Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:37

«Buxoro inqilobi»ning 100 yilligi: Amir Olimxon boylik va haramiga oid afsona va haqiqat


Buxoroning so‘nggi amiri Said Olimxon 1920 yili Buxoro ishg‘oli boshlanishi bilan o‘z davlatini tashlab¸ hozirgi Afg‘oniston hududiga qochib ketdi. Surat 1911 yili olingan.
Buxoroning so‘nggi amiri Said Olimxon 1920 yili Buxoro ishg‘oli boshlanishi bilan o‘z davlatini tashlab¸ hozirgi Afg‘oniston hududiga qochib ketdi. Surat 1911 yili olingan.

2020 yiling 2 sentabr kuni jahon xaritasidan Buxoro amirligi degan davlat yo‘qolganiga 100 yil to‘ladi. Amirlik vayronalari ustida Buxoro xalq sovet respublikasi e’lon qilindi.

AQShning Minnesota shtatidagi Carleton College professori¸ tarixchi olim Adib Xalid Ozodlikka taqdim etgan maqola ana shu sanaga bag‘ishlangan.

“O‘zbekiston: Millatning tug‘ilishi”¸ “Kommunizmdan keyingi islom” kabi kitoblar muallifi bo‘lgan professor Xalid bu maqolasida Buxoro amirligining "Qizil armiya" tomonidan ishg‘ol qilinishini “xalq inqilobi” sifatida taqdim etib kelgan sovetlar iddaosini savol ostiga oladi.

***

Professor Adib Xalid bugungi O‘zbekiston tarixiga oid qator kitob va maqolalar muallifi.
Professor Adib Xalid bugungi O‘zbekiston tarixiga oid qator kitob va maqolalar muallifi.

Bundan roppa-rosa yuz yil oldin – 1920 yilning 2 sentabrida Ishchi va dehqonlar Qizil armiyasining Turkistondagi qo‘shinlari Buxoro shahrini ishg‘ol qilib, Buxoro amirligini tugatdi.

Ular safida Buxorodan uch yil oldin quvib chiqarilgan, muxolifatning uzoq yillik a’zolaridan iborat bir guruh emigrant bor edi. Endilikda ular amir tuzumini ag‘darib, uning o‘rniga Xalq respublikasini e’lon qilish uchun qaytgan edilar. Buxoroning so‘nggi amiri Said Olimxon hujum oldidan qochib ketdi va Buxoroni boshqa ko‘rmadi.

Yangi hukmdorlar o‘zlarining tantanali qaytishini «inqilob» deya atadilar. Keyinchalik sovet tarixchilari bu hodisalarga sovetcha va marksistlarcha bo‘yoq berishdi. Sovet davrida amirlikning ag‘darilishini Buxoroning ezilgan xalqi amirning zulmiga qarshi ko‘tarilib, uni haydab yuborishi bilan yakunlagan inqilob o‘laroq tasvirlashda davom etishdi. Bu hikoyada Qizil armiyaning roli «Buxoro mustabid hokiming despotizmiga qarshi kurashda buxoroliklarga inqilobiy birodarlik yordami» bilan cheklangan edi.

Sovet Ittifoqi qulaganidan keyin, eski cheklovlar bekor qilindi, arxivlar ochildi va biz bo‘lib o‘tgan hodisalarni o‘zgacha hikoya qila olamiz.

Moskvalik tarixchi Vladimir Genis bu hodisani «qalbaki inqilob» deb ataydi. Amirning ag‘darilishi va respublika tuzilishida buxoroliklar ishtirok etgan, ammo Buxoroda xalq qo‘zg‘oloni bo‘lgan, deb bo‘lmaydi.

«Inqilob» qanday bo‘lgan bo‘lishidan qat’i nazar, u butun bir davr yakunlanganidan nishona edi.

Buxoro amirligi Markaziy Osiyodagi so‘nggi davlat edi. Uning qulashi bilan bir necha asr tarixga ega siyosiy an’ana o‘z yakuniga yetdi. Shuningdek, sulolalar hukmronligi tushunchasi tugatildi.

