Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:29

OzodTa’sir: “Qorako‘ldon” fermerlarning bug‘doy pulini to‘lay boshladi


Buxoro viloyat, Jondor tumani fermerlarining joriy yilning iyun oyida topshirgan bug‘doyi pulini “Qorako‘ldon” OAJ to‘lashni boshladi.

Buxorolik fermerlar bu haqda Ozodlikka shikoyat qilib, shartnoma muddatidan o‘tib ketgan bo‘lsa ham, korxona bug‘doy pulini tushirib bermayotganidan arz qilgan edi.

Jondor tumanidagi “Rajabov Ulug‘bek” fermer xo‘jaligi rahbari, 68 yashar To‘xtagul Sodiqovaning aytishicha, uning hisobiga bug‘doy puli kelib tushgan:

“Xudoga shukr, pul tushdi. Kecha “ximiya”ga, solyarkaga tashladim. Maqola chiqqandan keyin unisi kelib, bunisi kelib, fermerlardan xabar olib, qimirlab qolishdi. Men ham ularga aytdim, yetmish yoshga kirib sizlarning e’tiborsizliklaring uchun gapirish men uchun ham noqulay, albatta, lekin boshqa choramiz qolmagan edi. Sizlarga o‘n marta borsak ham tushirib bermadinglar. Mening shirin suvim yo‘q, zakandan suv tortib, dehqonchilik qilaman, odamga alam qiladi-da, mehnatni qilib aytgan bug‘doyini bozordan ikki baravar arzon narxda bersangu, o‘shani pulini ham bermasa”.

Jondorlik yana bir fermerning aytishicha, pul tushgandan so‘ng dala ishlari jonlanib ketgan:

“Mana, pul o‘tkazib solyarka oldik. Hozir bug‘doy ekish vaqtida. Men ham eski bug‘doyzorini shudgor qildim. O‘tgan yillar o‘z vaqtida bug‘doy pulini beraradi, bu yil nega bunday bo‘lib uch oyga cho‘zishdi, hayronman”.

Jondor tumanida 300dan ortiq g‘allachilik bilan shug‘ullanadigan fermer xo‘jaligi bor. Fermerlar iyun oyida bug‘doyni “Qorako‘ldon” OAJga topshirib bo‘lgan.

Shartnomaga binoan, “Qorako‘ldon” fermerlardan har bir kilogramm bug‘doyni 1550 so‘mdan sotib olgan. Bundan 15 foizi qo‘shimcha qiymat solig‘iga fermer hisobidan ushlab qolingan. Fermerga esa bir kilogramm bug‘doydan 1317 so‘m qolgan.

Fermerlarning aytishicha, bug‘doy o‘rimi mavsumida bozorda bir kilo bug‘doyning narxi 2500 so‘m bo‘lgan, ayni paytda esa 3500 so‘m.

Ayni paytda, andijonlik fermerlarning yozishicha, “Andijon don mahsulotlari” AJ ham ikki oylik shartnoma muddati tugaganiga ancha bo‘lganiga qaramay bug‘doy pulini bermay kelmoqda.

XS
SM
MD
LG