Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:53

“Bankuotch": O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashga ajratilgan mablag‘lar maqsadsiz sarflangan


Pandemiya boshida xalqaro moliya institutlari O‘zbekistonning Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasiga o‘z hissasini qo‘shgan, jumladan, Osiyo taraqqiyot banki 600 million dollardan ortiq kredit ajratgan edi. 
Pandemiya boshida xalqaro moliya institutlari O‘zbekistonning Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasiga o‘z hissasini qo‘shgan, jumladan, Osiyo taraqqiyot banki 600 million dollardan ortiq kredit ajratgan edi. 

Qarorgohi Pragada joylashgan “Bankuotch“ (Bankwatch Network) tashkilotiga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashga mo‘ljallangan mablag‘larni maqsadsiz sarflagan bo‘lishi mumkin.

Tashkilot o‘z hisobotida bu haqda xabar bergan faolning kaltaklanganini ham iddao qilgan.

Pandemiya boshida xalqaro moliya institutlari O‘zbekistonning Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasiga o‘z hissasini qo‘shgan, jumladan, Osiyo taraqqiyot banki 600 million dollardan ortiq kredit ajratgan edi.

Tashkilotning Jamiyatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha koordinatori Nina Lesikxina Ozodlikka aytishicha, shaffoflik yo‘qligi sabab O‘zbekiston koronavirusga qarshi kurashga ajratilgan mablag‘lar qanday sarflayotganini tekshirish deyarli imkonsiz.

Shunday bo‘lsa ham, uning so‘zlariga ko‘ra, guruh bu borada bir qator “tashvishli korrupsion tendensiyalar”ni aniqlagan.

“Inqirozga qarshi jamg‘arma tuzilganidan buyon mablag‘lar sarflanishi shaffof emasligi haqida tanqidlar ko‘p bo‘ldi. Shundan so‘ng Moliya vazirligi kontranktlar haqida axborot chiqardi. Sarf-xarajatlar haqida juda cheklangan ma’lumot jamoatchilikka oshkor qilingan.

Biz davlat xaridlari, kontraktlar va shu kontraktlarni qo‘lga kiritgan shirkatlarni o‘rganib chiqdik. Korrupsion xatarlar bilan bog‘liq tendensiyalar bor, degan xulosaga keldik.

Masalan, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga yaqin shaxslarga aloqadorligi aytilayotgan uchta kompaniya tibbiyot muassasalari qurilishi bo‘yicha eng yirik kontraktlarni olgan. Bular-Enter Engineering, “Obod shahar qurish”, “O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj” shirkatlaridir.

Ushbu loyihalar bo‘yicha tenderlar o‘tkazilmagani va O‘zbekistonda hokimiyat ustidan jamoatchilik nazoratining samarali mexanizmlari yo‘qligi hamda mustaqil ommaviy axborot vositalari deyarli mavjud emasligi sabab, bunday holatlar Jamg‘armaning ushbu kompaniyalar foydasiga qarorlarining xolisligi va mustaqilligini savol ostiga qo‘yadi”, - deydi Lesikxina.

Tashkilotga ko‘ra, ayrim viloyatlar, jumladan, Toshkent shahridagi sog‘liqni saqlash muassasalarining xaridlari aholi soni bo‘yicha potensial talabdan sezilarli darajada oshgani kuzatilgan.

Mablag‘lar "tibbiy bo‘lmagan maqsadlarda" ishlatilgan

Farg‘ona viloyatida xarid qilingan shaxsiy himoya vositalarining umumiy qiymati respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan qariyb uch barobarga ko‘p bo‘lgani aniqlangan.

“Sog‘liqni saqlash tizimi o‘ta yomon bo‘lgan viloyatlar hokimiyatlari esa mablag‘larini tibbiy bo‘lmagan maqsadlarda ishlatgan, masalan, kommunal infratuzilmalar qurilishi kabi sohalarga.

