Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:23

Andijonda yangi ta’mirlangan jome masjid buzib tashlandi. Hokimlik uni qayta qurishi aytilmoqda (VIDEO)


Minora

(TikTok tarmog‘iga joylashtirilgan videoda, namozxonlarning aytishicha, "Burxoniddin Marg‘iloniy" masjidi minorasining buzilishi aks etgan)

Andijon viloyat, Bo‘ston tuman (sobiq Bo‘z) markazidagi yagona jome masjid Ramazon Hayitidan bir necha kun o‘tib, buzib tashlandi. Masjidning qayta qurilishi aytilmoqda.

1989 - yilda Moskvadan berilgan ruxsatnoma asosida qurilgan masjid bir yil avval kapital ta’mirdan chiqqan edi.

Masjid qavmi vakillari buzilgan jomedan chiqqan qurilish materiallari talon-toroj bo‘lgani, namozxonlar juma namozini o‘qish uchun qo‘shni tumanlarga qatnayotganidan shikoyat qildi.

Bo‘ston tuman hokimligi mulozimi buzilgan jomedan chiqqan qurilish materiallari qishloqlarga tarqatib berilganini bildirdi.

“Sobiq "Burxoniddin Marg‘iloniy" masjidi oqsoqollari nomidan” murojaat qilayotganlarini bildirgan ikki namozxon yigit, “ertaga hokimiyatga va IIBga chaqirtirib, qon qilishlaridan” qo‘rqib, ismlari aytilmasligini iltimos qildi.

Bo‘ston tumanidagi jome. O‘tgan oyda buzilgan masjid o‘tgan yili kapital ta’mirdan chiqarilgan edi.
Bo‘ston tumanidagi jome. O‘tgan oyda buzilgan masjid o‘tgan yili kapital ta’mirdan chiqarilgan edi.

Namozxonlarni qiynagan ikki masala

“Mana bugun ham (4 - iyun) juma namozini qo‘shni tuman markazi Shahrixon shahriga borib o‘qib keldik. Ba’zilar qo‘shni viloyatga – Yozyovon tumaniga qatnab o‘qiyapti. Jomemizni buzib, xalqni sarson qilishdi. Tuppa-tuzuk masjid edi, buziladigan ahvolda emasdi”, dedi namozxonlardan biri.

Yana bir namozxon bunday dedi:

“Oqsoqollarimizni norozi qilgan yana bir narsa buzilgan masjiddan chiqqan qurilish materiallarining talon-toroj bo‘lgani bo‘ldi. Imorat nisbatan yangi edi. Har holda, materiallari yaroqsiz ahvolga kelgan darajada emasdi. Pollik taxtalarni o‘tinga aylantirishdi. G‘ishtlarni mashinaga ortib, ustiga axlat tashlab, bir yoqlarga olib ketishdi. Xalqning puliga kelgan edi o‘sha narsalarning hammasi. Birov qavmga hisob bermadi...”

Bu gaplarni aytgan namozxon qurilish maydoniga aylangan sobiq masjid hovlisida 4 - iyun kuni olingan suratlarni ham Ozodlikka taqdim etdi. Ularda qurilish materiallari aks etgan. Suratlarni izohlagan namozxon “bular talon-toroj bo‘lganidan qolgani” dedi.

Buzilgan jomedan chiqqan qurilish materiallari. 2021, 4 - iyun.
Buzilgan jomedan chiqqan qurilish materiallari. 2021, 4 - iyun.

Mulozim: "Masjid mulkini hech kim yeb ketmaydi”

Namozxonlarning iddaolari yuzasidan Ozodlik Bo‘ston tuman hokimligi mulozimidan izoh oldi.

O‘zini tanishtirmagan mulozim qurilish materiallari talon-toroj qilinganini inkor qilarkan, dedi:

“Men o‘zim ham qishloqda yashayman. O‘z ko‘zim bilan ko‘rdim chiqqan materiallar qishloqlarga olib borilganini. Masjid sahniga yotqizilgan bruschatkalar ham mahallalarga olib ketildi. Masjid mulkini hech kim yeb ketmaydi”.

Mulozimning aytishicha, masjidni buzib, qayta qurish uchun barcha instansiyalardan ruxsatnomalar olingan, ishlarni viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov shaxsan boshlab bergan, jomeni buzish ishlarida masjid qavmi ishtirok etgan.

Masjid "viloyat hokimi ruxsati" bilan buzildi

Bo‘ston tuman hokimligi matbuot xizmati 16 - may kuni Andijon viloyat hokimi Sh.Abdurahmonov shu tumanda bo‘lib, "Burxoniddin Marg‘iloniy" jome masjidining qurilish loyihasi bilan tanishgani to‘g‘risida xabar qilgan. O‘sha kuni qurilish ishlari oldidan ko‘y so‘yilib, Qur’on tilovat qilingan. Qayta quriladigan masjid 3000 ga yaqin namozxonga mo‘ljallangani aytilgan.

Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov Bo‘zdagi jomeda qurilgan yangi tahoratxonada.
Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov Bo‘zdagi jomeda qurilgan yangi tahoratxonada.

Nisbatan yangi imoratni buzishga qanday zarurat bor edi?

