Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:02

Prezident mehnat migratsiyasi tizimi yo‘nalishlarini belgiladi. Mutaxassislar xayron...


Xorijda 2,5 milliondan ziyod o‘zbekistonlik mehnat qilmoqda.
Xorijda 2,5 milliondan ziyod o‘zbekistonlik mehnat qilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 sentabrda “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Qaror imzolanishidan qariyb bir oy oldin - 17 avgustda Prezident raisligida shu masalaga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan, unda “xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi”ning 6 asosiy yo‘nalishi haqida so‘z bo‘lgan edi.

14 sentabrda imzolangan qarorga binoan O‘zbekistondan 2021 yildan xorijga ishlagani ketayotgan fuqarolar uchun majburiy kasbiy ta’lim tizimi yaratiladi, o‘zini o‘zi band qilganlar uchun belgilangan soliqlarni to‘lash hamda pensiya miqdorini hisoblash tartibi joriy etiladi.

Rossiyadagi migratsiya mutaxassislari tashqi mehnat migratsiyasi sohasida O‘zbekistonda joriy etilayotgan o‘zgarishlarga o‘z munosabatlarini bildirishdi.

Prezident Mirziyoyev imzolagan qarorda:

- mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga chiqib ketayotgan kam ta’minlangan oila a’zolariga mikroqarzlar berish;

- chet davlatlarda hujjatsiz, mablag‘siz murakkab ahvolga tushgan 10 mingga yaqin o‘zbekistonlikka 446 ming so‘mdan (taxm.40 doll) bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish;

- Rossiya, Qozog‘iston va Turkiyada mehnat qilayotgan fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatish uchun yuristlarni jalb etish, xususan Rossiya Federatsiyasida “Call-markaz” tashkil qilish;

- 2021 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekistonda Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining pasport-viza xizmati vakolatxonasini ochish hamda bu vakolatxonada ishga ruxsatnoma - patent berish xizmatini tashkillashtirish;

- 2021 yil 1 yanvarga qadar Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Yekaterinburg, Novosibirsk, Samara, Ufa, Chimkent va Istanbul shaharlarida vakolatxonalarini ochish;

- diplomatik va konsullik muassasalari hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonalari huzurida xorijdagi vatandoshlar, yirik ish beruvchilar hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga muntazam ravishda yordam ko‘rsatib kelayotganlar ishtirokida Maslahat kengashlarini tashkil etish nazarda tutilgan.

Shuningdek, 2021 yilning 1 yanvaridan O‘zbekistonda xorijga ishlashga ketayotgan migrantlar uchun majburiy kasbiy ta’lim tizimi kiritiladi.

Prezident imzolagan yangi hujjatda hozirda mavjud kasb ta’limiga yo‘naltirilgan markazlardan tashqari 13 ta “Ishga marhamat” monomarkazlari, 30 ta kasb-hunarga o‘qitish markazlari, 11 ta Toshkent shahri tumanlaridagi qisqa muddatli kasb-hunarga o‘qitish kurslari hamda 136 ta mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlari ishga solinishi belgilandi.

Xususan, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari uchun 13 kollej va 13 bilim yurti negizida xorij tillarini o‘qitish kurslari tashkil etiladi.

2020-21 o‘quv yilida bu kurslarda 74 ming odamga tahsil berish rejalashtirildi. Bu maqsadlarga O‘zbekiston hukumati 95 milliard so‘m pul ajratishi belgilandi.

Shuningdek, ushbu kurslarda yirik chet el ish beruvchi kompaniyalar va xususiy agentliklar talablariga muvofiq malakali mutaxassislar tayyorlanadi.

Qarorda aytilishicha, kurslarning o‘quv rejalari jumladan Rossiya, Turkiya, Yaponiya, BAA va boshqa davlatlarning yirik shirkatlari talablariga moslashtiriladi. O‘quv darslarini olib borishga O‘zbekiston Mehnat vazirligi mamlakatning eng ilg‘or bilim yurtlari o‘qituvchilari va xorijlik mutaxassislarni jalb etishi ko‘zda tutildi.

Undan tashqari, kelasi 2021 yilda respublikaning qator mintaqalarida “Ishga marhamat” monomarkazlarida qator ta’lim kurslari ishga tushiriladi. Xususan, Toshkentda “Yapon tili va kasbiy malakalar” test markazi, Farg‘onada payvandchilar maktabi, Gulistonda esa personalni o‘qitish ta’lim markazi ochilishi rejalashtirilgani aytilmoqda.

O‘zbekistonda migratsiya sohasida joriy etilayotgan yangi tartibga ko‘ra, 2021 yilning 1 yanvaridan legal mehnat qilayotgan migrantlar “o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlariga tenglashtiriladi” hamda ushbu shaxslarga “o‘zini o‘zi band qilganlar uchun belgilangan soliqlarni to‘lash hamda pensiya miqdorini hisoblash tartibi” qo‘llaniladi.

"Bunday tizim mutaxassislar muhokamasidan o‘tishi kerak!"

Migratsiya sohasi mutaxassislari ushbu tizimga qanday munosabatda? O‘zbekiston migratsiya sohasida joriy etayotgan bu tartiblar qanday natija berishi mumkin?

Ozodlik bu savollarni Rossiyada faoliyat yuritayotgan migratsiya sohasi mutaxassislariga berdi.

