AQSH universitetlari so‘z erkinligi bilan xavfsizlik orasidagi nozik chegarani topishga urinib, G‘azodagi urushga qarshi norozilik aksiyalariga chiqqan talabalarga chora ko‘rmoqda.
Yel universiteti
Dushanba, 22-aprel kuni Yel universiteti hududida qariyb 45 namoyishchi kampusga noqonuniy kirish haqidagi moddaga asosan ushlandi. Keyinroq ularning barchasi sudga kelish majburiyati tushuntirilgach, qo‘yib yuborilgani aytilmoqda. Juma kuni namoyishchilar kampus hududida chodirlar tikishgan va butun dam olish kunlarini universitet rahbariyatidan Isroil bilan biznes qiluvchi mudofaa shirkatlariga sarmoya tikmaslikni talab qilib, aksiyalar o‘tkazishga bag‘ishlagan edi. Norozi talabalarni bir necha marta universitet hududidan chiqib ketishga chaqirganlar.
Nyu-York universiteti
Nyu-York universiteti kampusida ham bir qancha talaba qo‘lga olingan. Ular lager tashkil qilishgan va 22-aprel kuni norozilik aksiyasi ishtirokchilari soni bir necha yuz kishiga yetgan. Universitet vakiliga ko‘ra, ma’muriyat dastlab talabalardan tarqalishni so‘ragan, biroq kampusda tartibsizlik – “qo‘rqituvchi shiorlar va aksilsemit xatti-harakatlar” boshlangach, politsiyani chaqirishga to‘g‘ri kelgan.
Kolumbiya universiteti
Kolumbiya universiteti hududida va hatto tashqarisida ham namoyishlar avj olgach, ma’muriyat, “ehtiroslarni pasaytirish va barchaga keyingi qadamlarini o‘ylab ko‘rish uchun imkon berish maqsadida” darslarni onlayn rejimga o‘tkazgan. O‘tgan hafta universitet kampusida Falastinni qo‘llab namoyishlarga chiqqan yuzdan ziyod talaba ushlangan edi. Norozilar universitet hududida chodirlar tikib, lager tashkil qilgani aytilmoqda.
Dushanba, 22-aprelda norozilik chiqishlari davom etgan. Kampus darvozasi oldida yigirmaga yaqin namoyishchi “Daryodan dengizga qadar Falastin ozod bo‘lajak!” deya xitob qilib turgan. Ularga yaqin joyda Isroilga xayrixoh talabalardan iborat kichik guruh namoyish qilgan.
Harvard universiteti
Harvard universiteti kampusi begonalar uchun yopib qo‘yilgan. Talabalarga faqat ma’muriyat roziligi bilan chodir tikish va stollar qo‘yishga ruxsat berilib, qoidalarni buzganlar intizomiy jazo olishi haqida ogohlantirilgan.
Harvard talabalarining Falastin bilan birdamlik qo‘mitasi ma’lum qilishicha, universitet faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan. Talabalar tashkiloti Associated Press agentligiga taqdim etgan xabarnomada Qo‘mita qoidalarni buzgani va treninglarda qatnashmagani, shundan so‘ng unga sinov muddati tayinlangani haqida gap boradi. Harvard rahbariyati AR savollariga javob bermagan.
Massachusets texnologiya instituti
Yakshanba kuni kechqurun Massachusets texnologiya instituti hududida ham yigirmaga yaqin talaba lager qurib olgan. “Universitet hatto [G‘azoda] o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilishga ham chaqirmadi, biz shuni talab qilmoqdamiz”, degan talabalardan biri aksiya maqsadini tushuntirar ekan.
***
Yahudiy talabalarga ko‘ra, Isroilni tanqid qilish ko‘p hollarda antisemitizmga o‘tib ketib, ularni xavotirga qo‘ymoqda. Bu talabalar, Falastinni qo‘llab-quvvatlab norozilik aksiyalari o‘tkazayotganlarga javoban HAMAS o‘tgan yili kuzda Isroilda garovga olingan odamlarni hanuz ushlab turganini eslatishadi.
AQSHda terrorchi tashkilot deb topilgan HAMAS guruhining 2023-yil oktyabrda Isroilga hujumidan so‘ng norozilik chiqishlari ko‘plab talabalar shaharchalarini qamrab oldi. O‘shanda jangarilar 1200 dan ziyod kishini o‘ldirib, qariyb 250 kishini garovga olishgan edi. Shundan so‘ng Isroil “HAMASni o‘q qilish” maqsadida uning nazoratidagi G‘azo bo‘lgasida harbiy amaliyot boshlagan.
G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Isroil zarbalari natijasida 34 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, ularning aksari ayollar va bolalardir. Ushbu ma’lumot mustaqil manbalar orqali tasdiqlangan emas.