Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:27

Tanzila Norboyeva: MIB ijroni keyinroqqa qo‘ysa ham bo‘lardi


Gulandom Dedabayevaning o‘zini yoqishiga IIB va MIB xodimlari qarshilik ko‘rsatmagan.
Gulandom Dedabayevaning o‘zini yoqishiga IIB va MIB xodimlari qarshilik ko‘rsatmagan.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva MIB ijrochilarining harakatiga norozilik bildirib o‘zini yoqqan namanganlik ayol voqeasiga munosabat bildirdi.

2 - oktabr kuni o‘tgan Senat majlisida Tanzila Norboyeva bu haqda gapirar ekan, “agar o‘sha yerning o‘zida ayol asabiylashib, jig‘ibiyron bo‘lib, yana turib olib haqqini talab qilavergan bo‘lsa MIB sabr-toqat qilib, qaytib ketib, ijroni keyinroqqa qo‘ysa ham bo‘lardi”, dedi.

Namanganliklar.uz saytida e’lon qilingan videolavhada Istiqbol MFY raisi Nodira Nazarova ayol ustiga benzin quyganidan so‘ng MIB xodimi Jobirxon Sobitxonovga ijroni to‘xtatishni talab qilganini, u esa harakatni davom ettirganini aytdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda bu voqeaga munosabat bildirayotganlarning aksariyati MIB xodimining harakati noqonuniy bo‘lganini yozishmoqda.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva Senat majlisida qilgan chiqishida, bu voqeaga shunday munosabat bildirdi:

“Bu holatni men mutlaqo qoralayman. Balkim bu o‘rinda ayol qaysidir ma’noda nohaqdir, Majburiy ijro byurosi to‘g‘ri talabni qo‘yayotgandir.Lekin shunda ham ayolning holatini ko‘rish mumkin edi. Masalan bunday gaplashayotganingizda ham kimdir charchab qolgan, kimdir asabiylashgan, baqirib o‘zini tutolmayotgan bo‘ladi, bu ham ayb emasku, salomatligida qandaydir muammo bo‘layotgan bo‘lishi mumkin.

Mana shunday holatda Majburiy ijro byurosi o‘zining ichki qarori bilan ijroni ma’lum bir muddat keyinroqqa surishi, ayol o‘ziga kelgach, yaqinlari orqali tushuntirib, so‘ngra yana shug‘ullanishi mumkin edi. Lekin qo‘pollik bilan mana shuni hozir qilasan deb, men bilmayman u holatni qanday bo‘lgan, agar o‘sha joyning o‘zida ayol o‘ziga benzin quygan bo‘lsa, demak o‘sha joyda MIBning xatosi bor degan fikrga bordim.

...Agar o‘sha yerning o‘zida ayol asabiylashib, jig‘ibiyron bo‘lib, yana turib olib, haqqini talab qilavergan bo‘lsa MIB sabr-toqat qilib, qaytib ketib, ijroni keyinroqqa qo‘ysa ham bo‘lardi”, dedi Tanzila Norboyeva.

Ozodlik 1 - oktabr kuni namanganlik ayolning o‘zini yoqib halok etgani haqidagi maqolasidan so‘ng, O‘zbekistondagi bir necha mahalliy telekanallar bu voqea haqida xabar berib, videolavhalar tayyorladi.

Ammo bu ko‘rsatuvlarda, eng asosiy masala, ayol ustiga benzin quyganidan so‘ng ham MIB ijro harakatini davom ettirgani, benzin quyilgandan to o‘t oldirguncha bo‘lgan oradagi vaqt - 13 minut davomida IIB xodimlari nega ayolni to‘xtatib qolmagani, balki hammasi tomoshabin bo‘lib turgani haqidagi holatga e’tibor qaratilmadi.

3 - oktabr kuni Namanganliklar.uz saytida e’lon qilingan videolavhada Istiqbol MFY raisi Nodira Nazarova ayol ustiga benzin quyganidan so‘ng MIB xodimi Jobirxon Sobitxonovga ijroni to‘xtatishni talab qilgani, lekin ijro to‘xtatilmagani, IIB profilaktika inspektori ham loqayd bo‘lganini aytadi:

“Ancha tortishuvlardan keyin Gulandom ichkaridan bir yarim litrlik baklajkada benzin olib chiqib ustiga quyib yubordi. Uchastkovoyga aytdim, bir narsa qiling desam, uning qo‘lida zajikalkasi bor hech narsa qilib bo‘lmaydi, dedi. Undan keyin men MIB xodimi Jobirxonga tushuntirdim, vaziyat jiddiylashib ketyapti, keling jarayonni to‘xtataylik, idoraga borib, bitta dalolatnoma qilaylik, juda bo‘lmasa ma’muriy jarimasini biz to‘lab beramiz, bo‘lmasa menga nisbatan qo‘llang, MFY raisi to‘sqinlik qildi, deb. Men qo‘rqib ketyapman, yangi ish boshlaganman desam, opa qo‘rqmang, bu bizni qo‘rqityapti, birinchi martasi emas, uydan chiqarmasam bo‘lmaydi, deb turib oldi”.

Bu videolavhada Namangan shahar MIB xodimi Jobirxon Sobitxonov MFY dalolatnomasi asosida ijroni to‘xtatish mumkin emas deydi:

“Mahalla fuqarolar yig‘ini dalolatnomasi ijroni to‘xtatishga asos bo‘la olmaydi”.

Shuningdek, Jobirxon Sobitxonov o‘sha kuni ikki nafar o‘t o‘chiruvchi ham bu tadbirda ishtirok etganini iddao qiladi.

Ammo ayol o‘ziga o‘t qo‘ygan videoda o‘t o‘chirish qurollari bo‘lgan xodimlar ko‘zga tashlanmaydi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining xabariga ko‘ra, Namangan shahar prokuraturasi O‘zbekiston Respublikasi JKning 103-moddasi(o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Bosh prokuratura xabarida shuningdek, jinoyat ishi bo‘yicha sudga oid tibbiy, sudga oid yong‘in texnikaviy va boshqa zaruriy ekspertizalar tayinlangani ma’lum qilinadi.

Xabarda aytilishicha, MIB Namangan shahar bo‘limi davlat ijrochisi va Namangan shahar IIO‘ FMB 2-sonli IIB HPG TP profilaktika inspektori harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvlari tayinlan.

Ozodlik voqea rivojini kuzatib boradi.

XS
SM
MD
LG