Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:35

Toshkent tumanidagi maktablarda hijobli va namozxon o‘quvchilar ro‘yxati tuzilmoqda


O‘zbekistonning boshqa tuman va shahar maktablarida ham dinga moyil o‘quvchilar ro‘yxati tuzilgani haqida Ozodlik xabar bergandi.
O‘zbekistonning boshqa tuman va shahar maktablarida ham dinga moyil o‘quvchilar ro‘yxati tuzilgani haqida Ozodlik xabar bergandi.

Toshkent viloyatining Toshkent tumanidagi o‘rta maktablarda o‘qituvchilar hijob o‘raydigan, juma namoziga boradigan o‘quvchilar hamda ularning ota-onalari ro‘yxatini tuzishga vazifalantirilgan.

Nusxasi Ozodlikka yetib kelgan va o‘qituvchilar to‘ldirishi kerak bo‘lgan so‘rovnomada maktabda o‘qiydigan ro‘molli qizlar va juma namoziga boradigan o‘g‘il bolalar, ularning ota-onalari ism-familiyalari, uy manzillari, ota-onalarining ish joyi haqida ma’lumot so‘ralgan.

Shuningdek, "ota-onasi chet elga ketgan o‘quvchilar" yoki "diniy ekstremistik oqimga moyilligi bor ota-onalar" uchun ham so‘rovnomada alohida kataklar ajratilgan.

Toshkent tumanidagi 12-son maktabning ismi ochiqlanmasligini so‘ragan o‘qituvchisi Ozodlik bilan suhbatda ro‘yxat yashirincha tuzilayotgani, ma’lumotlarni o‘quvchilar va ularning ota-onalariga bildirmasdan yig‘ib, tuman hokimligiga 2 - oktabr kuniga qadar berish topshirilganini aytdi.

Ozodlik Toshkent tumanidagi bir necha maktab bilan bog‘landi. Maktab mas’ullari ro‘yxat shahar hokimiyati buyrug‘i bilan tuzilayotganini aytishdi.

Maktablarda o‘quvchilar ro‘yxatga olinayotganidan xabar topgan ota-onalar bu holatni diniy qarash uchun ta’qib sifatida talqin etmoqda.

“Maqsad nima? Diniy qarashi uchun o‘quvchilarni ta’qib qilishmi? Vijdon erkinligi to‘g‘risidagi qonun qayerda qoldi?”, - deydi Toshkent tumanilik ota-onalardan biri.

Rasmiylar esa o‘quvchilarning turli ro‘yxatlarga kiritilishidan xavotirga o‘rin yo‘q, demoqda.

Toshkent tumani hokimligining yoshlar siyosati va ma’rifiy ishlar bo‘yicha bo‘limi mas’uli tuzilayotgan ro‘yxatlar borasida Ozodlikka bunday dedi:

- Buni xavotirli joyi yo‘q. Ro‘yxat faqat namoz o‘qishi yoki ro‘mol o‘rashiga qarab tuzilayotgani yo‘q. Ijtimoiy himoyaga muxtojmi? Kam ta’minlanganmi? Ota-onasi bormi yoki ajrashganmi? Bundan maqsad ularning tarbiyasini maktab, mahalla va ota-onalar hamkorligida samarali tashkil etish. Qolaversa, ularning turli noqonuniy diniy ekstremistik guruhlarga qo‘shilib ketishlari oldini olish, - deydi Toshkent tumani hokimligining ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mas’uli.

Bunday ro‘yxatlar O‘zbekistonning boshqa tuman va shahar maktablarida ham tuzilgani haqida Ozodlik avval xabar bergandi.

O‘zbekiston prezidentining 2019 - yil 4 - sentabr kuni 4437- soni bilan rasmiylashtirilgan maxfiy qarori asosida butun mamlakat bo‘ylab yangi maxsus ro‘yxatlar tuzilmoqda.

Bunday ro‘yxatlarni tuzish to‘g‘risida Ozodlik ixtiyoridagi mahfiy hujjatga ilova qilingan “Yo‘l xaritasi”da aniq topshiriqlar berilgan.

Ozodlikka turli shahar va tumanlardan kelayotgan xabarlar esa bu topshiriq bajarilayotganini bilvosita tasdiqlamoqda.

O‘zbekistonlik bloger Abbos Asad diniy qarashiga qarab ro‘yxatga olishlar mamlakat Konstitutsiyasiga zid ekanini aytadi:

-Odamni diniy qarashiga qarab ajratish bu Konstitutsiyaga, qolaversa Diniy erkinliklar haqidagi qonunga zid. Bu ro‘mol o‘rar ekan, bunisi soqol qo‘ygan, u juma namoziga borar ekan, deb ro‘yxatlar tuzish noto‘g‘i. Bu bilan bolalarimizni ajratib qo‘yyapmiz. Ularni ajratib, qaytanga, ekstrim yo‘llarga kiritib qo‘ymaymizmi? , - deydi Abbos Asad.

O‘zbekiston hukumat doiralarida diniy radikalizm belgisi sifatida ko‘riladigan hijobda yurish jamoat joylarida, jumladan, maktab va oliy ta’lim muassasalarida taqiqlangan.

Ikki yil avval O‘zbekistondagi barcha maktablarda yagona forma joriy qilingan edi.

XS
SM
MD
LG