Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:41

Buxoroda o‘qituvchilar terimchi yig‘ishga safarbar etildi


Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida o‘qituvchilar hokimning buyrug‘i bilan uyma-uy yurib paxta terimiga yaroqli bo‘lgan shaxslarni ro‘yxatga olmoqda.

Qorako‘l tumanidagi maktablardan birida ishlaydigan o‘qituvchi o‘z kasbiy ishi qolib, uyma-uy yurib, paxta terimiga odam yig‘ishga majburlanayotganini aytdi.

Muallimga ko‘ra, bu ishdan bosh tortishga harakat qilgan o‘qituvchilar ishdan haydalish, dars soatlarining qirqilishi va yo maoshlarining bir qismi ushlab qolinishi bilan qo‘rqitilgan.

O‘qituvchilarning bu jarayonga qaysi asosda jalb etilgani va bu ko‘rinish ne qadar keng tarqalganligi borasida Buxoro viloyat hokimligi va Xalq ta’limi bo‘limi rasmiylaridan izoh olib bo‘lmadi.

Ishdan haydalish xavfi bois ismini ochiqlamaslikni so‘ragan buxorolik muallimning Ozodlikka aytishicha, o‘zi ishlaydigan maktabdan 10 dan ziyod o‘qituvchi 16 - oktabrdan 10 kunga uyma-uy yurib, aholini ro‘yxatga olish ishiga jalb etilgan.

- Direktorimiz hammamizni chaqirtirib, viloyat hokimligida yig‘ilish bo‘lgani, shu yig‘ilishda xalq ta’limi boshqarmasiga shunday topshiriq berilganini aytdi. Shunga o‘n o‘qituvchi o‘n kunga ishga bormay shu ishni qilyapmiz, - deydi muallim.

Anonimlik asosida Ozodlikka gapirgan Buxoroning Qorako‘l tumanidagi boshqa maktab o‘qituvchilari ham bu kabi vazifa ularga yuklanganini tasdiqladilar.

Qorako‘llik maktab o‘qituvchisi bu haqda Ozodlikka shunday dedi:

- Buxoro paxta terimida orqada qolayotgan ekan. Shunga 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan ishsizlarni ro‘yxatini tuzyapmiz. Bizni maktabdan yetti o‘qituvchi chiqqanmiz. Har birimizga ko‘chalar bo‘lib berilgan. Tayyor bo‘sh anketa bor, ismi, pasport raqami, ishlaydimi yo‘qmi, nogironligi bormi yo‘qmi, shularni uylarga kirib to‘lg‘izdirip yuripmiz, - deydi muallim.

O‘qituvchilar ularga uylarga kirib to‘ldirish uchun berilgan anketa nusxasini Ozodlikka taqdim qilishdi.

Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida aholini ro‘yxatga olish anketasi.
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida aholini ro‘yxatga olish anketasi.

Anketada uni to‘ldiruvchi shaxsning ismi-sharifi, manzili, tug‘ilgan joyi, pasport yoki metrika raqami, ro‘yxatga olinganligi, qayerda ishlashi, qayerda o‘qishi, sinfi, nogironligiga oid ma’lumotlar so‘ralgan.

O‘qituvchilarning bu jarayonga qaysi asosda jalb etilgani va bu ko‘rinish ne qadar keng tarqalganligi borasida Buxoro viloyat hokimligi va Xalq ta’limi bo‘limi rasmiylarining ham izohini olishga kun bo‘yi harakat qildik, lekin urinishlarimiz hozircha besamar bo‘ldi.

O‘qituvchilarning ishsiz aholi ro‘yxatini tuzishga yoki kommunal to‘lovlarni undirishga jalb etilishi O‘zbekistonda birinchi marta bo‘layotgani yo‘q.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 may kuni qabul qilgan qarorida ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalari xodimlarini majburiy jamoat ishlariga bevosita yoki bilvosita jalb qilgan mansabdor shaxslarga nisbatan qat’iy intizomiy choralar qo‘llanilishi alohida qayd etilgan.

O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Shavkatovna Mirziyoyeva shu yil 16 - may kuni Facebook sahifasida qilgan bayonotida o‘quvchilar va o‘qituvchilarning majburiy mehnatga jalb etilishini "barkamol avlodni tarbiyalashda eng ko‘p tashvishga solayotgan besh muammoning biri" sifatida tilga olgan edi.

Davlat mulozimlari¸ xususan¸ hokimlar ham majburiy mehnat mavjudligini bir ovozdan rad etib turgan bir paytda¸ o‘qituvchi va shifokorlar ularning kasbiy faoliyatiga daxli bo‘lmagan ishlarga majburlanayotgani haqida Ozodlikka shikoyatlar kelishda davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG