Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:54

AP jurnalisti: Shinjonda cheklovlar yumshatildi, ammo qo‘rquv hukmron


Ushbu maqola “The Associated Press” jurnalistining Shinjonga qilgan ikki safari asosida yozgan maqolasi tarjimasidir.

Bir paytlar Xitoyning Shinjon mintaqasidagi jamoat binolarini o‘rab turgan tikanli simlar deyarli butunlay olib tashlangan.

Harbiy kamuflyajdagi o‘rta maktab formasi va zirhli transportyorlar ham ko‘rinmay qolgan. Qadimda Ipak yo‘li o‘tgan Qashqar shahrida sirenalarning dahshatli ovozi ham, bir paytlar simyog‘ochlardan qushlar singari pastga qarab turgan ko‘plab kuzatuv kameralari ham g‘oyib bo‘lgan.

Uyg‘urlar va boshqa asosan musulmon ozchiliklarga qarshi shafqatsiz tazyiqlar boshlanganidan to‘rt yil o‘tib, Xitoyning Shinjon ustidan nazoratida yangi davr boshlangan.

Xitoy hukumati mintaqada o‘rnatilgan “politsiya hukumatining” eng shafqatsiz va ko‘zga ko‘ringan jihatlarini bekor qilgan. Bir necha yil oldin mintaqani qamrab olgan vahima ancha susaygan va odatiy hayot hissi asta-sekin qaytmoqda.

Lekin kim hukmdor ekani haqida hech qanday shubha yo‘q va qayerga boqmang, oxirgi to‘rt yil dahshatining asarini ko‘rasiz.

Bu holatni ko‘plab tarixiy markazlari buldozer bilan tekislangan va azon ovozi eshitilmay qolgan Shinjon shaharlarida kuzatish mumkin. Qashqar shahri bunga yaqqol misol. Shahardagi masjidlardan biri kafega aylantirilgan. Boshqa bir masjidning bir burchagi esa sayyohlar uchun hojatxonaga aylantirilgan. Bu holatni etnik xan xitoylar boshqaradigan olis qishloqlarda ham ko‘rish mumkin.

Odamlar ko‘zidagi qo‘rquv ham buni yaqqol ko‘rsatib turadi. Bularga shaxsan o‘zim “The Associated Press” nashri uchun Shinjonga qilgan ikki safarim davomida guvoh bo‘ldim. Safarlarimning birida Shinjon bo‘ylab Xitoy hukumati xorijiy matbuot uchun uyushtirgan tur qatnashchisi o‘laroq sayohat qildim.

Shinjonda chet ellik ekanimni aytganimdan keyin, velosiped sotuvchisining ko‘zlari ola-kula bo‘ldi. U telefonini olib, politsiyaga qo‘ng‘iroq qila boshladi.

Savdo do‘koni kassiri bemalol suhbatlashib, savdo yaxshi bo‘lmayotgani haqida nolidi. Oradan ko‘p o‘tmay, do‘konga izimizdan tushgan shubhali odamlar keldi. Do‘konga qaytib kirganimizda kassir hech narsa demadi va tilini tiyish buyurilganini imo-ishora qilib, do‘kondan chiqib ketdi.

Bir kuni ertalab soat to‘rtlarda Oqsuvning sokin ko‘chalari bo‘ylab o‘nga yaqin mashina izimga tushdi. Har safar kim bilandir gaplashmoqchi bo‘lganimda, meni kuzatib yurganlar iloji boricha yaqin kelib, aytgan har bir so‘zimni eshitishga harakat qilishdi.

Xitoy rasmiylari mintaqadagi nazoratni yumshatishga nima undaganini aniqlash mushkul. Balki G‘arbning keskin tanqidlari hamda Xitoyni jazolash uchun joriy qilingan siyosiy va tijorat sanksiyalari hokimiyatni o‘z yo‘nalishini o‘zgartirishga majburlagan. Yoki Xitoy uyg‘urlarni va boshqa musulmon ozchiliklarni bo‘ysundirish yo‘lida yetarlicha muvaffaqiyatga erishganini xulosa qilgan.

Xorijiy davlatlardagi uyg‘ur faollari mintaqadagi tug‘ilish darajasi keskin pasaygani hamda ommaviy hibslarga ishora qilib, Xitoy hukumatini genotsidda ayblamoqda. Rasmiylar esa maqsad uyg‘urlarni yo‘q qilish emas, balki ularni integratsiya qilish ekanini hamda ekstremizmni cheklash uchun keskin chora ko‘rish zarur ekanini aytmoqda.

