Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:49

COVID-19 yuqqan ayrim abituriyentlar yana test sinovida qatnasholmadi. DTM rasmiylari ular bu yil o‘qishdan qoldi, demoqda


Qo‘qonda kirish imtihoniga kelgan abituriyentlar tekshirilmoqda, 13 sentabr, 2020
Qo‘qonda kirish imtihoniga kelgan abituriyentlar tekshirilmoqda, 13 sentabr, 2020

Isitmasi yuqori bo‘lgani sababli kirish imtihoniga kiritilmagan abituriyentlar uchun 17 sentabr kuni alohida test sinovlari bo‘lib o‘tdi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, bu imtihonga o‘nlab talaba yana kirolmagan. Chunki, ularning aksari shifoxona yoki 14 kunlik karantinda qolmoqda.

Davlat test markazi (DTM) mulozimlariga ko‘ra, 17 sentabr kungi qo‘shimcha imtihon so‘nggisi edi, oliy ta’lim muassasalarida (OTM) 2020/2021 o‘quv yili uchun boshqa imtihon o‘tkazilmaydi.

DTMning hududiy bo‘limlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, koronavirusdan sog‘aymagani bois, bugungi imtihonga kirolmaganlar soni 20ga yaqin. Ammo, umuman pandemiya bois, imtihonda qatnasha olmaganlar soni minglabdir.

OTMga qabul bo‘yicha Davlat komissiyasidan bu borada hozircha biror ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

2 sentabrdan 13 sentabrga qadar davom etgan OTMga kirish imtihonlari paytida isitmasi 37.7 darajadan yuqori bo‘lib, sinovga kiritilmagan abituriyentlar uchun 17 sentabr kuni qo‘shimcha kirish imtihoni bo‘ldi.

Imtihonlar Toshkent shahri, viloyatlar va Qoraqalpog‘iston respublikasida maxsus ajratilgan maskanlarda bo‘lib o‘tdi.

Ana shu imtihonda qatnashishi kerak bo‘lgan jizzaxlik talabaning Ozodlikka yozishicha, u imtihonda ishtirok etolmagan.

Boisi, 6 kun avval - kirish imtihoniga kirayotgan paytda COVID-19 kasalligiga chalingani ma’lum bo‘lgan va davolanish uchun o‘z viloyatidagi karantin markaziga joylangan.

Hali sog‘aymagani, buning ustiga 14 kunlik karantin muddati tugamagani bois, u yana imtihonda qatnasha olmagan:

Ozodlikka Telegram tarmog‘i orqali jizzaxlik abiturientdan kelgan maktub
Ozodlikka Telegram tarmog‘i orqali jizzaxlik abiturientdan kelgan maktub

“Bizdan tuzalganlik haqida malumot olib keling deyishdi. Biz davolanish joyimizdan ma’lumotnoma so‘rasak, biz sizga javob bermaymiz, hali davolanishdasiz, ketsangiz ham o‘z hohishim bilan chiqib ketyapman, degan tilxat yozib berasiz deyishdi. Lekin bularning ham aytgani to‘g‘ri hazillashadigan kasallik emas, yotganimizga endigina 6 kun bo‘ldi. Shu xaqda DTM markazi bn aloqa qilib kasallarni holatiniyam o‘rganib boshqa kunga qilishsa”, deb yozdi abituriyent Ozodlikka 16 sentabr kuni yuborgan xatida. (Maktub tahrirsiz, lotindan kirilga o‘girilgan holda berildi - tahr.)

Ozodlikka bu yilgi test sinovlariga aynan COVID-19 kasaliga chalingani bois kira olmagan yana bir necha abituriyent murojaat qildi.

Murojaatlar mazmuniga ko‘ra, koronavirusga chalingani bois imtihonga qo‘yilmagan abituriyentlar uchun qo‘shimcha imtihon sanasi erta belgilangani - muammo bo‘lgan.

Ya’ni, koronavirus pandemiyasi bois mamlakatda joriy etilgan karantin tartibiga ko‘ra, COVID-19 ga chalingan bemorlar 14 kun davomida karantinda saqlanishi lozim va shundan so‘nggina ularga koronavirusdan tuzalgani, ayni paytda tanasida virus yo‘qligi haqida ma’lumotnoma berilishi mumkin.

DTM talablariga ko‘ra, 17 sentabr kungi qo‘shimcha imtihon paytida abituriyentlar shunday ma’lumotnomani taqdim qilishi shart bo‘ldi.

"Shu ma’lumotnomani taqdim qilgan abituriyentlar bugungi qo‘shimcha imtihonga kiritildi. Bugun kelolmaganlarga yana qo‘shimcha imtihon bo‘ladi, degan gap yo‘q. O‘zi shu imtihonlarni deb, hamma abituriyentlar uchun imtihon natijalari e’lon qilinmadi. Mana endi ertadan ma’lumotlar tekshiriladi va 24 sentabr kuni yakuniy natijalar chiqishi kutilyapti", dedi DTMning viloyatlardan biridagi vakili.

