Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:42

Germaniyalik ekspert: O‘zbekiston aholisi yosh, shuning uchun koronavirusdan o‘lim kam


Germaniyalik professor Nisar Malek.
Germaniyalik professor Nisar Malek.

Germaniyadagi Tubingen universiteti kasalxonasining ichki kasalliklarni davolash markazi rahbari, professor Nisar Piter Malek O‘zbekiston hukumatining taklifiga ko‘ra, so‘nggi bir oy ichida uchinchi bor Toshkentga safar qilmoqda.

Professor Malekning Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda xalqaro tajriba va malakali mutaxassislarga ehtiyoj bor. Shu sababli Tubingen universiteti o‘zining yetakchi ekspertlari va tajribali vrachlaridan iborat guruhni O‘zbekistonga yuborish imkoniyati ko‘rib chiqmoqda.

Professor Nisar Piter Malek Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekistondagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyat va hukumat ko‘rayotgan choralar haqidagi o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashdi.

Doktor Malek o‘tgan oy oxirida O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov bilan muloqotda bo‘lgan.

Germaniyalik ekspert Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi “O‘zekspomarkaz” pavilyonida koronavirus infeksiyasini yuqtirib olib, kasallikka chalingan 120dan ortiq og‘ir bemorga mo‘ljallangan intensiv yordam markazi ochish rejalashtirilayotgani, markazda germaniyalik malakali vrachlar bemorlarga xizmat ko‘rsatishini aytdi.

Ozodlik: Doktor Malek, O‘zbekiston hukumati koronavirus tarqalishiga qarshi ko‘rayotgan choralarini qanday baholaysiz?

Doktor Malek: Menimcha, hukumat boshidan to‘g‘ri qadamlarni qo‘ydi. Butun mamlakat bo‘ylab karantin joriy etdi, qo‘shnilar bilan chegaralarni yopdi, havo qatnovlarini to‘xtatdi, aholiga maska taqtirdi. Bular - koronavirusni nazorat qilish bo‘yicha juda to‘g‘ri qilingan ishlar.

Ozodlik: Lekin so‘nggi oylarda O‘zbekistonda, ayniqsa poytaxt Toshkentda koronavirusga chalinish ko‘paydi. Oqibatda hukumat qaytadan karantin e’lon qilishga majbur bo‘ldi. Nima noto‘g‘ri bo‘lgan deb o‘ylaysiz?

Doktor Malek: Boshida kuchli karantin joriy etildi. Keyin qaytadan yumshatildi. Buning ustiga qo‘shni davlatlardan kelganlar hisobiga koronavirus ko‘payib bordi. Kasallik ko‘payishining yana bir jihati odamlar yashash tarzi. Huddi Italiyada bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham shu manzarani ko‘ryapmiz. Ya’ni bir oilada jamoa bo‘lib yashash tarzini nazarda tutyapman. Bir oilada bir odam o‘zi bilan tashqaridan virus olib kelsa, butun boshli oilaga tarqaladi. Bundan tashqari bozorlar, aholi gavjum joylar, odamlarning bir joyga to‘planishi va ijtimoiy masofa saqlash tartibiga amal qilinmaslik kasallik tarqalishi asosiy sabablari deb o‘ylayman.

Ozodlik: O‘zbekiston hukumati 15 avgustdan karantin choralarini yengillashtiryapti. Hozir shuning mavridi deb o‘ylaysizmi?

Doktor Malek: Men bu haqda biron narsa deya olmayman, chunki koronavirus holatlari haqida aniq rasmiy statistika menda yo‘q. Agar kasallik tarqalishi ko‘payayotgan bo‘lsa, albatta karantin yengillashtirilmasligi kerak. Agar kamayayotgan bo‘lsa, boshqa gap. O‘zbekiston ham o‘z iqtisodi haqida qayg‘uryapti, biznesni oyoqqa turg‘izish kerak, buni tushunsa bo‘ladi. Odamlar sog‘ligi va iqtisodni ko‘tarish masalasi orasidagi muhim nuqtani topa bilish mushkul masala. Lekin, yana bir bor aytaman, agar yuqtirganlar ko‘payayotgan bo‘lsa, men karantinning shoshma-shosharlik bilan yengillashtirilishiga qarshi bo‘lardim.

