Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:29

Xorazm: SES ishchilari paxtada - dezinfeksiyalash shifokorlar va aholi zimmasiga yuklandi


Shu paytgacha Xorazmda kundalik dezinfeksiyalash ishlarini viloyat Bandlik bosh boshqarmasi tarafidan yollangan 500 ga yaqin ishchi bajarib kelayotgan edi
Shu paytgacha Xorazmda kundalik dezinfeksiyalash ishlarini viloyat Bandlik bosh boshqarmasi tarafidan yollangan 500 ga yaqin ishchi bajarib kelayotgan edi

Xorazm viloyatida yollanma dezinfektorlar paxta terimiga jalb etilgani bois koronavirus o‘choqlari, karantinga olingan xonadonlar hamda muassasalarda kundalik dezinfeksiya ishlarini o‘tkazish tibbiyot xodimlari va aholi zimmasiga yuklatildi.

Viloyat bosh sanitar vrachining shahar va tuman tibbiyot birlashmalari xodimlariga 5 - oktabr kuni yo‘llagan xatida yollanma dezinfektorlar ajratilishi to‘xtatilgani sababli karantinga olingan xonadonarda joriy dezinfeksiyalash ishlarini o‘tkazishda muammo yuzaga kelgani, shu bois bu ishlarni endi tibbiyot xodimlari va aholi qilishi kerakligi aytilgan.

"Joriy yilning oktabr oyidan yollanma dezinfektorlar ajratish to‘xtatilganligi sababli karantinga olingan xonadonlarda joriy dezinfeksiya ishlarini o‘tkazishda muammolar yuzaga kelmoqda", deyiladi Xorzam viloyati bosh sanitar vrachi D. K. Sapayev imzosi bilan yo‘llangan xatda.

Xorazm viloyat sanitariya epidemiologiya nazorati boshqarmasi boshlig‘ining tumandagi bo‘lim rahbarlariga xati.
Xorazm viloyat sanitariya epidemiologiya nazorati boshqarmasi boshlig‘ining tumandagi bo‘lim rahbarlariga xati.

Shu paytgacha Xorazmda kundalik dezinfeksiyalash ishlarini viloyat Bandlik bosh boshqarmasi tarafidan yollangan 500 ga yaqin ishchi bajarib kelayotgan edi.

Xorazm viloyati Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi mulozimi 8 - oktabr kuni Ozodlik bilan suhbatda yollanma ishchilar 1 - oktabrdan paxtaga safarbar etilgani sabab kundalik dezinfeksiya ishlarini bajarishga odam yetishmayotganini aytdi.

"Karantinga olingan joylar har kuni xlor bilan dezinfeksiyalab turilishi kerak. Bu ishni bajarish uchun 500ga yaqin dezinfektor jalb etilgan edi. 1 - oktabrdan ularni paxtaga olib ketishdi. Endi qiladigan odam yo‘qligi uchun aholini o‘zi bu ishlarni qilsin, bu ishlarni tibbiyot xodimlari nazorat qilsin, deyapmiz. Antiseptik vositalar, xlorni o‘zlarimiz beramiz", - deydi viloyat SEOMning ismi ochiqlanishini istamagan mulozimi.

Xorazmning Urganch tumanida yashovchi vrachlardan biri viloyat bosh sanitar vrachining ko‘rsatmasini "tibbiyot xodimlari ustidan kulish", deb atadi.

"Bosh sanitar vrachining xatida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining 2009 -yilda qabul qilgan qoida va me’yorlariga asosan, patronaj hamshiralar Covid bemorlarining uyiga borib, har kuni dezinfeksiya ishlarini qilishi kerak ekan. Ko‘chalardagi kunlik ishlarni aholini o‘zi qilishi kerak emish. Bu ishni qilmagan hudud hamshirasi yoki umumiy amaliyot vrachi 2019 - yildagi buyruq bo‘yicha jarimaga tortilar ekan. 2009 - yilgi buyruq bilan bular hozirgi koronavirusga qarshi choralarni belgilashyapti. Ustimizdan kulish bo‘lyapti. Respublika maxsus komissiyasining qarori qayerda qoldi? Axir Respublika maxsus komissiyasi qarorida dezinfeksiya ishlarini qilish Sanitariya-epidemiologiya nazorati bo‘limlari zimmasiga yuklangan-ku", deydi urganchlik shifokor.

Xorazm viloyati Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi mulozimi har bir tumanda dezinfektor xodimlar soni 5 nafardan ko‘p emasligi, bu esa yuzaga kelgan koronavirus o‘choqlarida keng ko‘lamli dezinfektsiya ishlarini amalga oshirish uchun kamligini aytadi.

"Har bir tumanda 30-40tadan yollanma dezinfektor ishlayotgandi. Hozir ular paxtaga olib ketilgani uchun bu ishlarni qilgani odam yetishmayapti", - deydi SEOM mulozimi.

2019 - yilda Sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmati Vazirlar Mahkamasi huziridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi etib qaytadan tashkil etilgan edi.

Tuzilma qayta tashkil etilishi asnosida 10 ming ish o‘rni qisqartirilgan.

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahar SEOM xodimi shtatlarning qisqartirilishi ortidan qolganlarning maoshi keskin tushib ketishi ham tizimdagi inqirozni kuchaytirganini aytadi.

“Hozir aholi uylarini bepul dezinfeksiya qil, deyishyapti, lekin bunga bizning zahiramiz yo‘q. Hozir bir yarim oy bo‘ldi, topgan pulimizni dori sepish apparatlari, maxsus kiyimlar sotib olishga sarflayapmiz. Vazirlik tomonidan berilgan mablag‘ esa, bitta bog‘chani dezinfeksiya qilishga ham yetmaydi”, deydi qashqadaryolik SEOM xodimi.

Ozodlik suhbatlashgan SEOM xodimlari paxta kampaniyasi bois koronavirusga qarshi kurash ikkinchi darajaga tushib qolayotganidan havotir bildirishdi.

O‘zbekistonda jami koronavirusga chalinganlar soni rasman 60 mingga yaqinlashgan. Bu raqamlar pnevmoniya holatlarini o‘z ichiga olmaydi.

Mahalliy matbuot rasmiy raqamlarni savol ostiga oladi.

XS
SM
MD
LG