Ularning niyati nima ekanidan qat’iy nazar, bir narsa aniq: Uyg‘ur madaniyatida muhim o‘rin tutgan urf-odatlar, xususan, gavjum yig‘ilishlar, qat’iy islomiy urf-odatlar, qizg‘in munozaralar cheklangan yoki taqiqlangan. Ularning o‘rniga rasmiylar madaniyatning sterilizatsiya qilingan versiyani tayyorlashgan.

Shinjon rasmiylari bizni Urumchi markazidagi katta bozorga ekskursiyaga olib borishdi. Shinjonning boshqa shaharlaridagi singari, bozor sayyohlar uchun qayta qurilgan. Bozorda plastikdan tayyorlangan ulkan soqolli uyg‘ur erkaklar va ulkan uyg‘ur cholg‘u asbobini ko‘rish mumkin. Uning yaqindagi non muzeyda plastmassadan yasalgan kalit uchun bezaklar, uyg‘ur do‘ppilari va muzlatgich magnitlari sotiladi. Shaharda selfi olayotgan etnik xan xitoylar ko‘p.

Shinjondagi etnik siyosatni o‘rganib kelayotgan taniqli olim Jeyms Leybold bu holatni uyg‘ur madaniyatining “muzeylashuvi” desa, Xitoy rasmiylari buni taraqqiyot deb ataydi.

Xitoy uzoq yillardan beri 13 million uyg‘urni integratsiya qilish uchun kurashib keladi. 1949 - yilda Kommunistik partiya Shinjon ustidan nazoratni qo‘lga kiritganidan beri, Pekin rahbarlari ulkan mintaqani o‘zlashtirishda keskin yoki yumshoq chora ko‘rish ko‘proq samara berishi to‘g‘risida bahslashib keladilar.

O‘nlab yil davomida Shinjonda siyosat o‘zgaruvchan bo‘ldi. Davlat etnik ozchiliklarga kirish imtihonlarida qo‘shimcha ball hamda ishga olishda kvotalar kabi maxsus imtiyozlar bergan bo‘lsa-da, ko‘zga ko‘rinmas cheklovlar, irqchilik va diniy e’tiqodga qarshi cheklovlar ko‘plab uyg‘urlarda nafrat va g‘azab uyg‘otdi.

Hukumat uyg‘urlarni qattiq nazorat qilishga urinar ekan, ko‘pchilik o‘zligini tobora qattiq himoya qila boshladi. Ba’zilar zo‘ravonlikka qo‘l urdi: ayrim uyg‘urlar hukumat ularni hech qachon samimiy hurmat qilmasligini aytib, davlatga qarshi portlatish va hujumlarni amalga oshirdilar. Hujumlarda yuzlab begunoh tinch fuqaro, jumladan, xan xitoylar ham, uyg‘urlar ham nobud bo‘ldi.

2012 - yilda prezident Si Szinpin hokimiyat tepasiga kelganidan ko‘p o‘tmay, Shinjonda qanday yo‘l tutish bo‘yicha munozaralarga barham berildi. Davlat majburiy assimilyatsiya yo‘lini tanladi. Minglab uyg‘ur va boshqa ozchilik guruhlar vakillari “terrorchilikda” gumon qilinib, hibsga olindi.

Bugungi kunga kelib ko‘plab nazorat-o‘tkazish punktlari va politsiya punktlari g‘oyib bo‘lgan va portlashlar to‘xtagan, lekin irqiy bo‘linish chuqurligicha qolmoqda.

Uyg‘urlar har bir harakatlarini cheklovchi ko‘rinmas tizim yaratgan tuzoqda yashaydilar. Ular uchun pasport olish deyarli imkonsiz. Shinjonga va u yerdan boshqa shaharlarga uchadigan samolyotlardagi yo‘lovchilarning aksariyati xan xitoyliklardan iborat.

Shinjon tashqarisida yashovchi uyg‘urlar mahalliy politsiyada ro‘yxatdan o‘tishlari va ofitserga muntazam ravishda hisobot berishlari kerak. Qolaversa, ularning barcha harakatlari kuzatiladi. Shinjonda yashovchi ko‘plab uyg‘urga mintaqani tark etish man etilgan.

Xitoy hududida Shinjon haqidagi ma’lumotlar qattiq senzura qilinadi. Hozirda davlat ommaviy axborot vositalari hududni xavfsiz, ekzotik sayohat manzili sifatida targ‘ib qilmoqda. Shuning uchun Shinjon tashqarisida yashaydigan xan xitoylar uyg‘urlar duch kelayotgan cheklovlardan bexabar. Bu holat nima sababdan ko‘pchilik xitoylik Pekin tazyiqlarini qo‘llab-quvvatlashini qisman izohlaydi.

