Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:37

Soliq tizimida yana ommaviy qisqartish - ayrim tumanlarda xodimlarning yarmi bo‘shatilmoqda


O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi Farg‘ona viloyat boshqarmasi.
O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi Farg‘ona viloyat boshqarmasi.

O‘zbekistondagi ayrim viloyat va tuman soliq inspeksiyalarida xodimlar "katta qisqartish" haqida og‘zaki ogohlantirilgan.

Qashqadaryo, Surxondaryo va Namangandagi ayrim tuman soliq idoralarida esa xodimlarni qisqartish allaqachon boshlangan.

Qisqarishga tushgan soliq inspektorlardan Ozodlikka kelayotgan xabarlarda bu jarayonning “mehnat qonunchiligini buzish” evaziga bo‘layotgani iddao qilinmoqda.

Xususan, Qashqadaryo viloyat Mirishkor tumani Soliq inspeksiyasi xodimlari iddaosicha, ishdagi kamchiliklari ro‘kach qilinib, bir kunda qisqarishga tushganliklari haqida ogohlantirilgan.

Ozodlik suhbatlashgan soliq inspeksiyasi rasmiylari shtatlar qisqarishi sabab ayrim xodimlar bilan "xayrlashishga majburliklari, lekin bu jarayon huquqiy asosda bo‘layotganini" aytishdi.

O‘zbekiston soliq tizimida ishlovchi 12 mingdan ziyod xodimdan qanchasining ishidan ayrilishi, qanchasi qolishi haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

50 foizlik qisqartiruv

Qashqadaryo viloyat, Mirishkor tumani soliq inspektorlaridan biri o‘zi ishlaydigan bo‘limda 40 xodimdan deyarli yarmi qisqartishga tushganini aytadi.

- 2 sentabrda 18 ta xodimga oylik ish haqi yozilmadi. Sababini buxgalterdan so‘rasak, sokrasheniyaga tushibmiz. Bizga aytishmagan ham. O‘tgan oy avgustda kechqurun 9-10 gacha mahalliy soliqlarni yig‘dik, mahalliy byudjetga rejadan ortiq 9 milliard so‘m tushirib berdik. Nimaga aynan biz qisqarishga tushdik, deb tortishsangiz agar, ishdan kamchilik topib, jinoyat ishi ochish bilan qo‘rqityapti. Eng qizig‘i qisqarishga tushganlarning ko‘pchiligi Soliq akademiyasini tugatganlar. Mening o‘zim Toshkentdagi Moliya institutida o‘qiganman. Mutaxassisligi to‘g‘ri kelmaydigan o‘rta maxsus bilimga ega xodimlar qolyapti. Endi qayerdan ish topamiz?, - deydi qashqadaryolik soliqchi.

Surxondaryo viloyat soliq tizimi xodimlari ham o‘z hududida qisqartirishlar bo‘layotganini xabar qildi.

Viloyatning Qumqo‘rg‘on tumani soliq inspeksiyasi xodimlaridan biri qisqartishga tushadigan soliqchilar taqdiri mavhum qolayotganini aytadi.

- Boshliq ikki kun oldin hammani yig‘ib, katta qisqartirish, bo‘ladi, tayyorgarliklaringizni ko‘raveringlar, dedi. Tuman bo‘limida xodimlar soni 30 foizga kamayar ekan. Hamma xodimlar attestatsiya qilinib, boshqatdan ishga ariza topshirar ekan. Tepadagilar kimni olish, kimni olmaslikni o‘zlari hal qilar ekan. Shuncha yildan beri rejani bajarib mana endi ko‘chada qolyapmiz, - deydi surxondaryolik soliqchi.

Namangan viloyati soliq inspeksiyasi xodimlaridan ham ayni mazmundagi shikoyat tushdi.

Ozodlik bu iddaolar yuzasidan izoh olish uchun O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmatiga qo‘ng‘iroq qildi, lekin telefonni hech kim ko‘tarmadi.

Davlat soliq qo‘mitasining Ozodlik suhbatlashgan rasmiylaridan biri tizimda ba’zi shtatlar qisqarishi sabab ayrim xodimlar bilan xayrlashishga to‘g‘ri kelishini aytdi:

- Hozir tizimlik o‘zgarishlar bo‘lyapti bizda. Qo‘shimcha qiymat soliq to‘lovchi, oylik aylanmasi 1 milliard so‘mdan ko‘p xo‘jaliklar oldin tumanning o‘ziga hisobot berardi. Hozir bunday xo‘jaliklar to‘g‘ri viloyat soliq boshqarmalariga hisob beradigan bo‘ldi. Shuning hisobiga har bir tumanda qisqarish bo‘ladi. O‘z navbatida viloyat boshqarmalarida ham restrukturizatsiya kutilyapti. Bu soliq idoralari faoliyatini optimallashtirish uchun qilinyapti, - dedi O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasining matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab ismi ochiqlanishini istamagan mulozimi.

O‘zbekiston Soliq tizimida ishlovchi 12 mingga yaqin xodimdan qanchasining ishidan ayrilishi, qanchasi qolishi esa, mulozimga ko‘ra, ma’lum emas.

O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasida so‘nggi bor yirik qisqartirishlar 2017 yilda bo‘lgan. O‘shanda 3000 dan ziyod soliqchi ishdan bo‘shatilgan edi.

1994 yilda Davlat soliq qo‘mitasi tashkil etilganda qo‘mita 15 400 nafar xodimiga ega edi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning 12 iyulida o‘tkazilgan videoselektorda soliq tizimi xodimlarining tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga noqonuniy aralashishlari va asossiz tekshiruvlar o‘tkazishini tanqid qilar ekan¸ mamlakat soliq tizimida jiddiy o‘zgarishlar qilinishi kerakligini aytgan edi.

Oradan bir yil o‘tib 2018 yilda Soliq qo‘mitasini 14 yil boshqargan, O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati sobiq rahbari Rustam Inoyatovning qudasi, general-leytenant Botir Parpiyev lavozimidan olindi.

Shundan so‘ng Behzod Musayev qo‘mitaga ikki yil vaqtincha raislik qildi.

Shu yilning may oyida esa Mehnat vazirligini boshqarib kelgan Sherzod Qudbiyev Davlat soliq qo‘mitasi raisi etib tayinlandi.

Davlat soliq qo‘mitasi boshqaruviga yaqin mulozimning Ozodlikka aytishicha, "soliq idoralari faoliyatini optimallashtirish uchun qilinayotgan so‘nggi o‘zgarishlar" qo‘mitaga yangi boshliq kelishi ortidan ro‘y bermoqda.

XS
SM
MD
LG