Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:45

Test o‘tkazadigan tashkilotning 48 yashar xodimasi 7 kun isitma ichida ishladi, 3 kun yotib, vafot etdi


Ishxonada turib, osma ukol olayotgan 48 yashar (endilikda marhuma) laborant Xolisxon Jalolova, 2020, 14 iyul
Ishxonada turib, osma ukol olayotgan 48 yashar (endilikda marhuma) laborant Xolisxon Jalolova, 2020, 14 iyul

Yakkasaroy tumani Sanitariya epidemiologiya osoyishtalik markazining (SEOM) 48 yashar xodimi Xolisxon Jalolova ish jarayonida o‘tkir bronxopnevmoniyaga chalinib, olamdan o‘tdi.

Oilasi va hamkasblaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, Jalolovaning tana harorati shu yilning 9 iyulidan 38 – 38 yarim darajagacha ko‘tarilishni boshlagan. Oilasi ayolning isitma ichida bir hafta ishlagani, so‘ngra ahvoli og‘irlashib shifoxonaga tushib qolgani va 3 kun ichida vafot etganini aytmoqda.

Yakkasaroy tumani SEOM rahbariyati, idoraning parazitologiya laboratoriyasida ishlagan Xolisxon Jalolovaning ish jarayonida kasallanib, vafot etganini tasdiqladi, ammo bu haqda boshqa ma’lumot bermadi.

48 yashar Jalolova, qizi Mukambar Umarovaning aytishicha, 21 yildan buyon shu sohada ishlab kelayotgan edi.

Ayolning isitmasi shu yilning 9 iyulidan ko‘tarila boshlagan, koronavirus uchun bir marta test topshirgan va unda virus aniqlanmagan.

- Men onamga aytib yurgan edim: “Ona, uyda qoling, qon bosimingiz baland”, desam ko‘nmagandilar: “Xalqning boshiga ish keldi, men ishlashim kerak”, dedilar. Iyul oyi boshida ishxonada bir kishida koronavirus tasdiqlandi. 9 iyuldan onamning issig‘i chiqa boshladi, 38 yarim darajaga chiqdi. Ishxonaga borib bizdan test olinglar, desalar, tabletkalarni ichib turing, o‘tib ketadi, deb olishmagan. Bir marta test olishganida, koronavirus aniqlanmagan, lekin men bu test tahlilining sifatli o‘tkazilganiga ishonmadim. Chunki, o‘zim aprelda koronavirus bilan og‘ridim va onamdagi simptomlar meniki bilan ayni edi. Shu bilan onam 16 iyulgacha 38 – 39 darajagacha isitma bilan ishga qatnadi. 17 iyul kuni isitmasi 40 darajaga chiqdi. O‘sha kun shifoxonaga yotqizdik, - dedi Mukambar.

Xolisxon Jalolovadan koronavirus uchun olingan test tahlilining javobi, 15 iyulь, 2020
Xolisxon Jalolovadan koronavirus uchun olingan test tahlilining javobi, 15 iyulь, 2020

Unga ko‘ra, onasiga shifokorlar “o‘tkir bronxopnevmoniya” tashxisini qo‘ygan va COVID-19ga test topshirishni tayinlagan.

Mukambar Umarova, o‘shandan keyin onasidan test uchun tahlil olinmaganini da’vo qildi:

- Shanba kuni edi. Ishxonasidagilar shanba-yakshanba kunlari test olishni to‘xtatish haqida topshiriq bor, deb olmadi. Men Sog‘liqni saqlash vazirligi, SEOMni respublika idorasini ishonch raqamlarini saytidan topib, qo‘ng‘iroq qildim. Telefonni hech kim ko‘tarmadi. Oxiri 21 iyul kuni onam olamdan o‘tdilar. O‘sha kuni o‘pkasida yallig‘lanish 70 foizga yetib bo‘lgan ekan.

Shu tariqa, 25 yashar Mukambar Umarova, onam koronavirus uchun test olinadigan tashkilotda ishlab turib, vaqtida test qilinmadi va buning ortidan ahvoli og‘irlashib, vafot etdi, deb da’vo qilmoqda.

Ayni paytda, Umarova onasiga rasman kovid infeksiyasi aniqlanmagani uchun ish vaqtida virus yuqtirib olgan tibbiyot xodimlariga belgilangan imtiyoz, rag‘batlantirish va tovon pullarini ham to‘lanmagani, onasining xasligi bois, bu to‘lovlar bilan qiziqmaganini ham aytdi.

Quyida Mukambar Umarova bilan suhbatni tinglang:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:25 0:00
Бевосита линк

Marhuma bilan bir tashkilotda ishlashini aytgan va ismini ochiqlamaslikni so‘ragan hamkasbining aytishicha, Xolisxon Jalolova koronavirus epidemiyasi boshlanganidan so‘ng dezinfektorlik qilgan.

Jalolova koronavirus aniqlanmagan aholi punktlari – mahallalar, xonadonlar va ko‘pqavatli uylarini dezinfeksiya qilgan.

