Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:43

Andijondagi saylovoldi tadbirida Gruziya islohoti haqidagi kitob “zararli” deb aytildi


Asaxiy.uz asoschisi, noshir va bloger Firuz Allayev.
Asaxiy.uz asoschisi, noshir va bloger Firuz Allayev.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi¸ Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasi¸ Toshkentdagi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rahbariyati va diniy voizlardan iborat guruh Andijon viloyatidagi qator masjid va ziyoratgohlarga tashrif buyurib, namozxonlar va aholi vakillari bilan uchrashdi. Rasman ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari deb atalgan uchrashuvlar O‘zbekistondagi prezident saylovlari arafasida o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati tarqatgan xabarlarda aytilishicha, bu uchrashuvlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov yig‘ilganlarni "dinu diyonat, imon-e’tiqod, sabru toqat, shukronalik, oliyjanoblik va samimiylik kabi fazilatlarga da’vat etgan", shuningdek, "musulmonlarni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan eng so‘nggi yangiliklar bilan xushnud qilgan".

Hay’at a’zosi bo‘lgan boshqa bir maruzachi¸O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mas’ul xodimi ekani aytilgan Abror Muxtor Aliy (Abror Abduazimov) Andijondagi kutubxona xodimlari bilan uchrashuv paytida tahlilchi Larisa Burakovaning yaqinda o‘zbek tiliga tarjima qilingan “Gruziya muvaffaqiyatga qanday erishdi?” kitobini “O‘zbekistonda rangli inqilob qilishga tashviq” deya tanqid qildi.

“Gruziya haqidagi kitob hozir trendda. U kitob bizning millatni ichida ho‘v okean orqasidagi odamlarning puli bilan ba’zi ishlarni qilishga targ‘ib qiladigan kitob. Ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Sorosning puli bilan Gruziyada unday qildik¸ palonchini sotdik¸ palonchini sotmoqchimiz, degan kitob. Uni o‘qib chiqsangiz nima bo‘ladi? Ha sotsa bo‘laverar ekanu. Kelinglar, O‘zbekistonni sotib yuboramiz, degan fikrni shakllantiradi", deb aytgan ijtimoiy tarmoqlarda ziddiyatli chiqishlari bilan tanilgan Islom sivilizatsiyasi markazi xodimi.

Andijondagi tadbir
Andijondagi tadbir

Kitobni o‘zbekchaga tarjima qildirib nashr qilgan tadbirkor va bloger Firuz Allayevning Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, Larisa Burakovaning kitobi “O‘zbekistondagi islohotlarga uyg‘un ruhda yozilgan "kerakli" kitob.

U Islom sivilizatsiyasi markazi xodimi "bu kitobni o‘qimasdan¸ shunchaki Rossiya matbuotidagi chala-chulpa tanqidlarga asoslanib" xulosa chiqarganiga ishonadi.

Taniqli jurnalist Sardor Salimning Feysbuk sahifasida yozishicha, bu kitobning “sazoyi qilinishi” saylovoldi andishalari bilan bog‘liq:

"Elita "rangli inqiloblardan" cho‘chiyapti, asosiy dushman "internet". Saakashvilining muvaffaqiyatli islohotlari haqidagi Asaxiy tarjima qilgan "Gruziya muvaffaqiyatga qanday erishdi?” kitobi "klassik rangli inqiloblarning kitobi" deb e’lon qilindi, musulmonlar uchun xavfli ekan bu kitob. Berilayotgan mujdani to‘g‘ri anglagan bo‘lsam, elitamiz musulmonlar bilan o‘ziga xos "ijtimoiy bitim" tuzmoqchi. Musulmonlarga status-kvoni qabul qilish, siyosatga aralashmaslik, aralashsa ham "to‘g‘ri" tomonda bo‘lish taklif qilinmoqda”.

O‘zbekistondagi "islohot" rassom Slava Oxunov tasavvurida
O‘zbekistondagi "islohot" rassom Slava Oxunov tasavvurida

Noshir va tadbirkor Firuz Allayev “kitobni o‘qimay la’natlayotgan “bloger” fikri "tanqiddan tubanligi"ga diqqat qaratdi.

Islom sivilizatsiyasi markazining Ozodlik suhbatlashgan xodimi esa, “O‘zbekiston bilan qardoshlik va diplomatik rishtalarga ega bo‘lgan Gruziya davlatidagi iqtisodiy islohotlarning tarixiy o‘rni muhimligini urg‘uladi. Markaz mulozimining aytishicha, o‘rindoshlik asosida yarim stavka ishlaydigan bloger Abror Abduazimovning Gruziyadagi islohotlar yoritilgan kitob haqidagi gaplari Islom sivilizatsiyasi markazi nuqai nazarini ifodalamaydi.

Larisa Burakova
Larisa Burakova

Londonda iqtisod ilmidan tahsil olgan¸ Rossiyadagi iqtisodiy tahlil intituti xodimi Larisa Burakovaning “Gruziya muvaffaqiyatga qanday erishdi?” kitobi 2011 - yilda Rossiyadagi "Yunayted Press" nashriyoti tomonidan nashr qilingani ortidan keng kitobxonlar ommasi orasida muvaffaqiyat qozongan edi.

“Bu kitob O‘zbekiston prezidenti¸ Bosh vazir va barcha yuqori bo‘g‘in mulozimlari stoli utida turishi shart bo‘lgan kitobdir”, dedi Anqarada siyosatshunoslik bo‘yicha ilmiy ish yozayotgan Firdavs Annageldiyev:

“Nega O‘zbekistonda u yoki bu islohotlar boshi berk ko‘chaga kirib qoladi? Bu savolga javobni Larisa Burakovaning “Gruziya muvaffaqiyatga qanday erishdi?” kitobidan topish mumkin. Darhaqiqat, Gruziyada islohotlar samara berdi. Buni Saakashiviliga o‘zini muxolif sanaganlar ham tan oladi. Gruziyada bir- biri bilan bog‘liq 80ga yaqin reformalar amalga oshirildi va mamlakat sovet qolipini tark etib, qayta formatlandi¸ yangi qiyofa kasb etdi. Agar Mixail Saakashivili va Kaxa Bendukidzening kuchli siyosiy aralashuvi bo‘lmaganida, bu islohotlar qog‘ozda qolib ketardi. Muammolarni har kim har-xil talqin qiladi. Ammo hamma gap shu muammo yechimida. Mamlakatni o‘zgartira olishda. Shu ma’noda o‘zbek noshirining bu kitobni o‘zbek tilida chiqargani davlat boshqaruvi xodimlari va umuman, davlatchilik bilan qiziqadiganlar uchun ayni muddao bo‘ldi”.

Gruziyadagi islohot me’morlari Mixail Saakashvili va Kaxa Bendukidze.
Gruziyadagi islohot me’morlari Mixail Saakashvili va Kaxa Bendukidze.

XS
SM
MD
LG