Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:24

Afg‘oniston Markaziy Osiyo davlatlarining Rossiya, Xitoy va AQSh bilan munosabatlarini qanchalik o‘zgartiradi?


Xorijiy qo‘shinlar Afg‘onistondan olib chiqib ketilgani va mamlakatda hokimiyat o‘zgargani Markaziy Osiyoning qudratli davlatlar bilan munosabatlariga qanday ta’sir qilishi haqida turli qarashlar mavjud.

Ba’zilarning aytishicha, keyingi yillarda Rossiya yoki Xitoyning mintaqadagi faolligi kuchayadi, AQShning ta’siri esa ozayadi.

Aslida esa Markaziy Osiyoning qudratli davlatlar bilan munosabatlari deyarli o‘zgarmasligini kutish mumkin.

AQSh

Ayrimlar AQSh Afg‘onistondan chiqib ketgani Vashingtonning Markaziy Osiyodagi obro‘siga putur yetkazgani hamda Markaziy Osiyoning AQSh bilan munosabatlari sustlashishiga olib kelishini aytmoqda.

Lekin Markaziy Osiyo hukumatlari Afg‘onistonda 20 yilga cho‘zilgan harbiy amaliyot ular uchun qanchalik ahamiyatli bo‘lganini unutmaydi.

Ayniqsa, Tolibon Afg‘onistonda hokimiyatni qayta qo‘lga olgani fonida shuni aytish mumkinki, AQShning Afg‘onistondagi missiyasidan hech kim Markaziy Osiyo davlatlari kabi naf ko‘rmadi.

1990-yillar oxirida Tolibon Markaziy Osiyo chegaralariga etib borganida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlari sarosimaga tushib qolgandi.

O‘shanda rasmiy betaraflik siyosatini olib borgan Turkmanistongina jangari guruh bilan murosa qilishga muvaffaq bo‘ldi.

AQSh va uning ittifoqchilari 2001 - yil oxirida Afg‘onistonda harbiy amaliyotlarni boshlaganidan so‘ng, bu tahdidlar Markaziy Osiyoda yo‘q bo‘ldi hamda Afg‘oniston shimoli 2013 - yilgacha nisbatan tinch bo‘ldi.

Bu davrda AQSh, uning xorijiy ittifoqchilari va Afg‘oniston hukumati kuchlarining sa’y-harakatlari tufayli Afg‘onistondagi beqarorlik Markaziy Osiyoga ta’sir etmadi va bu mamlakatlar tinch rivojlandi.

AQSh Afg‘onistondan chiqib ketgani ortidan sodir bo‘lgan hodisalar kutilmagan bo‘ldi, biroq AQSh harbiylarini olib chiqib ketish rejasi prezident Barak Obama tomonidan bundan 10 yil oldin e’lon qilingan edi. Shunday ekan, Markaziy Osiyo rahbarlari xorijiy kuchlar Afg‘onistonni tark etishidan xabardor edilar va ularda hozirlik ko‘rish uchun 10 yil vaqt bor edi.

2001–2021 - yillar mobaynida AQSh Markaziy Osiyo mamlakatlarining Afg‘onistondan kelayotgan tahdidlarni aniqlash va bartaraf etish salohiyatini oshirish maqsadida qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazdi, chegara xavfsizligini ta’minlash uchun mablag‘ va uskunalar olib berdi. Xususan, AQSh bu mamlakatlarga kvadrottsikl, yuk mashinalari hamda zirhli transport vositalarini olib berdi.

Bundan tashqari, AQSh Markaziy Osiyoga iqtisodiy va gumanitar yordam ko‘rsatib keladi. Xususan, so‘nggi yillarda AQSh Markaziy Osiyo mamlakatlarini COVID-19 vaksinalari bilan ta’minladi, iloji boricha mintaqadagi mamlakatlar bilan savdo ko‘lamini oshirishga urindi, bu davlatlarning Jahon savdo tashkiloti (JST) kabi xalqaro tashkilotlarga qo‘shilish harakatlarini qo‘llab-quvvatladi.

