Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:14

Olimlar: Yaqin kelajakda Arktikada yozda muz bo‘lmaydi


Shimoliy qutbda isish hozirgi sur’atda davom etsa, bir necha o‘n yil ichida yozda Arktikada umuman muz bo‘lmaydi. Arktika, 2020, sentabr
Shimoliy qutbda isish hozirgi sur’atda davom etsa, bir necha o‘n yil ichida yozda Arktikada umuman muz bo‘lmaydi. Arktika, 2020, sentabr

Yakuniga yetgan hafta boshida Shimoliy qutbga dunyodagi eng yirik ekspeditsiya bilan borgan tadqiqotchilar ortga qaytdi.

Olimlar o‘zlari bilan Shimoliy muz okeani o‘lib borayotgani hamda muzsiz o‘tayotgan yozlar haqidagi dalillarni olib qaytdi.

Alfred Vegener nomidagi Qutb va dengiz tadqiqotlari institutiga tegishli Polarstern kemasi Arktikada 389 kun bo‘ldi.

Bu muddat davomida olimlar global isishning mintaqaga ta’siri haqida ma’lumot to‘pladi.

Ekspeditsiya yetakchisi Markus Reks 20 davlatdan kelgan 100 dan oshiq olim global iqlimning Arktikaga ta’sirini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishga muvaffaq bo‘lishganini aytdi.

Professor Reks AFP agentligiga bergan intervyusida:

«Shimoliy muz okeani o‘lib borayotganiga guvoh bo‘ldik. Ushbu jarayonni derazamiz ortida, mo‘rt muz ustida yurganimizda ko‘rdik».

Professor yirik ko‘lamdagi muz erib ketgani uchun kema uzoq masofalarga suzishga muvaffaq bo‘lganini aytdi.

«Shimoliy qutbning o‘zida esa yemirilgan, eriyotgan, yupqa va mo‘rt muzni ko‘rdik», - dedi olim.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Shimoliy qutbda isish hozirgi sur’atda davom etsa, bir necha o‘n yil ichida yozda Arktikada umuman muz bo‘lmaydi.

MOSAIC nomi berilgan ekspeditsiya qatnashchilari bir yildan oshiq vaqt davomida mintaqadagi atmosfera, okean, dengiz muzi va ekosistema bo‘yicha ma’lumot to‘plagan.

Ekspeditsiya davomida kemadan 40 km radiusdagi masofada to‘rt kuzatish punkti tashkil etilgan.

165 million dollarga tushgan ekspeditsiya qatnashchilari 150 terabayt ma’lumot hamda 1000 dan oshiq muz namunalarini olib qaytishdi.

Olimlar bir yil davomida uzluksiz ravishda 100 dan oshiq parametrni qayd etib borishgan.

To‘plangan ma’lumotlarni to‘liq tahlil qilib chiqish uchun ikki yil vaqt kerak bo‘ladi.

Ushbu dalillar asosida mintaqada bundan 20, 50 va 100 yildan keyin issiqlik to‘lqinlari, yomg‘irlar va po‘rtanalar qanday bo‘lishi haqida taxminlar ishlab chiqiladi.

Tadqiqot qatnashchilari bir necha oyga cho‘zilgan qop-qorong‘i zulmatda va ayrim holatlarda -39,50C sovuqda ishlaganlar. Shuningdek, ular 20 ta oq ayiqni ko‘rishga muvaffaq bo‘lishgan.

XS
SM
MD
LG