Hukumatlar COVID-19 pandemiyasiga tez yechim izlar ekan, dunyo bo‘ylab tadqiqotchilar 170 dan oshiq vaksina ustida ishlamoqda. Ularning bir nechtasi insonlar orasida sinovdan o‘tkazilmoqda.
Vaksinalar odatda klinikalarga yetib borishidan oldin bir necha yil davomida chuqur o‘rganiladi. Shunday bo‘lsa-da, iqtisodiy va siyosiy bosim tufayli olimlar koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqishga oshiqmoqda.
Bugunga qadar ko‘plab yutuqlar e’lon qilindi, ammo dunyo samarali va xavfsiz vaksinani qo‘lga kiritgunicha hali vaqt bor.
Vaksinalar nima uchun muhim?
Biror kasallikka chalingandan keyin inson tanasida ko‘p holatlarda o‘sha kasallikka qarshi bir umrlik immunitet shakllanadi. Ammo ayrim kasalliklar jiddiy asoratlarga, hatto o‘limga sabab bo‘lishi mumkin. Vaksinalar inson tanasiga yuborilganida unda kasallikka chalinishsiz immunitet vujudga keladi. Immunitet hosil bo‘lgan inson ayni virusni yuqtirsa, tanasi uni bloklaydi yoki o‘ldiradi.
Vaksina ishlab chiqish jarayoni
Vaksinalar klinikalarga yetib borishdan oldin bir necha bosqichdan o‘tadi. Ular quyidagilardir:
- Tadqiqot
- Klinikagacha sinov
- Klinik sinov
- Birinchi fazada, oz sonli inson sinov vaksinasini oladi
- Ikkinchi fazada klinik tadqiqot kengaytiriladi va vaksina muayyan xususiyatlarga ega shaxslarga beriladi
- Uchinchi fazada vaksina minglab odamga beriladi hamda uning samarasi va xavfsizligi tekshiriladi
- Rasmiy tekshiruv va ruxsat
- Ishlab chiqarish
- Sifat nazorati
Aynida damda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 170 dan oshiq yangi vaksina yaratish jarayonini kuzatib bormoqda.
Rossiya yaqinda mamlakatda tayyorlangan COVID-19 vaksinasini keng ko‘lamda ishlab chiqarish va ommaviy emlash kampaniyasini boshlash rejasini e’lon qildi. Ayrim olimlarga ko‘ra, Rossiyaning «Sputnik V» vaksinasi vaksina ishlab chiqarish jarayonining uchinchi fazasidagi muhim xavfsizlik tekshiruvlaridan o‘tkazilmagan va shoshma-shosharlik bilan tayyorlagan. Mazkur vaksinani ishlab chiqqan olimlar katta siyosiy bosim ostida ilk vaksinani taqdim etish uchun kurashganlari ehtimoldan xoli emas.
Dunyo olimlari rus vaksinasi haqida izhor qilayotgan asosiy xavotir aksiltanachalarga bog‘liqlikning kuchayish effekti bilan bog‘liq bo‘lib, u virusning boshqa versiyalari vaksina tufayli yuzaga kelgan aksiltanachalar ko‘magi bilan tanada tarqalishiga olib keladi. Bu esa vaksinani olgan odam ikkinchi marta virusni yuqtirganida og‘irroq kasal bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu effekt odatda vaksina ishlab chiqarish jarayonining uchinchi fazasida aniqlanadi.
Immunitet qanday shakllanadi?
Organizm unga virus va bakteriyalar kirganini aniqlaganida immun tizimi patogenlarni yo‘q qilishga kirishadi. B-hujayralar kabi limfotsitlar aksiltanachalarni ishlab chiqaradi, ular esa virus va bakteriyalardagi muayyan antigenlar bilan tutashadi. T-limfotsitlar esa infeksiya yuqqan hujayralarni yo‘q qilib, kasallangan hujayrada virus ko‘payishi oldini oladi.
Aksiltanachalar organizmda bir necha oy, ayrim holatlarda esa bir necha yil saqlanib qoladi. Tanaga ayni patogen yana kirsa, organizm saqlanib qolgan aksiltanachalar bilan unga qarshi kurashadi.
Inson organizmi COVID-19 kabi yot patogenlarni aniqlay oladi.
Vaksina turlari
Vaksinalarning bir necha turi mavjud. Bular quyidagilardir:
Virus vaksinalari
Majdud vaksinalarning aksari virusning o‘zidan tayyorlangan. Ushbu uslub mukammal sinovlarni o‘tkazishni talab qiladi.
a) Zaiflashtirilgan virus vaksinalari: Virus hayvon yoki inson hujayralarida sinovdan o‘tkaziladi. Virus mutatsiyadan o‘tganidan keyin, uning kasallik keltirib chiqarish qobiliyati sustlashadi.
b) Noaktiv virus vaksinasi: Kimyoviy moddalar yoki harorat yordamida virusning kasallik keltirib chiqarish qobiliyati yo‘q qilinadi.
