Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:00

Andijonlik yigitni mashina yukxonasiga qamab “samosud” qilgan 5 kishi jarimaga tortildi


Jalaquduqda mashina yuxonasiga qamalgan yigit
Jalaquduqda mashina yuxonasiga qamalgan yigit

Ma’muriy ishlar bo‘yicha Jalaquduq sudi 5 nafar jalaquduqlik yigitni BHMning 3 barobari miqdorida jarimaga tortdi.

Ular “yo‘l harakati qoidasini buzganlarni suratga olib IIBga jo‘natdi” degan gumon bilan Andijon shahar turg‘unini Jalaquduq “Dehqon bozorida” ushlab, mashina ichiga qamab sazoyi qilishda ayblangan.

Andijon viloyati IIB Axborot xizmatining bu haqdagi xabari 3 - yanvar kuni “Quloqlar rasmga olingan joyida ushlandi” degan sarlavha ostida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavha ortidan e’lon qilindi.

Ma’muriy ishlar bo‘yicha Jalaquduq sudi vakilining Ozodlikka bildirishicha, voqea 22 - dekabr kuni sodir bo‘lgan va 25 - dekabr kuni sud ishni ko‘rib chiqqan.

Mahkama tergovida hozir bo‘lgan 5 kishining aybdorligi aniqlanib, jarimaga tortilgan. 4 - yanvar kuni kuchga kirgan qarorga muvofiq, aybdorlar jarimani to‘lagan va sud qarori ustidan tomonlar shikoyat qilmagan.

Ozodlik «samosud» qilingan yigitning yaqini bilan gaplashdi. Suhbatdosh sud qaroridan rozi ekanligini bildirdi.

Sparkka zindonband qilindi

3 - yanvar kuni tarqalgan videoda davlat raqami 60 168 FBA bo‘lgan Spark mashinasining orqa bagajiga qamab qo‘yilgan yigit aks etgan. Tasvirda yigitning qanshari yorilgani ham ko‘rinadi. "Telefonini bermanglar buvingni ..." degan so‘kish eshitiladi. Boshqalar ham haqoratga qo‘shiladi. Kimdir telefonni mashina yukxonasiga qamalgan yigitga ko‘rsatib, “kodi nechchi” deb so‘raydi. Keyin yukxonani ochishadi. Yuzlarida qo‘rquv aks etgan yigit tushmoqchi bo‘ladi. “O‘tir, tushma buvingni...” degan haqoratli so‘zlar yangraydi. Asirga olingan yigit “hech yo‘q bitta organdi chaqiringlar” deydi. “... bormi organga. Qo‘l oyog‘ini kishanlab, yog‘ochga boylab qo‘yaylik” degan ovoz eshitiladi. Boshi egilgan yigit telefon kodini aytadi. “Ochilmadi” degan ovozlar yangraydi.

Jinoyatlar yelpig‘ichi

Ozodlik iltimosi ortidan videoni tomosha qilgan huquqshunos Marimboy Rajabovga ko‘ra¸ bu yerda kamida oltita jinoyat alomati mavjud:

“Yukxonaga qamalgan yigitning yuzida ko‘kargan alomatlar bor - qanshari yorilib,qon sirqib turibdi. Bu JKning 105-moddasida "qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish" deyiladi. Sparkning tor yukxonasiga bu yigitning ixtiyoriga zid tarzda qamashni, 110-moddaga ko‘ra¸ qiynash deb malakalash mumkin. Yog‘ochga boylaymiz¸ butilkaga o‘tqazamiz, degan taxdidlar 112-modda, ya’ni zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish, degan modda qamroviga kiradi. Asosiysi, bu yigit yukxonaga qamab qo‘yilgan. Buni 138-modda, ya’ni zo‘rlik ishlatib, g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish, deb kvalifikatsiya qilish mumkin. Videoda bevosita yigitga qarata va IIB organlari nazarda tutilgan so‘kishlar mavjud. Bu JKning 140-moddasi, ya’ni haqorat qilish deya baholanadi. Telefonni zo‘rlik bilan tortib olib, kodni aytishga majburlab, ichini titish esa 141-modda bilan belgilangan shaxsiy hayot daxlsizligini buzish jinoyatidir. Ma’muriy ishlar bo‘yicha Jalaquduq sudi bu holatni mayda bezorilik deb aybdorlarni jarimaga tortishi esa, huquqiy nigilizmdan boshqa narsa emas.

Sparkka sudya qamalsa nima bo‘lardi?

Jurnalist va huquqshunos Zafar Solijonov esa “samosud”chilar deyarli jazosiz qolishi odamlar o‘rtasida adolatga ishonchni susaytiradi va yangi “samosud”chilarga ilhom beradi:

"Shu mashinaning bagajnigida sudyaning qizi bo‘lib qolganda edi, uning moddasi ham boshqa bo‘lgan bo‘lardi. Tasavvur qiling, viloyat prokurori yoki hokimni bir guruh odamlar mashina bagajiga solib, qamab, telefonini olib qo‘ysa, sud qanday jazo belgilagan bo‘lardi?! Bu endi, mayda bezorilik emas. Boshqa tarafdan, sudning qarori kamida shunaqa holatlarni "samosud" qilishda qo‘l keladi. Ya’ni arzimagan jarima qilarkan, deb ruhlanishga olib kelishi mumkin. Bu holatni huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari o‘z nazoratiga olishi shart. Mashinaning orqasiga majburlab tiqilgan inson qonunbuzarlar haqida telefoniga rasmga olib xabar berayotgan bo‘lganligi taxmin qilinadi. Hammasi demokratiyani istaydi, hammasi qonun boshqaradigan davlatni xohlaydi. Biroq aksari uning shartlariga kelganda, o‘ylanadi. Bu ish juda, juda yomon. Birinchi savolim – ular kimki, qonunni buzmagan odamni "samosud" qiladi? Uning ishi erkaklikmasu, lekin shuncha odam uni o‘rab, urib, xo‘rlashi mardlikmi?”

Solijonovga ko‘ra, O‘zbekiston jazo qonunida “samosud” jinoyati aniqlamasi mavhum qolgani bois sudlar bunday jinoyatlarni malakalash chog‘ida chalkashmoqda.

Jinoyat Kodeksida "Samosud" tushunchasi yo‘q

2020 - yil Xorazm viloyatidagi bir guruh ayollar Qo‘shko‘pir tumanidagi ayolni ushlab, kaltaklashgani ortidan aybdorlar Jinoyat Kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b", "g” bandlari bilan aybdor, deb topilgan edi.

O‘zbekistonlik psixolog va pedagog olim Mahmudjon Yo‘ldoshevning Ozodlikka aytishicha, "jamiyatimizda "samosud"ga o‘rin bo‘lmasligi kerak, hammani faqat qonun oldida sud qilishimiz lozim va buni ham faqat davlat qilishi mumkin".

2019 - yilda O‘zbekiston IIV Yo‘l harakati qoidalari buzilgani aks etgan videoyozuvlarni qabul qilish uchun mahsus saytni ishga tushirgan edi. Videoyozuvni jo‘natgan shaxsga qoidabuzardan undirilgan jarima hisobidan eng kam ish haqining 5 foizi miqdorida mukofot va’da qilingan.

Ifshogarlarga mukofot

Videoyozuvlarni qabul qilish va ularni taqdim etgan shaxslarni rag‘batlantirish tartiblari O‘zbekiston hukumatining maxsus qarori bilan tasdiqlangan edi.

Haydovchilar va aksar aholi zehniyatida “birovning aybini topib, pul ishlash qusur” degan fikr ildiz otgan.

Andijonlik yigit jalaquduqlik besh kishi tarafidan “yo‘l harakati qoidasi buzilganligini videoga olib IIB ga yetkazib yuribdi” degan gumon bilan ushlab, sazoyi qilingan edi.

O‘zbekiston hukumatining 31 - dekabrda chiqarilgan 829-son qarori bilan imzolangan Nizomga ko‘ra, Korrupsiyaga qarshi kurashishga munosib hissa qo‘shgan shaxslar davlat mukofotiga tavsiya etilishi mumkin.

Bu haqda Adliya vazirligi o‘zining Telegramdagi "Huquqiy axborot" kanali orqali xabar berdi. Nizomga ko‘ra, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslar tegishlicha BHMning 3 baravaridan 25 baravarigacha (669 ming so‘mdan 5 mln 575 ming so‘mgacha) miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantirilishi mumkin.

XS
SM
MD
LG