Shinjonda xan xitoylar va uyg‘urlar yonma-yon yashaydi. Ular orasida oshkora muhokama qilinmaydigan, lekin sezilarli tafovut bor. Qashqar chekkasida joylashgan tikuvchilik do‘konidagi xan xitoy ayol hamkasbimga ko‘pchilik uyg‘urlarga o‘z uyidan uzoqqa borishga ruxsat berilmasligini aytdi.

“Gapim to‘g‘rimi? Mana shu do‘kondan chiqolmaysiz-a?”, dedi xitoy ayol uyg‘ur tikuvchiga.

Tikuvchilik do‘konidan nariroqda “Xitoy Kommunistik partiyasi yaxshi” kabi xitoycha shiorlar yozilgan yangi yil bannerlarini ko‘rdim. Keksa yoshli xitoy do‘konchi mahalliy amaldorlar yuzlab bannerni hozirlab tarqatgani hamda ularni ilib qo‘yishni buyurganini so‘zlab berdi. Aslida esa uyg‘urlar xitoy yangi yilini emas, balki islomiy bayramlarni nishonlaydilar.

Keksa ayol qat’iy choralarni qo‘llashini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Shinjon hozir o‘g‘li bilan ko‘chib kelgan vaqtga solishtirganda ancha xavfsizroq.

U uyg‘urlar “endi bu yerda hech narsa qilishga jur’at qilolmasligini” ta’kidladi.

Shahar markazlarida bugungi kunda yana hayot qaynamoqda. Uyg‘ur va xan xitoy bolalar ko‘chalarni boshlariga ko‘tarib, bir-birini quvlaydi. Ba’zi uyg‘urlar hatto oldimga kelib, men bilan qanday bog‘lanishlari mumkinligi haqida so‘rashdi. Avvalgi safarlarimda bunday bo‘lmagandi.

Ammo qishloq joylarda va sokin shaharlarda ko‘p uylar huvullab qolgan. Qashqar mahallaridan birida har uchinchi yoki to‘rtinchi uyga “Bo‘sh uy” deb yozilgan. Bir soatlik masofada joylashgan qishloqda yarim soat sayr qilib, o‘nlab “Bo‘sh uy” yozuvini ko‘rdim.

Bozorlardan uzoqroqda, qishloq joylarida nazorat yanada qattiqroq.

Biz borgan qishloqlarning birida do‘ppi kiygan oqsoqol “Bizda koronavirus yo‘q, hammasi yaxshi”, deyishga ulgurdi. Mahalliy xan xitoy harbiy uning gapini bo‘lib, nima qilayotganimizni so‘rab qoldi.

U qishloq ahliga uyg‘ur tilida: “Agar u sizdan biror narsa so‘rasa, hech narsa bilmasligingizni ayting”, dedi.

Nariroqda mast uyg‘ur erkak baqirayotgandi. Spirtli ichimlik iste’mol qilish musulmonlarga taqiqlangan, ayniqsa muqaddas Ramazon oyida.

“Men ichib olganman, biroz mastman, lekin bu muammo emas. Hozir xohlaganimizcha ichishimiz mumkin!” deya hayqirdi u.

“Xohlagan narsani qila olamiz! Hozir hammasi zo‘r!”

Yaqin atrofda joylashgan do‘konda spirtli ichimliklar shishalarini ko‘rdim. Boshqa shaharda hamkasbim bilan kuppa-kunduzi axlat qutisi yonida yotgan mast uyg‘ur erkakka duch keldik. Urumchi singari yirik shaharlarda ko‘plab uyg‘ur ichkilikka berilgan bo‘lsa-da, bir paytlar Shinjon janubidagi taqvodor qishloq joylarida bunday manzarani tasavvur qilib bo‘lmasdi.

Hukumat homiylik qilgan ekskursiya davomida rasmiylar bizni yuk mashinasi haydovchisi Mamatjon Ahat bilan uchrashtirishdi. U Shinjondagi “o‘quv markazlaridan” birida vaqt o‘tkazganidan keyin, din va ekstremizmdan qaytgani hamda icha va cheka boshlaganini ta’kidladi.

Rasmiylar Ahatning so‘zlarini tinglab turar ekan, u:

“Bu meni ochiq fikrlashga undadi”, dedi.

