Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:47

Yoshlar Ittifoqida shtatlar yoppasiga qisqartirilmoqda. Tumanlarda 5 xodimning 4 nafari bo‘shatilmoqda


Yoshlar ittifoqi uch yil avval tashkil topganida mingga yaqin xodimiga ega edi.
Yoshlar ittifoqi uch yil avval tashkil topganida mingga yaqin xodimiga ega edi.

Tashkil topganidan uch yil o‘tib O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining viloyat va tuman bo‘limlarida "katta qisqartish" boshlangani ma’lum bo‘ldi.

Tashkilot Markaziy kengashining Ozodlik qo‘lga kiritgan 25 avgust kungi 66-sonli qaroriga ko‘ra, viloyat bo‘limlarining 60, tuman bo‘limlarining qariyb 80 foiz xodimi qisqarishga tushgan.

Ittifoqning qisqarishga tushgan xodimlari Ozodlikka hozirgi kunda "eshikma eshik yurib" ish qidirayotganliklarini aytishdi.

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining Ozodlik suhbatlashgan mas’ullaridan biri qisqartishlar iyul oyida Yoshlar ishlari agentligi tuzilgani bilan bog‘liqligini aytdi.

Mas’ulga ko‘ra, qisqartishga tushgan xodimlar shu agentlikka ishga kirishlari mumkin, lekin buning uchun ular boshqatdan tanlovdan o‘tishlari kerak bo‘ladi.

Yoshlar ittifoqining Jizzax viloyat, Zarbdor tuman bo‘limida ham 5 xodimlan to‘rt nafari qisqartishga tushgan.

Ulardan biri, 26 yoshli Nargiza (ismi uning xohishiga ko‘ra o‘zgartirildi).

- Shu oy boshida "ishga chiqmaysizlar, qisqarishga tushdingizlar. Rais qoladi, qolganlarga javob" deyishdi. Ogohlantirish xati ham berishmadi. Hozir ko‘chada ishsiz qoldik. Eshikma-eshik yurib ish qidiryapmiz. Yangi tuzilgan Yoshlar agentligiga bizni olishmas ekan, yangi odamlar kerak bizga deyishyapti. Ittifoq Markaziy kengashi ham bizga yordam qilolmayapti, - dedi Nargiza.

Xorazmlik Shoxruh ham Yoshlar ittifoqida uch yil ishlab qisqarishga tushganlardan biri. U bunday dedi:

- Bizda ko‘tarilishga imkoniyat bor deb aytishgandi. Uch yil avval tashkilot tuzilganida yaxshi imtiyozlar va’da qilingandi. Shunga ishonib, ishga kirgandim. Qahramon aka paytida (Qahramon Quronboyev, YoIning avvalgi raisi) imokniyatlar keng edi. Maktab, kollejlardagi yoshlar yetakchilarini biz boshqarib turardik. Yordam qilardik. So‘nggi oylarda tashkilot cho‘kib qoldi. Ko‘tarilish o‘rniga jarga quladik. Karimov "Kamolot"i 25 yil turdi, bunisi 3 yil ham turolmadi.

Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashining Ozodlik suhbatlashgan rasmiylaridan biri tizimda shtatlar qisqarishi sabab ayrim xodimlar bilan xayrlashishga to‘g‘ri kelishini aytdi:

- Iyul oyida Yoshlar ishlari agentligi tuzilgani sabab tizimli o‘zgarishlar bo‘lyapti bizda. Ba’zi vakolatlar shu agentlikka o‘tib, bizda qisqarish bo‘lyapti. Har bir tumanda bitta odam qoladi, u ham rais. Viloyat bo‘limlarida 20 odam ishlagan bo‘lsa 7 tasi qoladi. Bu faoliyatimizni optimallashtirish uchun qilinyapti, - dedi Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashining ismi ochiqlanishini istamagan mas’uli.

Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashining 25 avgust kungi 66-sonli qaroriga muvofiq, viloyat va tuman bo‘limlarida xodimlarning qariyb 80 foizi qisqarishga tushgan.

"Yoshlar ittifoqi"hududiy bo‘limida o‘nlab odam qisqartishga tushgan.
"Yoshlar ittifoqi"hududiy bo‘limida o‘nlab odam qisqartishga tushgan.

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi 2017 yil iyul oyida prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgandi.

Bir yil o‘tib, 2018 yilda bo‘lgan Yoshlar qurultoyida Mirziyoyev Yoshlar ittifoqi faoliyatini tanqid qildi.

"Kamolot" yoshlar harakati negizida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqini tuzdik, yoshlar bilan ishlashda yangi tizim va yondashuvlarni joriy etyapmiz. 30 iyunda mamlakatimizda birinchi marta "Yoshlar kuni"ni keng nishonlab, yangi ijobiy an’anani yo‘lga qo‘ydik. Ammo yoshlar bilan ishlashda hamon kamchiliklar mavjud Jumladan, katta maqsadlar bilan tuzilgan Yoshlar Ittifoqi yoshlar bilan manzilli va tizimli ishlashga, ularning muammolarini hal etishda yetarlicha e’tibor bermayapti. Tashkilot o‘tkazayotgan ayrim tadbirlar dabdababozlik, o‘zini "ko‘z-ko‘z" qilishga o‘xshab qolaapti", — degan edi Mirziyoyev.

Shu yilning 30 iyunida prezident Mirziyoyev Yoshlar ittifoqi negizida Yoshlar ishlari agentligini tuzish haqidagi farmonni imzoladi.

Yangi tashkilot markaziy idorasi uchun 75 shtat birligi, viloyat va tumanlardagi bo‘limlarida esa 766ta shtat birligi bo‘lishi farmonda aytilgan.

Ayni paytda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining Markaziy kengashida 100 dan ortiq xodimdan qanchasi ishidan ayrilishi, qanchasi qolishi ma’lum emas.

- Viloyat va tumanlarda ishsizlik muammosini hal etishi kerak bo‘lgan Yoshlar ittifoqi qisqartishlar evaziga ishsizlar safini to‘ldirmoqda, - dedi YoIning Jizzax viloyat, Zarbdor tumanidagi bo‘limida uch yil ishlab, lavozimidan ayrilgan Nargiza.

Yoshlar ittifoqida, uch yil avval tashkil topgan paytda, mingga yaqin xodim ishlar edi.

Tashkilot Yoshlar ishlari agentligiga aylantirilgach, nima uchun kadrlar bu qadar keng ko‘lamda qisqartirilmoqda? Ishdan bo‘shatiladiganlarni boshqa ish bilan ta’minlash masalasi bilan yangi tashkilot shug‘ullanadimi?

Ozodlik bu savollarni 9 sentybr kuni Yoshlar ittifoqi va uni negizida tuzilayotgan Yoshlar ishlari agentligi rahbari Alisher Sa’dullayevga uning yordamchisi orqali yo‘lladi.

Lekin 10 sentabr, kunning birinchi yarmiga qadar Sa’dullayevdan ham, uning yordamchisidan ham darak bo‘lmadi.

Yoshlar ittifoqi O‘zbekiston hali SSSR tarkibida bo‘lgan 1991 yili avvalgi Komsomol tashkiloti o‘rnida tashkil topgan va 1996 yilgacha amal qilgan. 1996 yil aprelida esa, O‘zbekistonning o‘sha paytdagi prezidenti Islom Karimov farmoni bilan "Kamolot" jamg‘armasi tuzilgan.

"Kamolot" jamg‘armasi 2001 yilda Yoshlar ijtimoiy harakatiga aylantirilgandi.

XS
SM
MD
LG