30 - oktabr kuni mustaqil “Adabiyot gazetasi"da O‘zbekistonda tuzilayotgan ikki yangi siyosiy partiyadan biri – “Haqiqat va Taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasi tashabbus guruhi rahbari, professor Xidirnazar Allaqulov haqida felyeton bosildi.
Felyeton "muallifi", gazeta muassisi va bosh muharriri Baxtiyor Karimning Ozodlikka bildirishicha, gazetaning ushbu soni "soxta" va uning imzosi bilan chop etilgan Xidirnazar Allaqulov to‘g‘risidagi felyetonni u yozmagan.
Noma’lum shaxslar tomonidan ikkinchi marta soxta soni chop etilgan gazeta muassisi 2 - noyabrda yashash manzili bo‘yicha Sergeli tuman prokuraturasiga gazetaning soxta sonini chop etgan noma’lum shaxslar ustidan shikoyat arizasi topshirdi. Baxtiyor Karim, shuninngdek, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga (AOKA) ham arz qilish niyatida ekanini bildirdi.
“Adabiyot gazetasi" muassisi va bosh muharriri Baxtiyor Karimning Ozodlikka aytishicha, u gazetasining navbatdagi sonini tashkiliy muammolar bilan bois bir necha haftadan buyon chop etolmayotgan edi. 30 - oktabr, ertalab soat 10 larda mashinasi oynasiga qistirib ketilgan gazetani ko‘rgan.
“Qo‘limga olib qarab, gazetadagi materiallarning taxminan 75 foizi o‘zim tayyorlagan materiallar ekanini ko‘rdim. Qolganlari bu soxta sonni chiqargan noma’lum shaxslar tomonidan joylashtirilgan”, - deydi Baxtiyor Karim.
Soxta sonda bosilgan materiallarning 75 foizi o‘ziniki ekanligini, bu materiallar soxta songa qanday kirib qolganini Baxtiyor Karim mana bunday izohladi:
"Elektron pochtamdagi, Telegramimdagi materiallarni dizaynerlarimni chaqirib, ularga tazyiqqa o‘tkazib olishgan va maket qilishgan. Dizaynerlarim ularning kimligini menga aytishga qo‘rqishyapti".
Muassisning so‘zlariga ko‘ra, soxta sondan “Haqiqat va Taraqqiyot” partiyasi haqida uning imzosi bilan partiya tashabbuschilari guruhi rahbari Xidirnazar Allaqulov haqida felyeton hamda partiya haqidagi "masxaraomuz bosh maqola" o‘rin olgan.
O‘zi yozmagan, lekin muallif sifatida ism-familiyasi keltirilgan felyetonning mazmuni to‘g‘risida Baxtiyor Karim bunday dedi:
“Xidirnazar aka haqidagi go‘yoki men yozgan felyetondagi asosiy fikr shuki, u kishi koronavirus tufayli ancha holdan toygan emish, buni sezgan domla liderlikni ixtiyoriy topshirmoqchi emish, biz unga ilmiy ishlarida muvaffaqiyat tilab, maslahatlaridan begona qilmasligini so‘ramoqchimizmish”.
Baxtiyor Karim gazetaning soxta sonida bosilgan felyetonga mutlaqo aloqasi yo‘qligini 2 - noyabr kuni Ozodlik bilan muloqotda yana bir bor ta’kidlar ekan, “hozirgina Sergeli tuman prokuraturasiga gazetaning soxta sonini chiqarganlar ustidan shikoyat arizasi topshirib chiqqanini” bildirdi.
Gazeta soxta sonini chiqarganlarning maqsadi to‘g‘risida Baxtiyor Karim bunday dedi:
“Muddao aniq, hali tuzilmagan partiya faollari ichiga nifoq solish, gazetani obro‘sizlantirishdir”.
Bosh muharrirning aytishicha, soxta son 30 - oktabrdayoq gazeta do‘konlariga ham tarqatilgan: “Kamida to‘rt do‘konchi menga telefon qilib, gazetani necha puldan sotishlari kerakligini so‘rashdi”.
“Adabiyot gazetasi" bosh muharriri Baxtiyor Karim “Haqiqat va Taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasini tuzmoqchi bo‘layotgan professor Xidirnazar Allaqulov yetakchiligidagi tashabbuschilar guruhining eng faol a’zolaridan.
Xidirnazar Allaqulovning Ozodlikka bildirishicha, u gazetaning soxta sonini 30 - oktabr kuni "hovlisi eshigiga qistirib ketilgan holda" topgan.
“Bu ishni (soxta gazeta chiqarishni) qilganlar yangi partiya tuzilishini to‘xtata olmasliklarini tushunishgani bilinib turibdi. Biroq ular bunday partiya mustaqil emas, balki hukumat nazorati ostidagi partiya bo‘lishini istashyapti. Bunday nayranglari bilan ular meni qo‘rqita olmaydi”, - dedi Ozodlikka Xidirnazar Allaqulov.
Gazetaning soxta soni O‘zbekistonda boshqa bir partiya - “Xalq manfaatlari” demokratik partiyasi tashabbuschilar guruhi a’zolariga ham yetib borgani ma’lum bo‘ldi. Bu guruh a’zosi, yurist Jur’at Tojiyev gazeta bosilgan bosmaxona manziliga oid ma’lumot yolg‘on ekanligini aniqlaganini bildirdi.