Shuningdek, AQSh Rossiya va Xitoyga qarshi kuch o‘laroq xizmat qiladi. Bu esa Markaziy Osiyoga o‘zini Moskva yoki Pekinning oshiqcha ta’siridan himoya qilishga ko‘maklashadi.

Rossiya

Ba’zilar AQSh va uning ittifoqchilari Afg‘onistonni tark etgach, Rossiyaning Markaziy Osiyodagi ta’siri sezilarli darajada oshadi, degan fikrni ilgari surmoqda.

Rossiya uzoq yillardan beri mintaqada xavfsizlik sohasida faol. Bu faollik AQSh va uning ittifoqchilari Afg‘onistondagi amaliyotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda baza ochishidan ancha oldin boshlangan.

Rossiyaning 201-diviziyasi 1940-yillardan beri Tojikistonda joylashgan. 2012 - yilda imzolangan bitimga ko‘ra, rus harbiylari kamida 2042 -yilgacha Tojikistonda qoladi.

Rossiya AQSh kuchlari Qirg‘izistonda joylashtirilganidan keyin, 2003 - yilda Qand shahrida harbiy baza ochdi. 2012 yilda imzolangan bitimga binoan, Rossiya kuchlari u erda kamida 2027 - yilgacha qoladi.

Texnik jihatdan, Qanddagi bazani Rossiya boshchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) boshqaradi. Ammo u yerdagi deyarli barcha qo‘shin va harbiy texnika Rossiyaniki.

Rossiya Qirg‘iziston yoki Tojikistonda o‘z harbiy kuchlarini ko‘paytirishni rejalayotgani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Shuningdek, hozircha Rossiya Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida baza ochmoqchi ekani haqida ham xabar yo‘q.

Yaqinda Rossiya Tojikiston va O‘zbekiston bilan Afg‘oniston chegarasi yaqinida qo‘shma harbiy mashg‘ulot o‘tkazdi. 24 - avgustda esa Qirg‘izistonda KXShT mashg‘ulotlari boshlandi.

Rossiya Tojikiston va O‘zbekiston bilan Afg‘oniston chegarasi yaqinida qo‘shma harbiy mashg‘ulot o‘tkazdi.
Rossiya Tojikiston va O‘zbekiston bilan Afg‘oniston chegarasi yaqinida qo‘shma harbiy mashg‘ulot o‘tkazdi.

Ammo Rossiya 1990-yillarning oxirida ham xuddi shunday ish tutgan edi. AQSh Afg‘onistonda bo‘lgan yillar davomida ham Moskva Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan muntazam ravishda mashq o‘tkazdi. 2016 - yilda Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston prezidenti etib saylanganidan so‘ng, Rossiya O‘zbekiston bilan ham harbiy mashg‘ulot o‘tkaza boshladi.

Tabiiyki, Moskva o‘z foydasini ko‘zlab Afg‘onistonning mintaqaga soladigan tahdidlar bilan bog‘liq xavotirlarga urg‘u berishi mumkin. Aslida ham Kreml 25 yil davomida bu qo‘rquvlar haqida bong urib keldi. Shunday ekan, Moskva Markaziy Osiyo davlatlarini Rossiyaga yaqinlashishga va G‘arbdan yoki hatto Xitoydan uzoqlashishga chorlab, bosim o‘tkazishi mumkin.

Rossiya, shuningdek, Toshkentni KXShTga qayta qo‘shilishga ko‘ndirishi mumkin. Bugunga qadar O‘zbekiston tashkilotga ikki marta a’zo bo‘lib, chiqib ketgan (1992–1999 va 2006–2012). Qolaversa, Moskva hatto Turkmanistonni izolyatsiyadan chiqarib, o‘z ta’sir doirasiga kiritishi mumkin. Bu jarayon so‘nggi yillarda allaqachon yo‘lga qo‘yilgan.

