Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:27

AQSH va Britaniya Alisher Usmonov shirkatlariga, jumladan, "Ohangaronsement"ga sanksiyalar joriy etdi


AQSH va Britaniya Alisher Usmonovning USM xoldingi va unga aloqador shirkatlarga sanksiyalar joriy etdi. O‘zbekistondagi “Ohangaronsement”ni 98,6 foiz ulushini 2022-yil boshida USM xoldingi tomonidan ta’sis etilgan Akkermann Cement CA sotib olgan edi. AQSH va Britaniya joriy etgan cheklovlar “Ohangaronsement”ga ham tegishli bo‘ladi.

Vashington Alisher Usmonovning USM xoldingiga tegishli Akkermann Cement CA kompaniyasiga qarshi sanksiyalar joriy qilgani to‘g‘risidagi ma’lumot AQSh Moliya vazirligi saytida, Britaniya USM, Curzon Square va Hanley shirkatlariga joriy etgan sanksiyalari to‘g‘risida esa Qirollik hukumati saytida e’lon qilindi.

AQSH sanksiyalari va "Oxangaronsement"

“Usmonov ofshorlardagi keng qamrovli shirkatlarga egalik qiladi, u oila a’zolari orqali sanksiyalarni chetlab o‘tishga potensial tarzda imkoniyat yaratuvchi moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishi mumkin”, deyiladi AQSH Moliya vazirligi bildiruvida.

AQSH Moliya vazirligining xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi yangi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan korxonalar, jumladan, Akkermann Cement CA bilan barcha operatsiyalarni 11-iyulgacha to‘xtatishga litsenziya berdi.

Bundan tashqari Alisher Usmonovga qarashli “Metalloinvest”, USM Telecom va “Megafon” shirkatlari ham sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi.

Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan jismoniy va yuridik shaxslar bilan milliy xavfsizlik, tashqi siyosat va sanksiyalar siyosati doirasida har qanday hamkorlikni taqiqlaydi, ro‘yxatga kiritilganlarning aktivlari muzlatiladi.

Oltmish yildan beri faoliyat ko‘rsatib kelayotgan “Ohangaronsement” O‘zbekistonda kattaligi jihatidan ikkinchi sement zavodi bo‘lib hisoblanib, bu yerda respublikadagi sementning qariyb 20 foizi ishlab chiqarilgan. 2020-yildan korxona O‘zbekistondagi eng yirik soliq to‘lovchilardan biri hisoblanadi.

1994-yili “Ohangaronsement” xususiylashtirib, aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilgan. Zavodga ancha yillar Zeromax shirkati egalik qilib, 2006-yilda aksiyalarning 75,5 foizini “Yevrotsement”ga sotgan. Keyinchalik “Yevrotsement” aksiyalari miqdorini 84, 19 foizga yetkazgan.

Rossiyalik biznesmenlarga tegishli bo‘lgan “Yevrotsement” qarzlarini to‘lay olmay qolgani ortidan to‘laligicha Rossiya hukumatiga qarashli Sberbank qo‘liga o‘tgan.

2021-yilda “Ohangaronsement”ning 84,197 foiz ulushini 557,6 mlrd so‘mga sotib olgan Kiprdagi Lamanka Enterprises shirkati zavodni 2022-yilning yanvarida Alisher Usmonovning USM xoldingi ta’sis etgan Akkermann Cement CA shirkatiga 1,88 trln so‘mga sotgani ma’lum qilingan edi.

Britaniya sanksiyalari esa USM, Curzon Square va Hanley shirkatlariga tegishli

Qirollik hukumati saytida e’lon qilingan sharhda ta’kidlanishicha, mazkur shirkatlar Usmonovga tegishli yoki u tomonidan nazorat qilinadi va “Rossiya hukumatidan foyda olishga yoki uni qo‘llab-quvvatlashga aloqador”, shuningdek, Rossiya hukumati uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan qazib olish va raqamli texnologiyalar sohasida faoliyat yuritadi.

“Biz Rossiya elitasi va ularning urush uchun ajratilgan pullarini yashirishga ko‘maklashayotganlar uchun moliyaviy tarmoqni yopmoqdamiz. Biz ularni o‘zlari yaxshi yashirdik deb o‘ylagan aktivlardan mosuvo qilishda davom etamiz”, deyiladi Britaniya tashqi ishlar vaziri Jeyms Kleverli bayonotida.

Britaniya Alisher Usmonov va Roman Abramovichlarni dastaklayotganlikda gumonlangan Kipr fuqarolari Demetris Ioannides va Xristodulos Vasiliadislarga nisbatan ham sanksiyalar joriy etgan. Britaniya tashqi ishlar vazirligi ularni ofshor tarmog‘ini va trastlarni tashkil etishga ko‘maklashgan “professional yordamchilar” deb atagan.

Britaniya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida ta’kidlanishicha, Alisher Usmonovning Londondagi 90 million funt sterlingga baholangan Beechwood House saroyi ham sanksiyalar doirasida hibs qilinadi. USM, Curzon Square va Hanley aktivlari muzlatiladi.

USM sanksiyalarni noqonuniy deb hisoblamoqda

USM rasmiylari RBK telekanaliga bergan ma’lumotida, xoldingga joriy etilgan sanksiyalardan norozi ekanliklarini bildirdilar va sanksiyalar adolatsiz ekanini qayd etdilar.

“Alisher Usmonov ko‘pdan beri tadbirkorlik bilan shug‘ullanmaydi va xoldingda 50 foizdan kam ulushga ega hamda uning boshqaruvida ishtirok etmaydi. Biz bu sanksiyalarni noqonuniy deb bilamiz va e’tiroz bildiramiz, deyiladi xolding bildiruvida.

Usmonovning boyligi yil boshidan beri 1 milliard dollarga ko‘paygan

Bloomberg agentligining fevralning boshlarida Milliarderlar indeksi ma’lumotiga ko‘ra, asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonovning boyligi joriy yil boshidan buyon 1 milliard dollardan ko‘proqqa oshib, 19,5 milliard dollarga yetgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yaqin ko‘rilgan Usmonov, mazkur reytingga ko‘ra, ayni paytda dunyodagi 500 nafar eng boy odamlar ro‘yxatida 81-o‘rinni egallab turibdi.

Rossiya qo‘shinlari o‘tgan yilning fevral oyi oxirida Ukrainaga bostirib kirgani ortidan Alisher Usmonov AQSH, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyaning sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan edi.

Financial Times nashrining yozishicha, O‘zbekiston YIdan rossiyalik milliarder Usmonovdan sanksiyalarni olib tashlashni so‘ragan.

Forbes jurnali 2023-yilning yanvarida Alisher Usmonov Rossiya ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar uyushmasi rayosati byurosiga pensiya chiqayotgani va aktiv faoliyatdan chekinayotganini bildirib, o‘zini byuroga a’zolikdan ozod qilish haqida ariza yozgani haqida xabar qilgan edi.

XS
SM
MD
LG