O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi kelasi yil o‘tishi kutilayotgan prezident saylovlarining sanasini hanuz e’lon qilganicha yo‘q, ammo saylovga tayyorgarliklar allaqachon boshlanib ketgan.
Va bu jarayonda faollik ko‘rsatayotganlar amaldagi partiyalar emas, balki hozircha partiyasizlardir.
Shu kunlarda O‘zbekistonda kamida ikkita yangi siyosiy partiya tuzish ustida ish ketmoqda. Ikki partiyadan biri partiyani tuzish va uni ro‘yxatdan o‘tkazish masalasida Adliya vazirligi bilan muloqotga kirishishga, mamlakat prezidentiga murojaat qilib, undan siyosiy partiya tashkiliy qo‘mitasi yig‘ilishini o‘tkazishga yordam berishini so‘rashga ham ulgurdi.
Mahalliy huquqshunoslarning fikricha, O‘zbekiston Respublikasining 1996 yilda qabul qilingan “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi qonunida siyosiy partiyalar tuzish yo‘lida bir qator sun’iy to‘siqlar qo‘yilgan, ayni paytda, mintaqadagi ayrim davlatlarda partiya tuzish va uni rasmiy qayddan o‘tkazish maksimum soddalashtirilgan.
“Xalq manfaatlari” demokratik partiyasi
Pedagog olim, yozuvchi Mahmud Yo‘ldoshevning Ozodlikka aytishicha, u yetakchilik qilayotgan tashabbuschilar guruhi tuzishga urinayotgan siyosiy partiya xalq manfaatlari uchun kurashni o‘ziga bosh maqsad qilib olmoqchi va shuning uchun ham partiya “Xalq manfaatlari” deb ataladi.
Mahmud Yo‘ldoshevning 29 - oktabrda Ozodlikka bildirishicha, tuzilajak partiyaning tashkiliy guruhiga 40 nafardan ortiq faollar kirgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, guruhga viloyatlardan ham faollar qo‘shilmoqda va tez kunlarda guruh partiyaning tashkiliy yig‘ilishini o‘tkazishga hozirlanmoqda.
“Haqiqat va Taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasi
Iqtisodiyot fanlari doktori, professor Xidirnazar Allaqulov yetakchilik qilayotgan tashabbuschilar guruhi “Haqiqat va Taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasini tuzish yo‘lidagi harakatlarini “Xalq manfaatchilari”dan oldinroq – joriy yil bahor-yozida boshlagan.
Xidirnazar Allaqulov va uning maslakdoshlari avgustning boshida Adliya vazirligiga xat bilan murojaat qilgan, xatda “bir guruh yozuvchilar, shoirlar, olimlar, jurnalistlar, blogerlar, tadbirkorlar va yoshlar mustaqil siyosiy partiya tuzmoqchi ekanligi” bildirilib, karantin sharoitida “partiya tuzish jarayonini qanday o‘tkazish lozimligini tushuntirib berish” so‘ralgan.
Vazirlik 20 - avgustdagi javob xatida karantin sharoitida har qanday yig‘ilishlar taqiqlanganini bildirgan.
Shundan so‘ng 23 - sentabrda “Haqiqat va Taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasini tuzmoqchi bo‘layotgan guruh mamlakat prezidentiga murojaatnoma yo‘llab, davlat rahbaridan partiya tashkiliy qo‘mitasi yig‘ilishini o‘tkazishda yordam berishini so‘radi.
Xat mualliflari Prezidentga uning 2017 - yil, 27 - dekabrda aytgan “Men Prezident sifatida muxolifatga qarshi emasman, lekin u o‘zimizda shakllanishi uchun muhit yaratish kerak, toki u odamlar xalqning muammolarini bilsin, shu yerda suv ichib, shu yerda non yesin” degan so‘zlarini eslatgan.
“Haqiqat va Taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasi tashabbus guruhi rahbari Xidirnazar Allaqulov 29 - oktabrda Ozodlikka Prezident ma’muriyatidan hozircha javob bo‘lmaganini bildirdi.
O‘zbekistonda “siyosiy partiya” tushunchasi nimani anglatadi?
