Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:25

Yakkabog‘da uch bola otasi, onasi va MIBchilar o‘rtasida sarson bo‘lmoqda. MIB bolalarni majburlab ikki marta otasidan onasiga olib berdi


Yakkabog‘ tumani MIB binosida 8 sentabr kuni tasvirga tushirilgan videodan olingan surat: 3 bola sud qarori bilan ota qaramog‘idan onasiga berilmoqda.
Yakkabog‘ tumani MIB binosida 8 sentabr kuni tasvirga tushirilgan videodan olingan surat: 3 bola sud qarori bilan ota qaramog‘idan onasiga berilmoqda.

Qashqadaryo viloyat, Yakkabog‘ tuman Majburiy ijrosi byurosi (MIB) xodimlari voyaga yetmagan uch bolani ularning ixtiyoriga qarshi ikki marta otasidan onasiga olib berdi.

Bu ikki jarayon aks etgan videoda uch bolaning ruhiy bosim va jismoniy kuch qo‘llanib, tomonlardan biriga olib berilayotgani aks etgan.

MIB rahbariyati Yakkabog‘dagi holatda majburiy ijro xodimlari harakati bolalarga ruhiy zarba bo‘lganini tan oldi, ammo ular sud qarorini bajarishga majburligini ta’kidladi.

Bolalar yashaydigan mahalla raisi, Yakkabog‘ tuman Vasiylik va homiylik organi vakillari, bunday holatlarda MIB tomonidan sudning "adolatsiz qarori" ijrosini kechiktirish yoki to‘xtatish mexanizmi yo‘qligini, shu bois, nizoli oilalarda talash bo‘layotgan bolalar odatda mutlaqo himoyasiz qolib ketayotganini aytishdi.

Videoyozuv

Yakkabog‘ tuman Majburiy ijro byurosi xodimlari tomonidan 3 voyaga yetmagan bolaning zo‘rlik bilan onasiga olib berilayotgani aks etgan video Ozodlikka Zoir Mirzayev – bolalarning otasidan 16 sentabr kuni keldi.

Videoda ushbu holat aks etgan:

Uvvos solib yig‘layotgan 3 bola keksa ayolning pinjiga suqilib olgan, ularni ikki erkak va bir ayol keksa ayolning qo‘lidan majburlab olishga urinadi.

Bu holatni bir erkak kishi kadr ortida turib tasvirga oladi. Keksa ayol va kadr ortidagi erkak: “Bolalarni majburlamaymiz, deb so‘z bergandingiz. Nega majburlab, olib beryapsiz? Majburlamang, bolalarni majburlamang!” deb takror-takror aytadi.

Bolalar esa keksa ayol va videoni olayotgan erkakka qarab: “Bizni olib ketishmasin!” deb yig‘laydi. Ikki erkak va bir ayol esa: “Biz sudning hukmini bajarishga majburmiz, ishimizni bajarishimizga to‘sqinlik qilmanglar, iltimos!” deya takrorlaydi.

Bu dahanaki tortishuvlar birpasda baqir-chaqirga aylanadi va oqibatda 3 boladan kichigini qarshi tarafdagi bir ayol kuch bilan tortib olib, ko‘tarib olib ketadi.

Bolalardan kattasi esa baqirib yig‘laganicha videoni olayotgan erkak tomonga qochib keladi, o‘rtanchasi sud hukmini bajarishga majburligini aytgan erkakning qo‘lida qolib ketadi.

Ozodlikka bu videoni taqdim qilgan Z. Mirzayevning aytishicha, videoni tasvirga olgan erkak uning akasi, bolalarni pinjida saqlagan keksa ayol esa onasi – bolalarning buvisidir. Bolalarni olishga uringan ikki erkak va bir ayol MIB xodimlaridir.

Ozodlik bilan suhbatda Mirzayev, videoda aks etgan hodisa 8 sentabr kuni MIB binosida bo‘lganini aytdi. Mirzayevning aytishicha, hodisa paytda u MIB binosida bo‘lmagan.

Sud hukmi

Majburiy ijro byurosi xodimlari, Z. Mirzayevning Ozodlikka aytishicha, 8 sentabr kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tumanlararo sudining shu yil 19 mayda chiqarilgan hukmini bajargan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tumanlararo sudining shu yil 19 mayda chiqarilgan hukmidan nusxa.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tumanlararo sudining shu yil 19 mayda chiqarilgan hukmidan nusxa.

Ushbu hukmda ota-ona oilaviy kelishmovchilik ortidan 2018 yilda ajrashgani va 3 bola - To‘raqulov Asilbek Zoir o‘g‘li, To‘raqulova Aziza Zoir qizi, To‘raqulov Asadbek Zoir o‘g‘lini onasi Muhabbat Fayziyevada qoldirishga qaror qilingani aytilgan.

Zoir Mirzayevning iddao qilishicha, bolalarning uchalasi ham otasi bilan qolishni istaydi va xotini bilan ajrashganidan keyin – 2018 yilning dekabridan beri u bilan birga yashamoqda.

Otaning iddaosi

Ozodlik bilan suhbatda Z. Mirzayev MIB ijrochilari tuman sudi qarori bilan bolalarni ikki bora onasiga olib berishgani, ikkala gal ham u bolalarni qaytarib olib kelganini aytdi:

“Agar bolalarim o‘zlari rozi bo‘lib, onam bilan yashayman, desa men bunga qarshilik qilmasdim, lekin bular ketishni hohlamayapti. Sudning hukmi bilan ularni majburlab, yig‘latib, ikki marta onasiga olib berishdi. Birinchi safar, men ularni Toshkentdagi bitta ijara uydan topib, qaytarib olib keldim. Ikkinchisida mening yo‘qligimda kelib: “Agar bolalar onasiga ketishni istamasa, bitta dalolatnoma qilib, qaytarib uyiga olib kelamiz”, deb MIBga olib ketishgan va u yerda o‘sha videodagi ahvol bo‘lgan. Men bolalarimning ruhiy ahvolidan xavotirdaman. Bolalarni bunaqa majburlashga ularning haqqi bormi?!”.

Ozodlik bolalarning onasi - Muhabbat Fayziyeva bilan bog‘lana olmadi. Ammo, fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tumanlararo sudining shu yil 19 mayda chiqarilgan hukmida onaning farzandlarini olishga da’vogarligi, ularni ta’minlash uchun sharoiti borligi qayd etilgan.

MIB izohi

Ozodlik Yakkabog‘ tuman Majburiy ijrosi byurosi hamda Majburiy ijro byurosining Qashqadaryo viloyat boshqarmasidan 8 sentabr kungi holat yuzasidan biror rasmiy izoh ololmadi. Har ikki idora kun davomida qilingan telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

Ammo Qashqadaryo viloyat MI boshqarmasi mulozimining ismi aytilmaslik sharti bilan Ozodlikka norasmiy aytishicha, Yakkabog‘ tumanidagi voqea byuroda ancha shov-shuv bo‘lgan.

Mulozimga ko‘ra, bunaqa holatlar MIB tajribasida bo‘lib turadi va bu holatlarda MIB xodimlari, bolalarga nisbatan kuch qo‘llamasligi kerak, ular bilan suhbatlashib, tushuntirishga urinishi kerak. Ammo, bolalar tushunsa-tushunmasa, sud qarori ijrosini ta’minlashi shart:

"Ular sudning qarorini bajarishga majbur. Ularda bolalar norozi bo‘lsa, ijroni to‘xtatish vakolati yo‘q. Lekin, bolaning ruhiy holatini inobatga olib, tushuntirish berilishi mumkin, lekin ijroni to‘xtatolmaydi, bunaqa vakolat yo‘q. Siz aytgan holatda, ular bolalarni holatini inobatga ololmagan. O‘sha yerda bolalarni bir nima qilib tinchlantirib, roziligi bilan olib berishi kerak edi", dedi bu manba.

Majburiy ijro byurosining markaziy idorasida telefon go‘shagini ko‘targan xodim, qariyb ayni ma’lumotni takrorladi.

"Sud qarorining qonuniyligiga Majburiy ijro baho bermaydi. Sud qarorida bolani olib berish yozilgan bo‘lsa, bu bajariladi. Lekin, alohida holatlarda byuroning 1107 ishonch telefoniga murojaat qilishsa, holat ko‘rib chiqiladi. Yakkabog‘dagi holat bo‘yicha savollar bo‘lsa, murojaat qilishsin ko‘rib chiqamiz", dedi MIB xodimi.

Mahalla organi aralashuvi

Bu oila yashagan hudud – Yakkabog‘ tuman, Qorasuv qishlog‘idagi Sandal mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Shuhrat Rajabov, voyaga yetmagan 3 bola, ajrashib ketgan er-xotin va MIB ijrochilari orasida 3 oydan beri sarson bo‘layotganini tasdiqladi.

"Sandal" MFY tomonidan tuzilgan dalolatnoma nusxasi
"Sandal" MFY tomonidan tuzilgan dalolatnoma nusxasi

Mahalla raisiga ko‘ra, shaxsan o‘zi bir necha bor nizolashayotgan tomonlar va bolalar bilan suhbatlashgan, ularning yig‘i-sig‘i, baqir-chaqir ichida onasiga olib berilayotganiga guvoh bo‘lgan.

Mahalla raisiga ko‘ra, bunday holatlarda mahalla organi mavjud holat qayd etilgan dalolatnomani tuzishi va so‘ragan organlarga taqdim etishi mumkin, xolos.

Ya’ni, Mahalla organi ham bolalarning zo‘rlik bilan ota yoki onaga olib berilishiga aralasha olmaydi:

“Sud bolalarni onasiga berishga qaror chiqargan. Majburiy ijro esa buni bajarishga majbur. Bolalarni ko‘rib, to‘g‘risi mening juda rahmim keladi. Otamizda qolamiz, deyshadi. Chunki, shu yerda tug‘ilishgan, maktabga borishadi. Biz faqat dalolatnoma tuzib, bolalarning gapini qayd etganmiz. Hozir endi shu dalolatnomalar bilan biror chorasini topishga harakat qilyapmiz”.

“Vasiylik va homiylik” organi vakolati

Z. Mirzayev Ozodlikka taqdim qilgan hujjatga ko‘ra, bolalarni otasida qoldirish haqida Yakkabog‘ tumani Xalq ta’limi bo‘limi qoshidagi Vasiylik va homiylik organi ham xulosa bergan.

"Vasiylik va homiylik" organi bergan xulosa nusxasi.
"Vasiylik va homiylik" organi bergan xulosa nusxasi.

Organ bosh mutaxassisi Elbek Chorshanbiyev, Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda, Yakkabog‘ tumanlararo sudi qarori va Yakkabog‘ tuman MIBning bu qarorni ijro qlish jarayonida bolalarning huquqlari buzilganini ta’kidladi.

Chorshanbiyevga ko‘ra, nizolashayotgan tomonlar o‘rtasidagi bolalarning huquqiy himoyasiga mas’ul bo‘lgan Vasiylik va homiylik organining xulosasi sud jarayonida inobatga olinmagan.

E. Chorshanbiyev, voyaga yetmagan uch bolaning taqdiridan xavotirda ekani va ularning ota-ona va MIB, sud organlari orasidagi sarsongarchiligini to‘xtatish uchun prokuraturaga ham murojaat qilganini bildirdi.

Uning aytishicha, bu so‘rov ortidan prokuror katta maslahatchisi ham bolalar fikri hamda ajrashgan ota-onalar sharoitini o‘rganib, ularni ixtiyoriga zid ravishda onasiga olib bermaslik haqida xulosa bergan.

Bu xulosa nusxasi ham Ozodlikka taqdim qilindi. Ammo, Vasiylik va homiylik organi bosh mutaxassisi E. Chorshanbiyev hamda Sandal mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Sh. Rajabovlarning da’vo qilishicha, bu xulosalarning hech biri sudda inobatga olinmagan.

Ozodlik fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tumanlararo sudidan bu holat bo‘yicha rasmiy izoh ololmadi.

XS
SM
MD
LG