Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:43

Vrachlar: Covid-19ga qarshi kurash strategiyasi noto‘g‘riligidan sog‘liqni saqlash tizimi holdan toyib qoldi


O‘zbekistonlik tibbiyot xodimi COVID-19 testi uchun olingan namunalar bilan ishlamoqda,
O‘zbekistonlik tibbiyot xodimi COVID-19 testi uchun olingan namunalar bilan ishlamoqda,

O‘zbekistonlik shifokorlar COVID-19 infeksiyasi uchun hanuz tahlil topshirolmagani va shu ahvolda koronavirus yuqtirib olgani gumon qilingan yoki boshqa bemorlar bilan muloqotda himoyasiz ishlayotganini aytmoqda.

Ozodlik gaplashgan vrachlarga ko‘ra, infeksiya yoyilishi oldini olish uchun vrach va hamshiralar himoyasini bugunoq kuchaytirish, ularga yordam beradigan kichik tibbiyot xodimlari safini kengaytirish zarur.

Vrachlar xavotiriga ko‘ra, koronavirusga test olish tizimini Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligi (SEOA) vakolatidan chiqarib, tahlil olishga vakolatli muassasalarni ko‘paytirish, natijaga ko‘ra, bemorlarni uyida davolash choralarini kuchaytirish lozim.

Ozodlik, COVID-19 infeksiyasi yoyilib borayotgan bir paytda, unga qarshi yuzma-yuz kurashayotgan bir necha shifokorning ahvoliga oid tahlil va takliflarini jamladi.

(Eslatma: O‘zbekistonlik shifokorlarning aksari, o‘z rahbariyati tomonidan COVID-19 epidemiyasi bilan bog‘liq ma’lumotlarni jamoatchilikka ochiqlamaslik haqida ko‘rsatma olgani bois, ismi ochiqlanmasligini so‘ramoqda. Shu bois, Ozodlik gaplashgan shifokorlarning ismi, aniq ish manzili ochiqlanmayotir)

Pulmonolog: virus yo‘lidagi birinchi to‘siq - quyi bo‘g‘in tibbiyot xodimlarini ko‘paytirish lozim!

Toshkent viloyatida ishlaydigan pulmonolog vrachning aytishicha, shu kunda koronavirusni yuqtirib olgani aniqlangan yoki yuqtirib olgani gumon qilingan xastalar bilan ishlaydigan kichik tibbiyot xodimlari, hamshiralar, feldsherlar va umumiy amaliyot shifokorlari yetishmayotir.

Vrachga ko‘ra, isitmadan azob chekib, uyida tibbiy yordamsiz qolib ketgan xastalarga ilk yordam - ularning harorati, qon bosimini o‘lchash va test uchun surtma olishdan boshlanadi.

Vrachning ta’kidlashicha, aynan shu ilk bosqichga mas’ul bo‘lgan - oilaviy poliklinika va SEOM xodimlari juda oz, bori ham hanuz yetarli darajada himoyalanmagan.

"Aholi birinchi boradigan joy qayer? Poliklinika. Ko‘p poliklinikalarda kovidga podozreniye bo‘lgan bemorlarni qabul qilib oladigan xodimlar - kichik tibbiyot xodimlari va hamshiralar yetishmayapti, vrachlar kasal yoki yozgi ta’tilda. Toshkentdagi ko‘p poliklinikalar 70 foiz, ba’zilari 50 foiz xodim bilan ishlayapti. O‘zi avval ham ularda tibbiy xodimlari yetarli bo‘lmagan. Hozir endi juda kamaydi. Keyin ish boshidan noto‘g‘ri tashkil qilindi - aynan shu xodimlar himoya qilinmadi. Hozir ham ish noto‘g‘ri qilinyapti - virusni yuqtirib olganlar doktor izlab, da’vo izlab poliklinikaga boryapti - virusni shu xodimlarga yuqtiryapti, ular haliyam yetarli darajada himoyalanmagan", dedi toshkentlik pulmonolog.

