Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:42

Belarus muxolifatchisi: 100 ming odam ko‘chaga chiqsa, Lukashenko qochib ketadi


Valeriy Sepkalo saylovoldi jarayonidan chetlatilishi ortidan Belarusni tark etgan.
Valeriy Sepkalo saylovoldi jarayonidan chetlatilishi ortidan Belarusni tark etgan.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning saylovdan chetlatilgan raqibi Valeriy Sepkalo prezidentlik saylovi natijalari e’lon qilinishi ortidan norozilik namoyishlari boshlansa, Lukashenko mamlakatdan qochib ketishini taxmin qildi.

Mamlakatni 26 yildan beri boshqarib kelayotgan Lukashenko uchun 9 avgustga belgilangan prezidentlik saylovi avvalgilari kabi oson bo‘lmaydi. Ayni paytda¸ Lukashenkoning saylov natijalarini soxtalashtirish va muxolifatga qarshi bosimni kuchaytirish bilan yana g‘alaba qozonishi kutilmoqda.

Taniqli tadbirkor va sobiq elchi Sepkalo saylov davomida¸ qolaversa uning ortidan yuz minglab odam norozilik namoyishlariga chiqsa, Lukashenko mamlakatdan qochib ketishini kutish mumkinligini aytadi.

Sepkalo Ozodlik va Amerika ovozi radiolarining qo‘shma loyihasi bo‘lgan «Nastoyashchee vremya» telekanaliga bergan intervyusida aholi Lukashenkoga qarshi yurishga chiqsa, u «uchoqqa minib, boshqa biron yerga uchib ketishiga» ishonishini aytdi.

Sepkaloning so‘zlariga ko‘ra, Lukashenko politsiya hamda xavfsizlik xizmatlari yordamida bir necha ming namoyishchini bostira olishi mumkin, ammo 100 ming odam ko‘chaga chiqadigan bo‘lsa, prezident armiyani ishga solmaydi.

Kiyevdan turib intervyu bergan tadbirkor:

- Belarus armiyasi o‘z xalqiga qarshi qurol ishlatishiga ishonmayman, - dedi.

Keyingi haftalarda Belarus prezidentligiga nomzod, muxolifatchi Svetlana Tixanovskaya o‘tkazgan saylovoldi tadbirlariga minglab odam keldi. Tixanovskayani saylovdan u yoki bu sababga ko‘ra chetlatilgan nomzodlar qo‘llamoqda.

Ayni paytda Lukashenko Ichki ishlar vazirligi hamda armiya rasmiylari bilan uchrashib, har qanday norozilik yurishini bostirishi mumkinligiga shama qildi.

Lukashenko, shuningdek, o‘tgan oy qo‘lga olingan bir guruh shaxs Rossiyadagi xususiy harbiy shirkat pudratchilari ekani, ular Belarusdagi vaziyatni beqarorlashtirish uchun mamlakatga yuborilganini iddao qildi.

Saylov arafasida bir necha nomzod jarayondan shubhali ayblovlar bilan chetlatildi, faol va jurnalistlarga qarshi bosim misli ko‘rilmagan darajada kuchaytirildi.

Saylov kampaniyasi boshlanganidan beri 1 100 nafardan oshiq odam, jumladan, siyosatchilar, saylov kampaniyasi uyushtiruvchilari va jurnalistlar hibsga olindi.

Rasmiylar Sepkalo hamda Tixanovskayaning turmush o‘rtog‘i Sergey Tixanovskiy kabi keng qo‘llovga ega nomzodlarni prezidentlik poygasidan chetlatdi.

Sepkaloning rafiqasi Veronika Sepkalo hamda hibsga olingan sobiq nomzod Viktor Babariko vakili Mariya Kolesnikovalar Tixanovskayani qo‘llamoqda.

Sepkalo Babariko va Tixanovskiy kabi qo‘lga olinishidan xavotir olib, Belarusni tark etgan.

XS
SM
MD
LG