Bu savolga Bo‘ston tuman hokimligi mulozimi javob bermadi. Hokimlik matbuot xizmatining yuqoridagi xabarida ham javob yo‘q.

"Burxoniddin Marg‘iloniy" jome masjidi imom-xatibi Baxtiyorjon Qodirov “bir tadbirda band” bo‘lgani uchun Ozodlik savollariga javob bera olmasligini aytdi, “qurilish boshlandi”, degan gapni aytish bilan cheklandi.

Baxtiyorjon Qodirovning O‘zbekiston musulmonlari idorasi Andijon viloyat vakilligi rasmiy saytida 26 - may kuni e’lon qilingan maqolasida “Bo‘ston tuman «Burxoniddin Marg‘iloniy» jome masjidi shaharsozlik me’yorlari va qoidalariga muvofiq” qayta qurilayotgani, qurilish ishlari boshlanganini xabar qilgan.

Qurilish sur’ati sust

Tuman markazidagi yagona masjidning buzilganidan shikoyat qilgan namozxonlarning aytishicha, yangi masjid imorati uchun handaq qazib qo‘yilgan, biroq keyingi kunlarda qurilish ishlari davom etayotgani sezilmayapti. Namozxonlar 4 - iyun kuni tasvirga tushirib, Ozodlikka taqdim etgan suratlarda kimsasiz qurilish maydoni ko‘rinadi, xolos.

Buzilgan jome o‘rnida qurilajak yangi masjid qurilishida harakat sezilmayapti. 2021, 4 - iyun.
Buzilgan jome o‘rnida qurilajak yangi masjid qurilishida harakat sezilmayapti. 2021, 4 - iyun.

Masjid Moskvaning ruxsati bilan qurilgan edi

Bo‘z (hozirgi Bo‘ston) tumanida Sovet davrida masjid bo‘lmagan. Qayta qurish yillarida kompartiyaning e’tiqod erkinligi sohasidagi qattiqqo‘lligi ham biroz yumshab, masjidlar qurishga ruxsat berila boshlagan.

Ozodlik bilan gaplashgan namozxonlarning aytishicha, yuzaga kelgan imkoniyatdan «Burxoniddin Marg‘iloniy» masjidida 2020 - yilgacha imomlik qilgan Ahad qori domla foydalanib, masjidning qurilib qolishiga sababchi bo‘lgan.

Namozxonlarning aytishicha, Ahad qori domla 1989 - yili Moskvaga borib, masjidni qurishga ruxsat olib kelgan. Ozodlik o‘sha voqea tafsilotlarini so‘rash uchun sobiq imom bilan bog‘landi. Biroq domla gapirishni istamadi.

“Domla ruxsatni Moskvadan olib kelganidan keyin masjidni butun xalq qurgan. O‘z puliga qurgan. Davlatning bir tiyini ham ketmagan”, dedi bo‘stonlik namozxon.

Bo‘ston tuman hokimligi mulozimining Ozodlikka bildirishicha, buzilgan masjid “tuman byudjeti hamda tumandagi eng boy kishi Botir Qodirovning puliga qurilyapti”.

Masjid o‘tgan yili kapital ta’mirdan chiqqan edi

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan bo‘stonlik namozxonlar bir qator foto va videotasvirlarni taqdim etdi. Ulardan birida masjid sahniga tosh yotqizilayotgani, boshqalarida binoga yangi pardoz berilayotgani aks etgan. Namozxonlarning aytishicha, kapital ta’mir ishlari 2019 - yili boshlanib, 2020 - yili yakuniga etgan. Juda ko‘p pul, taqriban 1 milliard so‘m sarflangan. Masjidning 2800 kvadrat metrli sahniga tosh (bruschatka) yotqizilgan.

Videolardan yana birida masjid hovlisida katta bog‘ bo‘lganini, unda anor va uzum pishib yotganini ko‘rish mumkin.

Masjid uchun qurilgan eng so‘nggi inshoot - tahoratxona yaqindagina - Ramazon arafasida foydalanishga topshirilgan edi. U masjidning buzilmay qolgan yagona qismidir.

“Buzishmasa, yana bir necha o‘n yilga yetadigan imorat edi. Yangi imorat qurilishini istayotganlar ham ko‘pchilik. Chiroyli masjid bo‘ladi, deyishyapti. Axir chiroyiga osh quyib ichamizmi?! Eskisiyam kulba emas edi-ku! Shunga ketadigan pulni boshqa narsaga sarflashsa, yoshlar ishlaydigan ishxona qurishsa, asakasi ketarmidi?”, dedi bo‘stonlik namozxon.

O‘zbekiston Musulmonlar idorasi o‘tgan yil noyabrida bergan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda masjidlar soni 2043 taga yetgan. Shundan eng ko‘pi Samarqand viloyatida bo‘lib, u yerda 285 ta masjid faoliyat yuritadi. Oxirgi yillarda Toshkent hamda viloyatlarda qator yangi masjidlar ochilgan, ularning aksari xalqning xayriya mablag‘lari hisobidan qurilgani aytiladi.

O‘tgan oy Toshkentning Olmazor tumanida qurilayotgan «Islomobod» masjidining to‘rtta minorasidan ikkitasini buzish ishlari fuqarolar va ijtimoiy tarmoqlardagi noroziliklar ortidan to‘xtatilgan edi.

XS
SM
MD
LG