30 avgust kuni Belarusning avtoritar prezidenti Aleksandr Lukashenko 66 yoshni qarshilar ekan, poytaxt Minskda o‘n minglab odam uning iste’fosini talab qilib yana norozilik namoyishiga chiqdi.
Ichki ishlar vazirligining aksiya o‘tkazmaslik chaqirig‘iga qaramasdan, namoyishga oldingi kunlardagidan ham ko‘proq odam to‘plandi.
Prezident saroyi oldida to‘plangan norozilar «Tug‘ilgan kuning bilan, kalamush!» va «Ket!» deya hayqirishdi. O‘tgan hafta mamlakatni 26 yildan beri boshqarib kelayotgan Lukashenko namoyishchilarni «kalamushlar» deb atagan edi. Namoyishchilar aksiyaga Lukashenkoga qarshi shiorlar, ularning bir guruhi esa¸ qora tobut bilan keldi.
BelaPAN agentligi 30 avgust bo‘lib o‘tgan namoyishga 100 mingdan oshiq odam kelganini xabar qildi.
Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, Mustaqillik maydoni yaqinida 125 nafar namoyishchi qo‘lga olingan. Politsiya bir necha ko‘chada namoyishchilar yo‘lini to‘sgan.
Ichki ishlar vazirligi, shuningdek, «xavfsizlikni ta’minlash maqsadida» Minsk markaziga ichki qo‘shinlar va zirhli texnika kiritilganini bildirdi.
Xabarlarda aytilishicha, prezident rezidensiyasi joylashgan Mustaqillik saroyiga kamida yettita BTR joylashtirilgan¸ BTRlarga katta kalibrli pulemyotlar o‘rnatilgan.
Lukashenko namoyishchilarni tashqi kuchlar moliyalashtirayotganini iddao qilib, ular bilan muzokara o‘tkazishdan bosh tortmoqda.
«RIA Novosti» Lukashenkoning saroy hovlisida avtomat ko‘tarib yurib ketayotgan suratini e’lon qildi. Agentlikka ko‘ra, suratni Lukashenkoning matbuot kotibi yuborgan.
Lukashenko bundan oldin ham qurol bilan tushgan suratini ko‘z-ko‘z qilgan edi.
Markaziy saylov komissiyasi 9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan saylovda Lukashenko g‘alaba qozonganini e’lon qilganidan beri norozilik namoyishlari to‘xtamayotir.
Muxolifat saylov natijalari soxtalashtirilgani va saylov davomida qonunlar buzilganini aytmoqda.
Muxolifat nomzodi Svetlana Tixanovskaya o‘tkazgan saylovoldi tadbirlariga o‘n minglab odam keldi. Ammo rasmiy saylov natijalariga ko‘ra, Lukashenko 80,1%, Tixanovskaya atigi 10,12% ovoz olgan.
Lukashenko hukmronligida o‘tkazilgan birorta saylov mustaqil kuzatuvchilar tomonidan ochiq va adolatli deb topilmagan. Avvalgi norozilik to‘lqinlaridan farqli o‘laroq, bu safargi namoyishlarni politsiya zo‘ravonligi, qiynoqlar va rasmiylar tahdidlari ham to‘xtata olmayapti.
Ayni damda Litvada qolayotgan Tixanovskaya Yevropa parlamenti oldida qilgan chiqishida rasmiylar qo‘lida kamida 6 nafar namoyishchi nobud bo‘lgani, o‘nlab odam daraksiz yo‘qolganini ta’kidladi.
30 avgustga belgilangan aksiya arafasida Ichki ishlar vazirligi aholini rasman ruxsat berilmagan namoyishda qatnashmaslikka chaqirgan edi.
Namoyishlar matbuotda yoritilishiga to‘sqinlik qilish maqsadida Belarus rasmiylari xorij matbuot agentliklarining 17 nafar jurnalisti akkreditatsiyasini bekor qildi.
G‘arb davlatlari Belarusda bo‘lib o‘tgan prezident saylovi va namoyishchilarga qarshi choralarni keskin qoraladi. Natijada Lukashenko Moskvadan yordam so‘rashga majbur bo‘ldi.
30 avgust kuni Kreml Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Lukashenko bilan yaqin kunlarda yuzma-yuz uchrashishini bildirdi.
Bu orada Putin Lukashenkoni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi. Ikki yetakchi namoyishlar boshlanganidan beri bir necha marta suhbatlashdi.