Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:40

Bloger: DXX xodimi postlarimni e’lon qilishdan oldin unga ko‘rsatishimni talab qilmoqda


26 - oktabr kuni Feysbukda o‘zbek maxsus xizmatlari - DXX bilan bog‘liq ikki videopost e’lon qilindi.

Farg‘onalik taniqli bloger qariyb ikki yildan buyon “tegishli idora” xodimlari undan muntazam ravishda qayerga borayotgani, kimlar bilan gaplashayotganini surishtiraverib, charchatganidan shikoyat qildi.

Andijonlik mehnat migranti esa, Moskvadan Toshkentga uchib kelganida, qo‘lida Bosh prokuraturaning uni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish to‘g‘risidagi qarori bo‘lishiga qaramay, DXX xodimlari to‘rt soat ushlab turgani, telefoni va bir necha kitobini olib qo‘yganini ma’lum qildi.

"Tilimni kesmoqchimisizlar?.."

Feysbukda 21 mingdan ortiq folloveriga ega taniqli bloger Dima Qayum 26 - oktabrda e’lon qilgan videopostida Rishtondagi o‘zi asos solgan xalq kutubxonasida noqonuniy kitoblar yo‘qligi va qonunlarni buzmayotganini urg‘uladi.

Men Dilshod Boltaboyev (Dima Qayumning rasmiy ismi – tahr.) Farg‘ona viloyati Rishton tumanida yashayman. Men Yurtni, shu Yurt fuqarolarini sevaman! Tanqidiy postlarimni faqat yurt rivojlanishini xohlab yozaman! Prezidentimiz ko‘p bora tanqid qilinglar, keyin rivojlanish bo‘ladi degan gaplariga ishonaman! Yurtdan qochib ketish niyatim yo‘q! Ehsonlar hisobotini berib boryapman! Kimlardandir pul kelmaydi menga! Kutubxonamda noqonuniy kitoblar yo‘q! Qonunni buzsam javobgarlikka o‘zim boraman! Yo‘qotadigan hech narsam yo‘q!”

Bloger 5 daqiqalik videopostidaBitta qishloqdan soxta emas haqiqiy VATANPARVAR CHIQSA CHIQIBDI SHUNIYAM TILINI KESMOQCHIMISIZLAR! 2 yildan beri shu ahvola?!”, deya xitob qiladi.

Ozodlik 27 - oktabr kuni Dima Qayum bilan bog‘lanib, gap qaysi idora haqida ketayotgani, undan nima talab qilinayotganini so‘radi.

“Tumanimiz xavfsizlik xizmatiga yangi xodimi kelgan edi. Suhbatlashdik. U ketib, yaqinda yana yangi bo‘ldi. Oilam, farzandlarimgacha, nuqta-verguligacha so‘rashdi. Hammasini aytib berdim. Postlaringizni bizning nazoratimizdan o‘tganidan keyin e’lon qilsangiz yaxshi bo‘lardi, deyishdi”, - dedi Dima Qayum.

Feysbukning o‘zbek segmentida avvaliga er-xotin, kuyov-qaynona munosabatlariga oid hajviy postlari bilan tanilgan rishtonlik bloger keyinroq dolzarb ijtimoiy muammolarni ko‘tara boshladi. O‘z postlarida Dima Qayum nafaqat o‘zi yashayotgan Rishton tumani, balki butun O‘zbekiston uchun xarakterli bo‘lgan, hech kimga sir bo‘lmagan muammolar - yonilg‘iyu yoqilg‘i, elektr quvvati taqchilligi haqida yozadi.

Mana bu Dima Qayumning bugungi (27 - oktabr) posti:

“Taksi narxi 2 barobar oshadi degani! Tadbirkor solig‘ini to‘layapti, ish o‘rni yaratmoqda, undan ko‘ra gaz konidan ko‘proq so‘rang! Yana turna qator mashinalar ur-yiqit... eh!”

Bu post Andijondagi avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari soat 16:00 dan keyin ishlamaydigan bo‘lgani to‘g‘risida mahalliy nashrlarning xabariga blogerning reaksiyasidir.

“Agar jinoyat qilsam, idoraga chaqirishmasayam boraveraman, lekin mening satirik postlarim jinoyat emas, shuning uchun ularni e’lon qilishni davom ettiraveraman”, dedi Dima Qayum.