Shifokorga ko‘ra, virus tarqalishini to‘xtatadigan ikkinchi jiddiy bo‘g‘in - koronavirus uchun test tahlillari bilan ishlaydigan SEOA tashkilotlari ham qariyb yarim quvvat bilan ishlamoqda:

"SEOA tizimi 50 foizga charchagan, desam bo‘ladi. Xodimlarining ko‘piga virus yuqib bo‘ldi. Aslida asosiy muammo shu yerda: virusni aniqlab, uni izolyatsiya qiladigan tizim yarim quvvatga tushib qolgan. Zudlik bilan odamlardan surtma olib, laboratoriyaga yetkazadigan xodimlar va laboratoriyalarni ko‘paytirish kerak. Testni olish, natijasini tasdiqlab berish haftalab cho‘zilmasligi kerak. Buning uchun test olish va natijasini tasdiqlashni SEOAning monopoliyasidan chiqarish kerak".

Bu pulmonologning Ozodlikka aytishicha, bemorlarning ahvolini tezda aniqlab, natijaga ko‘ra ajratib, davolaydigan markazlarni faqat Toshkentda emas, viloyatlarda ham ochish kerak.

"Mana hozir Toshkent shahrida shunaqa markazlar ochildi. "Tez yordam"ga telefon qilishi bilan bemor olib kelinyapti, o‘sha yerda ahvolini aniqlab, izolyatsiyaga olinyapti, virus yo‘q bo‘lsa, boshqa kasalxonalarga yuborilyapti. Faqat bu markazlar quvvati hali juda oz. Viloyat va tuman markazlarida ham, SEOAga qarab o‘tirmasdan, testni olib, natijasini tezda chiqarib, bemorlarni tezda taqsimlaydigan markazlarni ochish kerak, qancha tez bo‘lsa, shuncha yaxshi. Chunki, hozir mana o‘tkir respirator kasalliklar tarqala boshladi. Pnevmoniya qo‘shildi. Ichketar ko‘paydi bolalar orasida. Ular ham tez yordamsiz qolib ketmasligi kerak."

Bu vrachning kuzatuvicha, Toshkent viloyatida pnevmoniyaga chalinayotgan bemorlar ko‘payib bormoqda. Vrach, garchi koronavirus aniqlanmayotgan bo‘lsada, bu kasallikni ham COVID-19 infeksiyasi qo‘zg‘amoqda, degan xulosada ekanini ta’kidladi.

Terapevt: vrach va hamshiralardan haligacha test olinmadi!

Farg‘ona viloyatining Tojikistonga chegaradosh tumanidagi tibbiyot birlashmasida terapevt bo‘lib ishlaydigan shifokorning aytishicha, u hanuzgacha COVID-19 infeksiyasi uchun test topshirmagan.

"Bizning tumanda 220-240 atrofida vrach bor. Kimdir o‘z ixtiyori bilan viloyat markazi yoki Toshkentga borib, test topshirgan bo‘lsa bordir, lekin bizdan haligacha test olingani yo‘q. Biz har kuni aholi bilan muloqotdamiz. Birinchi navbatda, tibbiyot xodimlarining o‘zi tashuvchi bo‘lib qolmasligi kerak".

Vrachning aytishicha, u ishlaydigan tumanda 115 ming atrofida aholi bor va agar ahvol og‘irlashsa, shifokor hamda boshqa tibbiyot xodimlari yetishmasligi mumkin.

"Hozircha bizda tibbiyot xodimlari yetadi. Hamma tibbiyot xodimlari COVID-19 infeksiyasini davolash metodikasi bo‘yicha onlayn kurs olyapti. Lekin, agar Toshkent viloyatidagi ahvol bizga kelib qolsa, bizda ham xodimlar yetishmovchiligi boshlanadi. Chunki, bitta vrach bitta bemorga o‘rtacha yarim soat sarflaydi. Agar chaqiriqqa chiqsa, 1 soatam ketadi - ozda".

Bu vrachdan olingan raqamlardan kelib chiqilsa, 115 ming aholisi bo‘lgan tumanda 220 nafar vrach bor - taxminan, 500 kishiga 1 vrach to‘g‘ri kelmoqda.

SSV bergan so‘nggi rasmiy raqam - 2018 yil holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda har 10 ming aholiga o‘rtacha 23 shifokor to‘g‘ri keladi.

Qiyos uchun: har 10 ming kishi uchun Qirg‘izistonda 22, Qozog‘istonda 40, Gruziyada 78 shifokor to‘g‘ri keladi. Har 10 ming kishi uchun 23-22 nafar shifokor ko‘rsatkichi Yevropa davlatlaridagi hozirgi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 1 yarim 2 barobarga ozdir.

