Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:50

Andijon shahri markazida uy buzgan pulsiz quruvchi aybi bilan 18 oila ko‘chada qoldi


Andijon shahri, Navoiy ko‘chasi, 61-uy o‘rnidagi qurilishning bu ko‘rinishini Human.uz kanali yanvarda tasvirga olganidan buyon ham ishlar hanuz "muzlab" turibdi.
Andijon shahri, Navoiy ko‘chasi, 61-uy o‘rnidagi qurilishning bu ko‘rinishini Human.uz kanali yanvarda tasvirga olganidan buyon ham ishlar hanuz "muzlab" turibdi.

Andijon shahrining Navoiy shohko‘chasidagi ko‘p xonadonli, ikki qavatli 61-uy buzilganiga ikki yildan oshdi.

O‘tgan asrning 50-yillarida qurilgan uyni buzgan quruvchi tashkilot bu yerda yashaganlarga yangi uyni bir yilda qurib bitkazishni, uy egalariga yangi kvartira berishni va’da qilgan.

Biroq oradan ikki yil o‘tsa hamki, qurilajak 9 qavatli uyning hatto birinchi qavati bitmadi, qurilish-montaj ishlari muzlab turibdi.

Xalq deputatlari Andijon shahar kengashi o‘tgan oyning oxirida ishni jadallashtirish uchun quruvchiga bir oylik muhlat berdi.

Biroq eski uyni bo‘shatib berib, shu kunda uysiz qolgan 18 oilaning vakillari muammosi qachon hal bo‘lishi mavhumligicha qolmoqda.

To‘ng‘ichi 6 yashar, kenjasi 6 oylik 4 bolaning otasi, 34 yashar Ulug‘bek Navoiy ko‘chasi, 61- uydagi 3 xonali kvartirasini qo‘shnilari qatori 2019 - yilning aprelida quruvchi Boburga bo‘shatib bergan.

Deyarli har kuni boraman buzilib ketgan uyimiz oldiga. Oylardan beri ish to‘xtab turibdi.

“Kvartiramiz 3 xonali, umumiy maydoni 57 kvadrat metr edi. Quruvchi bilan “xonaga xona” qilib gaplashganmiz. Ya’ni menga yangi uydan 3 xona berishi kerak edi. Lekin bu hozircha quruq gap bo‘lib turibdi. Deyarli har kuni boraman buzilib ketgan uyimiz oldiga. Oylardan beri ish to‘xtab turibdi”, - dedi Ozodlikka Ulug‘bek 18 - may kuni.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ulug‘bek oilasi bilan ikki yildan beri ota-onasining uyida yashab turibdi. “Andijonlikning oilasi bilan ota-onasining uyida yashab turishi qanchalik qiyinligini faqat andijonlikkina tushunadi”, - dedi Ulug‘bek Andijonda aholi o‘ta zich yashashini nazarda tutib.

Ulug‘bekning aytishicha, uysizlik dardiga biroz malham bo‘lib turgan ijara haqi ham ikki oydan buyon to‘xtab qolgan. Uyni buzgan quruvchi 18 oilaning har biriga oyiga 700 ming so‘mdan ijaraga oladigani uy uchun haq to‘lab kelgan.

Ikki farzandning otasi, 85 ga kirgan onaning o‘g‘li 48 yashar Omadjon - Ulug‘bekning sobiq qo‘shnisi. Quruvchi Omadjonga ijara puli to‘lamagan: kvartiraning egasi bilan o‘zi gaplashib, Omadjonning oilasini kiritib qo‘ygan.

Charchadik, ayniqsa 85 yashar onamga qiyin bo‘ldi.