Hamkasbi, Jalolova xasta holida bo‘lsa ham, o‘z ixtiyori bilan ishini davom ettirgani, ammo maxsus himoya kiyimlarisiz ishlaganini aytdi.

Bu xodimga ko‘ra, Yakkasaroy tumani SEOMning xodimlari, koronavirus rasman aniqlanmagan hududlarda niqob, qo‘lqop va oq xalatdagina ishlaydilar, ularga maxsus himoya kiyimlari berilmaydi.

SEOM xodimi: “Aholi orasida koronavirus chiqayotgan bir paytda SEOM xodimlari virus chiqmagan hududlarda ham to‘liq himoya kiyimlari bilan ta’minlanishi zarur”, deb alohida ta’kidladi.

Marhuma Jalolovaning yaqinlari uning ish jarayonida olingan so‘nggi suratlaridan birini Ozodlikka taqdim qildi:

Yakkasaroy SEOM xodimi Xolisxon Umarova niqob, qo‘lqop va oq xalat bilan aholi punktlarini dezinfektsiya qilmoqda, iyulь, 2020
Yakkasaroy SEOM xodimi Xolisxon Umarova niqob, qo‘lqop va oq xalat bilan aholi punktlarini dezinfektsiya qilmoqda, iyulь, 2020

Yakkasaroy tumani SEOM rahbari Muqaddas To‘rayeva bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi. Mulozim qo‘l telefoniga qilingan qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

Tashkilotning epidemiolog vrachi Irina Safarovna Jalolova bu tashkilotda ishlaganini tasdiqladi va uning koronavirusga chalingan bemorlar uchun ajratilgan shifoxonaga yotqizilganidan xabari borligini ham aytdi. Ammo, boshqa ma’lumotlarni birinchi rahbardan olishni tavsiya qildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya epidemiologiya osoyishtalik agentligi (SEOA) va uning hududiy bo‘linmalari tashkilotlari hozirda koronavirus alomatlari kuzatilgan kishilardan tahlil namunalarini olib, test o‘tkazishga mas’ul yagona tashkilot bo‘lib qolmoqda.

Ba’zi xususiy klinikalar ham koronavirusga test olishi mumkin, ammo yakuniy natijani SEOA tasdiqlab berishi lozim.

O‘zbekistondagi rasmiy raqamlarga ko‘ra, kuniga 350dan – 500 nafargacha odam koronavirusga chalinmoqda va shu bois, hozirga kelib ushbu tashkilot xodimlari kunu tun ish rejimida ishlamoqda.

Ozodlikka SEOA xodimlaridan kelayotgan o‘nlab shikoyatlarga ko‘ra, ular himoya kiyimlari bilan hanuz yetarli darajada ta’minlanmagan, ayrimlari hatto himoya kiyimlarisiz – faqatgina niqob va qo‘lqop bilan aholi punktlarini dezinfeksiya qilmoqda.

Bundan tashqari, agentlikning qator idoralarida virus yuqqan xodimlar aniqlangach ham, boshqa xodimlar ishxonalarda qolib, ishini davom ettirayotgani Ozodlikka ma’lum.

Jumladan, Ozodlikka rasman ma’lum bo‘lishcha, iyul boshida agentlikning bir necha o‘n xodimi Covid-19 tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgan, Ozodlik kasalxonaga yotqizilgan xodimlardan to‘rt nafari bilan gaplashgan edi.

Shunindek, Ozodlik tashkilotning Namangan viloyati boshqarmasi ham, koronavirusga chalingan xodimlari aniqlanganini ortidan karantinga yopilganini xabar qilgan. 15 iyul kuni markazdan olingan ma’lumotda, xodimlar SEOM binosida qolib, ishini davom ettirayotgani aytilgandi.

Shu paytgacha, O‘zbekistonda koronavirus kasalligiga chalingan yoki virusga chalingach vafot etgan tibbiyot xodimlari umumiy soniga oid rasmiy raqamlar Ozodlikka ma’lum emas. Ammo, alohida hududlar uchun berilgan ayrim ma’lumotlar bor.

Jumladan, Samarqand viloyatida shu yilning 15 martidan 21 iyulga qadar 67 nafar tibbiyot xodimi bemorlarni davolash va xizmat vaqtida COVID-19 kasalligini yuqtirib olgani ma’lum qilingan.

Bundan tashqari, Buxorodagi birgina muassasada 5 tibbiyot xodimi virus yuqtirib olgani haqida ham Ozodlik xabar qilgan.

Shu yilning 13 aprelida Andijonda koronavirusga chalingan 90 bemorning 78 nafari tibbiyot xodimi ekani viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov ma’lum qilgan edi. Bundan tashqari, koronavirusdan vafot etgani rasman ma’lum qilingan O‘zbekistondagi ilk bemor ham shifokor ekani rasman ma’lum qilingan.

Ayni paytda O‘zbekistonda Covid-19 bo‘yicha test natijasini aniqlashga mas’ul ushbu agentlikdagi ahvol mamlakatdagi vaziyatni izdan chiqarishi mumkinligidan xavotirlar ham mavjud.

XS
SM
MD
LG