1996 - yilning 26 - dekabrida imzolangan “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi qonunda siyosiy partiyaga shunday ta’rif berilgan:
“Siyosiy partiya O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining qarashlar, manfaatlar va maqsadlar mushtarakligi asosida tuzilgan, davlat hokimiyati organlarini shakllantirishda jamiyat muayyan qismining siyosiy irodasini ro‘yobga chiqarishga intiluvchi hamda o‘z vakillari orqali davlat va jamoat ishlarini idora etishda qatnashuvchi ko‘ngilli birlashmasidir”.
24 yildan beri amal qilib kelayotgan qonunda siyosiy partiyalar faoliyatining huquqiy asoslari, ular faoliyatining kafolatlari, siyosiy partiyani tuzish va uni ro‘yxatga olish tartibi va boshqa bir qator masalalar tartibi belgilab qo‘yilgan.
Biroq Ozodlik bilan suhbatda o‘zbekistonlik ikki huquqshunos, aynan shu qonun yangi siyosiy partiya tuzish yo‘lidagi aososiy g‘ov 'ekanini ta’kidlashdi.
Qonundagi to‘siqlar
O‘zbekistonlik huquqshunos Ruhiddin Komilov qonunning 6- moddasiga e’tibor qaratadi:
"Siyosiy partiya tuzish tashabbuskorlari kamida ellik kishidan iborat bo‘lishi, ular partiya ta’sis hujjatlarini tayyorlash, a’zolar tarkibini shakllantirish hamda ta’sis syezdi yoki konferensiyasini chaqirish bo‘yicha tashkiliy qo‘mitani tuzishlari lozim.
Tashkiliy qo‘mita o‘zi tuzilgan kundan boshlab yetti kunlik muddatdan kechiktirmay O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga o‘z tashabbusi, qo‘mitaning tarkibi, rahbari (yetakchisi), joylashgan manzili hamda ta’sis syezdi yoki konferensiyasi chaqiriladigan sanani yozma ravishda xabar qilishi lozim.
Tashkiliy qo‘mita tuzilgan kundan boshlab uzog‘i bilan uch oy faoliyat ko‘rsatish huquqiga egadir. Siyosiy partiya ta’sis s’ezdida yoki konferensiyasida tuziladi.
Ta’sis syezdi yoki konferensiyasi partiya ustavi va dasturini qabul qiladi, uning saylab qo‘yiladigan organlarini tuzadi"
Qonunning aynan shu talablarini sharhlar ekan, Ruhiddin Komilov bunday dedi:
“Siyosiy partiyalarni tuzishdagi barcha muammolar shu yerdan boshlanadi. Avvalambor, kamida 50 kishidan iborat tashabbuskorlarni yig‘ish, qanday va qayerda yig‘ish birlamchi ulkan muammodir. Qandaydir amaldorlar kelib, taqiqlangan yig‘ilish uchun javobgarlikka tortish bilan qo‘rqitishi, yig‘ilishga yo‘l qo‘ymasligi, imkon bermasligi, tarqatib yuborishi hech gap emas”.
Huquqshunos Ruhiddin Komilov Ozodlik bilan suhbatda yangi partiya tuzish va uni ro‘yxatdan o‘tkazishni murakkablashtiradigan yana bir necha jihatga to‘xtaldi.
O‘zbekistonlik yana bir yurist, “Xalq manfaatlari” partiyasini tuzish tashabbuschilaridan biri Jur’at Tojiyev qonun talablarini tanqid qilar ekan, bunday dedi:
“Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi qonun o‘zbek demokratiyasining oldidagi eng katta to‘siqdir. Avvalo miqdor senzi, ya’ni favqulodda ko‘p - 20 000 imzo imzo yig‘ish talab qilinadi.
Qiyoslash uchun: Qozogistonda 1000 ta xolos. Ya‘ni 1000 ta imzo bilan partiya tuzish mumkin. Tashkiliy qo‘mita a’zolari soni bizda kamida 50 kishi bo‘lishi kerak ,deyilgan. Qozoq qardoshlarimizda esa bu miqdor 10 tani tashkil etadi. Yana bir cheklov bu - vaqt senzi. Ya’ni qonunimiz aytyaptiki, tashkiliy qo‘mita tuzilganidan boshlab bir oy ichida tegishli hujjatlarni va 20 000 ta imzoni topshirish shart. Endi bir oy ichida 20 000 to‘plashni tasavvur qilavering!”
Adliya vazirligi nima dedi?
Vazirlik Axborot xizmati “Haqiqat va Taraqqiyot” partiyasi bilan yozishmalardan xabarsizligi, partiya tuzish masalalari bo‘yicha Nodavlat va notijorat tashkilotlar bo‘limiga murojaat qilishni tavsiya qilish bilan cheklandi. Tilga olingan bo‘lim telefonini ko‘targan xodim esa, Ozodlik savollarini eshitib, hamkasbi bilan ulab berishni va’da qildi. Va’da ortidanoq aloqa uzildi va keyingi qo‘ng‘iroqlarga hech kim javob bermadi.
Qo‘shnilarda qanday?
Qirg‘iziston Respublikasining “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, siyosiy partiya 10 kishidan iborat guruh tashabbusiga ko‘ra tuzilishi mumkin.
Qozog‘iston Respublikasining “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi qonuniga binoan, 1000 kishidan kam bo‘lmagan fuqarolar tashabbusiga ko‘ra siyosiy partiya tuzish mumkin. Buning uchun 10 kishidan kam bo‘lmagan tashkiliy qo‘mita tuziladi.
Tojikiston Respublikasining “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi qonuniga binoan, partiyani ro‘yxatga olish uchun kamida 1000 kishi ishtiroki ko‘zda tutiladi.
Turkmaniston Respublikasining “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi qonuniga binoan siyosiy partiya tashkil etish uchun 9 kishidan kam bo‘lmagan tashkiliy qo‘mita tuziladi.
Bu ma’lumotlarni Ozodlik bilan o‘rtoqlashgan huquqshunos Ruhiddin Komilov qonunlarni amalda liberallashtirish vaqti kelganini urg‘ulaydi.
“Barcha qardosh respublikalarda siyosiy partiyalarni ro‘yxatga olishning soddalashtirilgan shakli mavjud bo‘lib, bizdagiga o‘xshab 50 kishidan iborat tashabbuskor guruhning ham, 20 000 imzoning ham keragi yo‘q. Hayotni, qonunlarni liberallashtiramiz, deya baqirgandan, qichqirgandan ko‘ra, chindan ham liberallashtirsak, maqsadga muvofiq bo‘larmidi? Modomiki, sog‘lom raqobat taraqqiyot asosi ekan, nima uchun siyosatda shunday bo‘lishi mumkin emas?”
O‘zbekistondagi tan olingan partiyalar
Shu kunda O‘zbekistonda rasmiy tan olingan va vakillari Oliy Majlisdan joy olgan 5 ta siyosiy partiya bor:
- O‘zXDP / O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi;
- O‘ZLiDeP / O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi;
- O‘zMTDP / O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi;
- “Adolat” SDP / O‘zbekiston Adolat sotsial demokratik partiyasi;
- Ekopartiya / O‘zbekiston ekologik partiyasi.
Quvg‘indagi partiyalar
O‘zbekiston mustaqillikka erishishi arafasida tuzilgan va mustaqillikning ilk oylarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Birlik” xalq harakati va “Erk” partiyalari liderlari Islom Karimov davrida mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan.
Ularning Vatanga qaytishiga hanuzgacha izn berilmagan.
Mirziyoyev hukumati xorijdagi muxolifat mansublarining siyosiy muloqot va islohotlarni boshlash chaqiriqlarini javobsiz qoldirgan.
O‘tgan yil dekabridagi parlament saylovlarini kuzatgan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti kuzatuvchilar missiyasi ovoz berish jarayonlari Karimov davridagidan erkinroq o‘tgani, ammo saylov tizimidagi o‘zgarishlar muxolifatning o‘rnini to‘ldira olmaganini aytgan.
Konstitutsiyaga muvofiq 2021 - yilda O‘zbekistonda prezident saylovlari bo‘lib o‘tishi kerak, ammo saylovlarning sanasi hanuz e’lon qilinmadi.
Shu yil mayida O‘zbekistonda prezident va parlament saylovi o‘tkazish sanasini dekabr oyidan mart oyiga ko‘chirishga doir prezident farmoni loyihasi e’lon qilingandi.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga 20 - may kuni joylashtirilgan “O‘zbekiston milliy saylov tizimini yanada demokratlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni loyihasining muhokamasi rasman 4 - iyunda nihoyasiga yetdi.
Uning qachon qabul qilinishi va kelgusi yil o‘tishi kutilayotgan prezident saylovlariga qanday ta’sir qilishi ma’lum emas.