17 avgust kuni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoga qarshi norozilik namoyishlarining to‘qqizinchi kunida ham minglab odam undan hokimiyatdan ketishni talab qildi.
Ayni kuni Lukashenko Belarus iqtisodiy modelining ko‘rki sanalgan traktor zavodiga borganida ishchilari ham uni «Uxodi» («Ket») degan hayqiriqlar bilan kutib oldi.
Lukashenko esa o‘z nutqi davomida:
- Yangi konstitutsiya qabul qilishimiz kerak. Referendum o‘tkazishingiz va yangi konstitutsiyaga binoan, xohlasangiz, ham parlament saylovlarini, ham prezident saylovini hamda mahalliy saylovlarni o‘tkazishingiz mumkin, - dedi.
Prezidentning ushbu bayonoti unga nisbatan bosim kuchayib borayotgani ortidan murosa yo‘li izlanayotgani ifodasi sifatida ko‘rildi.
9 avgust kuni o‘tkazilgan prezidentlik saylovida Lukashenko 80,1 foiz ovoz to‘plagani e’lon qilinishi ortidan ham Belarusda, ham xorijda saylov natijalari soxtalashtirilgani haqida shubha paydo bo‘ldi.
17 avgust kechqurun o‘tkazilgan namoyish qatnashchilari ikki hibsxona oldiga yurish qilib, qamoqqa olingan muxolifatchilar va namoyishchilarning ozodlikka chiqarilishini talab qildi.
Saylov rasmiy natijasiga qarshi boshlangan norozilik namoyishlarining 7 mingga yaqin qatnashchisi hibsga olindi, noroziliklar davomida ikki odam nobud bo‘ldi. Belarus politsiyasi namoyishchilarni ayovsiz kaltakladi, ayrim holatlarda namoyishchilarga o‘qotar quroldan o‘t ochildi.
Hibsga olinganlardan biri¸ vrach Sergey Boyko hibsxonalarning mayoshchilar bilan to‘lib ketganini aytadi.
- Men birinchi tunni o‘tkazgan kamerada 30-35 nafar odam bor edi. Kamera aslida 6 odamga mo‘ljallangan.
Bu orada Belarusdagi eng yirik ishlab chiqarish korxonalari muddatsiz ish tashlash e’lon qildi. Ish tashlaganlar ham Lukashenko iste’fosini talab qilmoqda.
16 avgust kuni 100 mingdan oshiq odam ishtirokida bo‘lib o‘tgan namoyish ortidan davlat telekanali ishchilari ham ish tashladi.
16 avgust kuni Lukashenkoning saylovdagi asosiy raqibi Svetlana Tixanovskaya «milliy lider bo‘lishga tayyor ekani»ni e’lon qilib, videobayonot tarqatdi.
- Men mamlakatimizda barqarorlik o‘rnatilishi, normal hayot tarziga qaytishi, barcha siyosiy mahbuslar qamoqlardan ozod etilishi va qisqa muddatda yangi prezidentlik saylovi o‘tkazilishiga imkoniyat yaratib beruvchi qonunchilik bazasi ishlanib chiqishi uchun mas’uliyatni o‘z zimmamga olib, milliy lider sifatida maydonga chiqishga tayyorman, - dedi Tixanovskaya o‘z bayonotida.
Yevropa Ittifoqi yetakchilari 19 avgust kuni navbatdan tashqari video sammit o‘tkazib, Belarusdagi vaziyatni muhokama qiladi. AQSh prezidenti Donald Tramp esa Vashington Belarusdagi hodisalarni yaqindan kuzatayotganini ta’kidladi.
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Belarusda bo‘lib o‘tgan prezident saylovi hamda namoyishchilarga qarshi qo‘llanilgan keskin choralar yuzasidan xavotir izhor qildi.
Kanada tashqi ishlar vaziri Fransua-Filipp Shampan Ottava tinch namoyishchilarga qarshi kuch qo‘llanilganini qoralab, saylov natijalarini tan olmasligini bildirdi.
Germaniya hukumati matbuot kotibi esa Lukashenko iddaolariga qaramasdan, 9 avgustdan beri kansler Angela Merkel Lukashenko bilan suhbatlashmaganini aytdi.
Bu raddiya arafasida «Interfaks» agentligi Belarus prezidentiga tayanib¸ 16 avgust kuni Merkelning u bilan telefonda gaplashganini iddao qilgan edi.