Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:04

Belarus: Tixanovskaya saylov natijasini tan olmadi. OMON bilan to‘qnashuvda yuz kishi jarohatlandi, 3 ming norozi qo‘lga olindi (VIDEO)


Belarusning qator shaharlarida namoyishga chiqqan Tixanovskaya tarafdorlari “Lukashenko ket” degan chaqiriqlarni hayqirdilar.
Belarusning qator shaharlarida namoyishga chiqqan Tixanovskaya tarafdorlari “Lukashenko ket” degan chaqiriqlarni hayqirdilar.

Belarusda 9 avgust kuni o‘tgan prezident saylovida Aleksandr Lukashenko 80 foiz ovoz olgani haqidagi xabarlardan so‘ng mamlakatning 33 shaharida norozilik namoyishlari boshlandi. Politsiya tomonidan namoyishchilarni kuch ishlatib tarqatdi.

Belarus prezidentligiga nomzod Svetlana Tixanovskaya saylovning dastlabki natijalarini tan olmasligini e’lon qildi va o‘z tarafdorlarini norozilik namoyishlarini davom ettirishga chaqirdi.

Belarus Ichki ishlar vazirligi 9 avgustdan 10 avgustga o‘tar kechasi mamlakatning 33 shahrida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgani va uch ming odam qo‘lga olinganini bildirdi.

Vazirlik politsiya va norozilar to‘qnashuvi paytida, huquq faollari xabar qilganidek, bir odam halok bo‘lganini inkor qildi. Ichki ishlar vazirligining ta’kidlashicha, to‘qnashuvlarda kamida 50 kishi va 39 nafar politsiyachi jarohatlandi.

Tixanovskaya: Saylovning g‘olibi menman

Belarus prezidentligiga nomzod Svetlana Tixanovskaya saylovning dastlabki natijalarini tan olmasligini e’lon qildi.

“Men o‘zimni saylov g‘olibi deb hisoblayman”, - deb bayonot berdi Tixanovskaya o‘z shtabida o‘tkazgan matbuot anjumanida.

Tixanovskayaning aytishicha, uning bayonoti ko‘plab saylov uchastkalaridan olingan “real protokollardagi natijalar”ga asoslangan. Bu protokollarda u Aleksandr Lukashenkodan ko‘p ovoz olgani tasdiqlangan.

Tixanovskaya 10 avgust kuni e’lon qilingan rasmiy natijani soxtalashtirilgan deb hisoblashini aytdi. Tixanovskaya mamlakatni tark etish niyati yo‘qligini ham bildirdi. Unga ko‘ra, o‘zi ko‘chalardagi norozilik namoyishlarida ishtirok etmayapti.

“Mening ko‘chaga chiqishim vaziyatni yanada murakkablashtiradi”,-dedi Tixanovskaya.

Ayni paytda u o‘z tarafdorlarini tinch norozilik namoyishlarini davom ettirishga, Lukashenkoni esa zo‘ravonliklarning oldini olish maqsadida muloqotga chaqirdi.

Belarusdagi norozilik namoyishlari va zo‘ravonliklar

Belarus poytaxti Minsk va boshqa shaharlarda politsiya va norozilar o‘rtasidagi to‘qnashuv davlat televideniyesi Aleksandr Lukashenko, rasman o‘tkazilgan ekzit-pol natijalariga ko‘ra, 79,7 foiz ovoz olganini e’lon qilgani ortidan boshlanib ketdi.

Lukashenkoning saylovdagi asosiy raqibi Svetlana Tixanovskaya rasmiy ekzit-pol natijalarini tan olishdan bosh tortdi. Davlat telekanali rasmiy ekzit-pol natijalariga ko‘ra, Tixanovskaya 6,8 foiz ovoz olganini bildirgan.

Belarusning qator shaharlarida namoyishga chiqqan Tixanovskaya tarafdorlari “Lukashenko ket” degan chaqiriqlarni hayqirdilar. OMON namoyishchilarga kuch qo‘lladi. Jarohatlanganlar bor. Bir qancha namoyishchi hibsga olindi.

10 avgust tunda Minskda namoyishchilar ustiga yuk mashinasi haydalgani aks etgan tasvirlar ham ijtimoiy tarmoqlarga joylandi. Guvohlarga ko‘ra, yuk mashinasidan ikki kishi jarohatlangan, biri og‘ir ahvolda. Biroq rasmiylar ushbu avtohalokatni inkor qilishdi.

Minskdagi “Vesna” huquq himoyasi tashkilotining bildirishicha, mamlakat bo‘ylab namoyishlarda ishtirok etgan norozilardan 200 nafari hibsga olindi. Ularning 140 nafari Minskdagi namoyish ishtirokchilaridir.

Tashkilotning xabar berishicha, hibsga olinganlardan ikki nafari yaralangan. Qo‘lga olinganlar orasida 16 jurnalist va 40 nafar kuzatuvchi bor.

Huquq faollariga ko‘ra, namoyishlar paytida bir odam halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar turli jarohatlar bilan kasalxonalarga yotqizilgan. Lekin hukumat bu xabarlarni rasman tasdiqlagani yo‘q.

Svetlana Tixanovskaya 10 avgustga o‘tar kechasi namoyishchilar va kuch ishlatar tizimlarga murojaat qildi. U zo‘ravonliklarni to‘xtatishga chaqirdi.

Hukumat: Vaziyat nazorat ostida. Lukashenko saylov g‘olibi

Hukumatga qarashli “Belta” axborot agentligi 10 avgust kuni ertalab politsiya “ruxsat berilmagan ommaviy namoyishlar” ustidan vaziyatni o‘z nazoratiga olgani haqida xabar berdi.

Belarus Markaziy saylov komissiyasi raisi Lidiya Yermoshina 10 avgustda saylovda amaldagi prezident Aleksandr Lukashenko saylovchilarning 80 foiz ovozini olib, g‘olib bo‘lganini e’lon qildi.

Lukashenkoning asosiy raqibi bo‘lgan Svetlana Tixanovskaya esa rasman 10 foiz ovoz olgan.

Markaziy saylov komissiyasi 10 avgustda e’lon qilgan dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, saylovda ovoz berish huquqiga ega bo‘lganlarning 84 foizi ishtirok etgan. Ularning 6 foizi barcha nomzodlarga qarshi ovoz bergan.

Lidiya Yermoshina matbuot anjumanida e’lon qilingan dastlabki natijalar ko‘rsatkichi kun davomida o‘zgarishi ehtimoli yo‘qligini bildirdi

Saylovda Aleksandr Lukashenkodan tashqari Svetlana Tixanovskaya, Andrey Dmitriyev, Anna Kanopatskaya, Sergey Cherechen prezidentlikka nomzod sifatida ishtirok etdi.

Ammo asosiy e’tibor turmush o‘rtog‘i Sergey Tixanovskiy qamoqqa olinganidan keyin o‘z nomzodligini ko‘rsatgan Svetlana Tixanovskayaga qaratilgan.

Sergey Tixanovskiy qamoqqa olinishidan oldin Lukashenkoni “suvarak” deb atab, beloruslarni uni shippaklari bilan bosib o‘ldirishga chorlagan edi.

Aleksandr Lukashenko 1994 yildan beri Belarusni boshqarib keladi. U 9 avgustdagi saylovda oltinchi marta prezidentlikka o‘z nomzodini ko‘rsatdi.

XS
SM
MD
LG