Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:36

Hokim kasalxona quramiz deb, 2 gektar sarimsoqpiyozni buzdirdi. Kasalxona qurilmadi, dehqon kuydi (VIDEO)


Dehqonning sarimsog‘i shuncha bo‘lganda buzdirib tashlangan. Surat Dilyor Ahmadjonovning dalasida olingan.
Dehqonning sarimsog‘i shuncha bo‘lganda buzdirib tashlangan. Surat Dilyor Ahmadjonovning dalasida olingan.

Toshkent viloyat, Zangiota tumanida yashaydigan dehqon Dilyor Ahmadjonov 27 mart kuni tuman hokimligi buzdirib tashlagan 2,1 gektar sarimsoqpiyozi uchun tovon pulini ololmayapti.

Bu haqda Ozodlikka arz qilgan dehqon Dilyor Ahmadjonovning aytishicha, u “Toshkent Agrosanoat MChJ” bilan qonuniy shartnoma tuzgan, biroq tuman hokimi Abduvahob Tamikayev u sarimsoqpiyoz ekkan yerda koronavirus yuqtirganlar davolanadigan kasalxona qurilishini aytib ekinni buzdirgan va hokimlik tovon puli to‘laydi, deb va’da bergan.

Dehqonning aytishicha, uning yerida na kasalxona qurildi, na tovon puli berildi.

Dilyor Ahmadjonov mehnatidan tashqari 74 million so‘mga kuyib qolganini iddao qilmoqda.

Zangiota tuman hokimligidan bu masalaga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

Зангиота туман ҳокими деҳқоннинг саримсоқ пиёзини буздирди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:06 0:00

Zangiotalik 35 yashar dehqon Dilyor Ahmadjonovning aytishicha, 2,1 gektardagi u qariyb olti oy parvarishlagan sarimsoqpiyoz tuman hokimining qistovi bilan buzdirib tashlangan:

- O‘n yildan buyon bu yerga chorva ozuqasi bo‘yicha ekin ekardim. 2017 yilda prezidentning sarimsoqpiyoz eksportini ko‘paytirish haqida qarori chiqdi, o‘shandan keyin hamma tashkilot bu ekinni eka boshladi. “Toshkent Agrosanoat MChJ” ham men bilan shartnoma tuzib uch yildan beri sarimsoq ekib kelardim. Bu yil ham MChJ bilan shartnoma tuzganman. 22 mart kuni Zangiota tumanida koronavirusga kasalxona quriladigan bo‘ldi. Seni yering ham buziladi, bu yerga kasalxona quriladi deb, hokim keldi. Men mehnatim va xarajatimni kim to‘lab beradi, deb qarshilik qildim. Hokim 15 maydan keyin tuman hokimligi zararingizni to‘la qoplab beradi, bu prezidentning qarori, dedi. Agar kasalxona uchun kerak bo‘lsa mayli, deb rozilik berdim. 28 mart kuni buldozer olib kelib, ekinzorni tekislab tashlashdi.

Dilyor Ahmadjonovning“Toshkent Agrosanoat MChJ” bilan tuzgan shartnomasi
Dilyor Ahmadjonovning“Toshkent Agrosanoat MChJ” bilan tuzgan shartnomasi

Dilyor Ahmadjonovning aytishicha, hokimlik o‘z va’dasida turmagan:

“Keyin akt qilib beramiz deb va’da bergandi. Bir necha kundan so‘ng dalolatnoma tuzib olib kelishdi, unda tuman hokimi o‘rinbosari va yana to‘rt mulozimning imzosi bor. Ammo 15 may kuni hokimning oldiga borsam, u meni qabul qilmayapti. Hech kim men bilan uchrashishni xohlamayapti. Prezident devoniga borsam, u yer ham karantin, portalga ikki marta yozdim, javob yo‘q”.

Sarimsoq maydonining buzilganligi haqida dalolatnoma
Sarimsoq maydonining buzilganligi haqida dalolatnoma

Dehqon mehnatidan tashqari 74 million so‘mga kuyib qolganini aytadi:

- Bola-chaqam bilan vagonda yotib ishladim, olti oylik mehnatim samarasi bo‘lgan sarimsoqning yetilishiga yana bir oy kerak edi. Lekin hokim shoshirib, buzdirib tashladi. Uvol bo‘ldi. Borini terib ol, deyishdi. O‘sha kunlari karantin qattiq, ulgurji Qo‘yliq dehqon bozori ham ishlamas edi. Qo‘limizdan kelgancha terib oldik, lekin hech qayerga sotolmadik. Vagonimiz oldida shunday chirib ketdi. Lekin eng achinarlisi, meni yerimga hech narsa qurilmadi. Hozir ham tekislab tashlangancha yotibdi.

Dehqon dalasiga bulьdozer solingan payt.
Dehqon dalasiga bulьdozer solingan payt.

Ozodlik dehqonning bu iddaolariga munosabat olish maqsadida, Zangiota tumani hokimligining saytida ko‘rsatilgan raqamga kun davomida bir necha bor qo‘ng‘iroq qildi. Ammo telefon go‘shagini hech kim ko‘tarmadi.

Ekinzor buzilgani haqidagi dalolatnomaga imzo chekkan tuman hokimligi qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Hamidillo Abdisalomov esa Ozodlik qo‘ng‘iroqlariga javob bermay, o‘chirib qo‘yaverdi.

XS
SM
MD
LG