Ammo Moskva so‘nggi paytlarda Afg‘onistonning mintaqada tug‘dirayotgan tahdidlari haqida turli xil fikrlar bildirmoqda.

Ayni damda Rossiya rasmiylari Tolibon soladigan tahdidni kichraytirib ko‘rsatmoqda. Ayrim Rossiya rasmiylari hatto Tolibon hukumati bilan hamkorlik qilish qulagan sobiq hukumatga qiyoslaganda osonroq bo‘ladi, deya ta’kidladi.

Rossiya rasmiylari Afg‘onistondagi afg‘on bo‘lmagan islomiy ekstremistlar asosiy tahdid ekani, bunday guruhlar a’zolari orasidagi Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari vatanlarida beqarorlik keltirib chiqarishi mumkin, deb da’vo qilmoqda.

Markaziy Osiyo hukumatlari bu fikrga qo‘shilishini kutish mumkin.

Ammo bu taxmin to‘g‘ri bo‘lganda ham, Rossiya Markaziy Osiyo davlatlariga qanchalik yordam bera olgan bo‘lardi?

Afg‘onistondagi ekstremistik guruhlar bemulohaza ish tutib, chegarani ommaviy ravishda kesib o‘tishga urinmasa, Rossiya Markaziy Osiyo davlatlariga ko‘p ham yordam bera olmaydi.

Terror xurujlarini amalga oshirish uchun kichik ekstremistik guruhlar yoki individual terrorchilar Markaziy Osiyoga o‘tishi oldini olish mushkul bo‘ladi. Qolaversa, bu har bir davlat uchun ichki tahdiddir.

Ikki yoki ko‘p tomonlama mudofaa shartnomalari xorijiy yoki tashqi tahdidlarga asoslanadi. Bunday shartnomani imzolagan mamlakatlar biror a’zo mamlakatga ichki dushmanlarga qarshi kurashishda yordam berishga majbur emas. Bundan tashqari, Markaziy Osiyoda shu kungacha hech bir mamlakat bunday qilgani yo‘q.

Xitoy

Pekin AQShning Afg‘onistondan chiqib ketishidan foydalanib, Markaziy Osiyoda o‘z ta’sirini kengaytirishi mumkin, degan taxminlar ham bor.

Ammo Xitoyning mintaqadagi ta’siri asosan iqtisodiy xarakterga ega. Shunday bo‘lsa-da, shubhasiz, Pekin Markaziy Osiyo davlatlariga tahdidlar bilan kurashishga yordam berib keladi (eng avvalo, bunday tahdidlar Xitoyga tarqalishi oldini olish maqsadida).

Xitoy Markaziy Osiyoda qurol sotadi hamda ham Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) doirasida, ham individual davlatlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘shma harbiy mashg‘ulot o‘tkazib turadi.

Pekin, shuningdek, Tojikiston sharqidagi chekka hududda kichik harbiy bazani yuritadi.

Ayrimlarning fikricha, agar mintaqa Afg‘onistondan kelayotgan kuchlar ta’sirida beqarorlashsa, Xitoy Markaziy Osiyoga yordam berish uchun qo‘shin yuborishi mumkin.

Ammo bunday bo‘lishi ehtimoli juda oz.

Asosan musulmonlar yashaydigan mamlakatlarda hukumatni dastaklash uchun Xitoy kuchlari safarbar qilish Markaziy Osiyo davlati duchor bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday xavfsizlik muammolarini yanada murakkablashtirgan bo‘lardi, chunki bunday holat jihodchilarni o‘ziga jalb qilgan bo‘lardi.

Pekin o‘z musulmonlari – uyg‘urlar, qozoqlar, qirg‘izlar va boshqalarga qarshi boshlagan shafqatsiz kampaniya allaqachon Xitoyning obro‘siga putur yetkazdi va ko‘plab xorijliklar qahrini keltirdi.

Qolaversa, Xitoy so‘nggi 25 yil ichida dahshatli armiya tuzgan bo‘lsa-da, kommunistlar hokimiyat tepasiga kelganidan buyon Xitoy xorijda amalga oshirgan harbiy amaliyotlar kishida katta ishonch tug‘dirmaydi.