Mana shu jihatlar mablag‘lar maqsadsiz sarflanganidan dalolat beryapti. Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi boshqaruvida shaffoflik yo‘qligini aytib chiqqan bloger va faollarning esa ovozi o‘chirilyapti. Masalan, kaltaklangan bloger Miraziz Bozorov birinchilardan bo‘lib bu haqda xabar bergan edi.

2020 - yil iyul oyida u Jamg‘armaga 600 million dollar kredit ajratgan Osiyo taraqqiyot banki (OTB) va Jahon bankiga ochiq xat yozib, Toshkentda korrupsiyaga qarshi aniq mexanizmlar o‘rnatilmaguncha yordamni to‘xtatishga chaqirdi. Bozorov pullar qanday sarflayotganning to‘liq hisobini ham e’lon qilgan. Oxiri nima bo‘ldi? Bozorovni vahshiylarcha kaltaklashdi. Bundan tashqari, u faolligi uchun qasos sifatida jinoiy javobgarlikka ham tortildi”, - deydi Nina Lesikxina.

2020 - yil iyul oyida “Bankuotch” va Bozorov OTB rahbariyatiga, uning Toshentdagi vakolatxonasi hamda tashkilotning Korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasiga tasdiqlangan yoki ehtimoliy o‘g‘irlash holatlari ko‘rsatilgan shikoyat bilan murojaat qilgan.

Ammo OTBning Toshkentdagi vakolatxonasi bu iddaolar asossizligini aytgan va 2021 - yil sentabrida korrupsiyaga oid dastlabki shikoyatni tekshirmaslikka qaror qilgan.

“Bankuotch Netuork“ OTBdan javob kutmoqda

O‘zbekiston rasmiylari koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashga mo‘ljallangan mablag‘lar maqsadsiz sarflangani haqida bundan oldingi xulosalar, jumladan Ozodlik surishtiruvida ko‘tarilgan savollarni javobsiz qoldirgan.

“Bankuotch Netuork“ tashkiloti O‘zbekistonda mablag‘larning maqsadsiz sarflagani haqidagi iddaolar yuzasidan Osiyo taraqqiyot bankiga yuborgan so‘roviga javob kutayotganini aytadi.

“OTBning Toshkentdagi idorasi murojaatimizni javobsiz qoldirdi. 5 - noyabr kuni Bankning korrupsion vaziyatlarni o‘rganuvchi bo‘limiga hisobotimizni jo‘natdik. Ular buni o‘rganib chiqayotganliklarini aytishdi.
O‘zbekistondek avtoritar davlatga sarmoya kiritishdan oldin Bank shaffoflik yo‘qligi, so‘z va yig‘ilish erkinligi, huquq himoyachilaridan o‘ch olish va u yerda nodavlat notijorat tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazishga cheklovlarni o‘rganib, hukumatni shu muammolarni hal qilishga chaqirishi kerak.

Aks holda, mablag‘lar talon-toroj qilinib, Bankning rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha belgilangan maqsadlariga putur yetkazishi mumkin”, - deydi Nina Lesikxina.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 - yil 19 - mart kungi farmoni bilan Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tuzilgan edi.

Unga xorijdan olinadigan 1 milliard dollar qarz hisobidan 10 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.

Ozodlik surishtiruvi jarayonida bu mablag‘larning katta qismi prezident va Bosh vazir qarorlari bilan legallashtirilgan sxemalar orqali Mirziyoyevga yaqin oligarx va amaldorlar boshqaruvidagi monopolist shirkatlar hisobiga o‘tkazilgani ochiq manbalardan to‘plangan hujjatlar asosida tasdiqlangan.

O‘zbekiston hukumati OTBdan olingan qarz hisobidan tez tibbiy yordam maxsus avtotransport vositalari va tibbiy uskunalar xarid qilinishini bildirgan edi.

Xalqaro moliya tashkilotlaridan olingan qarzlarning barchasi byudjet mablag‘laridan qaytarilishi belgilangan.

Avvalroq Moliya vazirligi 2021 - yilning 1 - aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda davlat qarzi 23,2 milliard dollarni yoki YaIMga nisbatan 40,1 foizni tashkil etganini ma’lum qilgan.

XS
SM
MD
LG