Bu yil kirish imtihonlari esa 2 sentabrdan 13 sentabrga qadar davom etdi. DMT bergan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, bu muddat davomida:

Qo‘qonda kirish imtihoniga kelgan abituriyentlar tekshirilmoqda, 13 sentabr, 2020
Qo‘qonda kirish imtihoniga kelgan abituriyentlar tekshirilmoqda, 13 sentabr, 2020

- 1 million 240 mingdan ortiq abituriyent imtihon topshirgan,

- 63 ming 580 nafar abituriyent turli sabablarga ko‘ra test sinovlarida ishtirok etmagan,

- 1 187 nafar abituriyent turli sabablarga ko‘ra test sinovlaridan chetlatilgan.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, imtihonda qatnasha olmagan abituriyentlardan 90 nafari tana harorati yuqori bo‘lgani uchun test sinovlariga kiritilmagan va ularga 17 sentabr kuni test topshirish imkoni berildi.

17 sentabr kuni, DTMning Navoiy, Qashqadaryo, Jizzax, Buxoro viloyatlaridagi bo‘limlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, yana o‘ndan ortiq abituriyent to‘liq davolanib ulgurmagani va karantin muddati bitmagani uchun bu imtihonda yana qatnasha olmagan.

DTM vakillari qo‘shimcha imtihon sanasi nega erta belgilanganini ochiqlay olmadi. Ularga ko‘ra, bu imtihon sanasi 2020/2021 o‘quv yilida OTMga qabul bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan.

Ozodlik Bosh vazir A. Aripov boshchiligidagi Davlat komissiyasidan bu borada izoh olish uchun Vazirlar Mahkamasi qabulxonasi, Ta’lim depatramenti va qator boshqa bo‘linmalariga takror-takror murojaat qildi, ammo savolga biror javob olishning imkoni bo‘lmadi.

Ayni paytda, Ozodlikning bu komissiyaga berish istagida bo‘lgan boshqa muhim savollari ham ochiq qolmoqda.

Misol uchun, 14 sentabr kungi bayonotida DTM rahbariyati, “turli sabablarga ko‘ra” kirish imtihonlarida qatnasha olmagan abituriyentlar jami soni 63 ming nafardan ortiq ekanini bildirgan.

Ozodlikka kelayotgan o‘nlab murojaatlar va DTMning qator viloyatlardagi vakillaridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, imtihonga kirolmaganlarning aksari karantin paytida aholi va transport harakati cheklangani bois, qo‘shni viloyat yoki davlatlar, olis xorijdan kelolmagan va bundaylar juda ko‘p.

Kirish imtihoni uchun ruxsatnoma olgan va aynan karantin paytida harakat cheklangani bois, imtihonga kelolmagan abituriyentlar aniq soni Ozodlikka ma’lum emas, DTM rahbariyati bunday statistikani taqdim qilmagan.

Viloyatlardan birida kirish imtihonlariga DTM vakili sifatida rahbarlik qilgan mulozimning Ozodlikka aytishicha, bundaylar soni juda ko‘p ekanligini tan oldi:

“Masalan, Rossiyadan vaqtida uchib kelgan, lekin Namanganda karantin zonaga olib borib tashlangan abituriyentlar bo‘ldi. Ular kirish imtihoniga kelolmadi. Shular orasida, imtihon uchun ishonchli vakili kelib, abituriyentning haqiqatda karantin zonada saqlanayotgani haqida hujjatlarni bizga taqdim qilganlarini qayta imtihonda qatnashadiganlar ro‘yxatga kiritdik. Ro‘yxatdagi hujjatlar ishchi guruh tomonidan ko‘rib chiqilib, bizga qaytarildi. Lekin, Davlat komissiyasi faqat koronavirusga chalingani hujjat bilan tasdiqlanganlarning qo‘shimcha imtihon topshirishiga ruxsat berdi, o‘shalardan 17 sentabr kuni imtihon oldik. Masalan, men ishlab turgan viloyatda 2 ming 200 abituriyent imtihonga qatnasha olmadi. Bugun bir talay spravka ko‘tarib, kelishdi, lekin kiritmadik", dedi ismini oshkor qilmayotganimiz mulozim Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Shu tariqa, DMT vakillari, bu yil koronavirus pandemiyasini deb imtihonda qatnasha olmagan yana minglab abituriyent bu yilgi o‘qishdan qolgani, ularga yana imkoniyat berish-bermaslikni faqat OTMga qabul bo‘yicha Davlat komissiyasi hal qilishini aytmoqda, komissiya esa bu borada hanuz biror ma’lumot bermadi.

XS
SM
MD
LG