Tver shahri va viloyati O‘zbeklar milliy-madaniy markazi rahbari Abdukarim Otajonov taklif etilayotgan tizimni joriy qilishga hali erta, degan fikrni bildirdi.

- Hozir ishga borayotgan odamlarni tinch qo‘yib turish kerak, ularning halovatini buzishning nima keragi bor?! Navbatdagi loyihaparastlik va xomxayollik emasmikin bu? Bosh og‘rig‘i sababi - boshda do‘ppi yo‘qligida, uni sababini o‘rganish lozim. Bu masalalarni kim muhokama qildi, kimdan fikr so‘raldi!? Rus tilini kimlar o‘qitadi va 3 oyda til o‘rganish mumkinmikan? Bandlik agentliklari tashkil etilgan edi - hammasi korrupsiyaga botib, odamlarning sho‘rini quritib ketdiku. Ularni o‘rnini hokimliklar egallaydimi?

Masalan, 40 dollar berilyapti ekan: kim tarqatadi, bu pullar olingani va unga muhtojligini kim tekshiradi? Ular Rossiyada qancha odam borligini bilishmaydiku! Pandemiya paytida 100 dollardan pul berilibdi - kim oldi uni? Muhojirlar bu pullarga muhtoj ham emas. Har bir mehnat muhojiri sotsial nalog, tibbiy nalog, nafaqa jamg‘armasiga ish beruvchi to‘layapti, ishlovchi esa alohida to‘layapti - patent chekini, nafaqani, ijtimoiy soliqni va yana bir balolarni to‘layapti. Unga O‘zbekistonda ham soliq solishsa muhojirga bo‘lgan bosimku. Shu sababdan ular uchastkovoyga, politsiyaga, GAIga pul berib, nelegal bo‘lib yurishga majbur. Istagan davlat noziri bechora muhojirlarning qo‘lidagi puliga sherik bo‘lib turibdi. O‘zbekiston hukumati millionlab odamlarning xorijda o‘z nonini topib yurganiga katta shukur qilishi kerak!

Migrant.mobi portali asoschisi, migratsiya sohasi yuristi Botirjon Shermuhammad joriy etilishi e’lon qilingan tizim ko‘plab savollarni tug‘dirmoqda, deydi:

- Rossiyada “samozanyatiy”, ya’ni o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar olgan daromadidan soliq to‘laydi. Bu patent sistemasi emasku - “ishlasang ham, ishlamasang ham to‘laysan” degani uchun. Ular migrantning topgan daromadidan soliqni qanday hisoblamoqchi, nimadan kelib chiqadi? Qarorda ko‘p narsalar “qilamiz” deyilgan - yuristlarga beramiz, onlayn platforma va “Call-markaz” tuzamiz - juda ko‘p narsa aytib o‘tilgan! Lekin uni amalga oshirish mexanizmi umuman yo‘q! Ko‘p farmonlar , oldin chiqqan narsalar qaytarilayapti. Bunaqa katta masalada bir-ikki oy tayyorgarlik ko‘rib, mutaxassislarni yig‘ib, ekspertiza qilib, olib chiqilmaydimi?! Shoshma-shosharlik bilan bo‘layotgan ishlarga o‘xshaydi. Bu takliflar hammasi yaxshi, to‘g‘ri, lekin vakolatxonalar 4 yil oldin ochilishi aytilgan edi. O‘tgan yili bolalar yonib ketganida Qozog‘iston yo‘lida vakolatxona ochish, avtobuslarni yo‘lga qo‘yish, kreditlarni berish ko‘tarilgandi. Birorta davlat avtobusini ko‘rdingizmi siz shu paytgacha? Prezident farmonlarini amalga oshirishga 2-3 yil kamida ketyapti.

Pul tarqatish masalasida... Bor pullarni tarqata olmayaptiku! Masalan, “Mehr.rf”dagi pullar turibdi tarqatilmasdan. Meni taklifim - har bir davlat tashkiloti qoshida bitta jamoat kengashi bo‘lishi kerak. Jamoatchilik vakillari va mutaxassislardan iborat. Prezident farmoni chiqmasidan oldin “Mana bu tartib ishlaydimi yo‘qmi? Tekshirib beringlar!” deb so‘ralmaydimi?!

Ayni damda, Rossiya Ichki ishlar vazirligi Rossiyaga ishlashga kelayotgan muhojirlar daromadiga avans solig‘ini solish taklifi bilan chiqdi. “Novosti” agentligi xabaricha, mehnat muhojirlaridan Rossiyaga kirishda barmoq izlari olinadi va ularning har biri ID-kartalar bilan ta’minlanadi.

O‘zbekiston Mehnat vazirligi rasmiy xabariga ko‘ra, mamlakatning 2,5 million aholisi mehnat migratsiyasida, ularning 2 millioni - Rossiyada. Rasmiy ma’lumotlarga binoan, Rossiyada ishlayotgan migrantlar soni bo‘yicha o‘zbekistonlik mehnat migrantlari ko‘p yillardan beri birinchilikni egallab kelmoqda.

O‘zbekiston Markaziy banki 2020 yilning birinchi 8 oyi davomida O‘zbekistonga xorijdan 3,7 milliard dollar miqdorida mablag‘ o‘tkazilganini ochiqladi.

XS
SM
MD
LG