Shinjon rasmiylari uyg‘urlar ateist bo‘lishga majburlanmayotgani, aksincha, ekstremizm fonida e’tiqod erkinligi himoya qilinayotganini iddao qildilar. Rasmiylar “Uyg‘urlarning hammasi ham musulmon emas”, jumlasini tez-tez takrorlashadi.

Diniy faoliyat ustidan nazorat yumshatilgan, lekin cheklovlar ko‘p. Masalan, rasmiylar ba’zi masjidlarni qayta ochishga ruxsat bergan, lekin masjidlar faqat muayyan soatlarda eshiklarini ochishi mumkin. Oz sonli qariyalar masjidga qatnayotganiga guvoh bo‘ldik.

Shinjonda davlat nazorati ostida shakllangan o‘ziga xos Islom talqinini Shinjon Islom institutida yaqqol ko‘rish mumkin.

Davlat nazoratidagi institutda yosh uyg‘urlar Qur’ondan oyat o‘qib, besh vaqt namoz o‘qiydilar. Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, talabalar Misrda tahsil olish uchun grant va stipendiya olishlari mumkin. Bugunga qadar o‘n minglab talaba institutni tamomlagan. Yaqinda yangi kampus ochilgan. Ammo yangi kampusning shundoq kiraverishda politsiya bo‘limi bor.

“Diniy erkinlik Xitoy konstitutsiyasida kafolatlangan”, dedi talabalardan biri Umar Odilabdulla. Amaldorlar uning nutqini kuzatib turishdi.

Odilabdulla so‘zlar ekan, men boshqa o‘quvchining stolidagi darslikni ochdim. Unda yaxshi xitoylik musulmon mamlakatning asosiy tili – mandarinchani o‘rganishi kerak, deya ta’kidlanganini ko‘rdim.

“Arab tili Allohning mumtoz asarlari to‘planadigan yagona til emas”, deb yozilgan edi darslikda. “Xitoy tilini o‘rganish bizning mas’uliyatimiz va burchimizdir, chunki biz hammamiz xitoylikmiz”.

Kitob sahifalarini varaqlab, boshqa darslar ustidan ham ko‘z yugurtirdim.

“Tinchlik o‘rnatgani uchun partiya va hukumatdan minnatdor bo‘lishimiz kerak”, deb yozilgandi darslik boblaridan birida.

“Xitoy xususiyatlariga ega sotsialistik Shinjonni qurishga intilishimiz kerak. Omin!” deb yozilgandi boshqasida.

Hali-hanuz hamma joyda uyg‘ur tilida so‘zlashiladi, lekin uyg‘ur tili jamoat joylaridan asta -sekin yo‘qolib bormoqda. Ba’zi shaharlarda yangi qurilgan butun boshli mahallalarda belgilar faqat xitoy tilida yozilgan, uyg‘ur tilida emas.

Kitob do‘konlarida uyg‘ur tilidagi kitoblar “etnik ozchiliklar tillaridagi kitoblari” deb nomlangan kichik bo‘limlarda terilgan. Hukumat uyg‘ur tilida yiliga mingga yaqin asar nashr etilishini aytib maqtanadi. Lekin lirik modernist yozuvchi Perhat Tursun yoki darslik muharriri va sharhlovchi Yalqun Roziy asarlari chop etilmaydi. Ular boshqa taniqli uyg‘ur ziyolilari singari qamoqda.

Buning o‘rniga kitob peshtaxtalarida Si Sszinpinning mulohazalari, Maoning tarjimai holi, sotsialistik qadriyatlar bo‘yicha ma’ruzalar va mandarincha-uyg‘urcha lug‘atlarni topasiz.

Ko‘plab uyg‘urlar – yoshlardan tortib, keksalargacha hali-hanuz mandarinchani o‘zlashtirgani yo‘q. So‘nggi yillarda hukumat maktablarda mandarincha darslarini majburiy qilib qo‘ydi.

Davlat uyushtirgan ekskursiya chog‘ida maktab direktori ozchiliklar tillari darslari borligini aytib, uyg‘ur tili muhofaza qilinayotganini ta’kidladi. Ammo boshqa barcha darslar xitoy tilida o‘tadi. Maktablarning birida ilingan taxtachada “Mandarin tilida so‘zlashing, standart yozuvdan foydalaning” deb yozilganini ko‘rdik.

Pekin Shinjonda tashkil qilgan “qayta tarbiyalash markazlari” keskin tanqidga uchrab keladi. Sizdirilgan hujjatlar shuni ko‘rsatadiki, bu inshootlar aslida noqonuniy lagerlardir.