Virus vektori vaksinalari
Molekulyar biologlar virus vektorlari yordamida vaksina antigenlarini hujayralarga yuboradilar. Mazkur jarayonda viruslar o‘zgartirishlar yordamida zaiflashtiriladi.
a) O‘rin almashuvchi virus vektori vaksinalari: Bunday vaksinalar yordamida immun reaksiya keltirib chiqariladi. Koronavirus geni virus vektori ichiga joylashtiriladi va organizmga yuboriladi.
b) O‘rin almashmaydigan virus vektori vaksinalari: Bunday vaksinalardan allaqachon kasallikka chalingan bemorlar immunitetini kuchaytirishda qo‘llaniladi.
Nuklein kislotali vaksinalar
Nuklein kislotali vaksinalar nisbatan yangi bo‘lib, ular hanuz o‘rganilmoqda. Ayrim tadqiqotlar plazmida DNK va RNKsiga asoslangan nuklein kislotali vaksinalar boshqa uslub vaksinalardan samaraliroq va xavfsizroq ekanligini ko‘rsatdi. RNK vaksinalar sintetik tarzda ishlab chiqarilgani uchun, ularni tayyorlashda biologik tizimlardan foydalanilmaydi. Nuklein kislotali vaksinalarning boshqa afzal jihatlari vektorning soddaligi hamda ularni tanaga yuborishning osonligidir.
a) DNK-vaksina: Bunday vaksinalarda elektroporatsiya yordamida hujayra membranasida teshiklar yaratiladi, natijada hujayra DNKni so‘rib oladi.
b) RNK-vaksina: Ushbu uslubda RNK lipidga o‘raladi va natijada u virus kabi hujayra ichiga kira oladi.
Proteinli vaksinalar
Proteinli vaksinalar M-proteinlar yoki bo‘sh virus qobiqlari yordamida patogenga qarshi immun reaksiyasini keltirib chiqaradi.
a) Protein bo‘laklaridan iborat vaksinalar immun tizimiga muayyan antigenni virusning barcha qismlarisiz kiritadi va immun reaksiyasini keltirib chiqaradi.
b) Bo‘sh virus qobiqlari kabi virussimon zarralar koronavirus tuzilishiga va faoliyatiga taqlid qila oladi. Ammo ularda virusning genetik materiali bo‘lmagani uchun ular yuqumli emas.
Vaksina qachon tayyor bo‘ladi?
Aprel oyida Epidemiyalarga hozirlik koalitsiyasi 2021 yilning boshida koronavirusga qarshi vaksinaga rasmiy ruxsat berilishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.
May oyida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tezkorlik bilan virus ishlab chiqarishi uchun 40 davlatga 8,1 milliard dollar mablag‘ ajratdi. Tashkilot bir vaqtning o‘zida klinik sinov bosqichiga yetgan bir necha vaksinani ochiq baholash tizimini ishlab chiqadi. Tizim koronavirusga qarshi samarali vaksina ishlab chiqarish yo‘lida xalqaro tashkilot, universitet, dori-darmon shirkatlari va hukumatlarni birlashtirdi.
Yuzlab vaksinani ayni mezonlar asosida baholash eng yaxshi vaksinani tanlash imkoniyatini yaratadi.
Vaksina tayyor bo‘lganidan keyin, kim birinchi emlanadi?
Hukumatlar va xususiy shirkatlar koronavirusga qarshi vaksina yaratish yo‘lida milliardlab dollar sarflamoqda. Shu sababdan samarali va xavfsiz vaksina jahon aholisi orasida adolat bilan tarqatilmasligi haqida xavotirlar yuzaga kelgani hayratlanarli emas.
Buyuk Britaniya 30 million vaksina dozasi uchun Oksford universitetining vaksina dasturiga 79 million dollar ajratdi. Loyiha dori-darmon ishlab chiqaruvchi AstraZeneca xalqaro shirkati bilan amalga oshirildi. Ayni shirkat AQShga 1,2 milliard dollar evaziga 300 million doza vaksina va’da qildi.
Yevropa Ittifoqi ham o‘z hududi aholisining emlanishini ta’minlash uchun 2,3 milliard dollar qiymatga ega Yevropa vaksina strategiyasini yo‘lga qo‘ydi.
Tasdiqlangan vaksina bilan avvaliga badavlat mamlakatlar aholisi emlanishini kutish mumkin. Vaksina xarid qilishga qurbi yetmaydigan qashshoq va aholisi ko‘p bo‘lgan davlatlarda esa aholi boshida emlanmasligi mumkin.