Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:26

Allaqulov Toshkentga kelgan YeXHT missiyasiga hukumatning bosimlaridan shikoyat qildi


Xidirnazar Allaqulov bosimlarga qaramasdan siyosiy faoliyatini davom ettirishini aytmoqda.
Xidirnazar Allaqulov bosimlarga qaramasdan siyosiy faoliyatini davom ettirishini aytmoqda.

Yangi ta’sis etilgan, ammo ro‘yxatga olinmagan “Haqiqat‌ ‌va‌ ‌Taraqqiyot”‌ sotsial-demokratik ‌partiyasi etakchisi, professor Xidirnazar Allaqulov 25 - may kuni YeXHTning maxsus missiyasiga shikoyat arizasi topshirdi.

Arizada “Haqiqat va Taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasi doimiy tuhmat va tazyiqlar nishoni bo‘lib qolayotgani ta’kidlangan.

Professor Allaqulov 25 - may kuni Ozodlik muxbiri bilan qilgan qisqa telefon muloqotida “tazyiqlarga qaramasdan yuksak maqsad sari dadil odim otaverishini” ta’kidladi.

Xidirnazar Allaqulov
Xidirnazar Allaqulov

24 - may kuni DIIHBning Ehtiyojlarni baholash missiyasi ekspertlari — DIIHBning saylovlar bo‘yicha katta maslahatchisi Aleksey Gromov va byuroning saylovlar bo‘yicha maslahatchisi Martina Barker-Siganikova Toshkentga keldi.

Tashrif doirasida ular saylovlarni o‘tkazishga mas’ul bo‘lgan bir qator tashkilotlar vakillari, shu bilan birga siyosiy muxolifat faollari bilan uchrashishi rejalangan.

YeXHT missiyasi Toshkentda
YeXHT missiyasi Toshkentda

Joriy yil oktabrida bo‘lib o‘tadigan prezident sayloviga tayyorgarlik jarayonlarini o‘rganish maqsadida kelgan YeXHT maxsus missiyasi bo‘lajak prezident saylovini DIIHB tomonidan kuzatishga zarurat bor yoki yo‘qligini o‘rganadi.

Maxsus missiya O‘zbekistonga tashrif buyurgan 24 - may kuni Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati xabarnoma chiqarib, "2021 - yilning 9 - may kuni fuqaro P.G. ismli ayolning Oltinsoy tuman IIBga ariza bilan murojaat qilib, unda 2021 - yil 8 - may kuni soat 23-00 larda “Ipok” mahallasida yashovchi fuqaro Sh.O. “Neksiya” rusumli avtomashinada Oltinsoy daryosi bo‘yiga olib borib, nomusiga tegmoqchi bo‘lganligini, P.G. ismli ayol rozi bo‘lmagandan so‘ng uni “Ipok” mahallasida joylashgan “Shox nur fayz” MChJ binosining xonasiga olib borib, jinsiy aloqa qilganligini, jinsiy aloqadan so‘ng xonadan tashqariga chiqarib yuborganligini, xonada unga tegishli bo‘lgan narsa-buyumlar qolganligini hamda narsalarini qaytarilishida va fuqaro Sh.O.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishida amaliy yordam so‘ragan" haqida xabar tarqatdi.

Ozodlik xabarda ism-familiyasining bosh harflari keltirilgan shaxs “Haqiqat va Taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasi yetakchisi, professor Xidirnazar Allaqulovning o‘g‘li ekanini aniqladi.

Professor Allaqulov 25 - may kuni YeXHT missiyasiga topshirgan ariza nusxasi.
Professor Allaqulov 25 - may kuni YeXHT missiyasiga topshirgan ariza nusxasi.

23 - may kuni YouTube kanalida yoyinlangan videoda denovlik P. G. ismli ayol “Meni prezidentlikka nomzodini qo‘ygan odamning o‘g‘li zo‘rladi. Endi menga kvartira beringlar” degan iddao bilan chiqqan edi.

Professor Xidirnazar Allaqulov Ozodlik bilan suhbatda bu “tuhmatni izohlamasligi va bundan ham battar tazyiqlarni kutayotganligini” aytdi.

23 - may kuni “Haqiqat va Taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasining Buxoro viloyatidagi faoli Ulug‘bek Rustamov Feysbukda videochiqish qilib, ikki mingdan ziyod imzo blankalari "o‘g‘irlab ketilganligi"ni da’vo qilgan edi. Rustamovga ko‘ra, “o‘g‘ri”lar quti ichidagi partiya blankalarini olib, o‘rniga oq qog‘ozlar taxlamini qo‘yishgan.

Partiya faoli Ulug‘bek Rustamov
Partiya faoli Ulug‘bek Rustamov

Joriy yilning 13 - may kuni O‘zbekiston Adliya vazirligi yangi ta’sis etilgan “Haqiqat‌ ‌va‌ ‌Taraqqiyot”‌ sotsial-demokratik ‌partiyasini ro‘yxatga olish so‘rovini rad etgan edi.

Partiya yetakchisi Xidirnazar Allaqulovning o‘zi 4 - may kuni ma’muriy ishlar bo‘yicha Toshkent shahar Yunusobod tuman sudi qarori bilan "tuhmat"da aybdor deb topilib, 4 - may kuni jarimaga tortilgan. U o‘ziga qarshi ayblovni siyosiy faoliyatiga bog‘laydi.

Yangi ta’sis etilgan partiya faollari 7 - aprel kuni Adliya vazirligiga hujjat topshirgach, viloyatlarda partiyaga xayrixoh bo‘lganlar IIV bosimi ostida imzosini qaytib ola boshlagani xabar qilingan edi.

Termiz universitetining sobiq rektori, professor Xidirnazar Allaqulov yetakchiligidagi “Haqiqat va Taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasi shu yilning 8 - mart kuni Toshkent viloyatidagi xonadonlardan birida o‘zining ta’sis qurultoyini o‘tkazgan.

Xidirnazar Allaqulov Yunusobod tuman ma’muriy sudidagi majlisdan so‘ng
Xidirnazar Allaqulov Yunusobod tuman ma’muriy sudidagi majlisdan so‘ng

Shundan buyon partiya yetakchisi va faollar o‘zlariga nisbatan bosimlar davom etayotganini aytib kelishmoqda.

Namangan viloyatidagi 20 kishining hammasi IIV guvohligida imzosidan voz kechgani va imzo yig‘ishni tashkil qilgan partiya faoli ommaviy sazoyi qilingan edi.

2019 - yil dekabridagi parlament saylovlarini kuzatgan YeXHT missiyasi O‘zbekistondagi nisbatan erkinlashgan matbuot siyosiy muxolifatning o‘rnini bosa olmganini aytgan edi.

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi rasmiylari kelayotgan prezident saylovlarida xalqaro tashkilotlarning "maqbul" tavsiyalari tadbiq etilishini aytishgan, ammo bu tavsiyalarga muxolifat partiyalarini ro‘yxatdan o‘tkazish kiradimi, yo‘qmi, ma’lum emas.

O‘zbekiston parlamentidagi mavjud beshta partiyaning hammasi hukumatparast partiyalardir. Mamlakatda qaror topgan siyosiy an’anaga ko‘ra, aynan shu partiyalarning rahbarlari prezident saylovlarida amaldagi prezidentga "raqib" bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG