Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:34

Respublika Onkologiya markazidagi $2 millionlik yagona radioterapiya uskunasi ishdan chiqdi. Bemorlar hayoti tahdid ostida


Toshkentdagi Respublika Onkologiya va radiologiya markazi.
Toshkentdagi Respublika Onkologiya va radiologiya markazi.

Toshkentdagi Respublika ixtisoslashtirilgan Onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida saratonga qarshi yagona radioterapiya uskunasi ishdan chiqqan.

Bu haqda Ozodlikka xabar yuborgan bemorlarga ko‘ra¸ oqibatda saratonning nur vositasida davolanishi mumkin bo‘lgan turiga chalinganlar vaqtida muolaja olish imkoniyatidan mahrum qolgan.

Markaz bosh vrachi muovini Dilnoza Anvarxo‘jayeva 3 sentabr kuni Ozodlik bilan suhbatda ikki yil avval Britaniyadan olib kelib o‘rnatilgan Elekta Infinity nur berish uskunasining muhim detali ishdan chiqqani, uni chetdan oldirish koronavirus pandemiyasi sharoitida kechikayotganini aytdi.

Soliq to‘lovchi puliga olingan 2 million dollarlik uskunaning ikki yil ichida ishdan chiqarilishiga¸ mutaxassislarga ko‘ra¸ undan me’yoridan ortiq foydalanish sabab bo‘lgan.

Ko‘krak bezi saratoniga chalinib, Toshkentdagi Respublika Onkologiya markazida statsionar sharoitda davolanayotgan bemorlardan biri Ozodlik bilan suhbatda nur berish uskunasi buzilib qolgani sabab ikki haftadan beri lozim muolajani ololmayotganini aytadi.

- O‘simta o‘sib boraveradi. O‘simta apparat qachon tuzalishini kutmaydiku. Hozirgacha 10 ta kurs oldim, yana o‘ttizta olishim kerak. Vaqtida olmasam o‘simta rivojlanaveradi. Kasal ko‘p. Juda ko‘p bemor bu yerda shu apparatni tuzalishiga ko‘z tikib o‘tiribdi, Ocheredda turganlar bor, - deydi ismi ochiqlanmasligini so‘ragan bemor.

Onkologiya markaziga radioterapiya uchun kelgan ayrim bemorlarga nur berish uskunasi buzilgani uchun uylariga javob berilgan.

- Uylaringga ketaveringlar. Bu yerda yotganlaringni foydasi yo‘q, apparat ishlamayapti, deyishdi. Uchinchi hafta bo‘lyapti, haligacha qachon tuzatishlari aniq kunini aytganlari yo‘q, - deydi ismi sir qolishini so‘ragan xorazmlik bemor.

Ayni vaqtda markazda qirqqa yaqin bemor statsionar sharoitda davolanmoqda. Ular aksarining onkologik kasallikdan tuzalish-tuzalmasligi aynan o‘z vaqtida qilinadigan radioterapiya muolajasiga bog‘liq.

Markaz Radioterapiya bo‘limining ismi ochiqlanishini istamagan vrachi "radioterapiya uskunasining tezlikda tuzatilmayotganini achinarli holat" deb atadi.

- Chunki zudlik bilan radioterapiya talab etiladigan bemorlar juda ko‘p. Agar bu protsedura vaqtida qilinmasa¸ o‘simta rivojlanib boraveradi.

Toshkentdagi Onkologiya markaziga Britaniyadan Elekta Infinity shirkati ishlab chiqargan zamonaviy chiziqli tezlatkich nur berish uskunasi 2018 yilda qariyb 2 million dollar evaziga o‘rnatilgan.

Markaz bosh vrachi muovini Dilnoza Anvarxo‘jayeva Ozodlik bilan suhbatda uskunaning muhim ehtiyot qismi ishdan chiqqani, uni chet eldan olib kelish koronavirus bilan bog‘liq global pandemiya sharoitida kechikayotganini aytdi.

- Bitta detali ishdan chiqqan. Ikki yildan beri tinimsiz ishlaydi. Propusknoy sposobnosti cheklangan ekan. Shu detalini almashtirish kerak. Ikki haftadan beri kutyapmiz. Juda qimmat zamonaviy apparat. Davlatimiz shu apparatni olib bergandi. Detalining o‘zi 80 ming dollar turadi.

Bu muolajadan davomli foydalanib kelgan bemorlardan biri Ozodlikka radioterapiya uskunasining har kun tungi soat 1 gacha ishlatilganiga guvoh bo‘lganini bildirdi.

Toshkentdagi Onkologiya markaziga Elekta Infinity shirkati ishlab chiqargan zamonaviy chiziqli tezlatkich nur berish uskunasi 2018 yilda qariyb 2 million dollar evaziga o‘rnatilgan.
Toshkentdagi Onkologiya markaziga Elekta Infinity shirkati ishlab chiqargan zamonaviy chiziqli tezlatkich nur berish uskunasi 2018 yilda qariyb 2 million dollar evaziga o‘rnatilgan.

Radioterapiya uskunasi qachon tuzatiladi?

Bu savolga markaz bosh vrachi muovini Dilnoza Anvarxo‘jayevadan aniq javob bo‘lmadi.

Toshkentdagi Respublika ixtisoslashtirilgan Onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Radioterapiya bo‘limi boshlig‘i Shavkat Nazarqulov uskuna tuzatilishi kechikadigan bo‘lsa¸ nur muolajasi juda zarur bo‘lgan bemorlarni markazning boshqa bo‘limlariga yuborish mumkinligini aytdi.

- Toshkent shahar filialimizda xuddi shunday apparat bor. Agar shu apparatga muhtoj bemorlar bo‘lsa¸ ularni filiallarimizga jo‘natamiz. Hali bu apparat ungacha tuzalar. Hozir Britaniyadan zapchastlari kelishini kutyapmiz.

Toshkentdagi Respublika Onkologiya va Radiologiya markazi, Radioterapiya bo‘limi.
Toshkentdagi Respublika Onkologiya va Radiologiya markazi, Radioterapiya bo‘limi.

Toshkentdagi Respublika ixtisoslashtirilgan Onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Markaziy Osiyodagi saratonga qarshi yetakchi markazlardan sanaladi.

O‘zbekistonning chekka viloyatlari va qo‘shni davlatlardan bemorlar radioterapiya bilan davolanish ilinjida shu yerga kelishadi.

Radioterapiya muolajasi davomida tananing ma’lum bir qismidagi saraton hujayralariga maxsus nur yuboriladi.

U saratonning ko‘plab turlarida qo‘llaniladi. Sog‘lom hujayralar zarardan so‘ng tiklanishi mumkin, ammo saraton hujayrasi o‘ladi.

O‘zbekistonning ayrim shifoxonalarida tibbiy uskunalarning ishdan chiqishi fojiali yakun topgan.

Toshkent viloyati Bekobod shahridagi COVID klinikasida bir kunda sun’iy nafas olish qurilmasiga ulangan to‘rt bemor o‘lgani haqda Ozodlik 2 sentabr kuni xabar bergan edi.

Ba’zi kasalxonalarda esa elektr ta’minotidagi uzilishlar sabab, sun’iy nafas olish qurilmasi ishlamay qolib, bemorlarga qarindoshlari qurilmani qo‘li bilan siqib, kislorod berishga majbur bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG