’kidlashicha, uning jamoasi o‘tkazgan tajriba miyasi o‘lik odam tanasi yangi tibbiy muolajalarni sinab ko‘rish uchun juda zarur bo‘lgan inson modeli bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Tadqiqot sentabr oyida o‘tkazilgan. Tajriba davomida Alabama shtatida yashovchi 57 yoshli Jim Parsons tanasidan foydalanilgan. U mototsikl poygasida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa ortidan miyasi o‘lik, deb e’lon qilingan.

Xabar qilinishicha, Parsonsning bevasi eri tanasi ustida tajriba o‘tkazilishiga ruxsat berish qarori haqida shunday degan:

“[Tadqiqot] yuz minglab odamning hayotini saqlab qolishi mumkinligini eshitganimizdan keyin, biz bu Jim shubhasiz ma’qullaydigan qaror ekanligini anglab etdik”.

Hayvon organini odamga o‘tkazish ksenotransplantatsiya deb nomlanadi. Ksenotransplantatsiya urinishlari bir necha o‘n yildan beri muvaffaqiyatsiz yakunlanib keladi, chunki inson immun tizimi tezda yot to‘qimalarga hujum qiladi.

Ammo bugunga kelib cho‘chqa genlarini o‘zgartirish orqali uning organlarini insonnikiga o‘xshatish yo‘llari ishlab chiqilgan.

Xastings markazi tadqiqotchisi Karen Mashke odamlarda rasmiy sinov boshlanishidan oldin ayrim to‘siqlar borligini aytdi. Xususan, cho‘chqa organini kimda sinab ko‘rish mumkinligi haqida qoida va ko‘rsatmalar ishlab chiqilishi kerak.

Ayni damda Mashke AQSh Sog‘liqni saqlash institutlari ajratgan grant asosida birinchi klinik sinovlar uchun axloqiy va qonuniy tavsiyalarni ishlab chiqish ustida ishlamoqda.

Olimlar, shuningdek, cho‘chqa a’zolari inson tanasida qancha vaqt yashashi va ularni genetik jihatdan eng samarali tarzda o‘zgartirish yo‘llari haqida hali ko‘p narsa noma’lum ekanini aytishmoqda.

XS
SM
MD
LG