Mang‘itlar sulolasi Buxoroni XVIII asr o‘rtasidan beri boshqarib kelayotgan edi. Markaziy Osiyodagi aksar hukmronlardan farqli o‘laroq, mang‘itlar Chingizxon avlodlari emas edi. Hududda XIII asrdan boshlab Chingizxon avlodlari siyosiy legitimlikka ega hisoblangan. Shuning uchun mang‘itlar o‘z legitimliklarini boshqa yo‘l bilan o‘rnatishdi. Xususan, ular taxtga egalik¸tartibni saqlash va adolat o‘rnatish iddaolariga tayandilar. Shuningdek, ular islomiy legitimlikka ko‘proq urg‘u berdilar va amir yoki amir al-muslimin unvonini ishlatdilar.

Ushbu legitimlik prinsiplari Rossiya Markaziy Osiyoni ishg‘ol qilganida saqlab qolindi. 1860-yillarda Rossiya qo‘shinlari Markaziy Osiyoda yirik hududlarni bosib oldi. Ammo bir necha diplomatik va moliyaviy sabablarga ko‘ra, amirni taxtda qoldirishdi va uning boshqaruvidagi hududning aksar qismiga (hammasiga emas) tegmadilar. Buxoro Rossiya imperiyasining protektoratiga aylandi. Bu tartib XIX asrdagi imperializmda keng tarqalgan edi.

Amirlar ushbu yangi munosabatdan yaxshi foydalanishdi. Ruslar uchun ular mintaqada tinchlik va barqarorlikni kafolatlovchi sodiq do‘stlar sifatida namoyon bo‘ldilar. Ular imperiya tadbirlarida qatnashdilar, Rossiya armiyasidan faxriy unvonlarni oldilar, farzandlarini Rossiya harbiy akademiyalariga tahsil olish uchun yubordilar. Xalqqa esa o‘zlarini urf-odatlar va islomiy hokimiyatning so‘nggi qo‘rg‘oni o‘laroq ko‘rsatdilar. Amirlar o‘z boshqaruvidagi hududlarda zamonaviy maktab yoki bosmaxona kabi yangiliklarning paydo bo‘lishiga qarshilik ko‘rsatdilar.

Buxoro 1917 yilning fevralida Rossiya monarxiyasi qulaganidan keyin ham omon qoldi. Hukmron amir Said Olimxon fursatdan foydalanib, Rossiya hukmronligidan qutilib, erkinlikni qayta qo‘lga kiritdi. U islohotlar o‘tkazishga chorlagan fuqarolarga bosimni kuchaytirdi (ularning ko‘pchiligi tazyiqlardan qochib, Turkistonga ketdi) va armiyasini kuchaytirdi. Ammo u ehtiyotkorlik bilan chora ko‘rdi va Turkistonda ildiz otayotgan sovet hokimiyatini o‘ziga dushman qilmaslikka harakat qildi. Ikki yildan ko‘proq vaqt davomida amir hukumati Sovet Turkistoni yonida yashadi.

Sovet hokimiyati ham Buxoroga ehtiyotkorlik bilan yondashdi. Sovet Ittifoqining Buxorodagi muxtor vakili A. E. Akselrodning so‘zlariga ko‘ra, harbiy yechim maqsadga muvofiq emas edi.

«Buxoro armiyasini tor-mor etish juda oson, ammo tog‘dagi ikki yarim million odam bilan kurashish mutlaqo imkonsizdir». Qolaversa, harbiy chora sovet rejimidan nafratlanuvchi va Hindistondagi imperiyasi chegaralari yaqinida ruslarning har bir harakatiga shubha bilan qarab kelgan inglizlarni qo‘zg‘atishi mumkin edi.

Toshkentdagi sovet mulozimlari esa jang qilishga hoziru nozir edi. Qizil armiyaning Turkiston fronti qo‘mondoni Mixail Frunze 1920 yilda harbiy chora ko‘rishni targ‘ib qila boshladi. Uning taxminicha, yaqin kelajakda Buxoroda inqilob sodir bo‘lishi imkonsiz edi. «Buxoroda inqilobiy ko‘tarilish yaratish uchun oylab emas, balki yillab kutish kerak».

Bundan tashqari, «Buxorodagi harakat turtki bo‘lish kerak, qolgan hamma narsani, taxminan 9/10 ini, Rossiya Qizil armiyasi amalga oshirishi kerak». Yoz davomida Frunze siyosiy byuroni o‘z pozitsiyasining to‘g‘riligiga ishontirdi va istiloni boshlashga ruxsat oldi.

Turtkini amir oppozitsiyaga tazyiq o‘tkazishni boshlaganidan so‘ng amirlikdan qochib ketgan buxorolik muhojirlar berishi kerak edi. Ular bir necha guruh, shu jumladan, kichik Buxoro kommunistik partiyasi (BKP) va Buxoro jadidlarining endilikda o‘zini "Yosh buxoroliklar" deb atayotgan ikki fraksiyasiga bo‘lingan edi. Bu guruhlar bir-birini xush ko‘rmas etdi. Avgust oyida Frunze ushbu guruhlarning barchasini BKPga qo‘shilishga majburladi, ammo keyinchalik "Yosh buxoroliklar"ni rahbarlik lavozimlariga tayinladi. Aynan mana shu yangi kommunistlar Buxoro inqilobini amalga oshirishda Qizil armiya bilan yurish qilishdi.

Harbiy amaliyot 28 avgustdan 29 avgustga o‘tar kechasi Chorjo‘yda (hozirgi kundagi Turkmanobod) boshlandi. Keyingi besh kun ichida Qizil armiya qo‘shinlari bir necha yo‘nalishdan kirib kelib, amirlik hududini egallab olishdi. Buxoro shahri 2 sentabr kuni yerdan va havodan otilgan va shaharga katta zarar yetkazgan snaryadlar yomg‘iri ortidan taslim bo‘ldi. Kunning oxiriga kelib amirlar qarorgohi – Buxoro arki ustida qizil bayroq ko‘tarildi. Markaziy Osiyodagi sulola prinsipiga asoslangan so‘nggi davlatning kuni bitgan edi.

Olimxon qo‘shinlar bostirib kirishidan oldin bir guruh jangchisi va sodiq sheriklari bilan poytaxtdan chiqib ketdi. U sharqiy Buxoroning tog‘li hududiga yetib borib, o‘sha yerdan Qizil Armiyaga qarshi muxolifatni gij-gijlashga harakat qildi. Ko‘p o‘tmay fikridan voz kechdi va Kobulga qarab otlandi. Amir Omonulloh unga boshpana berdi va Olimxon qolgan umrini Kobulda o‘tkazdi. Inglizlar uni Hindistonga kiritmadilar, hatto hajga mamlakat orqali o‘tib ketishiga yo‘l bermadilar. Qizig‘i, sovetlar va "Yosh buxoroliklar "Olimxonni inglizlarning xizmatkori, deb ayblab kelayotgan edi.

1929 yilda u «Mazlum Buxoroning ovozi» deb nomlangan biroz g‘alati risola yozdi. Millatlar Ligasi nomiga yo‘llangan risolada Olimxon Buxoro manfaatlarini ilgari surdi. Ammo Olimxon Birinchi Jahon urushidan keyin odatga aylangan xalqaro siyosat tilini yaxshi o‘zlashtirmagan edi. Kitob fransuz tilida nashr etildi, ammo rus tilidagi asl nusxadan tarjima qilingani ayon edi. Unda Olimxon faqat bolsheviklarning xoinligi haqida so‘zlab, o‘zini yagona qurbon o‘laroq tasvirlaydi: bolsheviklar uni hukmronlikdan mahrum qilishgan edi. Olimxon o‘zini buxoroliklar yoki buxoroliklar vatani nuqtai nazaridan izhor qilingan argumentni ilgari surishga majburlay olmadi.

