Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:01

Ayollar kunida tabrik kutgan erkak. Tarmoqni titratgan trendlar


8 - mart- Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida tarmoqlarning o‘zbek segmenti guldastalarga to‘ldi - kollaj.
8 - mart- Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida tarmoqlarning o‘zbek segmenti guldastalarga to‘ldi - kollaj.

Kundalik xabarlarni gazeta sahifalari yoki TV ekranlaridan emas, balki ijtimoiy tarmoqlardan o‘qish O‘zbekistonda allaqachon trendga aylanib ulgurdi. Ozodlik o‘tgan haftada tarmoq muhokama qilgan asosiy xabar va mavzularga nazar tashladi.

O‘zbek segmentidagi kontentlar trendini o‘rganish chog‘ida Ozodlikka TikTokchi bloger Diyora Abdujabborova hamrohlik qildi.

Berlin, 1933 - yil
Berlin, 1933 - yil

TikTok yulduzi Diyora 8 - mart- Xalqaro xotin-qizlar bayrami kuni namoyish qilingan ayollar huquqlariga bag‘ishlangan hujjatli filmda nemis olimi Liza Meytner obrazini yaratganidan mamnun.

“Filmda ayollarning ayol bo‘lgani uchun kamsitilgani tarixiy faktlar asosida yoritiladi. Men favqulodda iqtidor egasi bo‘lishiga qaramay, seksizm va fashizm qurboni bo‘lgan yahudiy aslli nemis fizik olimi Liza Meytner roliga taklif qilinganimdan mamnunman. Men o‘ynagan hujjatli filmni tarmoqda millionlar tomosha qilmagan bo‘lsa ham u trendda edi. Seshanbadan - seshanbagacha o‘tgan bir hafta ayollar mavzusi trendda bo‘ldi”.

TikTokchi Diyora Abdujabborova o‘z ichki dunyosida Liza Meytnerga ruhiy yaqinlik sezishini aytadi:

“Sizga TikTokchidan bu gapni eshitish g‘alati tuyular, ammo men Meytnerga ichimda ruhiy yaqinlik sezaman. Birinchidan, unda bo‘lgan ilmga ishtiyoq, o‘z maqsadidan qaytmaslik, erkaklarga xos shijoat. Qaysidir tomonimiz juda o‘xshash. Biroq Liza - haqiqiy ilm-fan fidoiysi, u qilgan jasoratni men qila olmasdim. Uning obrazi har bir qizga motivatsiya bera oladi”.

Aynan Liza Meytnerning ilmiy kashfiyotlari atom bombasi va atom energetikasining paydo bo‘lishiga yo‘l ochgan.

Liza Meytner Vena universitetining 541 yillik tarixida doktor unvoniga sazovor bo‘lgan ikki ayoldan biridir. 1926 - yilda u Berlin Universitetining professorligini qozonib, Germaniya tarixiga ilk ayol professor sifatida kirdi. Ammo 1933 - yil gitlerchilar Lizaning yahudiyligi va ayolligi bois uni ta’qib qilishadi. Antisemitizm va seksizmdan qochgan Liza Shvetsiyadan qo‘nim topadi. Ammo Shvetsiya ilm-fani uchun ham ayollar istalmagan unsur edi. Liza mustaqil tadqiqotlari natijasida neytronlar ta’sirida yadro bo‘linishini kashf qiladi va bu haqda olim Otto Ganga xabar beradi. Otto esa, Lizaning tadqiqotini o‘zlashtirib oladi. 1944 - yil Otto Gan ushbu yangilik uchun Nobel mukofotini oladi. Hatto bugungacha laureatlar qatorida Liza yo‘qligi bahslarni keltirib chiqaradi.

Hatto Nobel mukofoti ham o‘z vaqtida ayollarni chetlab o‘tgan
Hatto Nobel mukofoti ham o‘z vaqtida ayollarni chetlab o‘tgan

"Menga ham 8 - martda sovg‘a beringlar"

Kechgan hafta davomida Instagram sahifalari guldastalar rasmlari bilan to‘ldi. Qo‘liga sirli erkak oltin uzuk taqayotgan Kaniza va noma’lum xushtordan bir quchoq lolaqizg‘aldoq olgan Zarina Nizomiddinovaning suratlari qo‘lma-qo‘l bo‘ldi.

8 - Mart butun dunyoda xotin-qizlar huquqlari kuni sifatida nishonlandi
8 - Mart butun dunyoda xotin-qizlar huquqlari kuni sifatida nishonlandi

“Mendirman Jaloliddin” serialida Sulton Jaloliddin rolini o‘ynagan turk aktyori Emra Qiviljimning o‘zbek ayollarini o‘zbekcha tabriklagani ham Instagramda trend bo‘ldi.