“Charchadik, - dedi Omadjon Ozodlikka 18 may kuni, - ayniqsa 85 yashar onamga qiyin bo‘ldi. Bobirjon Sobirovning kompaniyasi (quruvchi) kiritib qo‘ygan kvartirada ikki yilga yaqin turdik. Uchinchi qavatda bo‘lgani uchun onam juda qiynaldi. O‘zimizning uyda birinchi qavatda yashardik. Yaqinda kvartiradan chiqarib yuborishdi. Hozirgisiyam uchinchi qavatda. Uyimiz bitishidan esa, darak yo‘q”.

Omadjonning aytishicha, u sobiq qo‘shnilari bilan ham, yolg‘iz o‘zi ham juda ko‘p idoralarga arz qilgan. “Yozmagan joyim qolmadi. Prezident portaligacha yozdim, lekin natija yo‘q”, dedi Omadjon.

"Навоий кўчаси, 61-уй ўрнида қурилаётган 9 қаватли уйнинг биринчи қавати ҳам битмади"
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:54 0:00

Ulug‘bek va Omadjonning buzilib ketgan uyi joylashgan mahalla oqsoqoli Kamoliddin akaning masaladan yaxshi xabardor ekanligi ma’lum bo‘ldi. “Yaqinda shahar hokimligidayam ko‘rildi bu masala. Quruvchi kredit berilishini kutyapti. Xudo xohlasa tez kunda boshlanib qoladi qurilish”, dedi va negadir bu gapga ishontirishga urindi mahalla oqsoqoli.

Buzilgan 61-uy o‘rnida 9 qavatli uy qurishni boshlagan developer Boburjonning ikkita nomeri ham kun davomida o‘chiq bo‘ldi.

Mavzuni o‘rganish jarayonida muammo 4 oy oldin Yutyubdagi Human.uz kanalida yoritilgani ma’lum bo‘ldi.

Shu yilning 20 - yanvarida e’lon qilingan 30 daqiqali ko‘rsatuvni tomosha qilgan kishi Ulug‘bek va Omadjonlarning 18 - may kuni aytganlarini eshitib, jo‘natgan videolarini ko‘rib, o‘tgan 4 oyda mutlaqo hech narsa o‘zgarmaganiga guvoh bo‘lishi mumkin.

Ko‘rsatuvda uysiz qolgan sobiq qo‘shnilarning deyarli barchasini ko‘rish mumkin. Unda quruvchi Bobirjon Sobirovning rasmiy vakili, ish boshqaruvchi Hayotillo Siddiqov ish to‘xtab qolganiga ikkita vaj keltiradi. Birinchisi qurilish maydoniga qo‘shni yashaydigan fuqaro bilan sudlashuv ketayotgani, ikkinchisi qurilishni davom ettirish uchun kredit olish masalasi hal bo‘lishi kutilayotganidir. Hayotillo Siddiqovning aytishicha, uning boshlig‘i Bobirjon Sobirov 35 milliard so‘m kredit olishga harakat qilyapti.

Bu gap joriy yil yanvarining birinchi yarmida bo‘lgan. Hozir esa, mayning ikkinchi yarmi. Ish esa, hanuz to‘xtab turibdi. Demak, quruvchi ko‘zlagani kreditni ololgani yo‘q.

Andijon shahar hokimligi binosi o‘rnida qurilayotgan Prezident maktabi.
Andijon shahar hokimligi binosi o‘rnida qurilayotgan Prezident maktabi.

Mablag‘i yo‘q developerga ham qurilish boshlashga ruxsat berilaveradimi? Bu savolga Andijon shahar hokimligidan javob topib bo‘lmadi.

Biroq Andijon shahar hokimligi qurilish bo‘limi yetakchi mutaxassisi Muhammada’zamxon Muzrobxonov Human.uzning bundan 4 oy oldingi ko‘rsatuvida ishtirok etarkan, qurilish to‘xtab qolganini quruvchi bilan qurilish maydoniga qo‘shni fuqaro o‘rtasidagi tortishuv sabab ekanini bildirgan.

