Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:21

Xakerlar Belarusdagi 1000 politsiyachi shaxsiy ma’lumotini tarqatib yubordi (VIDEO)


Namoyishchini qo‘lga olayotgan politsiyachi, 30 - avgust, 2020
Namoyishchini qo‘lga olayotgan politsiyachi, 30 - avgust, 2020

Xakerlar guruhi prezident Aleksandr Lukashenko iste’fosini talab qilib, ommaviy aksiyalarga chiqqanlarga qarshi kuch qo‘llagan 1000 politsiya zobiti shaxsiy ma’lumotlarini Internetda tarqatib yubordi.

Muxolifat yangiliklarini yoritib kelayotgan Nexta Live guruhi o‘z Telegram kanalida hujum ortida turgan xakerlar bildiruvini e’lon qildi.

Unda «Qo‘lga olishlar davom etar ekan, ma’lumotlarni yirik ko‘lamda yoyinlashda davom etamiz», deyiladi.

Xakerlar qo‘lga kiritgan ma’lumotlar 19 - sentabr kuni Telegram kanallarda keng ulashildi.

Belarus Ichki ishlar vazirligi hukumat ma’lumotlarni sizdirgan shaxslar aniqlanishi va javobgarlikka tortilishini bildirdi.

Vazirlik matbuot kotibi Volga Chemodanova: «Ichki ishlar vazirligi idoralari qo‘lidagi kuchlar, resurslar va texnologiyalar Internetda shaxsiy ma’lumotlar tarqatilishiga mas’ul shaxslarning aksarini aniqlash imkonini beradi», dedi.

Internetda tarqatilgan ro‘yxatda 1 003 nafar politsiya xodimining ismi, familiyasi, otasi ismi, tug‘ilgan kuni, ishlayotgan bo‘limi, unvoni va lavozimi keltirilgan.

19 - sentabr kuni poytaxt Minskda bir necha ming ayol avtoritar prezident Lukashenko iste’fosini talab qilib navbatdagi norozilik aksiyasiga chiqqan edi.

Kun davomida qora formadagi politsiya xodimlari yuzlab namoyishchi ayolni qo‘lga oldi.

Politsiya namoyishchi ayollarni kuch ishlatib avtomobillarga mindirar ekan, ayollar «Uyat!» va «Biz unutmaymiz!» deya hayqirishdi.

Namoyishchilar qo‘lida muxolifat ramziga aylangan oq va qizil rangli bayroqlar bor edi.

«Vesna» inson huquqlari tashkiloti 19 - sentabr kuni bo‘lib o‘tgan aksiyada qatnashgan 300 dan oshiq odam qo‘lga olinganini bildirdi.

Bugun, 20 - sentabr kuni yana bir ommaviy norozilik aksiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

Minsk, 20 - sentyabr, 2020
Minsk, 20 - sentyabr, 2020

Mamlakat bo‘ylab rejalashtirilgan aksiyalar arafasida Minsk markaziga harbiy avtomobillar kiritildi.

Namoyishchilar Belarus Oliy sudi tomon, buning ortidan prezident Lukashenko rezidensiyasi tomon yurish qildilar.

Bugunga qadar minglab namoyishchi yuzini niqob, kaska yoki podshlemnik bilan yashirib olgan xavfsizlik kuchlari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Namoyishchilarga qarshi ko‘rilayotgan keskin choralar tufayli Yevropa Ittifoqi Lukashenko tuzumining yuqori lavozimli rasmiylariga qarshi sanksiya joriy qildi.

Lukashenko hokimiyatda qolishi uchun xavfsizlik kuchlarining unga sodiq qolishi muhim ahamiyat kasb etadi.

9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan saylovda Belarusni 26 yildan beri boshqarib kelayotgan Lukashenko g‘olib chiqqanini e’lon qilinganidan beri mamlakatda norozilik namoyishlari tinchimayapti.

Muxolifat saylov natijalarini soxtalashtirilganini aytib, Lukashenko iste’fosini hamda ochiq va adolatli saylovlar o‘tkazilishni talab qilmoqda.

XS
SM
MD
LG