Xitoy qo‘shinlari 1950-yillarning boshlarida va 1969 - yilda Ussuri daryosi bo‘yicha sovet qo‘shinlari bilan sodir bo‘lgan qisqa jangda, shuningdek, 1979 - yilda Vyetnamga bostirib kirganda katta mag‘lubiyatga uchragan. Pekin so‘nggi 40 yil ichida qo‘shinlarini boshqa mamlakatga jang qilish uchun yubormagan.

2016 - yilda Janubiy Sudanda ikki xitoylik tinchlikparvar askar o‘ldirildi. Bu xabar Xitoyda jamoatchilikni larzaga soldi. Boshqa bir xorijiy amaliyot davomida o‘nlab xitoylik askar halok bo‘lganini izohlash Pekin uchun muammoli bo‘lgan bo‘lardi.

Bunga qaramasdan, Xitoy Markaziy Osiyoda yigirma yildan ortiq vaqt mobaynida katta miqdorda sarmoya yotqizdi va yirik miqdorda neft, tabiiy gaz, uran, temir kabi xomashyolarni qazib olishga muvaffaq bo‘ldi.

Mintaqa hukumatlari bu loyihalardan foyda ko‘rganini xulosa qilish mumkin. Qolaversa, ko‘pchilik Xitoy loyihalari tufayli ish bilan ta’minlandi.

Ammo Xitoyning Markaziy Osiyodagi ulkan loyihalari – neft va gaz quvurlari, yangi temir yo‘llar va avtomobil yo‘llari, neftni qayta ishlash zavodlari va boshqa infratuzilma loyihalarining kuni bitmoqda.

Xitoy Markaziy Osiyoga sarmoya kiritishda va qimmatli resurslarni qazib olishda davom etadi. Ammo Pekin mintaqada 10 va 20 yil oldingidek mablag‘ sarflamaydi. Bu orada Markaziy Osiyo hukumatlari Xitoydan olgan kreditlarni qaytarish vaqti kelib qoldi. Bu esa Markaziy Osiyo davlatlari uchun boshog‘riq bo‘lmoqda.

Shuni aytish joizki, Markaziy Osiyoda Xitoyga qarshi kayfiyat kuchayib boryapti. Fuqarolar orasida o‘z hukumatlari Pekinga sotilgani haqidagi qarash tarqalar ekan, Pekinga qarshi kayfiyat yanada kuchayishi mumkin.

Markaziy Osiyoga yordam kerakmi?

Markaziy Osiyo hukumatlari Afg‘oniston borasidagi xavotirlari tufayli kelgusi oylarda xorijiy hamkorlik to‘g‘risida shoshma-shosharlik bilan turli qarorlarni qabul qilishi mumkin.

Ammo, aslida ular tashqi yordamga umuman muhtoj bo‘lmasligi mumkin.

Tolibon ilk marotaba Markaziy Osiyo ostonasiga kelganida Markaziy Osiyoning beshta davlati mustaqillikka erishganiga atigi besh yil to‘lgan, Tojikistonda fuqarolar urushi davom etayotgan edi.

O‘sha paytda bu mamlakatlar etakchilari xavotirlanishiga asos bor edi.

Bu orada mustaqillikka 30 yil to‘ldi, Tojikistondagi fuqarolar urushi o‘tmishda qoldi. Bugungi kunda Markaziy Osiyo, umuman olganda, barqaror mintaqa o‘laroq ko‘riladi. Qolaversa, mintaqadagi mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar mustaqillikning dastlabki yillariga qaraganda ancha yaxshi.

Shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari armiyalari kengayib, yaxshi jihozlandi, Afg‘oniston bilan chegara yaxshiroq himoyalanmoqda.

Qolaversa, bu mamlakatlarning barchasi toliblar haqida 1990-yillarning ikkinchi yarmiga qaraganda ancha ko‘proq biladi.

XS
SM
MD
LG