Tortishuv zamirida fuqaroning shaxsiy mulki bo‘lgan uyi qurilishni davom ettirishga izn bermayotgani yotibdi. Fuqaro uyni sotishga rozi. Lekin u so‘rayotgan narxni quruvchi ko‘tarmayapti. “Endi ishni sud ko‘radi”, - deydi hokimlik xizmatchisi.

O‘tgan to‘rt oydan buyon bu ish bir yoqlik bo‘lganiga oid ma’lumot yo‘q.

Nusxasi Ozodlikda mavjud hujjatdan 61-uy bilan bog‘liq mojaro Xalq deputatlari Andijon shahar kengashida ham ko‘rilgani anglashiladi. Kengash o‘zining 30 - apreldagi qarori bilan Navoiy ko‘chasidagi 61-uy o‘rnidagi qurilish ishlarini jadallashtirish uchun bir oylik muhlat bergan. Aks holda, qarorda aytilishicha, shahar hokimining 2019 - yil, 11 - apreldagi va 2020 - yil, 10 - yanvardagi qarorlari bekor qilinishi tasdiqlanadi.

Xalq deputatlari Andijon shahar kengashi qarori
Xalq deputatlari Andijon shahar kengashi qarori

Hokimning qarorda tilga olingan qarorlari mazmuni hujjat matnidan tushunilmaydi. Biroq matnning umumiy ruhidan hokim qarorlari Bobirjon Sobirovga qurilish qilishga ruxsat berishga oid bo‘lganini taxmin qilish mumkin.

“Bizning uy buzilganidan keyin hokimlik binosi buzilib, o‘rniga Prezident maktabini qurishdi. Eski uyimiz yonida bolalar bog‘chasi qurildi. Ikki bekat narida biznikidan keyin boshlangan 9 qavatli uy bitdi. Biznikichi? Bizniki qachon bitadi?!” dedi Ulug‘bek.

Andijon shahri, Navoiy ko‘chasida qurilgan yangi uylar.
Andijon shahri, Navoiy ko‘chasida qurilgan yangi uylar.

Andijon shahri, Navoiy ko‘chasidagi sobiq 61-uy aholisining muammolari xususiy qurilish tashkilotining mas’uliyatsizligi bilan bog‘liq bo‘lsa, ko‘p hollarda o‘zbekistonliklar mahalliy hokimliklar o‘zboshimchaligidan jabr ko‘rib keladi. Ozodlik radiosi bu mavzuda juda ko‘p xabarlar e’lon qilgan.

Quyidagi videomaterialda Andijon viloyatida 2019 - yili yuz bergan voqealardan biri haqida hikoya qilinadi.

Уйи бузилган турғун: Бизга на компенсация берилди¸ на ëрдам
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:30 0:00

Mahalliy ma’murlar va hokimiyatga yaqin tadbirkorlar bilan mahalliy aholi o‘rtasida yer va uy-joy qurilishi yuzasidan ziddiyatlar yangilik emas.

Prezident Mirziyoyev 2019 - yilning avgusti boshida Internet nashrlarida Farg‘ona, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlardagi buzilishlarga fikr bildirgan o‘zbekistonliklarning yozganlarini dastak qilib keltirib, u ishongan hokimlar unga "katta dushmanlik" qilganini aytrkan, bunday degan edi:

-Aripov bilan Nizomiddinovga topshiriq, qaysi viloyat hokimini ishdan olishni taklif bering. Menga kerak emas! Yana bir marta aytyapman, bu siyosat bilan biz uzoqqa bora olmaymiz — zo‘ravonlik siyosati bilan! Agar zo‘ravonlik siyosati zo‘r bo‘lganda 30 yilda zo‘r bo‘lib ketardik", - degandi Shavkat Mirziyoyev.

Biroq Prezidentning g‘azabi uzoqqa bormagan, o‘shanda tanbeh eshitganlarning ba’zilari keyin yanada yuqoriroq lavozimga ko‘tarilgan.

XS
SM
MD
LG