Butun dunyo e’tirozlari ortidan 2019 - yilda Xitoy rasmiylari lagerlar yopilganini e’lon qildi. Ayrim markazlar haqiqatan ham yopilgan ko‘rinadi.

Aprel oyida davlat uyushtirgan ekskursiya davomida bizni Peyzavat okrugida bir paytlar “qayta tarbiyalash markazi” bo‘lgan, hozir oddiy kasb-hunar maktabi o‘laroq ish yuritayotgan markazga olib borishdi. Kampusni oddiy panjara o‘rab turganini ko‘rdik. Uch yil oldin ayni maktabda tikanli simlar, baland qo‘riqchi minoralari va politsiya xodimlariga guvoh bo‘lgan edik. O‘zimiz mustaqil ravishda ilgari lager o‘laroq ishlatilgan va hozirda kvartira yoki ofis majmualariga aylantirilgan yana uchta inshootni ko‘rdik.

Ammo qayta tarbiyalash markazlari o‘rniga doimiy qamoqxonalar qurilgan. Aftidan, bundan maqsad vaqtinchalik lagerlardan uzoq davom etadigan ommaviy qamoq tizimiga o‘tishdir. Qishloq yo‘li bo‘ylab ketayotganimizda dala o‘rtasida baland qo‘riqchi minoralari bor ulkan ob’ektni uchratdik. Boshqa bir obyektda epidemiyaga qarshi himoya vositalarini kiyib olgan ikki kishi yo‘limizni to‘sdi. Biz ko‘rgan uchinchi obyekt dunyodagi eng katta qamoqxonalardan biridir. Qamoqxonalarning aksari sayyohlar va shahar markazlaridan uzoqda, o‘rmonlar yoki qumtepalar ortida joylashgan.

Urumchida qurilgan modernist majmuada uyushtirilgan aksilterror ko‘rgazmasida Xitoy hukumati tarixni qayta yozgan. Garchi Shinjon har doim Xitoy nazorati ostida bo‘lmagan esa-da (hudud 1700 yillarda hamda o‘tgan asrda qisqa muddatga mustaqil bo‘lgan), hududning o‘tmishi tarixdan o‘chirilgan.

“Garchi o‘tmishda Shinjonda ba’zi podshohliklar va xonliklar bo‘lgan bo‘lsa-da, ularning barchasi Xitoy hududidagi mahalliy tuzumlar bo‘lgan”, deyiladi eksponatlarning birida.

Bu iddao ingliz va xitoy tillarida yozilgan. Ko‘rgazmaning hech bir joyida uyg‘ur yozuvi ko‘rinmaydi. Ekstremistlardan musodara qilingani iddao qilingan qurol-yarog‘ va bombalar shisha idishlar ichida ko‘rgazmaga qo‘yilgan.

Xitoylarning an’anaviy kiyimini kiyib olgan uyg‘ur ayol Pekinning Shinjon kelajagi haqidagi tasavvuri aks etgan videoni taqdim etdi.

“Terrorizmga va radikallashuvga qarshi kurashimiz yuksak natijalarga erishdi”, dedi u mandarinchada.

Rasmiylar nechta uyg‘ur hibsga olingani haqidagi savollarga javob berishdan qochdi. 2019 - yilgacha e’lon qilingan statistika shuni ko‘rsatadiki, hibsga olishlar soni misli ko‘rilmagan darajada oshgan. 2019 - yildan beri bu statistika e’lon qilmaydi. Tur davomida rasmiylar bizga terrorizmga mukammal echim topishgani, uyg‘ur madaniyatini yo‘q qilish o‘rniga, uni himoya qilayotganliklarini aytishdi.

Bir kuni kechqurun men Oqsuv prefekturasi partiya kotibi Dou Vangui, shuningdek, Shinjon Xalq Kongressi raisi o‘rinbosari Li Xuejun yonida o‘tirdim. Ularning ikkalasi ham Shinjondagi boshqa qudratli amaldorlar singari xan xitoylar.

Qovurilgan qo‘zichoq go‘shti yeb, qatiq ichar ekanmiz, an’anaviy chopon kiygan uyg‘urlar raqsi va qo‘shiqlarini tomosha qildik. Dou menga o‘girilib:

“Qarang, bizda genotsid bo‘lishi mumkin emas. Biz ularning an’anaviy madaniyatini saqlab qolyapmiz”, dedi.

XS
SM
MD
LG