"Gazetada u bosilgan bosmaxona manzili “Urganch shahri, Iskandar Do‘sov ko‘chasi, 2- uy” deb ko‘rsatilgan. Men o‘zim xorazmlik bo‘lganim uchun u yerda hech qachon bosmaxona bo‘lmaganini bilar edim. Shunday bo‘lsada, bosmaxona adresi ko‘rsatilgan manzildagi idoraga bog‘landim. U yerda viloyat mehnat boshqarmasi joylashgan”.
Yurist Jur’at Tojiyevning fikricha, “Adabiyot gazetasi"ning soxta sonini chiqarish "jinoyat" va bu ishni qilganlar uchun Jinoyat kodeksining 149-moddasida (Mualliflik yoki ixtirochilik huquqlarini buzish) jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.
149- moddada bunday deyilgan:
“Tafakkur mulki obyektiga nisbatan mualliflik huquqini o‘zlashtirib olish, hammualliflikka majburlash, shuningdek, tafakkur mulk obyektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ular rasman ro‘yxatdan o‘tkazilgunga yoki e’lon qilingunga qadar muallifning roziligisiz oshkor qilish — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi”.
Huquqshunos fikricha, soxta sonning ba’zi materiallarida Jinoyat kodeksining 139- moddasi (Tuhmat) bo‘yicha malakalash mumkin bo‘lgan holatlar ham mavjud.
Baxtiyor Karimning “Adabiyot gazetasi" mamlakatdagi boshqa barcha OAV qatori O‘zbekiston matbuot va axborot agentligidan (hozirda AOKA - Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi) 2017 - yil, 12 - iyulda 926-raqam bilan ro‘yxatga olingan.
“Shuning uchun AOKAning Bosma va elektron OAV bo‘limiga qo‘ng‘iroq qildim, noma’lum shaxslar gazetamning soxta sonini chiqarganini aytdim. Bo‘lim xodimi yozma murojaat qilishimni aytdi. Axir ikkinchi marta soxta son chiqarishyapti, qaramaysizlarmi desam, “bu sizning problemangiz” dedi. Prokuraturaga ariza topshirib chiqdim, endi AOKA ketyapman”, dedi Baxtiyor Karim 2 - noyabrda.
Ozodlik 2 - noyabr kuni AOKA matbuot xizmati bilan bog‘landi. Ozodlik savollarini eshitgan matbuot xizmati xodimi “majlisga kirib ketayotganini, keyinroq telefon qilishni” aytib, aloqani uzib qo‘ydi.
“Adabiyot gazetasi"ning 30 - oktabrda chop etilgan soni gazetaning ikkinchi soxta sonidir.
Joriy yilning 24 - iyulida gazetaning soxta soni chiqqani to‘g‘risida Baxtiyor Karim ijtimoiy tarmoqlar orqali 26 - iyulda xabar qilgan edi.
Birinchi soxta sonda ham “Haqiqat va Taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasini tuzishga urinayotgan professor Xidirnazar Allaqulov haqida “Professorning nayranglari” degan sarlavha ostida felyetonnamo material bosilgan edi.
“Birinchi soxta son chiqqani yuzasidan Bosh prokuraturaga murojaat qilganimizga qaramay, tekshirilmadi”, - dedi Baxtiyor Karim.
Baxtiyor Karim muharrirlik qilayotgan “Adabiyot gazetasi" tashkil topganiga uch yildan oshdi. Gazetxonlar fikricha, nashr hurfikr minbariga aylanishga ulgurdi.
Jamol Kamolning 2018 - yilda chop etilgan “Fikrsizlik fojiasi” maqolasi “O‘zbekiston 25 yil davomida bir odamning aqli bilangina yashadi, qolganlarga faqat qarsak chalish huquqi berildi xolos”, degan so‘zlar bilan boshlangan edi.
Shukrullo, Jamol Kamol, Gulchehra Nurullayeva, Temur Po‘latov, Jahongir Muhammad singari O‘zbekistonda rasmiy va norasmiy taqiq qo‘yilgan mualliflarning maqolalari oxirgi o‘n yillarda ilk bor "Adabiyot gazetasi"da dunyo yuzini ko‘rdi.
“Albatta, bu yuqoriga yoqmasdi. Shuning uchun ular 2018 - yili gazetaning bir sonini musodara qildilar. Toshkent bosmaxonalari shartnoma tuzmay qo‘ygach, noiloj viloyatlarga borib, gazetani chop etishga majbur bo‘lyapman”, - degan edi Baxtiyor Karim Ozodlikka.
Joriy yilning iyun-iyul oylarida Baxtiyor Karim va oilasi bir necha hafta O‘rtachirchiq tumanining O‘rtasaroy qishlog‘idagi karantin markazida ushlab turilgandi.
Keyinroq koronavirus tashxisi qo‘yilgan 61 yoshli Baxtiyor Karim virusni karantin markazida yuqtirgan bo‘lishi mumkinligini aytgan. U o‘zi va oilasining majburan karantin markaziga joylashtirilishi siyosiy partiya tuzish yo‘lidagi faoliyati bilan bog‘liq ekanini iddao qilgandi.
AOKA va "Matbuot tarqatuvchi" aksiyadorlik kompaniyasi Baxtiyor Karim muassisi bo‘lgan mustaqil gazetaning soxta sonlari yuzasidan hozircha biron rasmiy izoh bermadi.
O‘zbekistonda matbuot, jumladan bosma nashrlar davlat tomonidan qattiq nazorat qilinadi, davlat korxonalari ularni chop etish va tarqatish bo‘yicha monopoliyaga ega.
O‘tgan hafta prezident farmoni bilan davlat tasarrufidagi qator gazeta-jurnal va matbaachilik korxonalari xususiy investorlar uchun sotuvga qo‘yildi.