Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:30

Sardobani tiklashda qatnashgan quruvchilar oyliklarini ololmay sarson bo‘lmoqda (VIDEO)


Shu yilning may oyida Sardoba suv ombori yorilishi oqibatida yuzaga kelgan toshqindan Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanining 20 ta aholi yashash punktida joylashgan 6 mingga yaqin uy vayron bo‘lgandi.
Shu yilning may oyida Sardoba suv ombori yorilishi oqibatida yuzaga kelgan toshqindan Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanining 20 ta aholi yashash punktida joylashgan 6 mingga yaqin uy vayron bo‘lgandi.

Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida Sardoba suv ombori yorilishi oqibatida vayron bo‘lgan uylarni tiklashda qatnashgan yetmishdan ortiq quruvchi uch oylik maoshini ololmay sarson bo‘layotganliklarini aytishmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan quruvchilarga ko‘ra, ular Oqoltin tumanining Sadzin mahallasida yuzdan ortiq uyni tiklashda qatnashgan, ammo ularni ishga yollagan pudratchi shirkat "Nurafshon qurilish" MChJ maoshlarini bermagan.

Sirdaryo viloyat hokimligining Arxitektura va qurilish boshqarmasi mulozimiga ko‘ra, Oqoltin tumanining Sadzin mahallasidagi 130ta uyni tiklash ishlarini moliyalashni Toshkent shahar hokimligi o‘z zimmasiga olgan va "Nurafshon qurilish" MChJni pudratchi sifatida yollagan.

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan "Nurafshon qurilish" MChJning ismi ochiqlanmasligini istagan xodimlaridan biri Ozodlikka Toshkent shahar hokimligidan Sardobadagi qurilish ishlari uchun 120 million so‘mlik so‘nggi to‘lov kechikayotgani sabab ishchilarga maosh berolmayotganini aytdi.

Ammo, Toshkent shahar hokimligi matbut xizmatiga bog‘lanib bo‘lmayapti.

Hokimlik rasmiy saytida keltirilgan telefon raqamlariga Ozodlik 18 - sentabr kun davomida qo‘ng‘iroq qildi, telefonni hech kim ko‘tarmadi.

Nega Sardobadagi ishchilarga oyliklar to‘lanmayotgani haqida 14 - sentabr kuni hokimlik matbuot xizmati elektron pochtasiga jo‘natilgan savolga ham javob bo‘lmadi.

O‘zbekistonning turli viloyatlaridan shu yilning iyun oyida Sirdaryoga olib kelingan ishchilar Ozodlik bilan suhbatda ularni ishga yollagan "Nurafshon qurilish" MChJ oyliklarini bermaganini iddao qilishdi.

"Toshkent shahar hokimligiga qarashli qurilish shirkati ekan. 2 million so‘m oylik deganiga, hokimlik aldamas, deb ishonib ishladik. Bola-chaqani tashlab kelganmiz. Namangandan, Farg‘onadan, Surxondaryo, Qashqadaryodan ham bor bu yerda. Uch oy bo‘ldi, mana uylarni ham tikladik, ko‘chib o‘tishyapti odamlar, lekin hali bizga pul bergani yo‘q", - deydi ishchilardan biri.

Сардоба қурувчилари иш ҳақи берилмаганини айтишмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:28 0:00
Бевосита линк

Ishchilar ularni ishga yollagan shirkat bilan shartnoma imzolamaganliklari, og‘zaki aytilgan va’dalarga uchib ishlashga rozi bo‘lishganini aytishdi.

"Toshkent hokimiyatini odamlari ekan, aldamas, berishar deb ishongandik-da. Lekin, tuzukroq ovqat ham berishmadi. Yotarga joy ham berishmadi. Har kuni qovun bilan boqishdi. Beton plitalarni ustiga ko‘rpacha to‘shab yotibmiz. Endi ish haqimizni bersin, ketaylik uyimizga", deydi ishchilardan yana biri.

Ba’zi ishchilar Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi ularni ishga yollagan "Nurafshon qurilish" MChJ idorasiga 11 - sentabr kuni ish haqini talab qilib borishgan, lekin Ichki ishlar bo‘limi xodimlari ularni militsiya bo‘limiga olib ketgan.

- O‘sha kuni borganimizda kutib turinglar, boshliq keladi dedi. Keyin IIB xodimlari kelib, qo‘limizga naruchnik taqib, Yunusobod tuman IIBsiga olib ketdi. Bizni tartibbuzarga chiqarib, shtrafga tortishmoqchi bo‘lishdi. Keyin ahvolmizga achinib qo‘yib yuborishdi, - dedi ishchilardan biri.

Сардобада ишлаган қурувчилар ойлигини ололмаяпти
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:29 0:00

Endi ishchilar "peshona terisi"ni so‘rab prezident virtual qabulxonasiga arz qilganliklari, ammo qabulxonadan javob bo‘lmaganini aytishdi

"Boshqa choramiz qolmadi. Portalga yozdik. Chunki prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu ishlarni tepasida turibdilar, peshona terimizni so‘rayapmiz, shuncha ishlab uyga, bola-chaqani yoniga bir-ikki so‘m bilan borishimiz kerakku", - deydi ishchi.

Toshkent hokimligi javobgarmi?

Sirdaryo viloyat hokimligining Arxitektura va qurilish boshqarmasining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi Oqoltin tumanining Sadzin mahallasida suv toshqinidan vayron bo‘lgan 130ga yaqin uy tiklanib, egalariga topshirilayotganini aytdi.

Mulozimga ko‘ra, bu uylarni tiklash va qurilish ishlarini moliyalashni Toshkent shahar hokimligi o‘z zimmasiga olgan.

"Sadzindagi hamma uy Toshkent shahar hokimligi zimmasida. Ishchilar oyligi masalasi bo‘yicha ular javob berishi kerak", - dedi hokimlik mulozimi.

Sardobadagi uylarni tiklash uchun pudratchi etib yollangan "Nurafshon qurilish" MChJning Ozodlik suhbatlashgan xodimlari ham Sardobadagi qurilish ishlariga Toshkent shahar hokimligi homiylik qilgani, hokimlikdan 120 million so‘mlik so‘nggi to‘lov kechikayotgani sabab ishchilarga maosh ham kechikayotganini aytdi.

- Toshkent shahar hokimligi Yunusobod tuman hokimligiga shu 120 million so‘mni tushirib berishni tayinlagan. Yunusobod tumani hokimligidan ham bizga pul tushgani yo‘q. Pulni tushirib berishsa hammasiga beramiz, lekin tushgani yo‘q, - dedi "Nurafshon qurilish" MChJning ismi ochiqlanmasligini istagan xodimi.

Shirkat xodimiga ko‘ra, Oqoltin tumanidagi Sadzin mahallasidagi uylarni tiklashda ikki yuzdan ortiq quruvchi qatnashgan.

Ular orasida viloyatlardan kelgan "ko‘ngillilar" ham ishlagan.

- Bizni o‘zimizni quruvchilar bor edi, viloyatlardan olib kelingan ishchilar ularga yordamlashdi. Bundan tashqari ko‘ngillilar va uy egalari ham ishlagan u yerda, - deydi "Nurafshon qurilish" MChJ xodimi.

Toshkent shahar hokimligi Sadzin mahallasidagi uylarni tiklash uchun qurilish firmasiga hammasi bo‘lib qancha mablag‘ ajratgan?

Bu savolga shirkat xodimi javob berolmasligini aytdi.

Ozodlik ishchilar qanday shartlar asosida yollangani, ish haqi nega berilmayotgani yuzasidan Toshkent shahar hokimligi rasmiy saytidagi matbuot xizmati telefonlariga 18 - sentabr kun davomida qo‘ng‘iroq qildi, lekin telefonni hech kim ko‘tarmadi.

Matbuot xizmatiga to‘rt kun avval jo‘natilgan Ozodlik so‘roviga ham javob bo‘lmadi.

Sardoba suv omboridagi ofatdan ikki hafta o‘tib, 15 - may kuni mahalliy aholi bilan uchragan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev suv toshqini oqibatida zarar ko‘rgan uylar davlat tomonidan bepul ta’mirlab berilishini, uylari zararlangan odamlarning ilgarigi hovlilari ham o‘zlarida qolishini ma’lum qilgan edi.

– Ta’mirlanadigan uylar ham, yangi quriladiganlari ham davlat tomonidan bepul qurib-ta’mirlab beriladi. Odamlar yangi ko‘p qavatli uylarga va o‘zlarining ta’mirlangan hovli-joylariga 1 - sentabrgacha to‘liq ko‘chib o‘tishi mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, uylari zararlangan odamlarning ilgarigi hovlilari ham o‘zlarida qoladi, – degandi Mirziyoyev.

O‘zbekiston Qurilish vazirligi o‘shanda Sirdaryo viloyatidagi zarar yetgan 1773 uyni ta’mirlashga davlat hisobidan 123 milliard so‘m yo‘naltirilishini ma’lum qilgan.

Sardobadagi qurilish ishlariga tanlab olingan shirkatlar esa asosan Toshkent shahridagi qurilishlarda qatnashgan va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga aloqador, deb ko‘riladigan shirkatlardir.

O‘zbekiston Qurilish vazirligi rasmiylari muddat kamligi sababli quruvchi kompaniyalarni tanlashda tender o‘tkazilmaganini ma’lum qilgandi.

XS
SM
MD
LG