Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 06:26

O‘liklarga to‘la morg: Toshkentdagi o‘likxona rahbari tarmoqda tarqalgan video yuzasidan Ozodlikka izoh berdi


Toshkentdagi Respublika patologiya anatomiya markazi ichidan olingan videoda yo‘lakda yelim qoplarga solingan o‘liklar yotganini ko‘rish mumkin.
Toshkentdagi Respublika patologiya anatomiya markazi ichidan olingan videoda yo‘lakda yelim qoplarga solingan o‘liklar yotganini ko‘rish mumkin.

27 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi Respublika patologik anatomiya markazi ichida olingan video tarqaldi.

Unda murdalarni vaqtincha saqlash xonasida (eshikda shunday yozuv bor) va yo‘lakda 13 qora yelim qop ko‘rinadi. Qoplar bo‘sh emasligidan ularda jasadlar borligi tushuniladi. Boshqa bir necha jasad sellofan paketlarga solinmagan. Ular murdalarni vaqtincha saqlash xonasiga kiritilmagan.

Videoni olayotgan shaxs kadrdagi o‘liklar shu kuni olib kelingan o‘liklarning to‘rtdan biri ekanini aytadi.

Toshkentdagi Respublika patologik anatomiya markazi rahbari Rajabboy Isroilov 28 iyul kuni Ozodlik bilan suhbatda video o‘zi rahbarlik qiladigan markazda olinganini tasdiqladi.

Isroilov video bir oy oldin Rossiyadan charter reysda 16 jasad markazga olib kelingan paytda olingan bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Respublika patologik anatomiya markazi rahbariga ko‘ra, muassasaga Covid-19 epidemiyasi boshlangunga qadar bo‘lgan ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘p jasad keltirilmoqda.

Videoni olayotgan erkak "bugun o‘lik ko‘p, Respublika patologoanatomiya markazida, bu odamlarning joyi jannatda bo‘lsin", deya telefoni obyektivini markaz binosi koridoridagi qora yelim qopga o‘ralgan jasadlarga qaratadi.

"Nima balo bo‘lyapti?" deb so‘raganida qarshisidan kelayotgan hamkasbi "uchinchi jang", deb javob berdi.

Videoda qora plyonkalarga o‘ralgan yoki ochiq holda yotqizib qo‘yilgan kamida 13 ta jasad ko‘rinadi.

Videoni olayotgan shaxs kadrdagi o‘liklar hammasi emasligini aytadi.

"Bu bugun kelgan o‘liklarning to‘rtdan bir qismini tashkil etadi. Kun bo‘yi yigirmata o‘lik berib yubordik", deydi.

Videoda ustma-ust taxlab qo‘yilgan yigirmatacha yog‘och tobutlarni ham ko‘rish mumkin.

Respublika patologik anatomiya markazi rahbari Rajabboy Isroilov 28 iyul kuni Ozodlik bilan suhbatda videodagi manzara o‘zi rahbarlik qiladigan o‘likxonadan ekanini tasdiqladi:

"Ha, bu bizning markazdan olingan. Yigitlarimiz yoshlik qilib videoga olib qo‘yishgan, o‘zlari uchun olishgan ekan, Internetga tarqatish uchun emas. Keyin, Xorazmdagi qarindoshiga yuborgan, u boshqasiga yuborgan, shunday qilib cherez-cherez tarqalib ketgan. Bu 28 iyun kuni olingan. Bir oy oldin bo‘lgan bu. O‘sha kuni Rossiyadan charter reys kelgandi, koronavirusdan o‘lgan 16 ta o‘lik bizning markazga olib kelingandi".

Rajabboy Isroilov Respublika patologik anatomiya markazida o‘liklar kunlik oqimi yigirmatachani tashkil etayotganini, bu odatdagidan, ya’ni Covid-19 epidemiyasi boshlangunga qadar bo‘lgan ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘pligini qo‘shimcha qildi.

"Ulgurmayotgandik, shunga yarmini sudmedekspertiza oldi. Hozir kuniga 20 tacha o‘lik obrabotka qilinadi, dezinfeksiyalanadi. Oldin kuniga qirqtacha edi, yarmini sudmedekspertizaga berishdi. Bular asosan pnevmoniyadan o‘lgan deb, bizga aytilyapti, - dedi Isroilov.

Lekin, Respublika patologik anatomiya markazi rahbari koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon qancha o‘lik olib kelingani haqida ma’lumot berolmasligini aytdi.

O‘tgan hafta Toshkentdagi Respublika patologik anatomiya markazi oldida odamlar koronavirusdan o‘lgan yaqinlari jasadlarni olish uchun kunlab navbat kutayotganliklarini Ozodlikka aytishgandi.

Ozodlikka yuborilgan suratlarda koronavirus karantiniga qaramay, marhum yaqinlarining jasadlarini olishga urinayotgan o‘nlab kishining o‘likxona oldida navbatda turganini ko‘rish mumkin.

Respublika patologik anotomiya markazi rahbari Rajabboy Isroilov o‘likxona oldida odamlar to‘planishini inkor etmadi.

"Chunki hozir darrov berilmayapti. Dezinfeksiyalab, yuvib, maxsus plyonkaga o‘rab, to‘g‘ri qabristonga olib borib ko‘miladigan qilib berilyapti. Bu esa vaqt olyapti, shuning uchun kutib qolishyapti", - dedi Rajabboy Isroilov.

Rasmiy statistikaga qaralsa, O‘zbekistonda 28 iyulga kelib, qoronavirusdan o‘lganlar soni 122 nafarni tashkil etishi aytiladi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi 28 iyul kuni koronavirusga chalinganlar soni 297 nafarga ko‘payib, jami kasallanish holatlari soni 21 506 taga yetganini ma’lum qilgan.

XS
SM
MD
LG