Shuningdek, bu vrach karantin choralarini kuchaytirilgan holda ushlab turish kerak, deb ta’kidladi:

"Bizda hali aholi orasida kasallik o‘choqlari yo‘q, hisobi. Hozircha koronavirus juda keng yoyilib ketmadi. Lekin, Toshkent viloyatidan kelganlar hisobiga, mana oxirgi haftalarda ko‘payib qoldi holatlar. Shuning uchun, hozir karantinni kuchaytirish kerak. Aholini o‘zini yakkalash tizimiga o‘tkazish kerak".

"Tez yordam" vrachi: SEOA bo‘limlarida yetishmayotgan test tizimlarini xususiy klinikalar qayerdan olmoqda?

Toshkent viloyatidagi "Tez yordam" xizmatida 8 yil vrach bo‘lib ishlaganini aytgan shifokorga ko‘ra, yana bir jiddiy funksional xato - COVID-19 infeksiyasini aniqlash tizimiga jalb qilingan xususiy klinikalar ishining noto‘g‘ri tashkil qilinganidir.

Vrach birinchi navbatda xususiy sektorda bemalol yetishayotgan test tizimlari nega SSV laboratoriyalarida yetishmayotir, degan savolni o‘rtaga tashladi:

- Men uchun shu savolning javobi qiziq. Oilamdan 4 kishi koronavirusga chalindik, men ham kasal bo‘ldim. 5 iyulda test topshirdik. 20 iyulda SES xodimlari kelib: "Tahlillar yaroqsiz bo‘lib chiqdi", deb yana test olib ketdi. 27 kuni javob keldi - pozitiv - bizda koronavirus aniqlandi. 22 kundan keyin bildik. Xususiyga borsangiz, 1 kunda natijasi chiqadi. Nima uchun sistema bunday yo‘lga qo‘yilgan? Bu juda noto‘g‘ri yechim.

Shuningdek, bu vrach xususiy klinikalar koronavirus yuqtirgani gumon qilingan kishilarning uyiga bormasligiga e’tibor qaratdi:

- SES sizni tekshirishi uchun siz uni haftalab uyda kutasiz. Sababi - virusni ko‘chada yuqtirmasligingiz kerak. Xususiy laboratoriya tekshirishi uchun xasta odam o‘zi borishi kerak. Sababi - ular hayotini xavfga qo‘yib, uyingizga kelmaydi. Qani bu yerda mantiq? Shunaqa oddiy mantiqsiz qadamlar - bugungi ahvolga sabab bo‘ldi. Aslida hammasi oddiy bo‘lishi kerak.

Bu vrachning ta’kidlashicha, koronavirusga qarshi kurash doirasida SSV ko‘rgan shunday xato chora-tadbirlar, birinchi navbatda, SSV tizimidagi quyi bo‘g‘in shifokorlari va xodimlarining o‘zini xavf ostida qoldirgan va hanuz bu xavf mavjud.

Bu vrach ham ilk bosqichda koronavirusni aniqlash va kasallarni to‘g‘ri taqsimlab, darhol davolashga kirishish lozim, deb xulosa qildi.

Quyida bu vrach bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:25 0:00
Бевосита линк

27 iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni rasman 20 952 nafarga yetdi, tuzalganlar 11 245 nafar, 119 bemor vafot etgan. Ammo, norasmiy manbalar, asl raqamlar bundan balandligini qayd etmoqda.

O‘zbekistonda karantin 15 avgustgacha uzaytirildi, mamlakat bo‘ylab ijtimoiy masofani saqlash, niqob taqish, dezinfeksiya majburiy bo‘lib qolmoqda. Ommaviy tadbirlar taqiqlangan.

Dunyoda virusdan o‘lganlar 649 ming, yuqtirganlar 16 mln 284 mingdan oshdi: AQSh (4,234 mln.), Braziliya (2,419 mln.), Rossiya (818 ming), Qozog‘iston (83 ming), Qirg‘iziston (33 ming), Tojikiston (7 ming), Turkmaniston (0).

Boshqa ma’lumotlarni quyidagi jonli blogda o‘qishingiz mumkin:

XS
SM
MD
LG