8 - mart o‘zbek ayollari uchun alohida joziba kasb qiladi
8 - mart o‘zbek ayollari uchun alohida joziba kasb qiladi

Diyora Abdujabborovaga ko‘ra, TikTok platformasiga Shuhrat Abbosov suratga olgan “Olovli yo‘llar” filmidan parchalar qo‘yilgan:

“Paranji tashlash va mullalar tarafidan ayollarning xo‘rlangani sahnalari TikTokka qo‘yildi. Bu roliklar tagida esa, o‘zbek qadimchi konservatorlari nafratli izohlarni qoldirishdi. Ularning bu holati Abbosov filmida tasvirlangan ayol huquqlariga qarshi reaksion mullalarning aynan kopiyasi bo‘ldi".

Shuhrat Abbosov suratga olgan "Olovli yo‘llar" filmida Hamza Hakimzoda Niyoziy taraqqiyparvar ziyoli va ayollar huquqlari uchun kurashchi qiyofasida namoyon bo‘lgan.
Shuhrat Abbosov suratga olgan "Olovli yo‘llar" filmida Hamza Hakimzoda Niyoziy taraqqiyparvar ziyoli va ayollar huquqlari uchun kurashchi qiyofasida namoyon bo‘lgan.

Abdujabborovaga ko‘ra, qo‘shni O‘sh shahrida ayollar namoyishga chiqib, “biz erkaklar g‘iybatiga zor emasmiz” deb o‘zbekcha shior ko‘targani aks etgan suratlar tarmoqning o‘zbek segmentida olqishlangan.

Toshkent shahar GIBDD xodimlari ayol haydovchilarga gul hadya etgani videosi ham TikTokda eng ko‘p tomosha qilingan kontentlardan biriga aylandi.

TikTokdagi videoda bir o‘zbek erkak chiqib, "Bizga ham mirshablar sovg‘a bersin, paypoq bilan ustara bersa ham mayli", deydi.

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, TikTokdagi "sovg‘axo‘r" erkak so‘z ustasi Mirzabek Holmedovning o‘g‘li bo‘lib chiqdi.

So‘z ustasi Mirzabek Holmedov.
So‘z ustasi Mirzabek Holmedov.

"Zakovat" va monopoliya

Hafta davomida tarmoqdagi nomi chiqqan odam borki, hammasi “Zakovat” o‘yini haqida gapirdi. Hatto o‘zini prezidentlikka nomzod deb bilgan sobiq xonanda Jahongir Otajonov ham Feysbukdagi jonli efirda “O‘zi aqli yetmagan tekstni telesuflyorga qarab o‘qigan” Saida Mirziyoyevani malomat qildi.

Saida Mirziyoyeva
Saida Mirziyoyeva

Prezidentning to‘ng‘ich qizi 28 - fevral kuni Toshkentning Humo Arena sida o‘tgan "Zakovat" intellektual o‘yini kastingidagi nutqini Qur’on oyatlari bilan ochib, hadis bilan yakunlagandi. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Allamjonov hamda uning o‘rinbosari Mirziyoevalar shu yil yanvarida qiyin moliyaviy ahvol sabab yopilish arafasida qolgan "Zakovat" loyihasini otaliqqa olgan edi.

Feysbukning o‘zbek segmentida tanilgan bloger Xurshid Yo‘ldoshevning "Zakovat" haqida yozganlarini ayrim "odnochi"lar ham bo‘lishdi.

“Miyamda "Zakovat" va "Monopoliya" degan ikki so‘z assotsiatsiya bo‘lib qoldi. Birini eshitsam ikkinchisi xayolga kelyapti (avvallari kitob kelardi). O‘rtada yana qandaydir router bor. Topolmayapman nima ekan-a u? 🙂 Men uchun muqaddas so‘z kelib-kelib monopoliyaga ulanib qolsa-ya. Ma’naviyatni eshitsam ham kimdir xayolga keladi, adolatni eshitsam yana boshqa biri... Bunisining bunisiga nima daxli bor ekan deb yuraveraman.”

TikTok O‘zbekistonda eng ommabop platformaga aylangan
TikTok O‘zbekistonda eng ommabop platformaga aylangan

Shu bilan birga, hafta davomida Toshkentda o‘n yoshli o‘g‘il bolani zo‘rlamoqchi bo‘lgan taksichi¸ Yunusobodda zaharlanib o‘lgan besh talaba va kanalda oqib ketgan sportchi o‘spirin mavzulari ham tarmoqning olti platformasida muhokama qilindi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi trendlarni Ozodlik bilan birga kuzating.

Tarmoqlarning faol foydalanuvchisi bo‘lsangiz, fikrlaringizni biz bilan baham ko‘ring.

Eksklyuziv surat va videolaringizni bizning tarmoqlardagi platformalarimiz orqali bo‘lishishingiz mumkin.

Biz bilan bog‘lanish uchun:

Messenjer va imeyl

+420 602 612 713 (WhatsApp, Telegram, Viber)

+420 724 971 539 (WhatsApp, Telegram, Viber)

ozodlikmail@gmail.com

XS
SM
MD
LG