Ozodlik: Rasmiy statistikaga qaraydigan bo‘lsak, bugunga qadar 33 million aholiga ega O‘zbekistonda koronavirus yuqtirganlar 33 mingdan ko‘proq. O‘lim holatlari esa 220 atrofida. Aholi soniga solishtirsa bu boshqa mamlakatlarga qaraganda ko‘p emasdek. Sizningcha bu statistika O‘zbekistonda siz borib ko‘rgan manzaraga qanchalik mos keladi?

Doktor Malek: Men chetda turib bu raqamlar to‘g‘ri, unisi noto‘g‘ri deya olmayman. Men O‘zbekistonda bo‘lganimda Toshkentdagi bitta kasalxonada bir kunda ko‘plab bemorlar qabul qilingani holatini ko‘rdim. Lekin, o‘lim statistikasi haqida hech narsa aytolmayman. O‘zbekistonning ustunligi aholining katta qismi yoshlar ekanida. Mamlakat aholisining ko‘pchiligi 33 yoshdan past. Shu sabab o‘lim holatlari kam bo‘lishi mumkin. Boshqa davlatlarda koronavirusdan o‘layotganlarning ko‘pchiligi 75 yosh va undan kattalar. O‘zbekistonda kasallik yuqtirganlar ko‘p bo‘lishi, o‘lim esa aholi yoshligi bois kam bo‘lishi mumkin.

Ozodlik: Siz O‘zbekiston Bosh vaziri bilan muloqotda bo‘ldingiz. Nimalar haqida gaplashdingizlar, qanday maslahatlar berdingiz?

Doktor Malek: Yana bir bor aytaman, koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha hukumatning qilayotgan harakatlari tahsinga sazovor. Hukumat juda qisqa vaqt ichida koronavirus bilan kasallanganlar uchun kasalxonalar qurib, koykalar sonini oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Hozirgi maqsad kasallanganlarga o‘z vaqtida intensiv tibbiy xizmat ko‘rsatish, og‘ir kasallarni sun’iy nafas oldirish uskunalari bilan jihozlangan koykalarga yotqizish. Shuning uchun biz hozir koronavirusga chalingan 120dan ko‘proq bemorga intensiv tibbiy yordam ko‘rsatadigan bo‘lim ochyapmiz. U yerda malakali mutaxassislarimiz yordam ko‘rsatadi. Hukumat vaziyatni yaqindan kuzatib boryapti, deb o‘ylayman. Ular karantin choralarini yengillashtirayotgan ekan demak bunga asos bor. Ayni vaqtda karantin yengillashtrilganiga qaramay ijtimoiy masofa, maskalarni taqib yurish va gigiyena qoidalari saqlanib qolishi kerak. Takliflarimiz shu.

Ozodlik: Shifokor sifatida koronavirus yuqtirmaslik uchun o‘zbekistonliklarga nimalarni maslahat qilamiz?

Doktor Malek: Muhim narsa - ijtimoiy masofani saqlash. Jamoat joyida bir-biridan uzoq turish. Odamlar bir joyga to‘planadigan joylarda niqob taqish va niqobni to‘g‘ri taqish kerak. Muntazam qo‘lni yuvib, dezinfeksiya qilib turish, albatta juda muhim. Mana shu eng muhim choralar. Bizga ma’lumki, baqirish, qo‘shiq aytish, jo‘r bo‘lib qo‘shiq aytish ham hatarli, bundan masofalanish kerak. Agar mana shu tavsiyalarga amal qilinsa, o‘ylaymanki kasallik kamayishiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz".

XS
SM
MD
LG