Rossiya maxsus xizmatlari Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga kirishi jarayoniga aralashishga, xususan ushbu mamlakatlar bilan Turkiya o‘rtasida mojaro chiqarishga qaratilgan kampaniyani rejalagan.
Bu haqda jurnalistlar qo‘lga kiritgan hujjatlarga tayangan holda Finlyandiyaning Yle teleradiokompaniyasi xabar qilmoqda. Yle o‘z manbalaridan tashqari “Dosye” markaziga ham havola bergan.
Yle qo‘lga kiritgan hujjatlarda Shvetsiya va Finlyandiyada bajarilishi rejalangan kampaniya haqida so‘z boradi. “Dosye” markazi esa, aytilishicha, Rossiya maxsus xizmatlari ushbu kampaniya doirasida Parijda tadbirlar tashkil qilganiga doir hujjatlarni topishga muvaffaq bo‘lgan. Bu haqda Yle’ga surishtiruvchi Ilya Rojdestvenskiy ma’lum qilgan.
Hujjatlarda, jumladan, Shvetsiyada Qur’onni yoqish hodisasi Turkiya bilan o‘rtaga sovuqchilik tushishiga olib kelgani ta’kidlanib, ikki mamlakat munosabatlarini badtar keskinlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ko‘rish tavsiya etiladi.
Xususan, hujjatda, Yevropa shaharlarida Turkiya prezidenti Erdo‘g‘onni ochiqcha haqorat qilgan holda namoyishlar qilish, Islom diniga va Turkiyaga qarshi graffitilar chizdirish kabi “tadbir”lar sanab o‘tilgan. Bularning barchasi ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilishi kerak bo‘lgan. Yle bir parchasini e’lon qilgan hujjatda mazkur aksiya shartli nom bilan “Aksil-Erdo‘g‘on loyihasi” deb ataladi.
“Dosye” markazi esa Rossiya maxsus xizmatlari xodimlarining ana shunday operatsiyalaridan biri bo‘yicha hisobotini qo‘lga kiritganini xabar qilmoqda. Qayd etilishicha, tadbirlar 2023-yilning mart oyida o‘tkazilgan. Darhaqiqat, o‘shanda aksilislomiy shiorlar bilan turkum namoyishlar o‘tkazilgan, shuningdek Erdo‘g‘on qattiq tanqid qilingandi.
Fin maxsus xizmatlari Rossiyada ishlab chiqilgan rejalardan xabardorligini tasdiqlagan, biroq Finlyandiya hududida ular amalga oshirilganiga oid ma’lumotlarga ega emasligini urg‘ulagan.
Turkiya boshida ikkilangan bo‘lsa-da, joriy yilning aprelida Finlyandiyaning NATOga kirishini ma’qulladi. Ammo Shvetsiya hanuz turk hukumatining javobini kutmoqda – NATOga qo‘shilish uchun alyansning barcha a’zolari rozilik berishi kerak.
Rojdestvenskiyga ko‘ra, Rossiya maxsus xizmatlari ikkala mamlakatning ham NATOga kirishini cho‘zishga uringan, lekin asosiy e’tibor aynan Shvetsiyaga qaratilgan. “Dosye” surishtiruvchisiga ko‘ra, “Yevropada mamlakatlar yoki etnik guruhlar o‘rtasidagi eski kelishmovchiliklarni qaytadan qo‘zg‘ashga urinish” Rossiya maxsus xizmatlarining xos jihatlaridan biridir.
Turkiya, NATO a’zosi ekaniga qaramay G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalariga qo‘shilmagan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin hamda Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘on o‘zaro shaxsiy munosabatlari juda yaxshiligini bir necha bor ta’kidlashgan.