Olimxon boyliklari va xizmatkorlarining asosiy qismini ortda qoldirdi. Bu holat u va o‘tmishda qolgan tarix haqida ikki afsona yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Ularning biriga ko‘ra, amir afsonaviy darajada badavlat edi. Uning boyligi ayrim holatlarda 35 million funtga baholandi (o‘sha paytdagi pulda). Agar bu raqam to‘g‘ri bo‘lsa, bu ko‘rsatkich amirning ochko‘zligini la’natlovchi qoralashga teng bo‘lib, unga qaratilgan barcha tanqidlar asosli ekanligini ko‘rsatadi.

Ammo mazkur raqam bo‘rttirilgani ayon, chunki Buxoroning yillik yalpi ichki mahsuloti bundan ancha kichik edi. Aslida bu «sharqona despotlar» va ularning boyliklari haqidagi sharqshunoslarning stereotiplari mahsulidir. Ammo amir xazinasi haqidagi hikoya tez orada afsonaga aylandi va uning oltin va kumushlari poyezdlar bilan Moskvaga olib ketilganligi haqida so‘z tarqaldi. Bu hikoya rasmiy tarixchilarning Buxorodagi inqilobni xalq qo‘zg‘oloni o‘laroq ko‘rsatishga qaratilgan urinishlariga qaramasdan, Buxoro istilosi va uning o‘marilishi haqida xalq orasida qolgan masal o‘laroq qabul qilinishi kerak.

Ikkinchi afsona amirning harami haqida. Bu afsonada sharqshunoslarning stereotiplari katta o‘rin tutadi. Barcha Markaziy Osiyo hukmdorlari bir nechta xotin va kanizaklarga ega edi. Bu hukmdorlik maqomining bir qismi edi. Ammo XX asrning boshlarida amir va uning avtokratik hokimiyati tanqidchilari uning haramiga katta e’tibor qarata boshladilar.

Olimxonning harami xalq ocharchilik bilan kun kechirayotgan bir paytda, amir sharob va ayollar qurshovida cheksiz jinsiy lazzatlanishdan bahramand bo‘lishda davom etayotgan zavq saroyiga o‘xshatildi. Haram haqidagi afsona amirlarni yomonotliq qilish va obro‘sizlantirishda juda muhim edi. Hikoya "Yosh buxoroliklar" risolalarida paydo bo‘ldi va keyinchalik sovet tarixiga kiritildi. Afsona Buxorodagi ekskursiya gidlarning doimiy mavzusiga aylandi. Sovet Ittifoqi parchalanib ketganiga ko‘p bo‘ldi, lekin amirning harami haqidagi hikoyalar hanuz yashamoqda.

Amirlik zamirida yotadigan asosiy siyosiy taxminlar ham unutildi. Amirlikda sulola hukmronlik qilib kelayotgan edi va barcha subyektlar unga sodiq edi. Sulola o‘zbek bo‘lganligi bilan, ish yuritish, ta’lim va yuksak madaniyat tili asosan fors tili bo‘lgani (o‘sha paytda bu til doimo forsiy deb atalardi) ziddiyatli o‘laroq ko‘rilmas edi. Millat esa amirlikning siyosiy lug‘atida yo‘q edi. "Yosh buxoroliklar" eski tuzumda ko‘p kamchilik topdi. Millatga e’tiborsizlik ular orasida eng muhimi edi.

"Yosh buxoroliklar" hokimiyatga kelganlaridan keyin, bu holatni tuzatishga kirishdilar.

***

Tarixiy voqealarga berilayotgan baho mutlaqo muallif pozitsiyasi ifodasidir. Muallif qarashlari Ozodlik pozitsiyasiga mos kelmasligi mumkin.

XS
SM
MD
LG