Pasport nazoratidan DXX xonasiga

Bloger Dima Qayum o‘ziga DXX xodimlari tomonidan bosim bo‘layotgani to‘g‘risida videopost e’lon qilgan kuni andijonlik mehnat muhojiri Havasbek Alijonov ham Feysbukda videopost joylashtirdi. Unda muallif 17 - oktabr tunida, ertalab 3 bilan 4 o‘rtasida Moskvadan Toshkentga uchib kelgani, pasport nazoratida uning “qora ro‘yxat”da ekanligi ma’lum bo‘lgani, shundan so‘ng uni DXX xodimlari 4 soat atrofida so‘roq qilishga uringani haqida so‘z boradi. Voqea Havasbekka tegishli telefon hamda bir necha kitobning “ekspertiza uchun” olib qo‘yilishi bilan yakun topgan.

26 - oktabrda e’lon qilgan postida Havasbek oradan 9 kun o‘tsa ham undan olib qo‘yilgan narsalar qaytarilmaganini aytgan.

Bir qarashda, pasport nazoratidan o‘tayotgan kishini, agar u shubhali shaxslar ro‘yxatiga kiritilgani aniqlanib qolsa, xavfsizlik kuchlari tekshirib ko‘rishi tabiiydek ko‘rinadi.

Biroq Havasbek Alijonovning qo‘lida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining xati bo‘lib, unda terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi 2020 -yilning 15 - yanvarida Havasbek Alijonovni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish to‘g‘risida xulosa chiqargani aytilgan.

Havasbek Adijonovning jinoiy javobgarlikdan ozod qilingani to‘g‘risidagi hujjat
Havasbek Adijonovning jinoiy javobgarlikdan ozod qilingani to‘g‘risidagi hujjat

Havasbek Alijonovning aytishicha, 17 - oktabr tunida aeroportda 4 soat ushlab turgan DXX xodimlari uning qo‘lidagi hujjatga "qarab ham qo‘ymagan".

Havasbek Alijonov masalaning yana bir qiziq jihatini ochiqladi. Ma’lum bo‘lishicha, jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi bilanoq vatanga otlangan Havasbek koronavirus tufayli Moskvada qolib ketgan va oktabrgacha O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi unga “Vatanga qaytish sertifikati”ni uch marta bepul yangilab bergan.

Bu holat, ya’ni bir fuqaroga davlatning turli idoralari turlicha munosabatda bo‘layotgani jurnalist Bobomurod Abdullayevning ishida ham ko‘ringan edi: bir tomondan Prezident ma’muriyati unga uch xonali kvartira sovg‘a qildi, ikkinchi tomondan, DXX tergovchisi unga qamab qo‘yish bilan tahdid qildi, advokatini haqoratladi.

Nega bloger Dima Qayum ikki yildan buyon DXX xodimlari bosimi ostida yashamoqda? Nega Respublika idoralararo komissiyasi jinoiy javobgarlikdan ozod qilgan Havasbek Alijonov aeroportda 4 soat ushlab turildi, unga tegishli ashyolar olib qo‘yildi? Axir ekstremistik tashkilotlarga adashib kirib qolganlar ishi yuzasidan xulosa beradigan Respublika idoralararo komissiyasiga DXX vakillari ham kirishi aniq-ku, nega bu xizmat o‘zi qo‘shilgan qarorga amal qilmaydi? Bu savollarning barchasi DXXga beriladigan savollar, biroq DXX jamoatchilik va matbuot uchun yopiqligicha qolmoqda.

AQShda yashayotgan taniqli jurnalist va sobiq deputat Jahongir Muhammadning aytishicha, Karimov o‘limidan 4 yil o‘tib, O‘zbekistonda hanuz so‘z erkinligi borasida aniq siyosat yo‘q.

Jahongir Muhammad
Jahongir Muhammad

"Inson huquqlari, so‘z erkinligi borasida O‘zbekistonda aniq bir siyosat yo‘q. Haliyam Karimov davridagi "telefon siyosati" amalda. Agar tepadan telefon bo‘lsa, har qanday jinoyatchi oqlanadi, reabilitatsiya qilinadi, hatto tovon to‘lanadi, mansab beriladi, o‘lib qolsa, nomi abadiylashtiriladi. Agar tepaga yoqmasa, eng haqgo‘y bloger yoki oddiy shaxs tanqidi uchun kamsitiladi, tuhmatga uchraydi, tahqirlanadi, sudga tortiladi. "Tepa", "balandlik", "do‘nglik"dan pastga qarab qilinadigan ishora asosiy qonunga mutlaq zid bo‘lsa ham, so‘zsiz bajariladi. Buni quyidan tepaga o‘zaro bahonalar bilan "oqlash" ham mumkin bo‘ladi. Belarus, Qirg‘iziston va hokazolar misolida. Toki Karimov davriga siyosiy baho berillmas ekan, bu ishlar davom etaveradi. Buni tashi demokratiya, ichi diktatura deb ham aytish mumkin”, - deydi Jahongir Muhammad.

XS
SM
MD
LG